1924 yilda AQShning Xotorn shahridagi «Uestern elektrik» kompaniyasiga qarashli tashkilotlardan birida Garvard biznes maktabining bir guruh olimlari tomonidan tadqiqotlar o‘tkazila boshlandi. Keyinchalik bu tadqiqotlarga E.Meyo rahbarlik qildi.
Birinchi seriya tajribalar xona yoritilganligining ishlab chikarish samarasiga ta’siri bilan bog‘liq edi. Tajribalar telefon apparatlari yig‘ilayotgan bir nechta sexlarda o‘tkazildi. Tadqiqotchilar ishlab chiqarish xonalaridagi yorug‘lik nurini o‘zgartira boshladilar. Ularning taxminlaricha xona kuchliroq yoritilishi bilan mahsulot ishlab chiqarish ham oshishi kerak edi. Lekin, tadqiqotlar natijasi ishlab chiqarish unumdorligi ko‘tarilishi va xona yorug‘ligi o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqa mavjud emasligini ko‘rsatdi. Tadqiqotchilar ishlab chiqarishga ta’sir etuvchi boshqa omillarni ham aniqlash va bartaraf etish niyatida bo‘ldilar.
Tadqiqot e’tiborida turgan uchta sexdan ikkita guruh tuzildi va bu guruhlar bir xil mehnat natijalariga ega edilar. Guruhlardan birida xona yorug‘ligini ko‘tardilar. Ikkinchi guruhda esa yorug‘lik avvalgiday qolaverdi. O‘zaro musobaqa kayfiyati uyg‘onmasligi uchun ikkala guruh turli binolarda joylashtirilgan edi. Bu safar ishlab chiqarish ikkala guruhda ham sezilarli darajada oshdi. Shunda tajriba o‘tkazilayotgan guruhdagi yorug‘lik sezilarli darajada kamaytirildi. Lekin ishlab chiqarish unumdorligi ikkala guruhda ham ko‘tarilib borardi. Tajriba guruhi xonasining yorug‘ligi hatto oy nuriga yaqinlashtirilganda ham nisbatan yuqori darjadagi ishlab chiqarish samardorligi saqlanib turardi.
Bunday hayron qolarlik darajadagi natijalar ishlab chiqarishga yoritishdan ham muhimrok boshqa omillar ta’sir etishi haqida dalolat berardi. Keyingi tadqiqotlar 1927 yildan boshlab E.Meyo raxbarligida o‘tkazila boshlandi.
Ushbu tadqiqotni o‘tkazishdan maqsad ishlab chiqarish samaradorligi o‘sishiga ta’sir etuvchi omillarni aniqlashdan iborat bo‘lib, izlanish ishlari bir necha bosqichni o‘z ichiga oldi. Olti ayoldan iborat yangi ishchilar guruhi tanlandi. Guruhning kamsonligi ishchilarni muntazam va batafsil kuzatish niyatida tuzilgan edi. Bu mehnat jamoasida bir necha oy mobaynida ish sharoitiga ta’sir etuvchi turli omillar sinala boshlandi. Tadqiqotchilar dam olish tanaffuslarini kiritdilar va ma’lum vaqt o‘tgandan keyin ularni bekor qildilar, mehnat kunlari va haftalarni ko‘paytirdilar va kamaytirdilar, maosh kiritishga oid qoidalarni o‘zgartirib bordilar va hatto xodimlarni nazorat qilish shakllarini ham o‘zgartirdilar. Kiritilayotgan omillarning qandayligidan qat’iy nazar ishlab chiqarish samaradorligi oshib borardi. Natijada tadqiqotchilar ishlab chiqarish samaradorligining o‘sishi sababi turli-tuman mazmundagi tadbirlarda emas, balki ijtimoiy psixologik omillarda ekan, degan xulosaga keldilar. Xo‘sh, jamoa hayotidagi bu o‘zgarishlarning psixologik negizi nimadan iborat edi, degan savolga quyidagicha javob olindi.
Boshqalardan ajratib olingan ishchi-qizlar qzlariga diqqat-e’tibor sezdilar. Ular muhim va qiziqarli tajribada qatnashayotganliklarini bilardilar. Bu esa ularda bajarayotgan ishlaridan faxrlanish hissini uyg‘otdi. Bundan tashqari, tajriba davomida boshqaruv uslubi bir muncha yumshoqroq bo‘ldi. Guruhdagi qizlar tanaffus davrlarini o‘zlari hal eta boshladilar, ularni ma’muriyatning ba’zi bir rasmiy talablariga rioya etishdan ozod qilishdi. Ishchi qizlarning guruh hayotiga oid masalalarni birgalikda muhokama qilishlari jamoani yanada ahillashtirdi va do‘stlik muhitini shakllantirdi. Shunday qilib, tadqiqot e’tibori markazida bo‘lgan qizlarning mehnat motivatsiyasi oddiy sharoitdagi ishchilarnikidan farq qilardi.
Meyo mehnat samaradorligining oshishini xodimning biron guruhga mansubligini his etishi va o‘zini jamoaning muhim a’zosi deb hisoblashi bilan asosladi. Bu bilan ijtimoiy ehtiyojlarning qanchalik muhimligi yana bir bor ta’kidlanardi.
Do'stlaringiz bilan baham: |