O‘zbekiston Respublikasi jinoyat qonunchiligiga ko‘ra korrupsiya jinoyatlarining tavsifi
Ijtimoiy munosabatlarni korrupsiya jinoyatlaridan muhofaza qilishda korrupsiyaga qarshi kurashning jinoyat-huquqiy vositalari tizimi – O‘zbekiston Respublikasi JK Umumiy va Maxsus qismlari normalarining tartibga solingan majmui muhim o‘rin tutadi. Mazkur tizimda birlashtirilgan normalarni shartli ravishda besh guruhga ajratish mumkin:
jinoyatchilik va korrupsiya jinoyatlarini jazolashning umumiy shartlarini tartibga soluvchi normalar majmui (JK Umumiy qismining normalari);
korrupsiya jinoyatlari uchun jinoiy javobgarlikni belgilovchi normalar (JK Umumiy qismining normalari);
JK Maxsus qismining mansab vakolatlarini suiiste’mol qilib, o‘zganing mol-mulkini talon-toroj qilganlik uchun javobgarlik o‘rnatuvchi normalari;
mansabdor shaxsning jinoiy qilmishlari uchun jinoiy javobgarlik belgilovchi normalar;
JK Maxsus qismining mansabdor shaxsning jinoyat sodir etishi tasniflovchi belgi hisoblangan mansabga oid bo‘lmagan jinoyatlarning alohida turlari uchun javobgarlik o‘rnatuvchi normalari.
O‘zbekistonning 1959 yilgi JKda belgilangan normalarga taqqoslaganda, korrupsiya bilan bog‘liq har xil masalalarni tartibga soluvchi normalar tizimida jiddiy o‘zgarishlar sodir bo‘ldi. Bir qator mamlakatlar jinoyat qonun hujjatlarida korrupsiya tushunchasiga ta’rif berilgan bo‘lmasa-da, aynan O‘zRning 1994 yilda qabul qilingan JKni tizimli tahlildan o‘tkazish mazkur Jinoyat kodeksida, aniqrog‘i uning normalarida jinoiy jazoga loyiq korrupsiyaning (hatto xalqaro andozalardan kelib chiqqanda ham) ancha to‘liq umumlashtirilgan ta’rifi ifodalangan.
Jinoyat huquqida korrupsiyaga qarshi kurash jarayonida umumiy asoslarni tartibga solish nuqtai nazaridan O‘zbekiston Respublikasi JK Umumiy qismining quyidagi normalari ayniqsa muhim ahamiyatga ega: jinoyat tushunchasining ta’rifi (14-modda), jinoyatlarni tasniflash (15-modda), takroran jinoyat sodir etish (32- modda), jinoyatlar majmui (33-modda), javobgarlikka tortilishi lozim bo‘lgan shaxslar (IV bob), jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va jinoyat sodir etishga suiqasd qilish (25-modda), jismoniy shaxslarning javobgarligi (17-modda), ayb (V bob), jinoyatda ishtirokchilik (VII bob), jazo va uni tayinlash, jinoiy javobgarlik va jazodan ozod qilish (To‘rtinchi bo‘lim) masalalarini tartibga soluvchi normalar.
Jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va jinoyat sodir etishga suiqasd qilishning umumiy shartlari (25-modda), korrupsiya faoliyatiga qarshi kurash vazifalariga
tatbiqan olganda, avvalambor, jinoiy korrupsiya faoliyatini uning dastlabki bosqichlarida to‘xtatish, shuningdek tamom bo‘lmagan korrupsiya jinoyatlari uchun javobgarlikni ta’minlashning huquqiy kafolatlarini yaratishda muhim ahamiyatga ega.
Jinoyatda ishtirokchilik masalalarini tartibga soluvchi normalar majmui (JK 27-31-moddalari) mansabdor shaxslar, shuningdek mansabdor va mansabdor bo‘lmagan shaxslarning birgalikdagi jinoiy faoliyatining oldini olish, ishtirokchilikda sodir etilgan jinoyatlarni to‘g‘ri kvalifikatsiya qilish uchun ma’lum shart-sharoit yaratadi (ma’lumki, korrupsiya jinoyatlari odatda ishtirokchilikda sodir etiladi, masalan uyushgan guruhlar tomonidan). Bu o‘rinda mazkur institut 1994 yilgi JKda ancha takomillashtirilganligi, bu, avvalambor, uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashni, ayniqsa, korrupsiya aloqalariga ega bo‘lgan uyushgan guruhlarga qarshi kurashni tartibga solishda namoyon bo‘lganligini qayd etib o‘tish lozim.
O‘zR JK Maxsus qismi normalarini tahlil qilib, shuni ta’kidlash mumkinki, unda korrupsiya jinoyatlari uchun bir qator moddalarda javobgarlik belgilangan. Masalan, JK 167-m. 2-q., “g” bandi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon- toroj qilish, mansab mavqeini suiiste’mol qilish yo‘li bilan sodir etilgan bo‘lsa), 175-m. (O‘zbekiston Respublikasining manfaatlariga xilof ravishda bitimlar tuzish), 1861-m. 4-q. (Etil spirti, alkogolli mahsulot va tamaki mahsulotini ko‘p miqdorda yoki juda ko‘p miqdorda qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish yoxud muomalaga kiritishga hokimiyat yoki mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish yo‘li bilan homiylik qilish), 205-m. (Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish), 206-m. (Hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish), 208-
m. (Hokimiyat harakatsizligi), 209-m. (Mansab soxtakorligi), 210-m. (Pora olish), 211-m. (Pora berish), 212-m. (Pora olish-berishda vositachilik qilish), 213-m. (Xizmatchini pora evaziga og‘dirish), va boshqalar.
Korrupsiyaga qarshi kurashning jinoyat-huquqiy vositalari tizimiga kiritilgan normalarning asosiy majmui mazkur tizimning o‘zagini tashkil etadi.
Bu, avvalo, JK Maxsus qismining “Boshqaruv tartibiga qarshi jinoyatlar” deb nomlanuvchi 15-bobiga kiritilgan va korrupsiya jinoyatlarining quyidagi turlari uchun javobgarlik belgilangan normalar: hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish (205-modda);
hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish (206-modda); hokimiyat harakatsizligi (208-modda); mansab soxtakorligi (209-modda); pora olish (210-modda); pora berish (211-modda); pora olish-berishda vositachilik qilish (212-modda).Mazkur jinoiyqilmishlarni jinoyat-huquqiy tavsiflar ekanmiz, an’anaga ko‘ra tahlilni ushbu korrupsiya jinoyatlarning ob’ektiv belgilaridan boshlaymiz.
Korrupsiya jinoyatlariga oid normalarda jinoyat predmeti sifatida faqat moddiy xususiyatdagi manfaatlar ta’kidlanadi (masalan: pul, buyum, moddiy qiymatliklar va h.k.lar), lekin qonunda moddiy qiymatliklardan tashqari qonun bilan qo‘riqlanadigan huquq va manfaatlarga jiddiy zarar, ziyon haqida ham gapiriladi. Fuqarolarning qonuniy huquq va manfaatlariga jiddiy ziyon yoki zarar etkazilganda jinoyat predmeti nafaqat moddiy yoki nomoddiy boyliklar, balki turli mazmundagi holatlar ham bo‘lishi mumkin. Amaldagi Jinoyat kodeksida ayrim korrupsiya jinoyatlarining predmeti to‘g‘ridan to‘g‘ri ko‘rsatilgan. Masalan, Jinoyat kodeksi 210-moddasi (pora olish)da moddiy qiymatliklarni olish deyilsa, 211-moddasida moddiy qimmatliklarni berish deb, jinoyat predmeti moddiy qimmatliklar ekanligi ta’kidlanadi.
Jinoyat tarkibi elementlaridan biri jinoyatning ob’ektiv tomonidir. Nazariya va sud amaliyotida bu masalaga alohida e’tibor berilishining asosiy sababi, jinoyat tarkibi ob’ektiv tomonini to‘g‘ri aniqlash, qilmishni to‘g‘ri kvalifikatsiya qilish, o‘xshash jinoyatlarni bir-biridan, jinoiy qilmishni ma’muriy yoki intizomiy huquqbuzarlikdan farqlash imkonini beradi. O‘rganilayotgan jinoyatlar moddiy tarkibli bo‘lib, jinoyat ob’ektiv tomonining quyidagi zaruriy belgilari mavjud bo‘lishi talab etiladi: a) ijtimoiy xavfli harakat yoki harakatsizlik; b) jinoiy oqibat;
v) ular o‘rtasidagi sababiy bog‘lanishning mavjudligi.
Jinoyat jinoiy oqibat ro‘y berishi bilan tugallangan hisoblanadi va oqibatning ko‘lami javobgarlikni og‘ir yoki engilligiga ta’sir etadi.
Biz ko‘rib chiqayotgan korrupsiya jinoyatlari odatda faol harakat yoki ba’zida, o‘ziga yuklatilgan vazifalarini qasddan bajarmaslik - harakatsizlik bilan ham sodir etiladi. Boshqaruv tartibiga qarshi korrupsiya jinoyatlari ob’ektiv tomonining navbatdagi zaruriy belgisi - harakat ayblanuvchining xizmat vazifasidan kelib chiqib sodir etilishidir. Qilmishning bu xususiyati to‘g‘ridan to‘g‘ri qonun matnlarida bayon qilingan. Bu belgi ushbu jinoyatni boshqa o‘xshash boshqaruv tartibiga qarshi mansabdorlik jinoyatlaridan farqlash imkoniyatini beradi. O‘rganib chiqilgan jinoyat ishlarining aksariyatida chiqarilgan hukmlarda harakatning aynan xizmat vazifasi bilan bog‘liqligi uning qonunda belgilangan davlat yoki jamoat apparati tegishli tarmoqlarining normal ishlashini taminlovchi qonun hujatlarining buzilganligi, o‘zining boshqaruv, xo‘jalik faoliyati va boshqa vazifalarini bajarilishiga jiddiy to‘sqinlik qilganligi, deb ta’riflaydilar. Jumladan, Toshkent viloyat sudi “Viloyat maishiy xizmat” birlashmasi direktori vazifasini bajaruvchi Z.ning harakatlarini kvalifikatsiya qilib, sudlanuvchi harakatni qasddan, davlat manfaatlariga zid holda sodir etganligini alohida ta’kidlab o‘tadi.
Boshqaruv tartibiga qarshi korrupsiya jinoyatlarida harakat aynan g‘ayriqonuniy bo‘lishi kerak va bu xizmat vazifalarining bajarilishi bilan aloqador bo‘lishi lozim. Aksariyat hollarda mansabni suiiste’mol qilinganida uning huquqqa
xiloflik xususiyati yaqqol namoyon bo‘ladi, sababi bu harakatlar ayrim qonun normalarning buzilishi bilan sodir etiladi. Masalan, nazorat yoki taftish organlari xodimlari talon-torojni ataylab yashiradilar, aniqlangan kamomadni taftish aktlarida ko‘rsatmaydilar, korxona rahbarlari g‘araz maqsadlarda moliyaviy yoki shtat intizomini buzadilar; pora evaziga sud ijrochilari mol-mulkni ro‘yxatga olish aktlarini yo‘q qilib yuboradilar va h.k.lar. Boshqaruv tartibiga qarshi korrupsiya jinoyatlari ichida, davlat yoki jamoat mulklarini vaqtinchalik foydalanishga berib turish, g‘ayriqonuniy ravishda moddiy boyliklarni sarflab yuborish yoki keraksiz yo‘nalishga sarflash, poraxo‘rlik kabilar ko‘proq uchraydi. Bunday harakatlar korxona yoki tashkilotlar moddiy boyliklarining kamayishiga sabab bo‘ladi.
Mansabdor shaxslar huquqka xilof harakatlarini shuningdek, korxona yoki tashkilot uchun harid qilinadigan vositalarga ortiqcha sarflab yuborish orqali ham sodir etadilar. Masalan, qonunga xilof ravishda davolanish yoki dam olish uylariga imtiyozli yo‘llanmalar sotib olish, xodimlar uchun qonunga xilof ravishda uy-joy sotib olish, dala hovlilari uchun joylar olish, xodimlarning farzandlari o‘qishlari uchun shartnoma pullari to‘lab berish va h.k.
