Dunyoda hali o'lchov asboblari paydo bo'lmagan davrlarda erlar qo'lda qarichlab, keyinchalik sarjin, po'lat lenta ruletkalardan foydalanib an'anaviy metrlar yordamida o'lchangan. Asta-sekin zamonaviy qurilmalar paydo bo'lib, geodezik o'lchovlarni olib borishda elektron taxeometrlar, GPS qurilmalardan foydalanish ommalashdi. Bugungi kunga kelib esa, topografik o'lchovlar sun'iy yo'ldosh orqali olingan suratlar, dronlar, maxsus samolyot, aerofotokamera singari eng so'nggi texnologiyalar yordamida amalga oshirilyapti.
Bu qurilmalar o'lchashlarning yuqori aniqligini ta'minlaydi. Ular asosida geodezik chizmalar chizilib, xaritalar yaratiladi. Masalan, “google” xaritalaridan deyarli har kuni foydalanamiz. Ular nafaqat olis safarga yo'l olganimizda, balki bir hududdan ikkinchi hududga yoki yaqin oradagi notanish manzilga aniq yetib borishimizda qo'l keladi. Ammo bu kichik bir misol xolos. Keng miqyosda olganda geodeziya yer ustidagi barcha narsalarning o'lchovini olib, xaritaga kiritishni anglatadi. Uning asosida hududlarning, qolaversa, mamlakat xaritasi yaratilib, tez-tez yangilab boriladi.
O'zbekiston Respublikasining 2020-yil 2-iyulda qabul qilingan “Geodeziya va kartografiya faoliyati to'g'risida”gi qonunida davlat geodeziya, nivelir, gravimetriya, geodezik zichlashtirish tarmoqlarini yaratish, rivojlantirish va ishlash holatida saqlab turish belgilangan. Bu borada geodeziya va kartografiya faoliyatida doimiy faoliyat ko'rsatadigan sun'iy yo'ldosh orqali kuzatish stantsiyalari tarmog'ini yaratish va rivojlantirish alohida o'rin tutadi.
Nol nuqtadan asosiy koordinatagacha
Hududlarda ana shunday geodezik o'lchov va tenglashtirish ishlarini olib borish maqsadida 2018-yili Davlat soliq qo'mitasi huzuridagi Kadastr agentligi tomonidan tumanlar markazlariga ilk bor 50 ta doimiy ishlovchi global navigatsion sun'iy yo'ldosh tizimlari — GNSS stantsiyalari o'rnatildi. Mazkur stantsiyaning har biri sun'iy yo'ldosh ma'lumotlarini qabul qilib olib, 30—40 kilometr masofagacha tarqatadi.
Tizimning ishlash printsipi yuqori orbital navigatsion sun'iy yo'ldoshlar guruhi ma'lumotlari asosida RTK (real vaqt kinematikasi) texnologiyasidan foydalanib ob'ekt joylashgan o'rnini aniqlashga asoslangan. Ya'ni, GNSSlar real vaqt rejimida geodezik, topografik ishlarni aniq bajarish imkonini beradi. Stansiyalar orqali olingan sun'iy yo'ldosh ma'lumotlaridan iqtisodiyot tarmoqlari, yer kadastri, transport, logistika, qishloq xo'jaligi sohalarida, barcha loyiha-qidiruv, qurilish ishlarida nuqtalar koordinatalarini aniqlash, topografik syomka ishlarini bajarishda foydalaniladi.
Mamlaktimiz sharoitida GNSS stansiyalarining geodezik ishlab chiqarishga jalb qilinishi natijasida nuqta koordinatalarini qisqa muddatda yuqori aniqlikda topish imkoniyati paydo bo'ldi. Koordinatalar aniqligi iqtisodiyotning barcha sohalarida zarur. Masalan, davlat koordinatalar tarmog'ining boshlang'ich nuqtasi Pulkovo observatoriyasidan olingan. Nuqtalarning absolyut balandligi — Boltiq balandliklar sistemasida aniqlanadi. Sababi balandlik nuqtalar boshi — nol nuqta o'sha erdan olingan. Agar aniqlik to'g'ri belgilanmasa, yo'l past-balandlikdan iborat bo'ladi. Qurilish sohasida ham shunday. Ob'ektlarni qurishda har bir burchak aniq o'lchanmasa, qiyshiqlik, nosozlik, turli notekisliklar va hatto siljishlar kelib chiqadi. Barchaga ma'lumki, burchak o'lchov ishlarida gradus, minut, sekundlardan foydalaniladi. Aytaylik, obyektlar joylashuvi 1º (gradus) xatolikda o'lchanganda, 1 kilometr masofada 17 metrdan ortiq xatolik bilan joylashishiga olib keladi.
Shu bois, geodezik tarmoqlar, shuningdek, shahar geodezik tayanch punktlarini qurishda GNSS texnologiyalaridan foydalanish rivojlangan davlatlar tajribasida ommalashgan. Ular yuqoridagi jarayonlarda aniq, tezkor, sifatli va keng unumli geodezik asos vazifasini o'taydi.
Doimiy ishlovchi GNSS stansiya hisobiga oldin to'rt nafar mutaxassis bajarishi kerak bo'lgan ishni bir kishi RTK rejimi yordamida uddalaydi. Ya'ni, o'lchash qurilmalarini qo'lda ko'tarib, yer maydonlarini aylanib yurishga hojat qolmaydi — istalgan miqdordagi qurilmani stansiyaga ulab qo'yish kifoya. Bunda ishchi kuchini kam sarflab, ish hajmini 40—50 foizga oshirish mumkin. Geodezik ma'lumot olishda an'anaviy usulga nisbatan vaqt bir necha barobar tejaladi. Qolaversa, GNSS stantsiya hisobiga hududlarda geodinamik tadqiqotlarni amalga oshirish imkoniyati ham bor.
Sun'iy yo'ldosh orqali olingan GNSS stantsiyalari ma'lumotlari raqamli ravishda taqdim etiladi va ularni kartografik yoki geografik axborot tizimlariga osongina eksport qilish mumkin. Bundan tashqari, o'lchovlarni avtomatlashtirish tufayli kuzatuvchilarning xatolari kamayadi. Stansiya ma'lumotlari yordamida har qanday ob-havo sharoitida kun davomida dunyoning istalgan burchagidagi obyektlarning koordinatalarini aniqlash mumkin. Boisi, GNSS o'lchovining aniqligi ob-havo sharoitlariga bog'liq emas.
Shuningdek, sun'iy yo'ldosh kanallaridan foydalanish va signallarni qayta ishlash qishloq xo'jaligida yerlarni inventarizatsiyadan o'tkazish, kadastr obyektlarini tekshirish, yer usti va yer osti qatlamining buzilishi, turar-noturar binolar holatini muntazam o'rganish, ko'chmas mulk obyektlarini hisobga olish va kadastr suratga olish ishlarida ham qo'l keladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |