5- tajriba. Kislotali oksid va suvning o‘zaro ta’sirini aniqlash.
a) probirkaning 1/3 qismigacha suv quyib, unda oz miqdorda olingan fosfat angidridni shisha tayoqcha bilan aralashtirib turib eriting. Hosil bo‘lgan eritmani ko‘k lakmus qog‘oz bilan sinab ko‘ring. Reaksiya tenglamasini yozing;
b) shisha bankaga 3—4 ml suv soling. Temir qoshiqchada bir bo‘lak oltingugurtni alanga olguncha qizdiring. Temir qoshiqchada yonib turgan oltingugurtni suvli bankaga suvga tekkizmasdan solib, og‘zini shisha plastinka bilan berkiting, yonishini kuzating. Oltingugurt yonib bo‘lgandan so‘ng bankadan qoshiqchani oling, bankani yaxshilab chayqating. Hosil bo‘lgan eritmani ko‘k lakmus qog‘oz bilan sinab ko‘ring. Reaksiya tenglamasini yozing.
6- tajriba. Tuz bilan kislotaning o‘zaro ta’sirini o‘rganish.
a) 51-a rasmda ko‘rsatilgandek asbob yig‘ing. Probirkaga 2 gr osh tuzidan solib, ustiga probirkaning 1/3 qismiga qadar konsentrlangan (ρ = 1,84 g/sm3) sulfat kislotadan quying. Probirkani gaz o‘tkazgich nayli tiqin bilan berkitib shtativga qiya holda o‘rnating va gaz o‘tkazgichning ikkinchi uchini quruq probirkaning tubigacha tushirib, probirkaning og‘zini paxta bilan berkiting. Tuz va kislota solingan probirkani qizdiring. Probirkaning og‘zidagi paxta ustida oq tutun paydo bo‘lgandan so‘ng probirkani olib, og‘zini barmoq bilan berkitib, to‘nkarilgan holda suvli kristallizatorga tushiring. Probirka og‘zini ochib, hosil qilingan vodorod xloridning suvda eruvchanligini kuzating. Hosil bo‘lgan eritmani ikkiga bo‘lib, birinchisiga kumush nitrat eritmasidan tomchilatib qo‘shing. Oq cho‘kmaning tushishini kuzating. Eritmaning ikkinchi qismini ko‘k lakmus bilan sinab ko‘ring. Reaksiya tenglamalarini yozing;
b) probirkaga 0,5 g quruq natriy asetat tuzidan soling. Ustiga suyultirilgan sulfat kislotadan 8—10 tomchi tomizing. Hosil bo‘lgan sirka kislotani hididan bilish mumkin. Reaksiya tenglamasini yozing.
Zarur asbob va reaktivlar: Karbonat angidridni olish uchun Kirp apparati, chinni kosacha, lakmus qog‘ozlari, shisha tayoqcha, probirkalar, rux metalli.
Eritmalar: 2 n. bariy gidroksid, 2 n. xlorid kislota, o‘yuvchi natriy, 0,5 n. mis (II) sulfat, 0,05 n. kumush nitrat, 0,5 n. temir (II) xlorid, 0,5 n. bariy xlorid (bariy nitrat), 0,5 n. kaliy sulfat, 0,5 n. magniy sulfat, 0,5 n. kobalt (II) xlorid, 0,5 n. ammoniy gidroksid.
Do'stlaringiz bilan baham: |