Oila — jamiyatning negizi. Bizning davlatimizni katta bir oila deb tushunish mumkin. Bunda o’zaro hurmat va qattiq tartib bo’lmasa, oilaning barcha a’zolari o’z burchlarini ado etmasa, bir-biriga nisbatan ezgulik bilan mehr-oqibat ko’rsatmasa, yaxshi yashash mumkin emas. Oila turmush va vijdon qonunlari asosiga quriladi, o’zining ko’p asrlik mustahkam va ma’naviy tayanchlariga ega bo’ladi, oilada demokratik negizlarga asos solinadi, odamlarning talab-ehtiyojlari va qadriyatlari shakllanadi. O’zbeklarning aksariyati o’zining shaxsiy farovonligi to’g’risida emas, balki oilasining, qarindosh-urug’lari va yaqin odamlarining, qo’shnilarining omon-esonligi to’g’risida g’amxo’rlik qilishni birinchi o’ringa qo’yadi. Bu esa eng oliy darajada ma’naviy qadriyat, inson qalbining gavharidir.
Mustaqil o’zbek davlati - xalqimizning tarixiy yutug’idir. O’z davlati bilan faxrlanish va fuqarolarning vatanparvarligi jahondagi ko’pgina mamlakatlarning ilg’or marralarga chiqib olishida yordam bergan. Mamlakatimiz tuprog’ida yashab turgan va o’zini vatanparvar deb hisoblagan har bir kishi uning yaxlitligi va birligini asrab-avaylashi shart.
har bir insonning, ayniqsa endigina hayotga qadam qo’yib kelayotgan yoshlarning ongiga shunday fikrni singdirish kerakki, ular o’rtaga qo’yilgan maqsadlarga erishish o’zlariga bog’liq ekanligini, ya’ni bu narsa ularning sobitqadam g’ayrat-shijoatiga, to’la-to’kis fidokorligiga va cheksiz mehnatsevarligiga bog’liq ekanligini anglab yetishlari kerak. Xuddi shu narsa davlatimiz va xalqimiz ravnaq topishining asosiy shartidir.
Xalqi yuz yillar mobaynida ozodlikni orzu qilgan O’zbekiston chinakam mustaqillikni qo’lga kiritib, gullab-yashnashi va farovonlikka erishishi, taraqqiy etgan demokratik davlatlar qatori xalqaro hamjamiyatda munosib o’rinni egallashi — biz ko’zlayotgan oliy maqsaddir. Bunga Mustaqil O’zbekistonning Konstitutsiyasi huquqiy kafolat bo’lib xizmat qilad.
Xalqimiz asrlar davomida ozod va obod Vatan, erkin va farovon hayot orzusida yashab keldi. Bu g’oya xalqimizni o’z mustaqilligidan judo bo’lgan davrlarda ham tark etmadi. Bugungi kunda O’zbekiston xalqining milliy taraqqiyot yo’lidagi asosiy maqsadi - ozod va obod Vatan, erkin va farovon hayot barpo etish bo’lib, bu g’oya millatimizning azaliy orzu-umidlarini, intilishlarini, bunyodkorlik faoliyatining ma’no-mazmunini ifodalaydi. Moddiy olamda inson muayyan makonda tug’iladi va hayot kechiradi, shaxs sifatida shakllanadi. Ana shu makon unga Vatan sanaladi. Dilida Vatan tuyg’usi shakllanmagan, kindik qoni to’kilgan zaminga mehr tuyg’usi jo’sh urmagan kishini chinakam Inson deb bo’lmaydi. SHu bilan birga inson baxt-saodat uchun tug’iladi. U ana shu baxt-saodatga o’zi tug’ilib-o’sayotgan Vatanida erishmoqni orzu qiladi. Bu unga o’z baxt-saodatini yurt rivoji, uning ozod va obodligi bilan uyg’un ko’rishni anglatadi.
«Ozod Vatan», «Obod Vatan», «Erkin va farovon hayot» tushunchalari shu jihatdan o’ziga xos ma’no va mazmun kasb etadi.
Ozod Vatan — o’z taqdirini o’zi mustaqil hal etish huquqini to’la ro’yobga chiqara olgan millatning yashash makoni bo’lib, jahon hamjamiyatida o’z o’rniga, nufuziga va mavqeiga ega bo’lgan mamlakatdir.
Obod Vatan — fuqarolari erkin va ozod, yaratuvchilik faoliyati bilan band bo’lgan, to’la ijtimoiy-siyosiy xavfsizlikda farovon hayot qurish ishtiyoqida yashayotgan hududdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |