Odamlarning ruhiyati koʻtarilmoqda
Hududda oʻtkazilayotgan madaniy tadbirlar, seminar va treninglar ham odamlar ruhiyatini koʻtarishga xizmat qilayotgani bilan eʼtiborga molik.
Bu haqda gap ketganda, Oʻzbekiston Respublikasi Gender tenglikni taʼminlash masalalari boʻyicha komissiyasi tomonidan amalga oshirilgan ikki loyiha toʻgʻrisida toʻxtalish oʻrinlidir. Aholi, ayniqsa, yoshlar orasida kiyinish madaniyatini yana-da rivojlantirishga qaratilgan “Nafosat” festivali ana shulardan biridir.
Anjumanning birinchi kuni Nukusdagi “Toshkent” mehmonxonasida “Yoshlar modasi, anʼanalar va zamonaviy yoʻnalishlar” mavzuida yoshlar hamda ayollar ishtirokida davra suhbati va seminar tashkil etildi. Shuningdek, kiyinish madaniyati boʻyicha yoshlarimizning fikrlarini oʻrganish maqsadida ijtimoiy soʻrov oʻtkazildi.
Festivalning ikkinchi kuni Moʻynoq shahrida uyushtirildi. Yosh dizayner va rassomlar oʻrtasida milliy hamda zamonaviy eskizlar dizaynini chizish boʻyicha tanlov, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent, Xorazm, Buxoro viloyatlari yetakchi brendlari va dizaynerlari tomonidan modalar namoyishlari boʻlib oʻtdi.
Tadbir mehmonlari eʼtiboriga Oʻzbekistonning toʻqimachilik sanoati salohiyati, ishlab chiqarish korxonalari faoliyati toʻgʻrisidagi “Made in Uzbekistan” videoroligi havola etildi. «Oʻztoʻqimachiliksanoat» uyushmasi tarkibidagi “Moʻynoq tekstil” ishlab chiqarish korxonasiga tashrif uyushtirildi.
Gender tenglikni taʼminlash masalalari boʻyicha komissiya tomonidan shu yilning 17-18-fevral kunlari Qoraqalpogʻiston Respublikasining boshqaruv organlarida yetakchi lavozimlarda faoliyat yuritayotgan ayollar uchun “Xotin-qizlarning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy hayotdagi rolini oshirish, ular orasida jinoyatchilikning oldini olish” mavzuida ikki kunlik trening oʻtkazilganligini ham taʼkidlash oʻrinli.
Bundan tashqari, mahalliy fermerlar bilan hamkorlikda qishloq joylarda yashovchi xotin-qizlarning bandligini taʼminlash, ularda kasbiy koʻnikmalarni shakllantirish maqsadida Oliy Majlis Senati huzuridagi Yoshlar parlamenti bilan birgalikda “Yosh fermer qizlar maktabi” faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
Shu kunlarda Orolboʻyida yana qator muhim tadbirlar boʻlib oʻtayotir. Masalan, Madaniyat vazirligi tomonidan IFNC (Xalqaro milliy liboslar festivali) hamkorligida 23 — 25-may kunlari Ispaniyaning xalqaro toifadagi «Azukar Moreno» hamda Oʻzbekistonning “Dil Orom” milliy liboslar brendlari ishtirokida Ellikqalʼa tumanida «Etno Aral» deb nomlangan fotosessiya tashkil etildi. 23 — 30-may kunlari esa Madaniyat vazirligi va ZOʼR TV telekanali hamkorligida Nukus shahrida “Omadli sayohat” teledasturi tasvirga olinadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |