Birlashgan millatlar tashkilotining bolalar jamgʻarmasi (UNICEF) — BMTning asosiy jamgʻarmalaridan biri. Uzoq vaqt davom etgan urush natijasida katta qiyinchiliklarga duchor boʻlgan Yevropa bolalariga gʻamxoʻrlik koʻrsatish maqsadida 1946-yilda tuzilgan. 1953-yildan BMTning doimiy tuzilmasiga aylangan. Yer yuzida, ayniqsa rivojlanayotgan mamlakatlardagi bolalarning soglom va barkamol voyaga yetishiga kumaklashish uning bosh tamoyilidir. Mazkur sohadagi faoliyati uchun 1965-yilda Nobel mukofoti bilan takdirlangan.
Oʻzbekiston mustaqillikka erishgach, UNICEFga aʼzo boʻldi va u bilan yaqin hamkorlik oʻrnatdi. Jamgʻarma tomonidan bolalarni immunizatsiya qilish, boshlangʻich maktab oʻquvchilarini oziq-ovqat va ichimlik suv bilan taʼminlash, vaksinalar yetkazib berish boʻyicha uzoq muddatli dasturlar, Orolboʻyi aholisiga yordam koʻrsatish yuzasidan maxsus dastur, "Orol dengizi: mintaqaviy va ekologik yordam loyihasi" ishlab chiqilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |