Mustaqil o‘rganish ko‘nikmalarini rivojlantirish mashqlari
Darsliklarda mualliflar mustaqil o‘rganish ko‘nikmalarini rivojlantirish maqsadida turli-tuman mashqlarni kiritishga harakat qildilar. Mustaqil o‘rganish ko‘nikmalarini rivojlantirish ustida ishlash turlichadir. U lug‘at, jadvallardan foydalanish, o‘ziga qayd qilib qo‘yish, harflarning o‘qilish qoidalariga murojaat qilish, grammatik ma’lumotlardan foydalanish kabilarni o‘z ichiga oladi. Mustaqil o‘rganish ko‘nikmalarini rivojlantirish mashqlari o‘quvchilarga amaliy ishlash usullarini o‘rgatadi va ularni mustaqil ishlashga tayyorlaydi.
Ma’lumot almashinuv mashqlari
Ma’lumot almashinuv mashqlari bevosita muloqotni, og‘zaki nutqni rivojlantirishga xizmat qiladi. Haqiqiy hayotda kimningdir bizdan nimani so‘ramoqchi ekanligini yoki kimningdir qanday javob berishini biz aniq bilmaymiz. Ma’lumot almashinuv mashqlarida o‘quvchilar so‘rash va javob berish orqali ma’lumot almashishlari kerak bo‘ladi. Faqatgina muvaffaqiyatli muloqot orqaligina ular kerakli ma’lumotdan foydalanib vazifani bajarishadi.
O‘quvchilarning o‘zlaridagi ma’lumotlarni bir-biriga ko‘rsatmasliklari juda muhim. Bir-biriga o‘z ma’lumotini ko‘rsatmaslikni ta’minlash maqsadida bu mashq odatda darslikning ikki joyida berilgan holda qismlarga bo‘linadi, A o‘quvchi o‘z qismida yo‘q ma’lumot, rasmlardagi o‘xshashlik, farq va b.lar to‘g‘risida savollar so‘raydi. B o‘quvchi A o‘quvchining savollariga o‘z qismida berilgan ma’lumotga ko‘ra javob beradi. So‘ngra B o‘quvchi A o‘quvchidan savol so‘raydi.
Eslatmalar
Bular darslikning ostki qismida joylashgan bo‘lib, yangi til materialini o‘zida mujassamlashtirgan. Ular o‘qituvchi va o‘quvchilarning dars maqsadini tezda ilg‘ab olishlariqa o‘ng‘ay. Yangi til yoki qurilmani tanishtirishdan oldin yoki keyin o‘qituvchilarga o‘quvchilarning e’tiborini Eslatmadagi misollarga qaratishi lozimligi tavsiya etiladi.
Ijodiy ish
Ijodiy ish bu kursning muhim qismidir. U har bir bo‘limdagi yakuniy faoliyati bo‘lib, oldingi beshta darsda o‘rganilgan bilimga asoslangan. U o‘quvchilarga bu darslarda o‘rgangan narsalarini o‘zi bilmagan holda, erkinroq va o‘qituvchi tomonidan kam nazorat qilingan holda o‘zicha qo‘llashga imkoniyat yaratadi. Ijodiy ish o‘quvchilarga o‘z bilimi darajasida ishlashga imkon beradi; vazifani bajarish davomida kuchli o‘quvchilar ko‘proq va murakkabroq, o‘zlashtirishi qiyin bo‘lgan o‘quvchilar esa, qisqa va oddiy ishlarni bajaradi. Ijodiy ish o‘quvchilarga o‘z ishlari, bilimlari va yaratuvchanligidan faxrlanishga imkon beradi. Shu sababli o‘quvchilar uchun bir-birining ishlarini ko‘rishga sharoit yaratish maqsadida sinfxona bo‘ylab Ijodiy ish darsi davomida yasalgan plakat va chizilgan rasmlarni namoyish qilish juda muhimdir. O‘quvchilardan boshqa o‘quvchilarning ishlarini baholash ham so‘ralishi mumkin.
Ijodiy ish davomida o‘quvchilar yozish jarayoniga tortiladi. Bunda ular mavzu yuzasidan fikrlar, qaydlar yozadilar. So‘ngra ular bu qaydlardan tavsiflar, maqolalar, xatlar, hikoya va she’rlar yozishda, plakatlar yasashda, dasturlar tuzishda foydalanadilar. Ular rasmlar qirqadilar va chizadilar, xarita, grafik tuzadilar, interview uyushtiradilar va h.k. Shu sababli o‘qituvchida materiallar, qaychilar, chizg‘ichlar, qog‘oz, yelim, qog‘oz qiyqimlari va sh.k. solingan quti bo‘lishi foydadan xoli emas. O‘qituvchi Ijodiy ish bo‘lishidan oldin o‘quvchilardan bu narsalarni olib kelishni so‘rashi ham mumkin.
Yana bir muhim narsa — bu Ijodiy ishni tanlab olishdir. Ijodiy ish avvalida qiyin bo‘lmasligi kerak va uni bir necha qism va bosqichlarga bo‘lgan ma’qul.
Ijodiy ishlarni har doim bir xil guruhlarda tashkil etish maqsadga muvofiq, chunki o‘quvchilar bir-biri bilan muntazam hamkorlikda ish olib borishadi. O‘qituvchi uchun Ijodiy ish darslari yuzasidan batafsil uslubiy tavsiya o‘qituvchi uchun metodik qo‘llanmada berildi.
Ijodiy ish davomida tayyorlangan plakatlarni ota-onalarga bolalarning ingliz tilini qay darajada o‘zlashtirayotganliklarini ko‘rsatish uchun ham foydalanishingiz mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |