3. Xitoy tilidan olingan so`zlar. Buyuk ipak yo`li Markaziy Osiyo bilan Xitoyni bog`lagan va natijada xitoycha so`zlar o`zlashgan: choy (xitoy tilida ttsay dеyilar ekan), manti (myan – xamir, ti – go`sht degani), lag`mon (“cho`ziq xamir” degani)61.
4. Mo`g`ul tilidan kirgan so`zlar. XIII asrda mo`g`ullarning Markaziy Osiyoni bosib olganligi va buyuk Amir Temur tomonidan bu bosqinchilikka barham berilganligi tarixdan ma’lum. Tilimizga o`zlashgan mo`g`ulcha so`zlarning ayrimlarini keltiramiz: navkar (no`xo`r – do`st, o`rtoq degani), tuman (o`n ming).
5. Ruscha-baynalmilal so`zlar. XIX asrning 2-yarmidan Markaziy Osiyo, jumladan, O`zbekiston chor Rossiyasining mustamlaka mamlakatiga aylandi. Rus tilining o`zbek tiliga ta’siri shu davrdan boshlandi. Rus tilidan, rus tili orqali boshqa tillardan ko`plab so`zlar o`zlashdi.
O`zbek tiliga rus tilidan va rus tili orqali Yevropa xalqlari tillaridan (fransuz, italyan, nemis, ingliz, ispan) so`z kirishi ikki tarixiy davrni o`z ichiga oladi:
1. XIX asrning 2-yarmidan XX asrning boshlarigacha bo`lgan davr.
2. 1917-yildan keyingi davr.
Rus tilidan so`zlar ikki yo`l bilan o`zlashdi:
1. Rus ishchilari, ustalari, rus askarlari, amaldorlarining mahalliy aholi bilan turli xildagi aloqalari tufayli og`zaki nutq orqali: chilon (chlen), adbakat (advokat), apisor (ofitser), iskalat (sklad), axran (oxrana), choynay (choynak) kabi.
2. Matbuot orqali: ayrapilan (aeroplan), pabrik (fabrika), po`shta (pochta), zovut (zavod), uyez (uyezd), kridit (kredit), banka (bank), veksil (veksil) kabi.
Rus tili orqali kirgan so`zlarning ba’zilari dunyodagi ko`pgina xalqlarning tilida tovush tomoni deyarli o`zgartirilmay ishlatiladigan xalqaro so`zlardir. Ular, odatda, internotsional (baynalminal) so`zlar deb yuritiladi. O`zbek tiliga o`zlashgan internotsional so`zlar tarixiy jihatdan quyidagi tillarga mansub:
1. Rus tiliga: sud, samolyot, stol, stul, tok (elektr), ruchka.
2. Lotin tiliga: reviziya, nota, metall, refleks, rezina, general, kapital, kanal, plan, direktor, radio.
3. Yunon tiliga: grammatika, pedagog, talant, tezis, kafedra, poeziya, poema, metr, neft, taktika, parallel .
4. Nemis tiliga: raketa, kran, shaxta, rolik, politsiya kabi.
5. Ingliz tiliga: chempion, futbol, dollar kabi.
6. Fransuz tiliga: roman, palto, serjant, bank kabi.
Rus tili va rus tili orqali boshqa tillardan kirgan so`zlar ijtimoiy-siyosiy hayotga, sanoat, qishloq xo`jaligi, fan-texnika, madaniy-oqartuv, san’at, savdo, sport, harbiy sohaga oiddir.
Hozirgi Yevropa tillaridan so`zlar bevosita aloqalar orqali o`zlashmoqda.
O`zbеk tilidan ham boshqa tillarga so`zlar o`tgan: o`rik, anjir, somsa (ruscha: uryuk, injir, samsa). Karandash (qora tosh), kavardak (qovurdoq), yеralash (aralash), utyug (o`tli yuk) kabi so`zlarning ham rus tiliga o`zbеk tilidan o`tganligi isbotlangan. O`zbеk tilida ishlatilayotgan bеkat so`zi ham yеvropa tillarida pikеt tarzida qo`llanayotganligi fanga ma'lum. Hozirgi paytda o`zbek milliy sport turlaridan bo`lgan kurashning xalqaro miqyos darajasiga ko`tarilishi munosabati bilan kurash, yonbosh, chala, halol kabi o`zbekcha so`zlar boshqa tillarda ham ishlatilyapti.
Xalqlar orasidagi turli xildagi aloqa tillarning lug`at tarkibining boyib borishiga xizmat qiladi.
Ma’lumki, tildagi barcha so`zlar shu til egalari tomonidan bir xilda, barcha o`rinlarda qo`llanavermaydi. Shu jihatdan tilda mavjud bo`lgan so`zlarni ma’lum guruhlarga bo`lish mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |