II.2. Alisher Navoiyning tariqat pirlariga munosabati (ustozlik nuqtai nazaridan).
Alisher Navoiyning “Nasoyim ul-muhabbat” asarida tariqat pirlariga, ya’ni uztozlariga munosabati masalasiga oydinlik kiritishdan oldin tasavvuf ilmida pir va muridlik munosabati to`xtalishni joiz topdik.
Ilm – Alloh tomonidan insonga berilgan ulug` ne’matdir. Ilm inson kamoloti uchun zurur bo`lgan sifatlardan biridir. U insonni ziynatlaydi va uni ulug`likka yetkazadi. Insonga berilgan ilmning eng mukammal darajasi Payg`ambarlikdir . Olimlar esa Muhammad(s.a.v.) aytganlaridek
“ payg`ambarlarning me’rosxo`rlaridir” .
Rasululloh (s.a.v) tufayli fazilatga erishgan ulug` sahobalar, valiyullohlar safida tariqat pirlari ham turadilar. Tariqat pirlari Payg`ambarimiz (s.a.v.) sunnatlariga amal qilgan olimu ulamolar bo`lib, ilm vositasida xalqni to`g`ri yo`lga boshlaganlar.
Tasavvufda komil inson namunasi sifatida Payg`ambarimiz Muhammad (s.a.v.)ning hayot yo`llari va faoliyatlarini asos qilib oladilar.
Tariqat pirlari – Rasulullohning sunnatlariga mustahkam bog`langan va u zotning axloq-u odoblari bilan ziynatlanganlar. Ular ulug` martabali olim, buyuk tarbiyachi bo`lganlar. Ular ilm – ma’rifat chirog`i bo`lib, odamlarni zulmatdan ziyoga boshlaganlar. Tariqat nihoyada murakkab va yuksak darajadagi barkamollik yo`lidir. Pirsiz murid bu manzilga yeta olmaydi. Ichki olamining razolatdan tozalab, uni go`zal xulq bilan bezatishi uchun murid komil pirning rahnamoligiga ehtiyoj sezadi.
Tariqat pirlari bajaradigan vazifasiga ko`ra tabibga o`xshaydi. Farq shundaki, tabib insonning zohiridagi, ya’ni tanasidagi kasalliklarni davolaydi, pir – murshid esa muridning botinini, nafsoniy xastaliklardan poklaydi. Pir muridning qobiliyati darajasiga qarab muolaja usulini tanlaydi.
Tariqat pirlari o`z muridlariga munosabatda shu aqidaga, ya’ni beminnat xizmat qilishga amal qilganlar. Ular har kuni muridning holidan xabardor bo`lib, ahvolini so`rab surishtirganlar. J. Rumiy ta’biri bilan aytganda, ular “nur sochayotgan quyosh kabidir. Ishi ta’masiz ko`mak bermoq. Ehson etmoqdir”. Ustozlar ta’masiz xizmat qilganlari bois ularga shogirdlar ixlos bilan ergashganlar. Bu haqda xojagon - naqshbandiya tariqatining asoschisi Abdulxoliq G`ijduvoniy o`zlarining “Az guftori Xoja Abdulxoliq G`ijduvoniy” risolalarida shunday deydilar: “Bilginki, muridning shayxga muhtojligi ko`pdir va hech murid shayxsiz bu yo`ldan yurolmaydi, Chunonchi, Muso alayhissalom payg`ambarligiga qaramasdan, o`n yil davomida Shu’ayb alayhissalomning xizmatlarini qildilar. Shundagina Haq bilan so`zlashish sharafiga noil bo`ldilar.... Kimki bu yo`lga mushkulotlarni hal qiluvchi va shubhalarni daf’ etishga shayxsiz qadam qo`ysa, shubhalar to`riga ilinib halokatga mahkum bo`ladi.” [37, 28].
Xalqda: “Xudo - yor, pirlar – madodkor bo`sin!”,-degan duo bor. Odatda pirlarning ruhidan madad olib, kamolga yetilgan. Tasavvuf nafaqat hayot bo`lgan shayxlarning nafasini olib, hatto, ko`p ilgarilari o`tib ketgan ulug` shayxlar va avliyolarning ruhini ham tan oladi [28, 15].
Inson ko`ngli, aniqrog`i, ruhini kamol toptirishning umumbashariyat jamiyati tarixidagi eng oliy darajasiga yetgan ana shu tasavvuf ta’limoti qat’iy qoidasiga ko`ra, solik, ya’ni so`fiylar, albatta, bir pirning etagini tutib, unga murid tushishi shart. Husayn Voiz Koshifiy o`zining “Futuvatnomayi sultoniy” asarida piru muridlik aloqasi to`g`risida shunday deydi: “Bilgilkim, tariqat yo`liga kirgan kishi pirga ehtiyojmandir... Bilgilkim, tariqat yo`lining qaroqchilari ko`pdir. Ular nodon va kaltafahmlarni hiyla-nayrang donasi bilan makru firib domiga tushurish payidadirlar. Shuning uchun rahnamo bo`la oladigan pirlik (shayxlik) shart sharoiti va ruknlari (asoslari)ni yaxshi biladigan odamni pir, deb tanlash lozim” [26, 23].
So`fiy uchun zohiriy (ya’ni hayotda) yo botiniy (ya’ni ruhi orqali) pir bo`lishi shart. Lekin ba’zi so`fiylar bir necha pirning tarbiyasini olganlar. Masalan, “Nasoyim ul-muhabbat”da aytilishicha, Xoja Bahouddin Naqshbandning pirlari ko`p bo`lgan. U kishi talay shayxlardan ta’lim olganlar. Asarda keltirilishicha, “Alar qabul nazari Xoja Muhammad Boboyi Samosiydindur va odobi tariqat ta’limi zohir yuzidin Amir Sayyid Kuloldindur, andoqki, der emishlar. Ammo haqiqat yuzidin alar uvaysiydurlar va tarbiyat Hazrat Xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniy ruhidin topibdurlar” [50, 261].
«Nasoyim ul-muhabbat»da zikr etilgan muallifga zamondosh tasavvuf ahlining katta qismini majzub so`fiylar tashkil etadi. «Jazba» - kishiga bir zumda yuzlanadigan kuchli hissiyot - ruhiy holat. Majzublar jazba ahli bo`lib, ular sekin-asta, ma’lum yo`l va sulukni bosib o`tish bilan emas, balki Haqning ko`ngilda nogahoniy zuhur, tajalliy etishi, namoyon bo`lishi orqali Haq diydoriga yetgan insonlardir. Majzublar tasavvufning muayyan tariqatiga mansub bo`lmay, barcha tariqatlarga birday daxldor so`fiylar toifasidir. Alisher Navoiy zamondosh majzublardan Bobo Xokiy, Bobo Hasan Qandahoriy, Bobo Kukiy, Bobo Ali masti Nisoiy, Bobo Xushkeldi, Sayyid Muhammad Madaniy, Bobo Bahlul, Bobo Ali Poyihisoriy, Bobo Tilanchi, Bobo Piriy, Bobo Hasan Turk, Bobo Jalil, Bobo Shihob, Bobo Sarig` Po`lod kabilarni o`z asarida qayd etadi.
Alisher Navoiyning «Nasoyim ul-muhabbat» asari mutafakkir shoirning tarjimayi holiga oid ma’lumotlarni to`ldiruvchi, ba’zi masalalarga oydinlik kirituvchi muhim manbalardan biridir. Navoiy o`zining ushbu asarida (xususan, uning zamondosh shayxlar zikri qismida) o`z biografiyasiga oid muhim ma’lumotlarni yozib qoldirgan. Masalan, «Nasoyim ul-muhabbat»dagi ma’lumotlarga asoslanib, muallifning murabbiy - ustozlari masalasiga oydinlik kiritish mumkin. Muallif Darvesh Mansur haqida yozarkan, o`zining yoshlikda aruz qonun-qoidalari va badiiy san’atlar sohasida undan ta’lim olganligini, ushbu shaxsning tasavvuf ahli istilohlaridan ham yaxshi xabardor ekanligi, shu sababli ham aruz va badiiy san’atlardan ko`ra tasavvuf saboqlariga darsda ko`proq vaqt ajratilganligini yozadi: «Darvesh Mansur (qaddasallohu sirruhu). Pokrav solik erdilar. Va Shayx Hasan Juriy muridlaridin erdilar. Aksar avqot soyim erdilar. Va zohir ulumini Mavlono Yahyo Sebak qoshida tahsil qilib erdilar. Va zamon podshohi bu haqir kichik erkanda aruz va sanoyi’ o`qumoqqa alarg`a siporish qilib erdilar. Ammo, bu toifaning chun istilohotin ham xub bilur erdilar, mundin ham ko`prak alardin eshitilur erdi» [50, 438]. Shuningdek, bu zot daqiq va xushtab’ shoir bo`lib, tasavvufiy mazmundagi she’rlar yozgan. Muallif asar davomida «zamon podshohi» deganda Husayn Boyqaroni nazarda tutadi, bu o`rinda esa, muallifning «bu haqir kichik erkanda» degan so`zlarini e’tiborga olib, «zamon podshohi» deb Abulqosim Boburga ishorat qilingan deya taxmin qilish mumkin.
Muallif Shayx Sadriddin Ravvosiyni zikr etarkan, yozadi: «Zohir ulumida Xoja Fazlulloh Abullaysiy (rahimuhulloh) kim, Samarqand dorul – ilmining a’lami ulamosi erdi, zuhdu taqvoda naziri yo`q erdi va fiqhda Abu Hanifayi soniy derlar erdikim, bu haqir ham alar shogirdlig`i sharafig`a musharraf bo`lubmen» [50, 442].
Ma’lumotdan Navoiyning musulmon huquqshunosligi – fiqh borasida ustozi Xoja Fazlulloh Abullaysiy ekanligi va Samarqandda tahsil olgan Shayx Ravvosiy ham u kishidan ta’lim olganligi ayon bo`ladi. Alisher Navoiy Abullaysiyning o`ziga ustozlik qilgani haqida «Majolis un-nafois»da ham xabar beradi [47, 33].
Alisher Navoiy Xoja Fazlulloh Abullaysiy qoshida arab tilshunosligi, fiqh, falsafa, ilmi bade’dan ta’lim oldi. Xoja Fazlulloh Abullaysiyning olim va pedagog bo`lishi bilan bir qatorda shoirtab’ kishi ham bo`lgan. Uning bunday fazilatidan yaxshigina xabardor bo`lgan Alisher Navoiy “bovujudkim, Samarqandning a’lami ulamosi (olimlar olimi, eng bilimdoni) erdi. She’r va muammog`a dag`i moyil” deb alohida ta’kidlaydi.
Alisher Navoiy o`z otasining ham tasavvuf ahliga irodati borligini aytib, otasi va Bobo Ko`kiy – Majzub o`rtasida bo`lib o`tgan voqeani aytib beradi. Shuningdek, muallif otasining Xoja Shamsiddin Muhammad al-Kusaviy al-Jomiyga ham chuqur hurmat bilan qaraganini yozadi: «Bu faqirning otasining alarg`a irodati ko`p erdi va safarlarda suhbat va xizmatlarig`a yetib erdi. Va faqir ham kichik yoshimda alarning muborak nazarig`a yetib, iltifot topib, fotihalarig`a musharraf bo`libmen va azim foyda andin umidim bor. Umid ulki, noumid bo`lmag`aymen» [50, 349].
Abdurahmon Jomiy Alisher Navoiy uchun tariqatda - pir, hayotda – do`st maqomidagi ulug` inson edi. “Xamsa”ning barcha dostonlaridi u o`z ustoziga maxsus bob bag`ishlaydi. “Nasoyim ul-muhabbat”da va “Majolis un - nafois” asarlarida alohida o`rin ajratadi. Bundan tashqari, o`zining turkiy va forsiy g`azallarida, “Tuhfatul afkor”, qasidasi, “Arba’in”da ham Jomiy haqida fikr-mulohazalar bildiradi, uni ta’rif – tavsif etadi. “Xamsat ul-mutahayyirin” asarini esa bevosita “Abdurahmon Jomiyning barkamol Inson, buyuk Ijodkor, chin do`st va mehribon Ustoz sifatidagi” xislat – fazilatlari tasviriga bag`ishlagan. Jomiy hayotdan ko`z yumganda unga atab otashin marsiya yozadi.
«Nasoyim ul-muhabbat»da Navoiy Abdurahmon Jomiyning rasman naqshbandiya shayxi Sa’diddin Koshg`ariyning muridi bo`lsa-da, aslida, uvaysiy ekanligi – Xoja Bahouddin Naqshband ruhoniyatidan tarbiya topganligi, zamonasining Xoja Abu Nasr Porso, Mavlono Muhammad Tabodgoniy, Shayx Bahouddin Puroniy singari dongdor mashoyixlar nazariga yetib, ulardan bahramand bo`lganligi to`g`risida yozadi [50, 481].
“Hayrat ul-abror” dostonida shoir “vasfi vasfg`a sig`mas va ta’rifi ta’rifg`a rost kelmas” o`z ustozini tariqat qutbi, haqiqat sirlarini kashf etgan zot deb ulug`laydi, ko`ngli – haqiqatlar durining sadafi, qalbi – ma’nolar jilva ko`rsatadigan ko`zguga o`xshatadi. Bu tushunchalarning barchasi so`fiyona mazmundagi istiloh va ta’riflar bo`lib, ular tasavvufda haqiqat bosqichini bosib o`tib, Alloh rizosiga erishgan qudisiy zotlarga nisbatan qo`llanadi. Demak, Alisher Navoiy nazdida Abdurahmon Jomiy tasavvufda oliy maqomga erishgan, o`zining malakiy xulqi va sifatlari bilan nafaqat xalq, balki, Haq muhabbatini qozongan zot. Alisher Navoiy Abdurahmon Jomiy ta’rifini asarda shunday keltiradi: “Alar vasfida xoma tili lol va til xomasi shikasta maqoldur. Yillar taqrir qilsalar va qarnlar tahrir sur’ati bitilsa, ulcha haqqi bor” [50, 480].
Ular orasidagi munosabatlar piru muridlik, otayu-o`g`illik, ustozu shogirdlik, do`stu birodarlik darajasidan o`tib, bu ikki zot bir-birini ilohiy tajallini o`zida aks ettirgan mazhar, ma’naviy yetuklik timsoli bo`lgan komil inson sifatida sevganlar va bir-birlariga intilganlar.
Alisher Navoyi e’tiqod qo`ygan va asarlarida alohida ehtirom bilan tilga olgan ulug` zotlardan yana biri – Xoja Ubaydulloh Vali. Bahouddin Naqshband ishini davom ettirib, bu ta’limotga yangi hayot baxsh etgan, uni oliy poyaga ko`targan va najib inson haqida ham Alisher Navoiy to`lib-toshib yozadi: dunyoda yagona, jahonga rahbarlik qilayotgan tabarruk zot, shohlar uning xizmatiga bosh qo`yganlar, u tarkidunyo qilmay, xilvatga chekinmay, odamlar orasida kun kechiradi, ma’no sirlaridan katta-kichikni bahramand etadi, o`zi faqrlik timsoli, -deb ta’riflaydi. Adib “Nasoyim ul-muhabbat”da bu zot haqida shunday yozadi: “Alarning bu haqir bila iltifotlari ko`p bor uchun vahiy osor ruq’alari bila musharraf qilib, ishlariga ma’mur qilurlar edi. Ul ruq’alarni muraqqa’ yasab, mujallad qilib, jadval va takallufot bila tabarruk yo`sunni bila ” [50, 280].
Xoja Ubaydulloh Vali - Xoja Ahror hamisha xalq bila birga bo`lib, uning og`irini yengil qilgan, shoh-u shahzodalarga maslahat berib, ularni fuqaroga zulm-zo`ravonlik qilmaslikka chaqirgan.
Xoja Ahror adolatparvar, fuqaroparvar, olijanob kishilarning shoh va amaldor bo`lishini hamisha qo`llab-quvvatlagan. Chunki bunday insonlarning taxtga o`tirishi, katta martabalarni egallashi xalq uchun foyda ekanini tushungan. Xuddi shu nuqtayi nazaridan Alisher Navoiyning ham amirlik mansabida ishlashini qo`llab – quvvatlagan va iste’foda bermoqchiligini eshitib, tashvishga tutgan. “Xoja Ahror shu munosabat bilan yo`llagan shaxsiy maktubida amirlikdan ketmaslikni iltimos qilib, quyidagicha yozadi: “Eshitishimcha, ba’zi bir voqealar va hodisalar sababli onhazratning mulozamatida bo`lishdan Siz janoblari malollik chekayotgan emishsiz. Iltimoz shuki, musulmonlarga yordam ko`rsatish uchun xotiri sharifingizni saroyda mulozamat qilish tomon bursangiz... Umidim shuki, biron faqirning xotiri biron bir qiyinchilikdan najot topib, uning ko`ngli xursandchilikka yetishi evaziga dilingizda shunday ravnaq zohir bo`lsaki, dunyoviy parishonlikka qaramay, Haq taologa eytishish zavqi ortib borsa. Hech kim musulmonlar g`amini yemay qo`ygan bu vaqtda ular haqida qayg`urish eng xayrli ishlardan ko`rinadi” [50, 2 ].
Xoja Ahror hamisha xalq bilan birga bo`lib, uning og`rini yengil qilgan, shoh-u shahzodalarga maslahat berib, ularni fuqaroga zulm, zo`rlik qilmaslikka chaqirgan.
Xoja Ahrorning quyidagi so`zlari ham uning harakat dasturi tarzida tushuniladi: “Agar biz shayxlikni bo`ynimizga olsak edi, unda birorta shayx murid topa olmas edi. Ammo bizga boshqa mas’uliyat, ya’ni musulmonlarni zolimlar zulmidan himoya qilish vazifasi yuklatilgan. Ana shuni amalga oshirish va musulmonlar manfaatini himoya qilish maqsadida podsholar bilan muloqotda bo`lib turish, ularning ishonchini qozonishimiz lozim... Agar mashoyixlar o`z vaqtlarini ayab, bu ishga e’tibor qilmagan bo`lsalar, biz fuqaro uchun o`z vaqtimizni ayamaymiz” [17, 69].
Xoja Bahouddin Naqshbandga e’tiqod qo`yib, uning tariqatiga kirgan, buyuk xojagon pirlari Xoja Ahror Vali hamda Abdurahmon Jomiy hurmati va sevgisiga sazavor bo`lgan Alisher Navoiyning o`zi ham ilmu axloqda, muruvvat va saxovatda, fuqaroparvarlik va insonparvarlikda bu ulug` zotlar ishini davom ettirib, ulardan-da yuksak poyaga ko`tarildi. Navoiyning barcha ezgu fazilatlari va xayrli ishlari, odamlarga qilgan yaxshiliklarini birma-bir qayd etsa, jild-jild kitob bo`ladiki, ularning hajmi shoirning o`zi yozgan asarlaridan-da oshib ketadi.
Inson kamolotida ma’naviy zaminning ahamiyati, ulug`lar xoki pokining ruhiy-ma’naviy ibrati hamisha Alisher Navoiy e’tiborida turgan. Shuning uchun ham Alisher Navoiy asarlarida Abdurahmon Jomiy, Pahlavon Mahmud kabi orif insonlarga nisbatan “shamsul millati vad-din” – millat va dinning quyoshi, “nurul –millati vad-din” - millat va dinning nuri” istioraviy sifatlashlari qo`llanilgan. Jumladan, Darvesh Sayyid Hasan haqida shunday yozadi: “... ul xamonning mashoyixining ko`pining suhbatig`a yetib erdilar va bu haqirni farzanliqqa maxsus qilur erdilar Bu haqr faqr tariqida va fano joddosida alardek tamom kishi oz ko`ribmen” .
Alisher Navoiy o`z zamondoshlaridan Lutfiy, Muqimiy, Ashraf va Jomiylarni she’riyatda majoz orqali – haqiqatni kuylagan, she’rlari ham dunyoviy, ham tasavvufiy mazmunda talqin etishga imkon beradigan shoirlar sifatida zikr etadi. Masalan, Mavlono Lutfiy haqida muallif yozadi: «Tahsil ayyomida Mavlono Shahobiddin Xiyoboniy xizmatig`a yetar erkandur va odobi tariqat sulukini andin kasb qilur erkandur. Va agarchi shoirliq tariqida ma’ruf va mashhur bo`ldi, ammo darveshlik tariqini ham dag`i iligidin bermadi» Lutfiyning:
Ulki, husn etti bahona elni shaydo qilg`ali,
Ko`zgudek qildi seni o`zini paydo qilg`ali, -
deb boshlanuvchi g`azali matla’ini keltirib: «... bu matla’din bu toifa (ya’ni so`fiylar) mashrabining choshnisi (mazasi, ta’mi) zohirdur»,- deydi Navoiy [50, 447].
Navoiy Mavlono Muqimiyni o`zbek tilida ijod qilgan zamondosh shoirlar orasida she’rlari tasavvufiy mazmun va ohangdan bebahra bo`lmagan shoir sifatida sanaydi. U yozadi: «Faqr ahli mashrabi tavridin zohir erdi va bu toifaning istilohotidin xabardor. Turkcha she’rg`a mashhur va ma’ruf erdi. Bu toifa istilohi bila turkcha she’r aytibdur, xeyli ma’oniy anda darj qilibdur. Bu bayt voqe’ bo`lupturkim:
Sen-sen asli vujudi har mavjud,
Sendin o`zga vujudqa ne vujud» [50, 447].
Navoiy o`z zamondoshi, xamsanavis Mavlono Ashrafni ham ijodida so`fiylik va shoirlikni uyg`unlashtirgan kishi sifatida sanaydi va mazmunidan tasavvuf ahli qarashlari ayon bo`luvchi bir baytni misol tariqasida keltiradi.
Shuday qilib, Xoja Bahouddin Naqshband, Xoja Ahror Vali, Abdurahmon Jomiy kabi aziz-ziyoliylarga kuchli e’tiqod qo`yib, ularning hayoti va faoliyatlarini ibrat namunasi bilgan, piru uztozlik izidan kamolga intilib, ham diniy, ham dunyoviy ilmlarda zamon yagonasi darajasiga yetgan, mukammal axloq sohibi bo`lgan, tasavvufning saxovat, shijoat, sadoqat, muruvvat, himmat, xokisorlik, adolatparvarlik, mardilik, insof, hayo, halimlik kabi fazilatlarni o`zida mujassam etan Alisher Navoiy ham tom ma’nodagi komil inson edi.
XULOSA
Istiqlol milliy qadriyatlarimizni tiklash va o`rganishga katta imkoniyalar yaratish jarayonida o`tmishga yangicha dunyoqarashda yondashish tamoyillarini hosil qildi. Tasavvuf va diniy ma’rifiy ta’limotni rivojlantirishga munosib hissa qo`shgan ulkan allomalarning tarixiy xizmatlari xolisona baholashga erishilmoqda. Bunday vazifalarni amalga oshirishda tarixiy-ilmiy asarlarning o`rni nihoyata katta, albatta. Alisher Navoiyning “Nasoyim ul-muhabbat” asari ham islom dini tarixida vujudga kelgan tariqatlar, ularning mazmun mohiyati haqida ma’lumot beruvchi qimmatli manbadir.
Mazkur asarni malakaviy bitiruv ishi doirasida o`rganish natijasida kelib chiqadigan xulosalarimizni quyidagicha umumlashtirishimiz mumkin:
- Tasavvufshunoslikda tasavvufdagi O`rta Osiyo an’anasi bilan bog`liq tariqatlar sifatida - kubraviya, yassaviya, naqshbandiya, chishtiya va bektoshiya tariqatlari sanab o`tiladi. “Nasoyim ul -muhabbat”da ushbu tariqatlar va ularning namoyandalari haqida ham ko`plab ma’lumotlar keltirilgan bo`lib, bu mintaqa tasavvuf tariqatlari tarixini tekshirishda muhim ahamiyatga egadir.
Muqaddimada muallif odob-axloq masalalariga ham katta e’tibor qaratadi. Tasavvuf ahli fe’lidagi katta-yu kichikka hurmat bajo keltirish, yumshoq tabiatlilik va shirinso`zlik, kamtarlik kabi xislatlarini so`fiylikning asosiy shartlaridan biri sifatida ko`rsatadi: «... adabdurki yaxshi va yomong`a va ulug` va kichikka bajo keltururlar, andoqki, barcha xalqdin o`zlarin kichik va kam tutarlar va barchag`a xizmat huzurida bo`lurlar». Guvoh bo`lganimizdek, Alisher Navoiyning didaktik qarashlari ushbu asar misolida yana bir bor namoyon bo`ladi, o`z navbatida muqaddimmada keltirilgan misollar Navoiy pandnomasi manbalaridan biri tasavvuf ekanligini ko`rsatadi. Demak, «Nasoyim ul-muhabbat» Navoiy dunyoqarashi va falsafiy-tasavvufiy tafakkuri haqida ham ma’lumot beruvchi manbadir.
Alisher Navoiy har bir shayx ta’rifida uning hayoti yoxud ijodi uchun ustivor bo`lgan muayyan jihatga alohida urg`u beradi, ibratomuz fazilatlarni yuksak qadrlaydi.
Alisher Navoiy avliyo va mashoyixlarning vazifalari haqida o`z fikrlarini bildirgandan so`ng muallif ularning a’mol (ishlari), af’ol (fe’llari), muomalot (yashash tarzi) va riyozat (iroda va ruhlarini chiniqtirish)lari bayonini batafsil beradiki, bu ma’lumotlar tasavvuf tarixini o`rganishda o`ta muhim manba sanaladi.
Asarda so`fiylar o`z qarashlari bilan zohidlardan farq qilganliklari aytilgan. Tasavvuf ahli nazdida zohidlar o`z nafslarini butunlay yengolmagan zotlar bo`lib, ular jannat umidida ibodat qiladilar. Ulardagi mana shu jihatning o`ziyoq nafs uyg`oqligidan dalolat beradi.
«Nasoyim ul-muhabbat» musulmon mintaqa xalqlari ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy hayotida yuksak nufuzga ega bo`lgan tasavvvuf tarixi, uning tarmoqlari va ulug` mashoyixu avliyolari haqida ma’lumot berishi, shuningdek, tasavvufning nozik jihatlari bilan turkiy xalqlarni tanishtirish yo`lida yozilgan ilk tazkira bo`lganligi bilan ahamiyatlidir. Bulardan tashqari, bu mo`tabar manba Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiy singari o`z davrining peshqadam ziyolilari bo`lgan ulug` zotlar dunyoqarashining shakllanishida bevosita ta’sir etgan shaxs va asarlar bilan yaqindan tanishishga imkon yaratadi.
- Bahouddin Naqshband ta’limotlarining ahamiyatini faqat uning tarixdagi o`rni bilangina cheklash yaramaydi. Eng muhimi, bu tariqat g`oyalari bugun uchun, hozirgi kishilar ma’naviy kamoloti uchun, demakki, kelajak uchun ham juda kerak. J. S. Trimingem yozganidek, “Tasavvuf, jumladan, naqshbandiya falsafasi “bundan buyon ham insoniyatning ma’naviy barkamolligi uchun muhim hayotiy ta’limot bo`lib qolaveradi” (208) (Trimingem J. S. Sufiyskie ordenia i islame. M., 1989).
- «Nasoyim ul-muhabbat»ning ahamiyati haqida so`z ketganda, uning
1). tasavvuf tarixi, oqim va silsilalari, namoyandalari;
2). tasavvufning asosiy tushuncha va istilohlari, falafiy, axloqiy konsepsiyasi;
3). XV asrdagi tasavvufiy jarayonlar va muallifga zamondosh so`fiylar;
4). tasavvuf she’riyati vakillari;
5). Navoiy o`qigan, ta’sirlangan, ijodiy ilhomlangan tasavvufiy kitob va risolalar haqida ma’lumot beruvchi muhim manba ekanligini qayd etish lozim.
- «Nasoyim ul-muhabbat» o`ziga xos tuzilishga ega bo`lgan nasr namunasidir.
- Tahlil jarayoniga tortilgan tadqiqotlardan ma’lum bo`ladiki, «Nasoyim ul-muhabbat» o`z muallifi adabiy-tanqidiy qarashlarini o`rganishda bebaho dalillar bera oladi. Shuningdek, unda o`nlab fors-tojik, o`zbek tilida hamda har ikki tilda ijod qilib, o`lmas asarlar yaratib qoldirgan shoirlar haqida g`oyat aniq va zarur ma’lumotlarni keltirgan. Masalaning bu jihati «Nasoyim ul-muhabbat»ning o`zbek va tojik adabiyotshunosligi uchun XV – XVI asr birinchi yarmi adabiyoti tarixini o`rganishda muhim manba sifatidagi qimmatini oshiradi.
- Alisher Navoiyning «Nasoyim ul-muhabbat» asari mutafakkir shoirning tarjimayi holiga oid ma’lumotlarni to`ldiruvchi, ba’zi masalalarga oydinlik kirituvchi muhim manbalardan biridir.
- Adibning tasavvuf tarixida nomlari muhrlangan orif va avliyolar haqidagi fikrlari hamda tasavvufiy istilohlar haqidagi qarashlari mazkur ta’limotni o`rganish uchun muhim manba bo`lib xizmat qiladi.
Xulosa qilib aytganda, Alisher Navoiy ijodida tasavvuf bilan adabiyot oliy darajada o`zaro uyg`unlashdi. Bu uyg`unlikning asosini esa naqshbandiya ta’limoti tashkil etadi. Navoiy zamonasining eng peshqadam ziyolisi sifatida davr uchun rasm bo`lgan tariqatni qabul qildi va o`z ijodi bilan unining yanada ommalashishiga, ta’sirchan bir mafkuraga ayla borishiga ulkan hissa qo`shdi. Faqat Sharq xalqlari tafakkurida emas, insoniyat tafakkuri tarixida o`chmas iz qoldirgan ulug` olim, shoirlarimiz ijodiy merosini ilmiy xolisona o`rganib, xalqimiz ma’naviy merosiga aylantirish bugunning kechiktirib bo`lmaydigan ehtiyojidir.
Foydalanilgan adabiyotlar
Do'stlaringiz bilan baham: |