O`ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY VA O`RTA MAXSUS TA`LIM VAZIRLIGI
Xo`jaqulov A.F. Adizov B.Z.
NEFT VA GAZNI QAYTA
ISHLASH TEXNOLOGIYASI
Mazkur darslik neft va gazni qayta ishlash texnologiyalarini o’rganish shuningdek neft va gazni qayta ishlash natijasida olinadigan mahsulotlarni tozalash usullarini o’rganishda ularning tarkibi to’g’risida to’liq xulosa qilishga imkon beradi.
Darslikdan oliy o’quv yurtlari “Neft va gazni qayta ishlash texnologiyasi”, “Neft va neft – gazni qayta ishlash texnologiyasi”, “Kasbiy ta’lim”, yo’nalishida tahsil olayotgan talabalar shuningdek kasb-hunar kollejlarining Neft va gazni qayta ishlash, Neftni kimyoviy ishlab chiqarish, Neft gaz mahsulotlarini tashish va saqlash, Yonilg’i moylash materiallari mutaxassisliklari bo’yicha ta’lim olayotgan talabalar hamda neft va gazni qayta ishlash zavodlarida ishlaydigan texnik muhandis xodimlar foydalanishlari mumkin.
Taqrizchilar:
Toshkent Davlat texnika universiteti
professori, texnika fanlari doktori: S.A.Abduraximov
Buxoro yuqori texnologiyalar
muhandislik-texnika instituti professori,
kimyo fanlari doktori : H.B. Do’stov
Buxoro neftni qayta ishlash zavodi
bosh texnologi : B.S. Usmonov
SO’Z BOSHI
Mustaqil O’zbekistonimizning tobora yuksalib borayotgan xalq xo’jaligining barcha sohalari, jumladan behisob tabiiy xom ashyolar: neft va tabiiy gazlarni ko’pligini inobatga olib, Respublikamizda Mustaqillik davrida bir necha yirik kimyoviy zavodlar barpo etildi. Bularga Buxoro neftni qayta ishlash zavodi, Farg’ona neftni qayta ishlash zavodi, Muborak gazni qayta ishlash zavodi, Sho’rtan gaz-kimyo majmuasi kabilar kiradi. Shu vaqtga qadar neft va gazni qayta ishlash texnologiyasi fanini o’rganishda respublikamizning oliy o’quv yurtlari talabalariga o’zbek tilida darslik yoritilmagan edi. Shu sabali oliy o’quv yurtlarining, neft-gaz sanoati texnika texnologiyalari fakultetlarida neft va gazni qayta ishlash texnologiyasi yo’nalishi talabalari uchun o’zbek tilida darslik yozish zarurati tug’ildi.
Ushbu darslik oliy o’quv yurtlarining talabalariga mo’ljallangan bo’lib, neft va gazni qayta ishlash texnologiyalasini o’rganishga bag’ishlangan. Ma’lumki, darslikda asosiy e’tibor neft va gazni qayta ishlash texnologiyasini o’rganishga bag’ishlangan bo’lib, fizika va kimyonig asosiy qonuniyatlariga tayanadi. Shu bilan birgalikda darslikda neft va gazni qayta ishlashning kimyoviy usullarining amalda qo’llanilishi masalalari, ularning ahamiyati, imkoniyatlari haqida mukammal fikr yuritiladi.
Darslik asosan o’nbir bobdan tarkib topgan. Har bir bobda neft va gazni qayta ishlash usullari nazariyasi bayon qilingan. Mualliflar darslik qo’lyozmani o’qib chiqib, o’zlarining qimmatli maslahatlarini bergan Toshkent Davlat texnika universiteti professori, texnika fanlari doktori S.A.Abduraximovga, Buxoro yuqori texnologiyalar muhandislik-texnika instituti professori, kimyo fanlari doktori H.B. Do’stovga, Buxoro neftni qayta ishlash zavodi bosh texnologi B.S. Usmonovga o’zining chuqur minnatdorchiligini izhor qiladi.
Kirish.
Xozirgi vaqtda energiyaning asosiy manbalaridan biri neft va gaz hisoblanadi. Ulardan asosan turli suyuq yoqilg’ilar - benzin, kerosin, dizel va qozonxona ( mazut) yoqilg’isi olish uchun foydalaniladi. Shuningdek, neftdan maxsus va surkov moylari ham ishlab chiqariladi. Kimyoviy qayta ishlash jarayonlari orqali olingan maxsulotlar plastmassalar, sintetik kauchuk va smola, sun’iy tola, yuvish vositalari va shu kabi bir qator xalq xo’jaligi uchun zarur mahsulotlar olinadi.
Mamlakatimiz mustaqillikka erishgan yillardan boshlab ishlab chiqarishning asosiy sohalaridan hisoblangan neft va gaz sanoatiga katta e’tibor qaratildi. Mamlakatimiz prezidenti I.A. Karimovning 1992-yildagi neft va gaz sohasini rivojlantirish to’g’risidagi qaror va farmonlari sohada qilinishi kerak bo’lgan ishlar ko’lamini aniqlab berdilar. Respublika yoqilg’i-energetika mustaqilligiga erishish maqsadida mavjud ishlab turgan zavodlar qatoriga yangi zavodlar qurishga kirishildi. Yangi quriladigan zavodlar ishga tushishi bilan ichki bozordagi yoqilg’i maxsulotlariga bo’lgan talabni qondirish bilan birgalikda tashqi bozorga ham maxsulot eksport qilish ko’zda tutilgan edi.
O’zbekiston mustaqillikka erishgunga qadar neft va gazni qayta ishlash zavodlari Oltiariq (1904 yil), Farg’ona (1958 yil), va Muborak (1971 yil) gazni qayta ishlash zavodlari qatoriga 1997 yil 22 avgustda ishga tushurilgan Buxoro neft va gaz kondensatini qayta ishlashga mo’ljallangan zavod va 2001 yilda Sho’rton gaz-kimyo majmuasi qo’shildi. Hozirgi kecha kunduzda Ustyurt platosida Janubiy Koreya respublikasi bilan hamkorlikda qurilishi boshlangan “Ustyurt gaz-kimyo kompleksi” 2016 yilda ishga tushirilishi ko’zda tutilmoqda. Umuman O’zbekistondagi neft va gazni qayta ishlash sohasini vujudga kelishiga nazar solsak, XIX-asr oxirida Farg’ona vodiysida ochilgan dastlabki konlar asosida 1904 - 1906 yillarda O’zbekistonda birinchi Oltiariq neftni qayta ishlash zavodi asosan neftni birlamchi qayta ishlashga mo’ljallangan bo’lib, hozirgi vaqtdagi ishlab chiqarish quvvati yiliga 1,5 mln. tonnani tashkil etadi.
Mahsulot ishlab chiqarishni ko’paytirish maqsadida 1958 yilda Farg’ona neftni qayta ishlash zavodi ishga tushirildi. Zavodda neftni birlamchi va ikkilamchi qayta ishlash jarayonlari olib boriladi. Uning hozirgi vaqtdagi ishlab chiqarish quvvati yiliga 5,5 mln., tonna neft va gaz kondensatini qayta ishlashga mo’ljallangan. Zavodda shuningdek, yiliga 500 ming tonna moy ishlab chiqarish quvvatiga ega qurilmalari mavjud. 1996 yil Farg’ona neftni qayta ishlash zavodi chet el ilg’or texnologiyalari (Yaponiya) asosida qayta rekonstrukstiya qilindi. Hozirda zavodda neft maxsulotlarini 50 dan ortiq turi ishlab chiqariladi.
Respublikamizda neftni qayta ishlash bilan birgalikda gazni qayta ishlash sohasiga ham katta e’tibor berildi. 1971 yilda dekabr oyida “Muborak gazni qayta ishlash zavodi” birinchi navbati ishga tushirildi. Zavod asosan xalq xo’jaligi uchun eng arzon yoqilg’i, tabiiy gaz etishtirib beradi. Muborak gazni qayta ishlash zavodining dastlabki quvvati yiliga 5 mlrd. m3 tabiiy gazni qayta ishlashdan boshlangan. 1978-1980 yillarda zavodning ikkinchi va uchinchi navbatlari ishga tushirilib, umumiy quvvati 10 mlrd.m3 ni tashkil etadi. 1984-yil to’rtinchi navbati ishga tushirildi va umumiy quvvat yiliga 25 mlrd. m3 ni tashkil etdi. Hozirgi vaqtda umumiy quvvat yiliga 30 mlrd. m3 ni tashkil etadi. Muborak gazni qayta ishlash zavodi xom-ashyo manbalari asosan yuqori oltingugurtli ( 4,5- 5,0 %) O’rta buloq. Dengizko’l-Havzak, Samontepa konlari va kam oltingugurtli ( 0,08-0,3 %) Kultak, Zevarda, Pamug’, Alan gaz konlaridir. Zavodning asosiy maxsulotlari tabiiy gaz, texnik oltingugurt, barqarorlashtirilgan kondensat va suyultirilgan gaz hisoblanadi.
Istiqlol yillariga kelib, 1997-yilda gaz kondensatini qayta ishlashga mo’ljallangan xorijiy davlatlarning ilg’or zamonaviy texenologiyalaridan biri Franstiyaning “ Teknip” kompaniyasi texnologiyasiga ko’ra Buxoro neftni qayta ishlash zavodi ishga tushirildi. Zavodning umumiy quvvati yiliga 2,5 mln. tonna neft va gaz kondensati aralashmasini birlamchi qayta ishlash jarayonlari olib boriladi. Zavodni xom-ashyo manbai Ko’kdumaloq konlaridan olinayotgan gaz kondensatlari va olinadigan maxsulotlari esa asosan suyultirilgan gaz, yuqori sifatli benzin , kerosin va dizel yoqilg’ilari hamda qoldiq mazut hisoblanadi.
Respublikamizda neft kimyosi va organik sintez moddalar olishni ko’paytirish maqsadida 17-fevral 1998-yil “O’zbekneftgaz” MXK va “ABB Lummus Global” ( AQSh), “ABB Soimi” (Italiya), «Nisho Ivai», “Toyo iujiutgiug”(Yaponiya), kompaniyalari o’rtasida gaz kimyo majmuasini loyixalash, qurilmalarni yotqizish, o’rnatish va ishga tushurish bo’yicha shartnoma imzolandi. 2001 yil oxirida “Sho’rtan gaz-kimyo majmuasi” ishga tushirildi va 2002 yil 15-avgustda birinchi o’zbek polietileni ishlab chiqarildi. Gaz kimyo majmuasining umumiy quvvati yiliga 4,2 mlrd.m3 tabiiy gazni qayta ishlashga mo’ljallangan bo’lib, quyidagi maxsulotlar olinadi:
donador polietilen ( 125 ming, tonna);
suyultirilgan gaz (137 ming, tonna);
donador oltingugurt (4 mlrd. tonna).
Sho’rtan gaz kimyo majmuasida ishlab chiqarilayotgan barcha polietilen maxsulotlari ekologik va gigiyenik sertifikatlarga egadir. Zavod maxsulotlariga 2005 yil Halqaro ISO- 9001 sifat sertifikati berildi. Hozirgi vaqtda Sho’rtan GKM si maxsulotlarining 70% eksportga chiqarilmoqda. Ya’ni Evropa mamlakatlari Italiya, Gollandiya, Polsha, Vengriya, Osiyo, Eron, Pokiston, Xitoy, MDH davlatlari: Rossiya, Ukraina, Ozarbayjon, Qirg’iziston, Tojikiston davlatlariga eksport qilinmoqda.
Hozirgi vaqtda Respublikamizda yoqilg’i energiyasiga bo’lgan talabni to’la qondirishda “O’zbek neft gaz” Milliy Xolding Kompaniyasi asosiy o’rin tutadi.
Hozirda Respublikamizda jahon andozalariga mos keluvchi tayyor neft maxsulotlari tashqi bozorga chiqarilayapti.
Do'stlaringiz bilan baham: |