238
bolalarning ergashib faoliyat ko‘rsatishlariga alohida e‘tibor berish zarur. Xuddi shunday yo‘l orqali bola
dastlab o‘z o‘qituvchisi bilan hamkorlikda faoliyat ko‘rsatib (taraqqiyotning yaqin zonasi), asta-sekin
mustaqil faoliyat ko‘rsatishga (taraqqiyotning istiqboldagi zonasi) o‘ta boshlaydi.
Izlanish – ijro etish ko‘rinishidagi faollik jarayonida yechiladigan masala, misol, topshiriqlarni
o‘qituvchi tanlaydi. Bolalar esa qo‘yilgan muammolarni hal etish yo‘llari, vositalarini izlashadi.
Qo‘yilgan mashq, misol, masala, muammolarni bajarish vositalarini izlash boshlang`ich sinf o‘quvchilari
ijodkorligining o‘ziga xos ko‘rinishidir.
Bu bosqichda boshlang`ich sinf o‘quvchisining ikki holatini qayd etamiz: o‘quvchi – ijrochi.
Topshiriq, muammolarni o‘qituvchi tayin etganligi tufayli bolalar ijrochilik mavqeida ishtirok etishadi;
qo‘yilgan muammolarni bajarish paytida o‘quvchi – izlanuvchi mavqeiga o‘tadi. Binobarin, bolaning
o‘qish-o‘rganishida ijodiy faoliyat, tafakkur qatnasha boshlaydi. Bolada mustaqillikning rivojlanishi uni
berilgan namuna, o‘rganilgan faoliyat usuli doirasidan tashqariga chiqishga yetaklaydi.
Boshlang`ich sinf o‘quvchisi faolligining eng yuqori ko‘rinishi ijodiy faollikdir. Bolalar ijodkorligini
to‘lig`icha yetuk olimlar ijodkorligiga tenglashtirish mumkin emas. Zero, bolaning ijodiy faoliyat tajribasi
ham chegaralangan. Avvalo, boshlang`ich sinf o‘quvchisi o‘quv materiali doirasida ijod qiladi. Qolaversa,
bola hali ijod qilish yo‘llarini bekamu ko‘st egallab olgan emas. Bu tafovutlar bartaraf qilingani sayin
bola va kattalar ijodidagi farqlar kamaya boradi.
Boshlang`ich sinf o‘quvchisining bilish faolligini uning faoliyatidagi hosila – hodisa deb qaraymiz.
Bilish faolligi tarbiyalanadi, rivojlanadi. Uni rivojlantirish uchun ta‘limning izlanuvchanlik funksiyasini
oshirish, motiv va emotsiyalarni ishga tushirish, bolalarga o‘z maqsadini mustaqil belgilash, o‘rganilgan
bilimni, ta‘lim natijasini bilish jarayonidan ajratib tahlil qilish madaniyatini singdirish zarur.
Yuqorida o‘quvchi va o‘quv materiali tizimi bolalar faolligi nuqtayi nazaridan tahlil qilindi. Endi
bolalar faolligini o‘quv materiali jihatidan tahlil qilamiz.
O‘quv materiali ma‘lumot mazmunini moddiylashtirishning eng oxirgi darajasi sanaladi. U ta‘lim
boshlanguncha turli me‘yoriy loyihalar: o‘quv dasturi, o‘quv darsligi tarkibida tayyor holda bo‘ladi.
Ta‘lim jarayonida esa o‘quv-tarbiya ishlari o‘quv materialini o‘rganishdan boshlanadi. Unda ta‘limning
mazmuniy va jarayoniy sohalari o‘z aksini topadi. Binobarin, o‘quv materiali ma‘lumot mazmuni bilan
ta‘lim mazmuni o‘rtasidagi oraliq zveno hisoblanadi.
O‘quv materiali tarkiban bilimlar tizimi, ko‘nikma va malakalar, ijodiy faoliyat tajribasi hamda
munosabatlardan iborat. Ta‘lim sharoitida bolalar bilishi o‘quv materalining barcha tarkibiy qismlariga
daxldor holda tashkil qilinganda istalgan samarani beradi. Yangi mavzu o‘tilayotgan paytda yangi
mavzuga oid faktlarning oldin o‘tilgan mavzularga oid faktlardan farq qilishi, faktlarni tahlil qila turib
xulosalar chiqarish, o‘rganilgan bilimlarni yangi sharoitga ko‘chira olish, mavzular bo‘yicha
umumlashgan xulosalar chiqarish va sh.k.
Bolalarning bilish faoliyatini tashkil etishning asosiy omili biluv topshiriqlaridir. Biluv topshiriqlari
bolalarning bilish faoliyatiga mo‘ljallab tanlangan, mustaqil fikrlash hamda izlanishga rag`batlantiradigan
intellektual va aqliy yumushlardir. Boshlang`ich sinf o‘quvchilari uchun mo‘ljallab tuzilgan biluv
topshiriqlariga qator didaktik talablar qo‘yiladi; biluv topshiriqlari bolalarning kuchi yetadigan, ularni
bilishga rag`batlantiradigan shaklda tuzilishi zarur; biluv topshiriqlari tizimi o‘rganilayotgan mavzuning
mohiyatiga mos bo‘lishi, o‘quv materialining barcha tarkibiy qismlarini o‘ziga qamrab olishi lozim; biluv
topshiriqlari o‘quv materialiga adekvat bo‘lishi bilan birga, o‘quvchilarning real bilish imkoniyatlarini
hisobga olib tuzilishi shart. Biluv topshiriqlari bolalar bilish faoliyatining amaliy yo‘nalishini oshirishi
kerak. Biluv topshiriqlari bolalarga o‘rganilayotgan real obyekt bilan mustaqil to‘qnashish, obyekt
xususiyatlarini mustaqil ajrata olish imkoniyatini berishi zarur; biluv topshiriqlari o‘lchash-kesish
(qirqish), qisqa muddatli eksperiment, mustaqil kuzatish elementlarini o‘zida aks ettirishi lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: