2.2-. Hosila lug‘aviy ma’nolarning lisoniy sathga ko‘tarilish bosqichlari
Nutqiy yasama so’zlarning lisoniy sathga ko’tarilishi bir necha bosqichda kechadi. Ularni nutqdan lisonga siljishi, lisoniylashishi darajasiga ko’ra quyidagicha tartiblash mumkin:
1) ixtisoslashgan leksemalar;
2) soddalashgan leksemalar;
3) tublashgan leksemalar.
Ixtisoslashgan leksemalar nutqiy yasama so’zlar lisoniylashuvining eng quyi darajasidir.
Ixtisoslashgan leksemalar yasamaligini yo’qotmagan, ya’ni o’zida qolipning shakliy tomoni izlarini saqlagan, biroq ma’noviy tomondan qolipdan uzilgan, ya’ni ma’nosini qolipning o’ng (mazmuniy) tomonidan keltirib chiqarish imkoni bo’lmagan, toraygan ma’noli leksemalardir. Masalan ishchi (worker, rabochiy) leksemasi «zavod yoki fabrikalarda ishlovchi, o’rta ma’lumotli mutaxassis» ma’nosiga ega bo’lib, u [ot]+[chi]=otdan anglashilgan narsa ustida ishlovchi kishi] qolipi hosilasidir. Qolip hosilasi sifatida u qolipning chap tomoni xususiyatlarini o’zida mujassamlashtirgan. Chunki ishchi leksemasining shakliy tomoni, ya’ni nomemasida qolipning [ot+chi] umumiyligi zarrasi, ko’rinishi tajallilangan. Leksema sememasi esa «shu otdan anglashilgan narsa bilan shug’ullanuvchi shaxs» mohiyati ko’rinishiga emas, balki uning toraygan, ma’lum bir ixtisosni anglatuvchi ko’rinishi holatiga ega bo’lib qolgan. ishchi leksemasiga qiyosan olinadigan, deylik, kitobchi so’zida so’z yasash qolipining shakliy tomonidan ham, ma’noviy tomonidan ham uzilish kuzatilmaydi. Yoki yozuvchi leksemasi va yozuvchi so’zini qiyoslaylik. Har ikkala hosila ham [[fe’l]+[uvchi]=shu fe’ldan anglashuvchi harakat bilan shug’ullanuvchi shaxs] qolipi mahsulidir. Ularni gap tarkibida kuzatamiz: 1.Yozuvchi hayotni teranroq kuzatadi. 2.Insho yozuvchi ijodkorligini namoyon qilishi kerak.
Birinchi gapda yozuvchi leksemasi kasbni anglatib, ixtisoslashgan ma’noga ega. Ikkinchi gapda esa leksema muayyan yozish harakatini bajaruvchi shaxsni ifodalagan. «Adib» ma’nosidagi yozuvchi leksemasi shaklan emas, balki ma’noviy jihatdan qolipdan uzilgan, ixtisoslashgan ma’noli lekse-madir. Ikkinchi hosila esa ham shaklan, ham mazmunan qolipga muvofiq kelganligi bois, nutqiy yasamadir. Leksemalar hosil bo’lishining bu usuldagi boshqa ko’rinishi sifatida so’zlarning atamaviy ma’no kasb etishi (qo‘shish, ayirish, bo‘lish so’zlarini)ni ko’rsatish mumkin.
Soddalashgan leksemalar yasama so’zlar lisoniylashuvining yanada yuqoriroq bosqichidir. Soddalashish deganda ma’lum bir so’z yasash qolipining hosilasida o’zak va qo’shimchaning o’zaro birikib ajralmas holga kelishi, so’zshakldagi grammatik shakllarning qotib qolishi natijasida yangi ma’no ifodalashidir. O’zbek tilidagi oldin, keyin, tashqari, ichkari, yuqori kabi yuzlab so’zlar soddalashgan yasama so’zlar - leksemalardir. So’z birikmalarining sintaktik qoliplardan uzilish holatlari (boshning og’rigi - boshog’riq, belning bog’i - belbog’) ni ham soddalashishga misol qilib ko’rsatish mumkin.
