Silliq muskullar avtomatiyasi. Silliq muskullarning skelet muskullaridan farq qiladigan harakterli tomoni shuki, silliq muskul avtomatiya xossasiga egadir.
Me’da, ichak, o‘t pufagi, siydik yo‘llari va boshqa bir qancha organlarning silliq muskullarini tekshirganda ularning o‘z-o‘zidan qisqarishi kuzatilgan.
Silliq muskullarning avtomatiyasi tabiati yurak muskullari avtomatiyasiga o‘xshash. Ichak devorining nerv chigallaridan xalos qilingan muskul bo‘laklari ustidagi tajribalar avtomatiyaning miogen tabiatiga ega ekanligini isbot qildi. Ringer- Lokk eritmasiga shunday muskul bo‘lagi solinganda ular avtomatik ravishda qisqara oladi. O‘sha muskul bo‘laklarida nerv hujayralarining yo‘qligi gistologik tekshirishda aniqlangan.
Silliq muskul tolalarida membrana potensialining quyidagi (o‘z-o‘zidan) spontan tebranishlari tafovut qilinadi:
1) depolyarizatsiyasining sust to‘lqinlari – sikl uzunligi bir necha minut va amplitudasi 20 mv chamasi;
2) Harakat potensiallari yuzaga kelishidan oldin potensialning kichik tez-tez tebranishlari;
3) Harakat potensiallari.
Plastiklik-silliq muskulning yana muhim xossalaridan biri bo‘lib hisoblanadi, ya’ni cho‘zilishdan keyingi o‘z tarangligini o‘zgartirmay saqlay olish qobiliyatidir.
Plastikligi kam skelet muskuli bilan plastik silliq muskul o‘rtasidagi tafovutni aniqlash uchun ularga yuk osiladi, muskul yukning hisobiga cho‘ziladi, shundan so‘ng yuklar olib tashlanadi. Yuk olingandan so‘ng skelet muskuli darhol qisqaradi, ya’ni dastlabki holatiga qaytadi. Bunga qarama-qarshi o‘laroq, silliq muskul biron ta’sirot tufayli faol ravishda qisqarmaguncha yuk olingandan keyin ham cho‘zilganicha qolaveradi.
Plastiklik xossasi kovak a’zolar, masalan, qovuq devoridagi silliq muskullarning normal faoliyati uchun juda katta ahamiyatga egadir: qovuq devorlaridagi silliq muskullar plastik bo‘lganligi uchun qovuq ozmi-ko‘pmi to‘lganda ichidagi bosim nisbatan kam o‘zgaradi.
Xulosa qilib aytganda, silliq muskullarning plastikligi ichki a’zolarning normal faoliyat ko‘rsatishlarini ta’minlaydi.
Baqa oshqozonining silliq muskuliga yakka ta’sir berilganda qisqarishi (o‘ngda) va taqqoslash uchun boldir muskulining qisqarishi (chapda).
Silliq muskulning qisqarishi. Silliq muskulga berilgan yakka ta’sirot kuchi katta bo‘lganda silliq muskul qisqarishi mumkin. Bu muskulning yakka qisqarish yashirin davri skelet muskulnikiga qaraganda kattaroq bo‘ladi, masalan, quyonning ichak muskullarida 0,25-1 soniyagacha yetadi. Muskulning qisqarish davri ham uzoqroq bo‘ladi, masalan, baqa oshqozonida 1 daqiqagacha yetadi.
Silliq muskullarda qisqarish sekin ketadi, biroq kam berilayotgan stimullarga ham (baqa oshqozoni uchun minutiga 10-12 ta’sirot yetarli) uzoq muddat turg‘un qisqarib tura oladi, skelet muskuldagi tetanusni eslatadi. Muskulning bunday uzoq turg‘un qisqarib turish chog‘ida juda kam energiya sarflanadi, bu skelet muskulda yuz beradigan tetanusdan asosiy xarakterli farqidir.
Silliq muskulning qisqarish mexanizmi skelet muskulning qisqarish mexanizmidan farq qiladi. Bu farq shunda ko‘rinadiki, silliq muskul miozini ATF aza faolligini namoyon qila olishi uchun u fosforlangan holatida bo‘lishi kerak.
Miozinning fosforlanishi va defosforlanishi skelet muskulida ham ro‘y beradi, lekin bu muskulda miozinning ATF aza faolligini namoyish qilishi uchun fosforlanish muhim emas. Silliq muskullarda miozin fosforlanish mexanizmi quyidagicha amalga oshadi: Ca+2 ioni kalmodulin bilan birikadi (kalmodulin –Ca+2 ioni uchun retseptor oqsili). Hosil bo‘lgan kompleks miozin zanjiridagi ferment kinazani faollaydi, bu o‘z navbatida miozinning fosforlanish jarayonini katalizlaydi. Keyin aktin miozin tomon sirpanadi. Shuni aytish kerakki, silliq muskulning qisqarishini ishga tushiruvchi mexanizm bu Ca+2 ionining kalmodulin bilan kompleks hosil qilishidir, skelet va yurak muskullarida esa ishga tushiruvchi mexanizm asosida Ca2+ ionining troponin bilan birikishi yotadi.
Kimyoviy sezgirligi. Silliq muskullar fiziologik faol moddalarga o‘ta sezuvchan bo‘ladi, masalan, adrenalin, noradrenalin, AX, gistamin va boshqalarga. Bu sezuvchanlikni silliq muskullar membranasidagi maxsus retseptorlar amalga oshiradi.
Agar ichak silliq muskuli preparatiga adrenalin yuborilsa, membrana potensiali ortadi, shu bilan birga harakat potensialining chastotasi kamayadi va muskul bo‘shashadi, ya’ni xuddi simpatik nerv qo‘zg‘alganda yuzaga chiqadigan holat kuzatiladi.
Noradrenalin silliq muskul membranasidagi α- va β-adrenoretseptorlarga ta’sir etadi. Noradrenalinning β-adrenoretseptorlarga ta’siri adenilatsiklaza faollashuvi va siklik AMF hosil bo‘lishidan muskul tonusi pasayadi. Noradrenalinning α- retseptorlarga ta’siri muskul hujayralaridan Ca+2 ionlarining chiqishi hisobiga qisqarishni tormozlaydi.
Ba’zi a’zolarning silliq muskullari har xil gormonlar ta’siriga javob beradi. Hayvonlarda bachadonning silliq muskullari, yuborilgan esterogen gormoni ta’sirida, qo‘zg‘aluvchanligi keskin ortadi.
Bundan tashqari, visseral silliq muskullar uchun cho‘zilish muhim fiziologik adekvat ta’sirlovchilardan biri hisoblanadi. Muskul cho‘zilishga javoban qisqaradi, buning sababi shundan iboratki, cho‘zilish hujayra membranasi potensialini kamaytiradi, harakat potensiali chastotasini oshiradi va oxir-oqibat muskul tonusini oshiradi. Inson organizmida silliq muskulning bu xossasi, ichki a’zolarini harakat faoliyatini boshkaruvchi muhim usullaridan biri bo‘lib hisoblanadi. Masalan, oshqozon ovqat bilan to‘lishi natijasida, uning devorlari cho‘zila boshlaydi. Cho‘zilish natijasida oshqozon devori tonusi ortadi, buning natijasida a’zo hajmi saqlanadi va uning devorlari oshqozonga tushgan ovqat bilan aloqasi yaxshilanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |