Quvurlarni montaj qilish
Quvurlar nasos stansiyalarida pol ustidan o‘tkaziladi (tayanchlar yoki kronshteynlarda). Nasos stansiyasi ishchi-xizmatchilari texnologiya uskunalar va armaturagaga xizmat ko‘rsatish maqsadida o‘tishini osonlashtirish uchun quvurlar ustidan ko‘prikchalar yotqiziladi.
Shuningdek quvurlarni usti olinadigan plitalar bilan yopiladigan kanallarda, yoki erto‘lalarda yotqizilishiga ham yo‘l qo‘yiladi.
Quvurlar uchun kanal gabaritlari:
shartli o‘tish diametri 400 mm gacha bo‘lgan trubalar uchun kanal eni quvurning shartli o‘tish diametridan 600 mm ga, chuqurligini esa quvurning shartli o‘tish diametridan 400 mm ga kattaroq qilib qabul qilinadi;
shartli o‘tish diametri 500 mm va undan katta trubalar uchun kanal eni quvurning shartli o‘tish diametridan 800 mm ga, chuqurligi esa 600 mm ga kattaroq qilib qabul qilinadi.
Quvurlar uchun kanallar yig‘uv (drenaj) o‘rachalar tomoniga kamida 0,005 qiyalik bilan bajariladilar.
Flanetsli armatura o‘rnatilish joylarida armaturani montaj (demontaj) qilishdagi flanetsli birikmalar uchun kanalning kengaytmasi jihozlanadi.
Yig‘uv (drenaj) o‘rachalarini jihozlash
Nasos stansiyalarida binoning er osti qismidan devorlar orqali sizib o‘tgan er osti suvlarini, nasos salniklari orqali o‘tgan suvlarni, hamda uskunalarni ta’mirlashda to‘kilgan suvlarni yig‘ish maqsadida yig‘ish (drenaj) o‘rachalari jihozlanadi.
Yig‘uv (drenaj) o‘rachalardan suv o‘zi oqib ketmaydigan holatlarda drenaj nasoslari ko‘zda tutiladi. Drenaj nasoslari uzatishi quyidagi formulaga binoan hisoblanib,
𝑄𝑑 = (1,5 … .2) (∑ 𝑞1 + 𝑞2)
bu yerda, ∑q1 — nasos uskunalari ishlab chiqaruvchi zavodlari yoki etkazib beruvchi firmalar ma’lumotlariga ko‘ra salniklar orqali oqib ketgan umumiy suv miqdori, l/s; q2 — nasos stansiyasi binosi devorlari va poli orqali sizib o‘tgan suvlar sarfi, l/s.
q2 qiymatini formula q2 = 1,5 + 0,001W bo‘yicha taxminan aniqlash mumkin, bu yerda, W — mashinalar zalining er osti suvlarining maksimal sathi darajasidan past joylashgan qismi hajmi, m3.
Drenaj nasosining dami uning yig‘ish (drenaj) o‘rachasida o‘rnatilish chuqurligi va gidravlik dam yo‘qotishlari bilan byuelgilanadi (4–5 m deb olinadi).
Yig‘ish (drenaj) o‘rachasi hajmi drenaj nasosining 10–15 daqiqa davomidagi
uzatishiga teng deb olinadi. Fundamentlarda nasoslar uchun suv ketkazish
maqsadlarida bortiklar, ariqchalar va trubkalar ko‘zda tutiladi. Mashinalar zalining poli va kanallari yig‘ish (drenaj) o‘rachasi tomon kamida 0,005 qiyalik bilan bajariladi.
Xo‘jalik-ichimlik suvi ta’minoti tizimlari nasos stansiyalarida yig‘ish (drenaj) o‘rachasidagi suv ishlab chiqarish, yoki kelishilgan holda, maishiy suv oqova suvlari tarmog‘iga chiqarib yuboriladi; ishlab chiqarish suv ta’minoti tizimlari nasos stansiyalarida bu suvlar ishlab chiqarish yomg‘ir oqova suvlar tarmog‘iga haydab chiqariladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |