II.BOB O’ZBEK TILSHUNOSLIGIDA HOSILA VA USLUB TALQINI.
2.1 So’z yasalish qolipi hosilalarida leksemalashish
Yasama so’zlar lisoniy ham, sof nutqiy ham bo’lishi mumkin. Misol sifatida quyidagi so’zlarga murojaat qilamiz. Paxtakor, ishchi, kitobchi, domladosh, aqlli, daftarchi, sharsimon, uysimon. Bu so’zlarni ikki guruhga bo’lamiz:
1. paxtakor, ishchi, aqlli, sharsimon;
2. kitobchi, domladosh, daftarchi, uysimon.
Har ikkala guruh so’zlari ham yasama so’zlar hisoblanadi. Biroq ulardan birinchisi
qulayligi, odatlanilganligi, keng iste’molligi bilan xarakterlansa, ikkinchi guruh so’zlari unchalik qulay emasligi, kam iste’molliligi, favquloddaligi bilan birinchi guruh so’zlaridan ajralib turadi.
Demak, birinchi guruh yasama so’zlari ijtimoiy shartlanganlik xossasiga ega va shu boisdan yuqoridagi zikr etilgan belgilar ularning barchasi uchun umumiydir.
Ikkinchi guruh so’zlari esa nutqiy hodisa ekanligi, endigina so’z yasash qolipidan chiqqanligi bois, odatlanilmaganlik, favquloddalik kasb etgan.
Ko’rinadiki, nutqiy yasama so’zlarning ayrimlari nutq bosqichidagina mavjud bo’lsa, ba’zilari o’zlarini chiqargan qoliplardan uzoqlashib, bir butun holda lisoniy sathga ko’tarilib ketadi.
Hosilalarining lison va nutqqa munosabati jihatidan so’z yasash qoliplari ham farqlanadi. Biz ularni unumsiz (tarixiy) va unumli (zamonaviy) so’z yasash qoliplari sifatida farqlaymiz.
Unumli so’z yasash qoliplari deganda tilimiz tarixida ham, bugungi kunda ham cheksiz yangidan-yangi so’zlar yasaydigan qoliplar tushuniladi. Masalan, [[aniq ot]+[chi]=ot anglatgan narsa predmet bilan shug’ullanuvchi kishi] qolipi hosilalarini kuzataylik. Bu qolipdan ishchi, bo’zchi, futbolchi, dasturxonchi, ovchi kabi bugungi kunda lisoniylashgan, leksemalashgan hosilalar bo’lgan so’zlar ham, noschi, daftarchi, telefonchi, pomidorchi kabi lisoniylashmagan, ma’lum bir nutq jarayonidagina yasalayotgan o’tkinchi nutqiy hosilalar ham vujudga kelgan.
Unumli so’z yasash qoliplari yasalish xususiyatiga ega bo’lgan barcha so’z turkumlarida mavjud. (Bu haqda «Hozirgi o’zbek adabiy tili» kursining «So’z yasalish» bo’limida batafsil ma’lumot olasiz.)
Unumsiz (tarixiy) so’z yasash qoliplari bugungi kunda hosila bermaydigan, so’z yasash uchun xizmat qilmaydigan qolip-lardir. Masalan, keskin, to’lqin, bosqin, uchqun, tuyg’un so’zlari [[fe’l ]+[gin]=ot] qolipi asosida hosil qilingan. Biroq ushbu qolipdan chiqqan hosilalar rang-barang bo’lib, ulardan anglashilgan ma’nolarni qolipning tenglik belgisidan o’ng tomondagi mazmuniy tomonidan keltirib chiqarib bo’lmaydi. Chunki bu hosilalar tarixiy yasama so’zlar bo’lib, davrlar o’tishi bilan ularning ma’noviy tabiatida ham, grammatik jihat-larida ham evolyutsiya jarayoni kechgan. Chunki qolip bugungi kunda ishlamaydigan, foydalanilmaydigan holga kelgan, ularning hosilalari esa qolipdan behad uzoqlashib, ma’nolarning ixtisoslashishi va bir-biridan uzoqlashishi yuz bergan. Natijada aslida bir qolipdan chiqqan hosilalar (yasama so’zlar) mustaqil leksemalarga aylanib, bir-birinikiga yaqin va bog’liq bo’lmagan turli-tuman ma’nolarni anglatadi. Tadqiqotchilar o’zbek tilidagi unumsiz (tarixiy) so’z yasash qoliplarining yuzga yaqin ko’rinishini ajratishadi.
Hosila ma’nolar bir necha yo’llar bilan vujudga keladi. Ular metafora, metonimiya,
sinekdoxa va vazifadoshlikdir. Hosila ma’nolar to’g’ri, bosh ma’nolar asosida paydo bo’ladi. Metafora (gr. metaphora-ko’chirish), avvalo, nutq mexanizmi bo’lib, biror leksema
denotatlarining shakliy, zohiriy o’xshashligi asosida boshqa ma’noni ifodalash uchun ishlatilishidir. Metaforik ma’no hosil bo’lishi uchun quyidagilardan biri sabab bo’ladi.
1. Bir so’z boshqa so’zga nisbatan so’zlovchining ifoda maqsadiga ko’proq mos va muvofiq bo’ladi va shuning uchun birinchisi o’rnida ikkinchisi qo’llaniladi.
2. Biror denotatning ifodalovchisi bo’lmaydi va ma’lum bir so’z boshqa denotatni ifodalash uchun ham qo’llanadi.
Demak, birinchi holda ko’chirilayotgan so’z denotatning ikkinchi atamasi bo’lsa, ikkinchi holda birinchi atamasidir. Masalan, quyi so’zi anglatadigan ma’noni etak so’zi qulayroq va to’laroq ifodalaganligi bois tog’ning quyi tomoniga nisbatan etak so’zi ishlatilgan.
O’zbek tilida dengizdagi o’ziga xos jo’g’rofiy o’rinning nomi bo’lmaganligi bois qo’ltiq so’zi unga nisbatan ham qo’llanadi.
Metafora hodisasi asosan, ot turkumi doirasida, qisman fe’llarda uchraydi: Qush uchdi. Samolyot uchdi qurilmalarining ikkinchisida uchmoq fe’li ifodalagan harakat qushning havodagi qanotlarini silkitib qilgan parvoziga o’xshaydi. Shu boisdan uchmoq fe’li ifodalagan keyingi ma’no metaforik ma’nodir.
Metafora hosila ma’no vujudga kelishining eng keng tarqalgan usuli sifatida badiiy uslubning, badiy nutqning muhim vositalaridan hisoblanadi.
Metaforik hosila ma’no nutqda behad ko’p uchraydi. Ammo ularning lisoniylashganlari -sememaga aylanganlari nisbatan kamdir. Qanot (samolyot), uchmoq, og’iz (qop) kabi leksemalarning ushbu hosila ma’nolari metaforik sememalardir.
Metaforik yo’l bilan hosil bo’lgan semema davrlar o’tishi bilan o’ziga xos atash semalari kasb etishi natijasida bosh sememasidan uzoqlashib, mustaqil holga, kelishi omonimik tabiatga ega bo’lishi mumkin. Masalan, adabiyotshunoslik termini sifatidagi fojea umumiste’mol qo’llanishdagi fojea so’zidan ma’noviy jihatdan uzilib, ularning nomemalari omonimik munosabatga ega bo’lgan. Shuningdek, jo’g’rofiy termin bo’lgan qo’ltiq umumiste’moldagi qo’ltiq leksemasining omonimiga aylangan.
Sinekdoxa yo’li bilan hosil qilingan ko’chma ma’no deganda, biror narsaning nomi bilan uning biror qismini atash va aksincha, biror narsaning qismi bilan u mansub butunni atash tushuniladi. 1.Besh qo‘lini og‘ziga tiqadi. 2.Ochildiboy tirnoqqa zor edi. Sinekdoxik yo’l bilan hosil qilingan ma’nolarni ham lisoniy va nutqiy ma’nolarga bo’lish mumkin. Masalan, keltirilgan qo’l, tirnoq leksemalarining sinekdoxik ma’nolari sememalashgandir. Stol sindi, eshik buzildi gaplaridagi stol so’zining oyoq (stolning oyog’i), eshik so‘zining qulf (eshikning qulfi) hosila ma’nolari nutqiy sinekdoxik ma’noga misol bo’la oladi. Ammo har qanday butunlik nomi bilan qismni, qismning nomi bilan butunni atab bo’lmaydi. Masalan, daraxt va shox, barg, tana, ildiz, meva butun va qismlardir. Lekin barg deganda hech qachon daraxt anglashilmaydi. Ammo meva (masalan, olma) atamasi orqali daraxt ham ifodalanadi.
Metonimiya (grekcha: metonymia - qayta nomlash) ifodalanmishlarining o’zaro bog’liqligi, aloqadorliklari asosida bir ifodalovchining boshqa ifodalovchi uchun ishlatilishidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |