O`zbekistonning xalqaro tashkilotlar va xorijiy mamlakatlar bilan iqtisodiy-siyosiy aloqalarining yo`lga qo`yilishi O`zbekistonning tashqi siyosatida mintaqalararo havfsizlikni ta’minlashda xalqaro tashkilotlar faoliyatidan, ularning dasturlaridan ham keng foydalanishi istiqbolli natijalarni ko`rsatdi. Ko‘pgina mintaqaviy tashkilotlar, chunonchi, NATO, EKO, Islom konfrensiyasi, Qo‘shilmaslik harakati va boshqalar bilan ham samarali hamkorliklar yo`lga qo`yildi. 1994-yil iyul oyida O`zbekiston NATOning “Tinchlik yo`lidagi hamkorlik” Dasturiga qo`shildi. Bu dasturga ko`ra, O`zbekiston harbiy qismlari Shimoliy Korolina (AQSh)dagi Kemp Lejyup dengiz piyodalari poligonida o`tkazilgan harbiy mashqlarda, O`zbekiston xududida amerikaliklar bilan o`tkazilgan desantchilarning “Ultrabalans-96” harbiy mashqlarida qatnashdilar. Shuningdek Respublika harbiy bilim yurti talabalari 1997-yil Norvegiyada o`tkazilgan “Kooperativ bankers-97” mashqlarida ham qatnashdilar. Bu kabi hamkorliklar jangchilarimiz uchun o`ziga xos mahorat maktabi, tajriba bo`lib, ularning jangovarlik qobiliyatini oshirishlariga yordam berdi. 1999-yil aprelda I.A.Karimov Shimoliy Atlantika Ittifoqi qoshidagi “Tinchlik yo‘lida hamkorlik” dasturining a’zosi sifatida NATO ning 50 yillik yubiley tantanalarida qatnashdi. O`zbekistonning “Tinchlik yo`lida hamkorlik” Dasturida ishtiroki Markaziy Osiyo mintaqasida kollektiv xavfsizlik va barqarorlikning keng tizimini vujudga keltirishni rejalashtirishda O`zbekistonning ishtirokini kafolatladi. Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, “NATO bilan hamkorlik qilish harbiy-siyosiy voqealardan xabardor bo`lib turish, bu uyushma doirasida amalga oshirilayotgan tadqiqotlar va ishlanmalardan bahramand bo`lish uchun imkon berar edi”. NATO Bosh kotibi X.Solana va AQShning NATOdagi doimiy vakili R.Xanterning O`zbekistonga tashriflari O`zbekiston va mazkur tashkilot o`rtasidagi tinchlik yo`lidagi siyosatining hamohang ekanligini ham ko`rsatdi.
O`zbekiston BMTga a’zo bo`lib kirgan yillari EXHTning katta mansabdor xodimlari qo`mitasining Pragadagi yig‘ilishida MDH tarkibidagi davlatlarni ushbu tashkilotga a’zo bo`lib kirishi masalasi ko`tarildi. 1992-yil 26-fevralga kelib O`zbekiston ham bu tashkilot kengashining yakunlovchi hujjatiga imzo chekdi. Mazkur hujjat imzolangan vaqtdan beri O`zbekistonning Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti bo`linmalaridagi ishtiroki tobora kengayib bormoqda. EXHTning Markaziy Osiyo bilan aloqalari bo`yicha Byurosi mintaqada barqarorlikni ta’minlash maqsadida mintaqadagi respublikalar bilan hamkorlikni yo`lga qo`yib olgani quvonarli holdir. Ushbu byuroning tashabbusi bilan Toshkentda EXHTning “Inson xuquqlari bo`yicha milliy institutlar”, “Ommaviy axborot vositalari demokratlashtirish sharoitida” mavzusidagi bir qator anjumanlari o`tkazildi. Seminarlar Markaziy va Sharqiy Yevropada inson huquqlari bo`yicha milliy institutlar faoliyatini rivojlantirish, xalq ta’limi va ommaviy axborot vositalarining inson huquqlari sohasidagi roli masalasini ko`rib chiqdi. Bunday yig‘ilishlarda O`zbekistonning ishtiroki tinchlikparvar tashqi siyosat yuritishida asosiy omil bo`lib qoldi. O`zbekistonning 1996-yil Lissabon Sammitida ishtiroki respublika rahbariyatining xavfsizlik doirasiga kiruvchi qarashlarini bayon etishga ham imkon berdi. Unda O`zbekiston rahbariyati tomonidan “xavfsizlikning, shu jumladan, Yevropa xavfsizligining chegarasi yo`q. Shundan kelib chiqqan holda, bizning fikrimizcha, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining roli, ahamiyati, qolaversa, mas’uliyati Yevropa bilangina chegaralanib qolmasligi, undan tashqaridan kelayotgan xavfni ham hisobga olishi kerak bo`ladi” deb aytilgan so`zlari alohida ahamiyat kasb etdi. Mazkur anjumanda O`zbekiston xavfsizlik muammosiga doir o`z qarashlarini bayon etish huquqiga ega bo`ldi. Prezidentimiz yig‘ilish ishtirokchilariga Markaziy Osiyo mintaqasini yadrosiz zona deb yana bir bor e’lon qildi. O`zbekiston rahbariyatining mojorolar kuchayib borayotgan yerlarga qurol-yarog‘ yetkazib berishni to`xtatish haqidagi fikri Lissabon uchrashuvining yakunlovchi hujjatiga kiritildi.
1999-yil 18-19-noyabr kunlari mazkur tashkilotga a’zo 54 mamlakat rahbarlari uchun Turkiyaning Istambul shahrida Oliy darajadagi uchrashuv bo`lib o‘tdi. Mazkur anjumanda ancha dolzarb muammolar, jumladan Yevropada xavfsizlik va hamkorlikni mustahkamlashning asosiy tamoyillari ishlab chiqilgan edi. Yig‘ilishda O`zbekiston rahbarining ma’ruzasi dunyo mamlakatlari iqtisodiy taraqqiyotini, fuqarolarning ijtimoiy turmush tarzini faqatgina xavfsizlikni ta’minlagandagina amalga oshirish mumkinligiga qaratildi. O`zbekiston Respublikasi Prezidenti yig‘ilishda global ahamiyatga ega bo`lgan terorrizmga qarshi markaz tuzish haqidagi taklifini kiritdi va turli qabix niyatdagilarga yordam berayotgan tashkilotlarni ildizi bilan yo`qotish orqaligina mamlakatlar xavfsizligini ta’minlash mumkinligini alohida ta’kidladi. XX asr oxiri XXI asr boshlari xalqaro terrorizmga qarshi keskin kurash davri bo`ldi. Bu kurashga O`zbekiston o`zining katta hissasini qo`shmoqda. Buni AQSh senatorlaridan Liberman tasdiqlab: “O`zbekistonsiz bizning Afg‘onistondagi aksilterrorchilarga qarshi kurashimiz muvaffaqiyatli bo`lmas edi”,-deydi.
Bu o`rinda O`zbekistonning Yevropa Ittifoqi bilan hamkorligi masalasiga ham to`xtab o`tmoq joiz. Mazkur ittifoq bilan hamkorlik uchun tuziladigan bitim bo`yicha ishlar respublikada 1995-yildan boshlangan bo`lib, bu muzokaralar 1996-yilga qadar davom etdi. Bu muzokaralarning natijasi o`laroq O`zbekiston bilan Yevropa Ittifoqi o`rtasidagi bitim 1996-yil 21-22 iyun kunlari Italiyaning Florensiya shahrida YI davlatlari rahbarlarining yig‘ilishida O`zbekiston Prezidenti I.A.Karimov tomonidan imzolandi. Florensiyaning “Fortezza de basso” qal’asida Yevropa Ittifoqiga kiruvchi davlatlar va hukumat boshliqlarining navbatdagi uchrashuv - sammitida imzolangan sheriklik va hamkorlik to`g‘risidagi bu hujjat O`zbekistonning jahon hamjamiyatiga dadil kirib borishida o`z o`rni va ovoziga ega bo`lishida katta ahamiyat kasb etdi. I.A.Karimov qo`lga kiritilgan bu bitimni “O`zbekiston va Yevropa Ittifoqi o`rtasidagi munosabatlarda “yangi turmush nuqtasi” deb atadi. Mazkur bitim O`zbekistonni Yevropaning rivojlangan davlatlari bilan har tomonlama aloqalari respublika salohiyatini yuzaga chiqarishda, demokratiya va bozor islohotlarini amalga oshirish yo`lida muvaffaqiyatli harakat qilish uchun katta imkoniyat yaratdi. Xususan, Italiya, Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya kabi ilg‘or davlatlar bilan bo`layotgan hamkorliklar davlatlarning iqtisodiy, madaniy aloqalarida katta ahamiyatga ega bo`ldi. Ilm-fan, madaniyat, san’at, ta’lim sohasidagi o`zaro hamkorlikning keng ko`lamda olib borilishi ham respublika taraqqiyoti uchun muhim omil bo`lib xizmat qildi.
O`zbekiston Respublikasi Islom konferensiyasi tashkiloti, Qo`shilmaslik harakati kabi mintaqaviy tashkilotlar bilan ham samarali aloqalar o`rnatdi. Bular orasida, ayniqsa, yuzdan ortiq a’zoga ega. 1985-yilda tuzilgan Qo`shilmaslik harakati tomonidan olib borilayotgan siyosat O`zbekiston tashqi siyosatining asosiy tamoyillariga, xalqaro kelishmovchiliklarni tinch yo`l bilan hal qilish, turli harbiy-siyosiy bloklar faoliyatida qatnashmaslik, tinchliksevarlik kabi yo`nalishlarga to`la mos keladi. O`zbekiston bu tashkilotga 105-a’zo bo`lib kirdi.