Xayol haqida tushuncha. Xayol yoki fantaziya, tafakkur kabi yuksak bilish jarayonlariga kiradi va faqat odamlarga xos bo‘lgan faoliyatlarda yuzaga chikadi. Mehnatning tayyor natijasini xayolga keltirmay turib, ishga kirishib bo‘lmaydi. Fantaziya yordamida kutilayotgan natijani tasav vur qilish–inson mehnatning hayvonlar instinktiv harakatlaridan tubdan farq qiladi. Xayol inson faoliyatining barcha jabhalarida yuzaga chiqadi. Masalan, oddiy stol yasash uchun ham uning shakli qanday bo‘ladi, nima uchun kerak, rangi, balandligi va h.k.larni oldindan tasavvur qilish lozim. Bir so‘z bilan aytganda, ishni boshlashdan oldin bu stolni tayyor holda ko‘ra bilish talab qilinadi.
Xayol inson ijodiy faoliyatning zarur elementi bo‘lib, mehnatning oxirgi va oraliq mahsulotlarida o‘z ifodasini topadi. Xayol mehnat natijalarini narsalarda gavdalantirishga undaydi va shuning bilan birga muammoli vaziyat aniq bo‘lmagan hollarda ish-harakat programmasini tuzishni ta’minlaydi. Shuning bilan birga xayol biror aniq faoliyatning o‘rnini bosuvchi obrazlar hosil qilish vositasi sifatida yuzaga chiqadi. Xayol tafakkur singari, mammoli vaziyatda, ya’ni masalni yechishning yangi usullarini qidirib topishda yuzaga keladi. Ehtiyojlarni qondirishning real jarayonidan oldin ehtiyojlarni qondirishning soxta, xayoliy jarayoni sodir bo‘ladi.
Muammoli vaziyatda masalani hal qilish uchun biz tushunchalarga (bilimlarga) va obrazlarga suyanamiz. Ko‘pincha bu ikkala vosita ham birgalikda qo‘llaniladi. Ammo ulardan qaysi birining ustunligi muammoli vaziyatning xarakteriga bog‘liq. Agar masalaning dastlabki ma’lumotlari, chunonchi, ilmiy muammoning dastlabki ma’lumotlari aniq bo‘lsa, masalani yechish yo‘lining moxiyati ko‘proq tafakkur qonunlariga tobe bo‘ladi. Agar muammoli vaziyat jihatdan o‘zining noaniqligi bilan ajralib tursa, dastlabki ma’lumotlarni aniq analiz qilish juda qiyin bo‘lsa xayol mexanizmlari ishga tushadi.
Xayol turlari. Xayol o‘zining faolligi va aktivligi bilan harakterlanadi. Shu bilan birga xayol kishini faollikka undovchi kuch, turtki sifatida ham ishlaydi. Lekin ayrim hollarda xayol faoliyatning o‘rnida, ya’ni soxta faoliyat sifatida harakat qilishi mumkin. Odam og‘ir ahvolga tushganda, biror masalani yecha olmaganda, o‘z xatolaridan qochishga harakat qilgani kabi hollarda u foydasiz orzularga, real hayotdan uzoq fantastika olamiga kirib ketishi mumkin. Bunday hollarda kishi amalga oshirib bo‘lmaydigan ish-harakat rejalarini tuzadi. Xayolning bunday turi passiv xayol deb ataladi. Passiv xayol ixtiyoriy yoki ixtiyorsiz yuzaga kelishi mumkin. Ixtiyoriy ravishda yuzaga keltirilgan, lekin hayot bilan, real hayotdagi faollikka olib kelmaydigan passiv xayol turi shirin xayol deb ataladi. qandaydir quvonchli, yoqimli narsalar haqida shirin xayollarga berilish hammaga xos. Ammo inson hayotida shirin xayol kechirish hollari ko‘proq bo‘lsa, bu shaxsning passivligidan dalolat beradi. Passiv xayol ixtiyorsiz ravishda ham yuzaga kelishi mumkin. Xayolning bu turi asosan ong faoliyatining, ikkinchi signallar sistemasining susayishida, odamning vaqtinchalik harakatsizlik holatida, uyqusirash holatida, effekt holatida, uyquda (tush ko‘rish), ongning kasallikka uchrab buzilishida (gallyutsinatsiya) va shu kabilarda sodir bo‘ladi.
Passiv xayolning aksi bo‘lgan aktiv xayol ijodiy va qayta tiklovchi xayol turlariga bo‘linadi.
Ma’lum bir asosga yozuvlarga, chizmalarga asoslanib, ularga muvofiq keladigan obrazlar tizimini yaratuvchi xayol qayta tiklovchi xayol deyiladi.
Ijodiy xayol qayta tiklovchi xayoldan farq qilgan holda, original va qimmatli moddiy mahsulotlarda amalga oshiriladigan yangi yangi obrazlarni yaratish. Ijodiy xayol barcha turdagi texnik, badiiy va boshqa ijodiyotning ajralmas qismini tashkil qiladi.