Irodaviy harakat bosqichlari
1) Maqsad va unga erishishga intilish
2) Maqsadga erishishning bir necha imkoniyatlarini anglash
3) Imkoniyatlarni mustahkamlovchi va rad etuvchi motivlarning paydo bo`lishi
4) Motivlar kurashi
5) Imkoniyatlardan birini tanlash, qaror qabul qilish qarorni ijro etish.
Odatda odamning oldida u yoki bu xildagi jalb qilish xususiyatiga ega bo`lgan turli motivlar (maqsadlar) paydo bo`ladi. Odamga bu maqsadlarni tanlashga, ularning ma`qulligini yoki noma`qulligini, uning hozirgi hayot uchun yoki keyinchalik ahamiyatini baholashga va hozirgi payt uchun eng kerakli yoki eng muhimini belgilab ajratib olishga to`g`ri keladi. Mana shu munosabat bilan irodaviy harakatning muhim bosqichi, ya`ni qo`yilgan maqsadga qanday erishishni, unga erishish yo`llari qanday bo`lishini, bu maqsadga qanday yo`llar olib borishini o`ylash bosqichi paydo bo`ladi. Ana shu jarayonlarning hammasi o`z mohiyati jihatidan iroda akti tarkibiga kirgan intellektual (aqliy) holatlar deyiladi.
Irodaviy aktning haqiqiy boshlanishi uchun ma`lum bir qarorga kelish kerak. Ko`pincha qarorga kelishda motivlar kurashi paydo bo`ladi. Masalan, ixtisosni o`zgartirish niyatidagi yangi ixtisosdan va ichki qanoatlanish umididan voz kechish kerakmi yoki aksincha, imkoniyati tug`ilayotgan qimmatli istiqbol uchun o`zining boshqa ehtiyojlaridan voz kechish kerakmi, degan motivlar kurashi paydo bo`ladi. Masalan, sevgan qizi bilan kinoga borish va to`satdan qattiq og`rib qolgan yaqin kishisiga yordam berish o`rtasidagi motivlar kurashi keskin farq qiladi.
Motivlar kurashi natijasida qarorga kelish paydo bo`ladi. Shubhalanish va ikkilanishlarni chetga surib tashlab, qarorni amalga oshirish kerak bo`ladi. Qabul qilingan qaror to`g`ridan to`g`ri amalga oshirilavermaydi.
Qabul qilingan qarorni bajarish uchun yana ongli ravishda irodani ishga solib zo`r berish kerak. Irodaviy zo`r berishni ongli jiddiylik tarzida his qiladi. Bunday jiddiylik irodaviy harakatga o`tish bilan tarqalishi mumkin. Qabul qilingan qarorni zo`r berish bilan ijro etish irodaning muhim belgisini tashkil etadi.
Zo`r berish juda muhim xususiyatlarning biri bo`lib, bu xususiyat orqali irodaviy harakatlar ixtiyorsiz harakatlardan farqlanadi. Irodaviy zo`r berish motivlar kurashi va qarorga kelishdayoq seziladi. Bunday zo`r berish fikrlash jarayonini ishga solib, muhokama yurgizishda, keraksiz hissiyotlarni engishda o`z ifodasini topadi. Irodaviy zo`r berish va irodaviy harakat maqsadga erishish yo`lida uchraydigan to`siqlarni engishda namoyon bo`ladi. (loqaydlik, dangasalik). Irodaviy zo`r berish vositasi bilan avvalo organizmning passiv holatini o`zgartirib, uni faol holatga keltirish lozim. Masalan, yotgan odamning turish - turmasligi. Irodaviy zo`r berish vositasi bilan aqliy faoliyat faol holatga keltiriladi. Masalan, talaba yoki o`qituvchi dars boshlanishi bilan iroda kuchini ishga solib, diqqatini bir joyga to`plab, irodaning barqarorligini saqlab, tafakkur va esda qoldirish jarayonlarini kuchaytiradi.
Kishi o`z oldiga qo`ygan maqsadni amalga oshirishga qarshilik qilayotgan to`siqlarni yengadi, voqelikni maqsadiga muvofiq o`zgartiradi. Kishi irodaviy zo`r berish va irodaviy harakat yordami bilan ijtimoiy qimmatga ega bo`lgan yangi narsalar: o`ylar, fabrikalar, zavodlar, yo`llar, mashinalar, san`at asarlari va boshqalarni yaratadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |