Irodaviy faoliyatning muhim xususiyatlari
Umumiy irodaviy faoliyatni yoki alohida aktini amalga oshirishning muhim xususiyatlaridan biri amalga oshirilayotgan harakatlarning erkin ekanligini anglashdan: “Xohlasam unday, xohlasam bunday qilaman” deyishdan iboratdir. Odamning irodaviy harakati to`la - to`kis determinizmga, ya`ni sababiy bog`lanish qonuniga bo`ysunadi. Shuning bilan birga irodaviy faoliyatning bevosita sabablari sifatida irodaviy harakatlarni belgilab beradigan turli - tuman hayotiy sharoitlar bo`lishi mumkin.
Odamning irodaviy faoliyati ob`ektiv jihatdan bog`langandir. Irodaviy faoliyatning muhim xususiyatlaridan yana biri, irodaviy harakatlarni odam hamma vaqt shaxs sifatida amalga oshiradi. Xuddi mana shuning bilan bog`liq ravishda irodaviy harakat odam to`la ravishda javob beradigan ish sifatida ichdan kechiriladi. Irodaviy faoliyat tufayli ko`p jihatdan o`zini shaxs sifatida anglaydi, o`z hayot yo`li va taqdirini o`zi belgilashini tushunadi.
Irodaning eng muhim xususiyati unda faoliyatni amalga oshirishning puxta o`ylab chiqilgan rejaning mavjudligidir. Avvaldan rejalashtirilmagan xatti - harakatlarni irodaviy harakat deb aytib bo`lmaydi. Shu bilan birga iroda – avval mavjud bo`lmagan, lekin faoliyatni amalga oshirish natijasiga erishgandan so`ng hosil bo`lishi mumkin bo`lgan qoniqishga butun e`tiborni qaratishdan iboratdir. Ko`p hollarda iroda vaziyat yoki qiyinchilik ustidan g`alaba qozonish emas, balki o`z - o`zini yengish hamdir. Bu ayniqsa muvozanatsiz, hissiy qo`zg`aluvchan, sust kishilarga xos bo`lib, o`zlarining tabiiy xarakterologik xususiyatlari bilan kurashishga to`g`ri keladi. Hech bir hayotiy muammo irodaning ishtirokisiz hal etilmaydi, yashagan va yashayotgan biror kishi kuchli, irodasiz katta muvaffaqiyatga erisha olmaydi. Odamzot boshqa tirik mavjudotlardan o`zining ongi va aqli bilangina emas, balki irodasining mavjudligi bilan ham ajralib turadi.
Iroda nazariyalari
Irodaviy, ya`ni ixtiyoriy harakatlar odamga irsiy yo`l bilan tug`ma ravishda beriladigan harakatlar emas. Irodaviy harakatlar har doim ma`lum sabablarga ko`ra yuzaga keladi. Chet el psixologiyasida iroda erkinligi degan ta`limot yuzaga kelgan bo`lib, bu ta`limotga ko`ra, odamning irodasi azaldan belgilangandir. Irodaviy harakatlar odamning shaxsiga, ongiga mutlaqo bog`liq emas. Iroda qandaydir iloxiy kuchga bog`liqdir. Shuning uchun iroda o`z mohiyati jihatidan doimo erkindir. Chet el olimlarining iroda erkinligi, ya`ni irodaviy harakatlar hech qanday sababga bog`liq emasligini haqidagi ta`limotlari batamom xatodir.
Biz yashab turgan moddiy dunyoda sababsiz hech narsa va hech qanday hodisa bo`lmaganidek irodaviy harakatlarning ham o`z sabablari mavjuddir. Irodaviy, ya`ni ixtiyoriy harakatlarning nerv - fiziologik asosida bosh miya katta yarim sharlari po`stining shartli reflekslar hosil qilishdan iborat bo`lgan murakkab faoliyati yotadi.
Irodaviy harakatlar ongli harakatlar sifatida ikkinchi signallar tizimi asosida ro`y beradi. Gumanitar, ya`ni inson muammolariga e`tibor ortishi bilan o`z - o`zidan irodani o`rganish ham dolzarb masalaga aylanib bormoqda. XVIII - XIX asrlarda bu muammo eng markaziy psixologik tadqiqot masalalaridan biri edi. Biroq psixologiya fanida XX asr boshlarida ro`y bergan inqiroz tufayli u ikkinchi rejaga o`tib qoldi, uni mutlaqo inkor etish mumkin emas. Arastu o`z davrida irodani jon haqidagi fanning muhim tushunchasi deb e`tirof etgan. Uning fikricha, iroda inson xulq - atvorini o`zgartirishga, boshqarish imkoniyatiga ega bo`lgan omil hisoblanadi.
Psixologiyada mavjud oqimlar ham irodani turli jihatlariga ko`ra tadqiq etadilar. Masalan, bixeviorizm - xulq – atvor shakli, motivatsiya psixologiyasi - shaxsning ichki ziddiyatlari, shaxs psixologiyasi - insonning muhim shaxsiy xususiyati sifatida o`rganadi. V. A. Ivannikov fikricha, iroda – inson xulq - atvoridagi reaktivlik va faollikning o`zaro ko`rinishidir. V.I.Selivanov esa, irodani ongli boshqarilishi maqsadga yo`naltirilgan harakatni amalga oshirish uchun ichki va tashqi qiyinchiliklarini yengib ketish imkoniyati borligini bilish deb ta`riflaydi. Inson irodaviy faoliyati ongli, maqsadga yo`naltirilgan faollikdir. Asab tizimining umumiy sog`lomlik holati katta ahamiyatga ega. Kasallik paytida, charchagan vaqtida inson irodasi bo`shashadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |