8-maruza. Kriminalistika va sud psixologiyadagi psixolingvistika
Reja:
1. Tergov jarayonida nutq informatsiya manbasi sifatida
2. Yolg‘on fikr ifodalash psixolingvistikasi
3. Psixolingvistik ekspertiza
Tayanch so‘z va iboralar: atributsiya, kriminalistika, grafik va yozuv ekspertizasi, fonetik xususiyat, semantik-grammatik xususiyat, identifikatsiya, sud ekspertizasi, sud psixologik ekspertizasi, psixolingvistik ekspertiza, yolg‘on detektori, poligraf, kriminal ekspertiza, trasologik ekspertiza, ballistik ekspertiza, hujjatlar ekspertizasi, gabitologik ekspertiza, lingvistik ekspertiza.
11. 1. Tergov jarayonida nutq informatsiya manbasi sifatida
Avvalo, bu o‘rinda ikki holat bilan to‘qnashiladi: 1) atributsiya (aniqlash) vazifasi bilan, ya’ni matnning muallifligini – ma’lum matnni mazkur shaxsga tegishli ekanligi yoki bu shaxsga tegishli emasligini aniqlash; 2) subyektning o‘ziga xos xususiyatlari haqida ma’lumot olish vazifasi bilan – yoshi, jinsi, u yoki bu ijtimoiy guruhga tegishliligi, ona tili, u yoki bu viloyatdan kelib chiqqanligi va h.k.
Matnning atributsiyasi faqatgina kriminalistik amaliyotda amalga oshirilmaydi. Matnni aniqlash tarix va filologiya fanlarining yordamchi sohasi hisoblangan, badiiy va boshqa asarlar matnlarining yaratilishi tarixi, taqdirini o‘rganadigan manbashunoslikning ham muhim masalalaridan biridir.
Matnni to‘liq va ishonchli aniqlash manbasi sifatida grafik va yozuv ekspertizasini qayd qilish mumkin. Grafik va yozuv ekspertizasi matnning yozuvi, orfografiyasi, matnning sahifada joylashuvi va boshqa jihatlarini tahlil qiladi. Grafik ekspertizada orfografik, leksik, kompozitsion va h.k. identifik xususiyatlar e’tiborga olinadi.
Ekspertizaning vazifasi atributsiya bo‘lmaganda psixolingvistikaning roli, hatto grafik ekspertizada ham ortadi. Masalan, bir kuni A.A.Leontev va bir guruh psixolingvistlar matn ijrochisi mazkur matn uchinchi shaxs nutqidan sinxron yozib olingan, deb iddao qilayotgan matn haqida xulosa berishi kerak bo‘lgan. Biroq qo‘lyozmaning qator belgilari (yangi qator yoki betga ko‘chirishlar, qisqartmalarning mavjud emasligi yoki ularning har xilligi va h.k.)dan kelib chiqqan psixolingvistlar ushbu qo‘lyozma ko‘chirilgan yoki, hatto tahrir qilingan degan xulosaga kelishgan.
Boshqa bir tergov jarayonida ham psixolingvistlar qiziq voqeaga duch kelishgan. Tergovdagi shaxs ko‘rsatma matnini tergovchining diktovkasi ostida yozganligini aytib, tergovchini ayblagan. Tergov organlarida “Shunday bo‘lishi mumkinmi?” degan tabiiy savol tug‘ilgan. Ekspertlar guruhi ko‘rsatma matnlari va mazkur ijrochiga tegishli bo‘lgan boshqa matnlarni tekshirish natijasida tergovchi tahlil qilinayotgan mantning muallifi emas, biroq mazkur matn mazmunining muallifi, ya’ni u tergovdagi shaxsga nima yozish kerakligini aytib turgan, tergovdagi shaxs esa ayni mazmunni “o‘zining so‘zlari bilan” bayon qilgan degan xulosaga kelishgan.
So‘zlovchini identifikatsiya qilish yoki uning alohida kategorial belgilarini aniqlash maqsadida og‘zaki nutqning o‘ziga xos xususiyatlaridan foydalanish mumkin. Birinchi guruh og‘zaki nutqning fonetik xususiyatlaridir. Ular o‘z navbatida individual va guruhiy xususiyatlarga ajraladi. Ayniqsa, ovoz tembri va balandligi, intonatsiya, nutq tezligi, xarakteri, pauzaning davomliligi va taqsimlanishi, mantiqiy ajratishning xarakteri va darajasi, fonetik reduksiya darajasi ishonchli bo‘lgan individual fonetik belgilar hisoblanadi. Guruhiy belgilar sirasiga dialektal xususiyatlar va chet tilidagi aksentni kiritiah mumkin. Umuman, psixolingvistik tahlil bir qator holatlarda istisnolarga yo‘l beradi: agar mazkur shaxsning yoshi aniqlanmagan bo‘lsa, hech bo‘lmaganda uni muayyan yosh guruhiga kiritish mumkin. Bu ijtimoiy va professional xususiyatlarga ham taalluqli.
Ikkinchi guruh og‘zaki nutqning semantik-grammatik xususiyatlari bo‘lib, unga pauzani to‘ldirish xarakteri (immm...; anaqa...); so‘z va konstruksiyalarni tanlash; ifodalilik me’yori; nutq madaniyati darajasi; matnni tashkil qilish me’yori va h.k. kiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |