Til va nutq faoliyati haqida tushuncha. Ma’lumki hayvonlar olamidagi aks ettirish shakllari, ularning «tillari» ijtimoiy tajribani uzatish va bu tajribani keyingi avlod tomonidan o‘zlashtirish imkonini bermaydi. Shaxsning rivojlanishi, uning ongining shakllanishi, uning individual tajribasi umuminsoniy tajriba bilan uzviy bog‘liq. Kishilarda tilning mavjudligi tufayli ular ijtimoiy tajribani uzatadilar va o‘zlashtiradilar.
Tilning o‘zi nima? Umumiy qilib ta’rif berganda, til belgilar tizimidan iboratdir.
Belgi – voqelikning istagan elementlarini qandaydir aks ettirish, uni shartli ravishda belgilashdir. Masalan, avtomobil haydayotib, yo‘limizda uchraydigan ko‘cha harakati belgilariga bog‘liq holda o‘zimizni har xil tutamiz. Bundan ko‘rinib turibdiki, belgi ma’lum jihatdan qurolga o‘xshaydi. Faqat qurol bizning amaliy faoliyatimizga vositachilik qiladi, belgi esa bizning nazariy va intellektual faoliyatimiz, yuksak psixik funktsiyalarimiz (idrok, tafakkur va h.k.) vositasidir. So‘zning belgi sifatidagi asosiy xususiyati uning mazmuni, ma’nosidir. «stul» so‘zining ma’nosi shu predmetning barcha ijtimoiy muhim belgilarini, xususiyatlarini (turkumi, vazifasi kabi) o‘zida aks ettiradi.
Tilning vazifalari. Tilning eng muhim funktsiyalaridan biri - til ijtimoiy tarixiy tajribani berish va uzlashtirish vositasidir. Har bir kishining hatti-harakati va faoliyati kishilikning ijtimoiy tarixiy tajribasiga bog‘liq holda rivojlanadi. Kichkina bola dunyoni mustaqil suratda bilib olmaydi. U bilimlarning bir qismini ota-onasidan so‘rab, savollar berib o‘zlashtiradi. Boshqa bir qismini o‘zaro munosabatlarda, asosan, til yordamida o‘zlashtiradi. Yana bir qism bilimlarni maktabda, pedagoglardan o‘rganadi (til yordamida). Bilimlarning anchagina qismini kitoblardan o‘qib o‘rganadi (yana til yordamida). Bu tilning kommunikatsiya funktsiyasidir.
Tilning ikkinchi vazifasi (funktsiyasi) – til interaktsiya vositasidir. Ma’lumki, kishining hatti-harakati va faoliyati, ko‘pincha, ijtimoiy qimmatga ega bo‘lmagan o‘zga kishilarning bevosita tajribalari bilan ham belgilanadi. Agar biror kishi boshqasiga magazin yoki oshxonaning ishlamayotganligi haqida xabar bersa, u o‘z hatti-harakatini o‘zgartiradi. Boshqa magazin yoki oshxonaga borishi mumkin. Bu yerda til yordamida berilayotgan informatsiya kishining hatti-harakatini boshqarmokda. Bu tilning interaktsiya yoki kishining hatti-harakatini boshqarish vositasi sifatidagi funktsiyasidir.
Tilning uchinchi vazifasi (funktsiyasi) – kishining o‘z tajribasi va ijtimoiy tajriba asosida o‘z hatti-harakatlarini boshqarish bilan bog‘liq. Odam biror muammoli vaziyatlarda o‘z tajribasigagina asoslanib qolmay, boshqa kishilarning tajribalariga, umuman jamiyat tajribasidan ham foydalanadi. Ana shunday vazifalarni o‘z oldiga qo‘yish va hal qilish jarayoni intellektual akt (harakat) deb ataladi. intellektual harakat uch bosqichdan iborat bo‘ladi: faoliyatni rejalashtirish, uni amalga oshirish, maqsad bilan solishtirib ko‘rish. Odamning individual harakatlari, asosan mana shunday intellektual aktlardan tashkil topgan bo‘ladi. Bu borada avvalbor odamlarning rejalashtira olish qobiliyati yuzaga chiqmoqda. Bunday rejalashtirish va umuman fikriy masalalarni hal qilish kishining asosiy quroli tildir. Bu yerda til intellektual faoliyatning (idrok, xotira, tafakkur, xayol) quroli sifatidagi vazifasi bilan to‘qnash keldik.