JK 205-moddasida nazarda tutilgan jinoyat sodir etilganida jinoiy oqibat fuqarolarning qonun bilan qo‘riqlanadigan huquq va manfaatlari, davlat yoki jamoat apparatining ayrim yo‘nalishlarida bo‘ladigan salbiy o‘zgarishlarda namoyon bo‘ladi. Korrupsiya jinoyatlarida aksariyat holatlarda jinoiy oqibat moddiy bo‘lib, moddiy boyliklarning kamayishi yoki keladigan foydadan mahrum bo‘lishga sabab bo‘luvchi mulkiy xususiyatlar kasb etadi. Bunday xususiyatlar moddiy mablag‘larni boshqalarga berib yuborish, qarzga berib turish, ularni boshqa yo‘nalishlarda ishlatib yuborish, o‘z manfaatlarini ko‘zlab sarflab yuborishda nomoyon bo‘ladi.
Korrupsiya jinoyatlarini kvalifikatsiya qilishda sodir etilgan qilmish va yuz bergan oqibat o‘rtasida sababiy bog‘lanish mavjud bo‘lishi lozim. Sababiy bog‘lanish bu falsafiy tushuncha, jinoyat huquqi nazariyasi va qonunni qo‘llash amaliyotida sababiy bog‘lanish tushunchasi sababiylikning ob’ektiv mezoni tariqasidagi falsafiy tushunchaga asoslanib aniqlanadi. Jinoyat huquqida bu tushuncha shaxsning qilmishi va jinoiy oqibat o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik tushuniladi. Ayblanuvchi xizmat vazifasi bilan bog‘liq mansab vakolatidan foydalanib sodir etgan qilmishi moddiy ziyonning kelib chiqishiga sabab bo‘lishi kerak. Aks holda sub’ekt va jiddiy ziyon orasida sababiy bog‘lanish mavjud bo‘lmaydi. Mansabdor shaxsning ijtimoiy xavfli qilmishi kelib chiqqan ijtimoiy xavfli zararning bevosita sababi bo‘lishi lozim.
Sababiy bog‘lanish tasodifiy emas, balki zaruriy bo‘lishi lozim. Umumiy qonuniyatlarga muvofiq, ijtimoiy xavfli zararning kelib chiqishi sodir etilgan qilmishning qonuniy davomi bo‘lishi lozim. SHaxsning xohishidan tashqari ayrim
sabablarga ko‘ra vujudga kelgan tasodifiy oqibatni shaxsning aybiga kiritib bo‘lmaydi. Mansab vakolatini suiiste’mol qilish va undan kelib chiqqan oqibat o‘rtasidagi sababiy bog‘lanishgina bunday asosni tashkil qiladi.
Jinoyatlarni kvalifikatsiya qilishda aybning mavjudligi, uning shakli, jinoyatning motivi va maqsadining aniqlanishi hal qiluvchi ahamiyatga ega hisoblanadi. Korrupsiya jinoyatlari odatda faqat qassdan sodir etiladi. Bu borada yuridik adabiyotlarda ham deyarli bir xil fikrlar uchraydi.
Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 205-moddasida nazarda tutilgan qilmish faqat to‘g‘ri qasddan sodir etiladi va mansabdor shaxs uning ijtimoiy xavfliligini anglaydi va oqibatlar kelib chiqishini istaydi. Ro‘y berishi mumkin bo‘lgan oqibatga nisbatan esa ayb qasd yoki ehtiyotsizlik shaklida bo‘lishi mumkin. Masalan, mansabdor shaxs kelib chiqishi mumkin bo‘lgan oqibatni istab (to‘g‘ri qasd), yoki istamasada ongli ravishda yo‘l qo‘yadi (egri qasd), yoxud xom hayollik bilan bunday oqibatlarning oldini olaman deb o‘ylaydi (o‘z-o‘ziga ishonish), yoxud bunday oqibatlarni oldindan ko‘ra bilish imkoniyatlariga ega bo‘lsada, lekin anglamaydi (jinoiy beparvolik).
Ushbu jinoyatlarda sub’ekt masalasi ham muhimdir. Korrupsiya jinoyatlarining sub’ekti jinoyat qonunida belgilangan yoshga etgan, aqli raso, korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatni sodiretgan har qandan jismoniy shaxslar bo‘lishi mumkin. Jinoyat huquqi nazariyasida aqli raso shaxslargina jinoiy javobgar deb topiladi. Zotan, aqli rasolik – ayb va javobgarlikka tortish– zaruriy sharti hisoblanadi.
Insonning ma’lum ruhiy-fiziologik xususiyati – uning yoshi bilan ham bog‘liq bo‘ladi. Qonunda jinoiy javobgarlik yoshining belgilanishi, birinchi navbatda shu bilan izohlanadiki, bu holat shaxsning aqliy rivojlanishi, uning o‘z harakatlari yuzasidan hisob berishi va ularni boshqarish qobidiyati bilan bog‘liq, shuning uchun ham har bir muayyan holatda shaxsning yoshini aniqlash jinoyat qonunida nazarda tutilgan ijtimoiy xavli qilmishni sodir etgan shaxsni jinoyat sub’ekti deb topish uchun zarurdir. Ma’lum yoshga to‘lganlik shaxsni jinoiy javobgarlikka tortishning zaruriy shartlaridan biridir. Qonunda belgilangan yoshga to‘lmagan shaxslar jinoyatning sub’ekti bo‘la olmaydilar. Chunki ular o‘z haraktlarining ahamiyatini anglay olmaydilar va ularni ongli ravishda boshqara olmaydilar.
Jinoyat sub’ektining navbatdagi mezoni bu amaldagi jinoyat qonuniga binoan faqat jismoniy shaxslargina jinoyat sub’ekti bo‘la olishdir. Jismoniy shaxs hisoblanmaydigan shaxslar (yuridik shaxslar), boshqa tirik mavjudotlar (it, ho‘kiz, vahshiy hayvonlar), jismlar jinoyatning sub’ekti bo‘la olmaydi.
Lekin yuqorida biz tahlil qilgan boshqaruv sohasidagi korrupsiya jinoyatlarining sub’ektlari mansabdor shaxslar hisoblanadi.
Mansabdorlik jinoyatlari sub’ektlarining huquqiy maqomini belgilash, uni takomillashtirishga urinishlar bo‘ldi. XX asrning 40-60 yillarida mansabdor shaxs tushunchasiga aniqlik kiritish maqsadida ma’muriy huquq fani mutaxassis-olimlari tomonidan qator ishlar qilindi, biroq mansabdor shaxsga berilgan ko‘p ta’riflarda jinoyat huquqida berilgan tushunchalarni takrorlash yoki uning shaklini o‘zgartirgan holda tushuncha beradilar, yoki mansabdorlik vazifalarini bajaruvchi har qanday jismoniy shaxslar deb ta’riflaydilar.Bu ta’rifning ma’muriy yoki jinoyat huquqi fanlarinazariyasidagi ta’rifi bir-biriga zid edi. Keng ma’noda muayyan mansab vakolatini egallab turgan har qanday jismoniy shaxs deb yuritilsa, tor ma’noda o‘z qo‘l ostida bo‘ysunuvchi xizmatchilari bo‘lgan organ rahbar xodimidir, deyiladi. Bu har ikkala tushunchaga shaxsni mansabni doimiy yoki vaqtincha, davlat tashkilotlarida pullik vazifalarni bajarishi kerakligini qo‘shib ta’riflaydilar. Bu har ikki ta’rifda shaxsning davlat tashkilotida yoki jamoat tashkilotida xizmat vazifasini bajarishi zaruriy belgi sifatida ta’kidlanadi. Bu ta’riflar tor ma’noda jinoyat sub’ektlari doirasining qisqarishiga, keng ma’noda ta’riflanishi, aksincha sub’ektlar doirasining kengaytirib talqin qilinishiga sabab bo‘lar edi.
Do'stlaringiz bilan baham: |