Tublashgan leksemalar shunday leksemalashgan yasama so’zlarki, ularning yasalishini, tarkibini etimologik ma’lumotga ega bo’lmasdan aniqlab bo’lmaydi. Masalan, sin fe’lining o’zagi si, tingla fe’lining o’zagi ding, to’q so’zi o’zagining to’ ekanligini til tarixi bo’yicha chuqur ma’lumotga ega bo’lmasdan bilish qiyin.
Demak, ma’lum bo’ladiki, tilda leksema yasash hodisasi yo’q. Balki yasama so’zlarning, nutqiy hosilalarning lisoniylashuvi, leksema-lashuvi hodisasi mavjud.
Yasama so’zlarda uch tur lisoniy birlikning voqelanishi kuzatiladi:
a) asos leksema;
b) yasovchi morfema (yoki leksema);
v) so’z yasash qolipi.
Nutqiy yasama so’zlar deyilganda, so’z yasash qoliplari asosida ma’lum bir nutq jarayonida
vujudga keltirilgan va ushbu nutq jarayonidagina mavjud bo’lgan hosilalar anglashiladi. Nutqiy yasama so’zlar ijtimoiy shartlanmaganligi bilan xarakterlanadi.
Masalan, [aniq ot+chi =ot anglatmishi bilan shug’ullanadigan, aloqador shaxs] qolipi asosida vujudga kelgan uchta bo’zchi hosilasi mavjud:
a) bo’z to’quvchi shaxs;
b) bo’z sotuvchi shaxs;
v) bo’z xarid qiluvchi shaxs.
Bu ma’nolardan birinchisiga ega bo’lgan birlik lisoniy tabiatli bo’lib, ijtimoiy
shartlanganlik xossasiga ega. Qolgan ikki ma’no sof nutqiy hosilalar hisoblanadi. Biroq lisoniy birlik sanalmish bo’zchi leksemasining va zikr etilgan qolipning nutqiy hosilalari asosida semik bog’lanish mavjud bo’lib, biroq ular leksemaning turli ko’rinishlari sanalmaydi. Ulardagi umumiylik, bog’lovchi semalardan tashqari, so’z yasash qolipi hamdir.
«Bo’z sotuvchi shaxs» ma’nosidagi bo’zchi so’zida bo’z leksemasi sememasi boshqa umumiylik (-chi morfemasi va qolip)lar zarralari bilan birgalikda mazkur nutqiy ma’no (butunlik) uchun bo’lak sifatida namoyon bo’lgan. bo’zchi so’zining ma’nosi «bo’z sotuvchi», «shaxs» ma’no bo’lakchalaridan iborat bo’lib, bunda «shaxs» ma’no bo’lakchasi qolip va undagi -chi morfemasi umumiyligi zarrasidir.
Xo’sh, mazkur «nutqiy» hosilada «bo’z sotuvchi», «shaxs» ma’no bo’lakchalari mavjud ekan, bunda ushbu hosilaning asl zoti nima hisoblanadi? Boshqacha aytganda, ushbu holatda zotiy va o’zga hodisalar tajallilari qanday farqlanadi? To’g’ri, bo’zchi hosilasida bo’z leksemasining «kichraygan» voqelanishi mavjud, biroq bu hosilaning asl zoti so’z yasash qolipidir. Chunki suvchi, ishchi kabi hosilalar bo’zchi hosilasi bilan birgalikda shaxs otlari qatorini hosil qiladi va «shaxs oti» vazifa ma’no bo’lakchasi mazkur hosilalarni birlashtiruvchi vosita bo’lib, bu ularning zamiridagi so’z yasash qolipining mohiyatiga tegishlidir.
Boshqa turkumga xos so’z konversiya yo’li bilan sifatga o’tishi mumkin. Bu sifatlashuv deyiladi. Sifatlashuv tarixiy jarayon bo’lib, boshqa so’z turkumi uzoq davr o’tishi bilan sifatga aylanib boradi. Sifatlashuv hodisasi lisoniy tabiatga ega.
Juft va takroriy otning sifatlashuvi: mosh-guruch, yo’l-yo’l, rang-barang, xilma-xil. O’zak holidagi fe’lning sifatlashuvi: daydi, qari, chalkash, yanglish, tutash, aralash.
Harakat nomi shaklidagi juft fe’l: olmoq-solmoq.
Kesimlik shaklidagi fe’l: oldi-qochdi, kuydi-pishdi, tug’di-bitdi, iliguzildi, ichakuzdi,
supraqoqdi.
Juft va qo’shma sifat yasama bo’lib, takroriy sifatda shakl yasalishi mavjud. Biroq takroriy
sifat taraqqiyot natijasida yangi ma’no kasb etishi ham mumkin: yo’l-yo’l. Bunda yangi so’z yasalishi emas, balki so’zshaklning leksemalashuvi hodisasi mavjud.
Juft ravish ikki so’zning juftlashishidan tashkil topadi: yana-tag’in, eson-omon; ochin-to’qin, oldinma-keyin, qishin-yozin; uzil-kesil, ura-sura, unda-bunda; ora-sira, ora-chora, ro’y-rost, sal-pal, chala-chulpa, emin-erkin, oz-moz, huda-behuda; azza-bazza, apil-tapil, eran-qaran, o’lda-jo’lda.
Takroriy ravishda bir o’zak takrorlanadi: galma-gal, zinhor-bazinhor, to’g’ridan-to’g’ri, es-es, o’qtin-o’qtin, ahyon-ahyonda.
Qo’shma ravish birdan ortiq mustaqil so’zning qo’shilishidan hosil bo’ladi: bir yo’la, bir muncha, bir talay; bajonudil, baholiqudrat, baqadrihol; har yili, har yoq, har dam; shu zahoti, shu asnoda.
Shunday ot yasash qolipi borki, undan bugungi kunda yangi so’z yasalmaydi. Hosilaning barchasi lisoniy xarakterga ega. [ot + -goh = asosdan anglashilgan ish-harakat bajarilgan joy oti] (sayilgoh, ayshgoh, manzilgoh), [ot + -don = asosdan anglashilgan narsa/predmet saqlanadigan predmetni ifodalovchi ot] (qalamdon, tuzdon, kuldon), [ot + -xona = asosdan anglashilgan ish-harakatga mo’ljallangan joy oti] (ishxona, qabulxona, choyxona, oshxona), [ot + -obod = asosdan anglashilgan narsa/predmet obod qilgan joy oti] (Dehqonobod, Mehnatobod), [ot + -noma= asosdan anglashilgan narsa/predmetni ifodalovchi ot] (arznoma, taklifnoma, sayohatnoma).
-k(-ik/-ak), -q(-iq, -uq, -oq) (kekirik, ko’rik, og’riq, qaviq, buyruq, qiynoq,o’roq),-k/q(-iq, -ik) (to’shak, qayroq,, elak), -gi (ki/g’i/qi/g’u) (sevgi, kulgi, supurgi, chopqi, achitqi, yonilg’i, tomizg’i), -m( -im/-um) (chidam, to’plam, unum, tuzum, chiqim, qo’nim, kechirim), -ma (uyushma, birlashma, dimlama), -qin/g’in (toshqin, to’lqin, bosqin, tutqun, qochqin, yong’in), -in/-un (ekin, yog’in, yig’in, bo’g’in, tugun), -(i)ndi (cho’kindi, yuvindi, chirindi, supurindi, sirqindi, yig’indi), -gich (g’ich/kich/qich) (o’lchagich, purkagich, o’chirgich, qashlagich, eritkich, savag’ich), -ch, -inch (quvonch, o’kinch, qo’rqinch, sevinch), -machoq (bekinmachoq, tortishmachoq, quvlashmachoq ), -ak/oq (sharsharak, bizbizak, pirpirak, g’urrak, tartarak), -ildoq (shaqildoq, hiqildoq, chirildoq, pirildoq), -a (sharshara, g’arg’ara), -os (chuvvos, sharros, gulduros) qo’shimchasi ishtirok etuvchi derivatsion qolipi kam unum bo’lib, u bugungi kunda hosila bermaydi. Shu boisdan qolipning mazmuniy tomonini uning hosilasidan umumlashtirib bo’lmaydi.
-ish, -uv/ov, -uvchi/ovchi affiksli qurilish, kirish, chiqish, uchrashuv, kechuv, maqtov, chanqov, uchuvchi, haydovchi, tinglovchi, sotuvchi so’zini ham yasama so’z sifatida qarash holi uchrab turadi. Bunda u aslida so’zshaklning leksemalashuvi hodisasi ekanligini esda tutish lozim.
Sof nutqiy hosila ma’nolarning lisonga intilishini ochish ham qator ijtimoiy-lisoniy omillarga tayanadi. Aytilganlardan kelib chiqqn holda, hosila ma’nolarning lison va nutqqa munosabati jihatidan quyidagi tasnifini berish mumkin:
1)lisoniylashgan va hosilaviyligini yo’qotgan ma’no;
2)lisoniylashgan hosila ma’no;
3)lisoniylashayotgan hosila ma’no;
4)nutqiy hosila ma’no.
So’zlarning umumiy lisoniy qiymatini tiklash bilan birgalikda ularning leksikografik tavsifini berish va zamonaviy izohli lug’atlar yaratishda ham ko’p ma’nolilikning lison va nutqqa munosabatini aniq va qat’iy belgilab olish muhim ilmiy- metodologik ahamiyatga ega.
XULOSA
Respublikamizning mustaqil davlat sifatida jahon hamjamiyatiga qo’shilganligi boshqa fanlar qatori milliy tilshunoslikning ham imkoniyatlarini kengaytirdi. Natijada o’zbek tili hodisalarini sistema sifatida o’rganish, milliy tilimizni boshqa tillar andozalariga solmasdan, o’z ichki tabiatiga muvofiq tarzda tadqiq etish, tadqiqotlar metodologiyasini zamonaviylashtirishga erishildi. O’zbek tiliga lisoniy qolip, hosila, leksemalashish kabi tushunchalar kirib keldi. Sistem-struktur tilshunoslikning yetuk vakillaridan X.Ne’matov, R.Rasulov, R.Sayfullayeva va ularning izdoshlari ishlarida lisoniy sintaktik qolip tushunchasiga oydinlik kiritildi. Biroq har qanday lisoniy qolip hosilasining davrlar o’tishi bilan ma’no taraqqiyotiga uchrashi natijasida lisoniylashuvi – leksemaga aylanishi masalalari atroflicha tadqiq qilinmagan. Bitiruv malakaviy ishda nutqiy hosilalarning lisoniylashuvi tadqiq etildi va ishdan quyidagi umumiy xulosalarga kelindi:
1. Til jonli mavjudot bo’lib, undagi har qanday nutqiy yasalma davrlar o’tishi bilan ma’no taraqqiyotiga uchrab, lisoniy bosqichga ko’tarilishi – leksemalashishi mumkin;
2. Nutqiy yasama so’zlarning lisoniy sathga ko’tarilishining uch bosqichi ajratiladi: ixtisoslashish, tublashish, soddalashish;
3. Ixtisoslashgan leksemalar nutqiy yasama so’zlar lisoniylashuvining eng quyi darajasi bo’lib, ular yasamaligini yo’qotmagan, ya’ni o’zida qolipning shakliy tomoni izlarini saqlagan, biroq ma’noviy tomondan qolipdan uzilgan, ya’ni ma’nosini qolipning o’ng (mazmuniy) tomonidan keltirib chiqarish imkoni bo’lmagan, toraygan ma’noli leksemalardir. Masalan yozuvchi leksemasi va yozuvchi so’zini qiyoslaylik. Har ikkala hosila ham [[fe’l]+[uvchi]=shu fe’ldan anglashuvchi harakat bilan shug’ullanuvchi shaxs] qolipi mahsulidir. Ularni gap tarkibida kuzatamiz: 1.Yozuvchi hayotni teranroq kuzatadi. 2.Insho yozuvchi ijodkorligini namoyon qilishi kerak. Birinchi gapda yozuvchi leksemasi kasbni anglatib, ixtisoslashgan ma’noga ega. Ikkinchi gapda esa leksema muayyan yozish harakatini bajaruvchi shaxsni ifodalagan.
4. Soddalashgan leksemalar yasama so’zlar lisoniylashuvining yanada yuqoriroq bosqichidir. Soddalashish deganda ma’lum bir so’z yasash qolipining hosilasida o’zak va qo’shimchaning o’zaro birikib ajralmas holga kelishi, so’zshakldagi grammatik shakllarning qotib qolishi natijasida yangi ma’no ifodalashidir. O’zbek tilidagi oldin, keyin, tashqari, ichkari, yuqori kabi yuzlab so’zlar soddalashgan yasama so’zlar - leksemalardir. So’z birikmalarining sintaktik qoliplardan uzilish holatlari (boshning og’rigi - boshog’riq, belning bog’i - belbog’) ni ham soddalashishga misol qilib ko’rsatish mumkin.
5. Tublashgan leksemalar shunday leksemalashgan yasama so’zlarki, ularning yasalishini, tarkibini etimologik ma’lumotga ega bo’lmasdan aniqlab bo’lmaydi. Masalan, sin fe’lining o’zagi si, tingla fe’lining o’zagi ding, to’q so’zi o’zagining to’ ekanligini til tarixi bo’yicha chuqur ma’lumotga ega bo’lmasdan bilish qiyin.
6. Tilda leksema yasash hodisasi yo’q. Balki yasama so’zlarning, nutqiy hosilalarning lisoniylashuvi, leksemalashuvi hodisasi mavjud.
7. Lisoniylashish nafaqat sodda yasama so’zlarda, balki so’z birikmasi, gap qolipi hosilalarida, juft, takroriy so’zshakllarda ham kuzatilishi aniqlandi. Masalan: yo’l-yo’l, kuydi-pishdi, oldi-qochdi, mosh-guruch(sifat), achchiq-chuchuk, issiq-sovuq (issiq-sovug’idan xabar olmoq), bordi-keldi, keldi-ketdi, oldi-berdi, ur-yiqit (ot) bilinar-bilinmas, qo’yarda-qo’ymay, ura-sura, savat-savat,qop-qop, es-es(ravish);
8. Sof nutqiy hosila ma’nolarning lisonga intilishini ochish ham qator ijtimoiy-lisoniy omillarga tayanadi. Hosila ma’nolar lison va nutqqa munosabati jihatidan quyidagicha tasniflandi:
lisoniylashgan va hosilaviyligini yo’qotgan ma’no;
lisoniylashgan hosila ma’no;
lisoniylashayotgan hosila ma’no;
nutqiy hosila ma’no.
9. Leksemalashgan lisoniy birliklarning qanday qolip hosilasi ekanligi aniqlandi:
1. [Wqk-Wek]=qaratuvchi-qaralmish qolipi hosilalari - qo’lqop, xonqizi, kirsovun, tomorqa,
tokqaychi, qo’ziqorin,belbog’.
2. [Ik.q -F] qolipi hosilalari – kungaboqar, o’rinbosar, beshiktervatar, echkiemar,
ko’zboylog’ich, kallakesar, husnbuzar, dunyoqarash,tinchliksevar
3 [W-F] qolipi hosilalari -beshotar, birqoqa, iskabtopar, ishlab chiqarish, tezpishar, ertapishar, cho’rtkesar, yebto’ymas
4. [I-О] qolipi hosilalari -toshko’mir, tuyaqush, karnaygul, oybolta, ko’kkarg’a, qoraqurt, mingoyoq, qizilishton, ajdargul, xo’rozqand, beshbarmoq, beshqarsak, YEttisuv, Oltiariq, uchburchak, mingoyoq, qirqog’ayn, hozirjavob, kamgap, kamsuxan, kamsuqum, kamqon, kamxarj, xomkalla, sho’rpeshona, kaltafahm, shirinsuxan, sho’rtumshuq, balandparvoz
5. Sodda gap qolipi hosilalari - ustabuzarmon, gulbeor, oshko’k, yoqavayron, xonavayron, xudobezor, otabezori, gadoytopmas;
Shuningdek, iboralar ham shu jarayonni boshidan kechirgan: Aravani quruq olib qochadi –
aldaydi., Yulduzni benarvon uradi –epchil.
Do'stlaringiz bilan baham: |