Namangan viloyati adliya boshqarmasining vazifalari, funktsiyalari va huquqlari



Download 64.55 Kb.
Sana22.06.2017
Hajmi64.55 Kb.

Namangan viloyati adliya boshqarmasining         vazifalari, funktsiyalari va huquqlari


Quyidagilar boshqarmaning asosiy vazifalari va faoliyat yo’nalishlari hisoblanadi:

Fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilishni, qonun ustuvorligi, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat tuzilmalari faoliyatida qonuniylikni ta’minlashga yo’naltirilgan jamiyat va davlat qurilishi sohasida norma ijodkorligi va huquqni qo’llash amaliyoti sohasida yagona davlat siyosatini izchil amalga oshirish;

davlat boshqaruvi organlarining hududiy bo’linmalari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, shuningdek huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat tuzilmalari, shu jumladan prokuratura organlarining huquqni qo’llash faoliyatida qonun hujjatlari talablariga, qonuniylikka qatьiy rioya etilishi ustidan belgilangan tartibda samarali nazorat amalga oshirish; ular tomonidan suiiste’molliklarga, qonunbuzarliklarga, qonun hujjatlari talablarini ijro qilmaslik holatlariga, huquqiy normalarni o’zboshimchalik bilan, noto’g’ri talqin qilinishiga, qonunni qo’llashda sub’yektivlikka, tor idoraviy, tanlov asosida yondashishga yo’l qo’ymaslikka yo’naltirilgan huquqiy ta’sir choralarini amalga oshirish;

mahalliy davlat hokimiyati organlarining norma ijodkorligi faoliyatini tizimli tahlil qilishni tashkillashtirish, ular tomonidan kiritiladigan yoki qabul qilinadigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, qonun hujjatlariga, mamlakatda olib borilayotgan islohotlarning maqsad va vazifalariga, shuningdek qonunchilik texnikasi qoidalariga muvofiqligini aniqlash yuzasidan har tomonlama ekspertizani amalga oshirish;

amaldagi qonun hujjatlarida “oq dog’lar”ni, shuningdek, davlat hokimiyati va boshqaruvi tizimida korruptsiyaning kelib chiqishiga, boshqa huquqbuzarliklar sodir etilishiga sharoit yaratayotgan qoidalar va normalarni aniqlash;

fuqarolik jamiyati institutlarining har tomonlama rivojlanishini, ularning aholining turli qatlamlari huquqlari va manfaatlarini himoya qilishda, mamlakatni demokratik yangilash va modernizatsiyalashda faol ishtirokini huquqiy ta’minlashga yo’naltirilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish; O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, qonunlari va halqaro shartnomalarida mustahkamlangan inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishni ta’minlash;

nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyat ko’rsatishining qonuniyligini, tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirishni ta’minlash; o’z hududida ro’yxatdan o’tgan xalqaro va xorijiy nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatida qonun hujjatlari talablariga rioya etilishi ustidan tizimli monitoring o’tkazish;

jamiyatda aholining huquqiy ongini, huquqiy madaniyatni oshirishga va qonuniylikni mustahkamlashga yo’naltirilgan davlat organlarining hududiy bo’linmalari, jamoat birlashmalarining huquqiy targ’ibot va ma’rifat sohasidagi ishlarini samarali muvofiqlashtirishni amalga oshirish;

notariat, advokatura, FHDYO organlari hamda fuqarolar va yuridik shaxslarga huquqiy xizmat ko’rsatuvchi boshqa tuzilmalar faoliyatining samaradorligini oshirishga yo’naltirilgan davlat tomonidan tartibga solish tizimini izchil takomillashtirib borish;

bozor islohotlarini chuqurlashtirishning normativ-huquqiy bazasini yanada takomillashtirish bo’yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish, kichik biznes, xususiy tadbirkorlik sub’yektlarining, xorijiy investorlar va xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilinishini ta’minlash, bu sohada byurokratik to’siq va g’ovlarni yaratishga yo’l qo’ymaslik;

shartnomaviy-huquqiy intizomni mustahkamlash, shartnomalarni, eng avvalo qishloq xo’jaligi ishlab chiqarish sohasida shartnomalarni tuzish va bajarishda xo’jalik yurituvchi sub’yektlarga amaliy huquqiy yordam ko’rsatish bo’yicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;

davlat va jamiyat qurilishi sohasini demokratlashtirishning zamonaviy talablari va jarayonlarini hisobga olgan holda huquqshunos kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish bo’yicha ishlarni tashkil etish.



Boshqarma o’ziga yuklangan vazifalarni bajarish uchun quyidagi funktsiyalarni amalga oshiradi:

Norma ijodkorligi va huquqni qo’llash amaliyoti sohasida yagona davlat siyosatini izchil amalga oshirish sohasida:

1. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining norma ijodkorligi sohasida:

Mahalliy davlat hokimiyati organlarining norma ijodkorligi masalalari bo’yicha faoliyatini muvofiqlashtiradi va ularga uslubiy rahbarlikni amalga oshiradi;

norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirishning ustuvor yo’nalishlari bo’yicha takliflar ishlab chiqadi va o’z vakolati doirasida ularning amalga oshirilishini ta’minlaydi;

o’z tashabbusiga ko’ra mahalliy davlat hokimiyati organlarining normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqadi va ularni ko’rib chiqish uchun belgilangan tartibda kiritadi;

mahalliy davlat hokimiyati organlarining normativ-huquqiy hujjatlari loyihalarini ularning O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, qonun hujjatlariga, mamlakatda olib borilayotgan islohotlarning maqsad va vazifalariga, shuningdek qonunchilik texnikasi qoidalariga muvofiqligini aniqlash yuzasidan tahlil qiladi va huquqiy ekspertizadan o’tkazadi;

mahalliy davlat hokimiyati organlarining normativ-huquqiy hujjatlari loyihalarini ularda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tizimida korruptsiyaning kelib chiqishiga, boshqa huquqbuzarliklar sodir etilishiga sharoit yaratib beradigan, shuningdek tadbirkorlik sub’yektlari uchun ortiqcha ma’muriy va boshqa cheklovlarni joriy qiladigan qoida va normalarni, tadbirkorlik sub’yektlarida asossiz xarajatlarni vujudga keltiruvchi qoidalarni aniqlash yuzasidan tahlil qiladi;

mahalliy davlat hokimiyati organlarining norma ijodkorligi faoliyatini monitoring va tahlil qilishni amalga oshiradi;

qonun hujjatlarini O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga muvofiqlashtirish, huquqiy tartibga solishning tizimliligi va yaxlitligini ta’minlash, qonunchilikdagi “oq dog’lar”ni bartaraf qilish to’g’risida takliflar ishlab chiqadi, qonun hujjatlarini takomillashtirishga doir takliflarni tahlil qiladi va umumlashtiradi hamda ularni ko’rib chiqish uchun Vazirlikka taqdim qiladi;

mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish, e’lon qilish va manfaatdor shaxslar e’tiboriga yetkazishning belgilangan tartibiga rioya qilinishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;

2. Qonunchilikni tizimlashtirish sohasida:

Mahalliy davlat hokimiyati organlarining normativ-huquqiy hujjatlarini davlat hisobiga oladi va qonun hujjatlarini turkumlashtirish ishlarini olib boradi;

O’zbekiston Respublikasining Qonunlari, O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari, vazirliklar, davlat qo’mitalari va idoralari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining normativ-huquqiy hujjatlarining nazorat nusxalarini yuritadi;

mahalliy davlat hokimiyati organlarining normativ-huquqiy hujjatlari bankini (fondini) shakllantiradi;

normativ-huquqiy hujjatlarga klassifikator asosida kodlar beradi;

davlat boshqaruvi organlarining hududiy bo’linmalari va mahalliy davlat hokimiyati organlarida qonun hujjatlarining turkumlashtirilgan hisobini yuritish qoidalariga rioya qilish ustidan nazoratni amalga oshiradi;

Boshqarma faoliyati sohasidagi qonun hujjatlarini qo’llash bo’yicha xulosalar beradi.

Davlat organlarining huquqni qo’llash amaliyotida qonun hujjatlari talablariga, qonuniylikka rioya etilishi ustidan samarali monitoring va nazorat qilishni amalga oshirish sohasida:

Davlat boshqaruvi organlarining hududiy bo’linmalari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat tuzilmalari, shu jumladan, prokuratura organlarining huquqni qo’llash amaliyoti masalalari bo’yicha faoliyatini tizimli monitoring qilishni amalga oshiradi;

davlat boshqaruvi organlarining hududiy bo’linmalari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat tuzilmalari, shu jumladan, prokuratura organlari tomonidan qonun hujjatlarining bir xilda qo’llanilishini ta’minlash, shuningdek ularning faoliyatida inson, jamiyat va davlat manfaatlariga zarar yetkazadigan tarzda huquqiy normalarni o’zboshimchalik bilan, noto’g’ri talqin qilinishiga, qonunni qo’llashda sub’yektivlikka, tor idoraviy, tanlov asosida yondashishga yo’l qo’ymaslik bo’yicha qonun hujjatlarida belgilangan chora-tadbirlarni ko’radi;

qonun hujjatlari talablarining bajarilishi monitoringini o’tkazadi va uning natijalari yuzasidan huquqni qo’llash amaliyotini takomillashtirish bo’yicha takliflar ishlab chiqadi va Vazirlikka taqdim etadi;

davlat boshqaruvi organlarining hududiy bo’linmalari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat tuzilmalarining huquqni qo’llash amaliyotini, ularning qarorlari, farmoyishlari, yo’riqnomalari, buyruqlari va boshqa hujjatlarini, shu jumladan, tergovga qadar tekshiruv materiallari, jinoyat ishi va yakka tusdagi hujjatlarni istisno qilgan holda prokuror nazorati hujjatlarini o’rganadi, nazorat natijalari bo’yicha aniqlangan qonun hujjatlari talablari buzilishlarini bartaraf etish, ularning faoliyatida qonuniylikni ta’minlash yuzasidan takliflar ishlab chiqadi va Vazirlikning Qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazorat qilish bosh boshqarmasiga taqdim etadi;

qonun hujjatlarini buzilishi, vakolatlar doirasidan chetga chiqish, qonun hujjatlari normalari va qoidalarini noto’g’ri talqin qilish holatlarini tizimlashtirish uchun ma’lumotlarning yig’ma bazasiga ma’lumotlarni kiritadi;

davlat boshqaruvi organlarining hududiy bo’linmalari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat tuzilmalarining huquqni qo’llash, norma ijodkorligi faoliyatida o’tkazilgan monitoring va tahlillar natijalariga ko’ra qonun hujjatlarini yanada takomillashtirish, shuningdek ularning huquqni qo’llash faoliyatini huquqiy tartibga solish tizimida aniqlangan “oq dog’lar”ni o’rnini to’ldirish bo’yicha takliflarni ishlab chiqadi va Vazirlikka taqdim etadi;

o’rganish va nazorat qilish ob’ekti bo’lgan davlat boshqaruvi organlarining hududiy bo’linmalari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, huquqni muhofaza qiluvchi, nazorat qiluvchi va boshqa tuzilmalarga aniqlangan qonun buzilishlarini, ularning sodir etilishiga olib kelayotgan sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish bo’yicha umumlashtirish, huquqni qo’llash amaliyotini nazorat qilish materiallarini kechiktirib bo’lmaydigan choralar qabul qilish uchun yuboradi. Ayni bir vaqtning o’zida tekshiruvlar natijasida aniqlangan eng jiddiy qonun buzilishlar bo’yicha materiallar va umumlashtirishlarni zudlik bilan Bosh boshqarmaga yuboradi;

yarim yil va yil yakunlari bo’yicha davlat boshqaruvi organlarining hududiy bo’linmalari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat tuzilmalari tomonidan qonun hujjatlari talablarining bajarilishini nazorat qilish natijalari bo’yicha hisobotlar va umumlashtirishlarni Bosh boshqarmaga taqdim etadi;

Nodavlat notijorat tashkilotlarining faoliyatida qonun hujjatlari talablariga rioya etilishi ustidan tizimli monitoringni amalga oshirish sohasida:

Nodavlat notijorat tashkilotlarini, shu jumladan, jamoat birlashmalari va diniy tashkilotlarining davlat va hisob ro’yxatidan o’tkazadi;

o’zi tomonidan ro’yxatdan o’tkazilgan nodavlat notijorat tashkilotlarining davlat reestrini yuritadi;

nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan qonun hujjatlariga, ustav faoliyatiga, ta’sis hujjatlariga, qayta ro’yxatdan o’tkazish va tugatish tartibiga rioya etilishi ustidan nazorat qiladi;

nodavlat notijorat tashkilotlariga ajratilgan mablag’lar, grantlar, boshqa moliyaviy va moddiy resurslardan oqilona va maqsadli foydalanilishini ta’minlash bo’yicha chora-tadbirlar ko’radi;

nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyat ko’rsatishlarining tashkiliy-huquqiy asoslarini, ularning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish dasturlarini amalga oshirishda, gumanitar muammolarni hal qilishda, mamlakat aholisining turli qatlamlari huquqlari, erkinliklari va manfaatlarini himoyalashda faol qatnashishini takomillashtirish bo’yicha takliflarni ishlab chiqadi va Vazirlikka taqdim etadi;

qonun hujjatlarini buzayotgan va taqiqlangan faoliyat bilan shug’ullanayotgan nodavlat notijorat tashkilotlarini aniqlash maqsadida davlat boshqaruvi organlarining hududiy bo’linmalari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan o’zaro hamkorlik qiladi;

nodavlat notijorat tashkilotlarining faoliyati haqida, shu jumladan, ajratilgan mablag’lardan foydalanilishi haqidagi hisobotlarni qabul qiladi;

nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan qonun hujjatlari buzilganda, ularning faoliyatini to’xtatib qo’yish yoki ularni tugatish to’g’risida takliflar tayyorlaydi va belgilangan tartibda sudga ko’rib chiqish uchun kiritadi.

O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, qonunlari va xalqaro shartnomalarida mustahkamlangan inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishni ta’minlash sohasida:

Inson huquqlari sohasidagi qonunchilikni doimiy ravishda tahlil qiladi va uni takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqadi va Vazirlikka taqdim etadi;

davlat boshqaruvi organlarining hududiy bo’linmalari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, qonunlari va xalqaro shartnomalarida mustahkamlangan inson huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;

xalqaro tajribani o’rganadi va xalqaro-huquqiy normalarning O’zbekiston Respublikasi qonunchiligiga implementatsiya qilish bo’yicha takliflar ishlab chiqadi va Vazirlikka taqdim etadi;

fuqarolarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyati darajasini oshirish, aholida inson huquqlari va erkinliklariga hurmat ruhini, qonunga itoatkorlikni shakllantirish bo’yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqadi;

davlat organlarining hududiy bo’linmalarida inson huquqlari sohasidagi qonun hujjatlariga rioya qilinishi holatini tahlil qiladi va umumlashtiradi hamda ularni yaxshilash yuzasidan tegishli davlat organlariga takliflar kiritadi;

inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishda advokaturaning rolini kuchaytirishga, fuqarolik jamiyati institutlarining rivojlanishiga hamda ularning huquqiy asoslari mustahkamlanishiga ko’maklashadi;

inson huquqlari bo’yicha, shu jumladan inson huquq va erkinliklariga rioya qilinishi monitoringi sohasida O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo’yicha vakilining (ombudsman) mintaqaviy vakili va Inson huquqlari bo’yicha O’zbekiston Respublikasi milliy markazi bilan o’zaro hamkorlik qiladi;

fuqarolarning o’z konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklari buzilishi to’g’risidagi murojaatlarini xolisona va har tomonlama ko’rib chiqishini ta’minlaydi, ular bo’yicha qonun hujjatlariga muvofiq choralar ko’radi.

Davlat organlari, jamoat tashkilotlarining huquqiy targ’ibot bo’yicha ishlarini samarali muvofiqlashtirish sohasida:

Huquqiy targ’ibot va huquqiy ta’limning ahvolini tahlil qiladi, ularni yaxshilash bo’yicha takliflar ishlab chiqadi va Vazirlikka taqdim etadi;

jamiyatda huquqiy ongni, huquqiy madaniyatni oshirish va qonuniylikni mustahkamlashga qaratilgan huquqiy bilimlarning aholi o’rtasida targ’ib qilinishini tashkil etadi;

huquq sohasidagi ta’lim ishlarining uslubiy jihatdan ta’minlanishini tashkil etadi, huquqiy tarbiya va ta’limning zamonaviy shakllarini joriy etish bo’yicha tavsiyalar ishlab chiqadi;

jamiyatni huquqiy axborot bilan ta’minlash tizimini takomillashtirish bo’yicha dasturlar va tadbirlarni ishlab chiqish bo’yicha Vazirlikka takliflar beradi;

Boshqarma uchun huquqiy axborotni yig’ish, qayta ishlash va tahlil qilishning dasturiy-texnik vositalari va texnologiyalarini joriy etilishi bo’yicha Vazirlikka takliflar beradi;

Boshqarma va uning tizimiga kiruvchi idoralarni qonunchilik materiallari bilan ta’minlash choralarini ko’radi;

O’zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasidan yuridik va jismoniy shaxslarni belgilangan tartibda foydalanishini ta’minlaydi;



Huquqiy xizmat ko’rsatishning davlat tomonidan tartibga solinishini amalga oshirish sohasida:

1. Notariat va fuqarolik holati dalolatnomalarini ro’yxatga olish faoliyatini tashkil etish bo’yicha:

Davlat notarial idoralarini tashkil etish va tugatish, notarius lavozimini ta’sis etish va tugatish bo’yicha qonun hujjatlarida belgilangan tartibda Vazirlikka takliflar kiritadi;

notariuslar tomonidan kasb majburiyatlarining, shu jumladan notarial ish yurituv qoidalarining bajarilishi yuzasidan belgilangan tartibda nazoratni amalga oshiradi, ularning ishini tahlil qiladi va umumlashtiradi;

davlat notarial idoralarini qat’iy hisobdagi gerbli (maxsus) blankalar bilan ta’minlaydi;

fuqarolik holati dalolatnomalarini ro’yxatga olishni tashkil qiladi, FHDYO organlari faoliyatiga rahbarlikni amalga oshiradi va ularni nazorat qiladi;

FHDYO organlarini tashkil qilish, qayta tashkil qilish va tugatish yuzasidan vazirlikka takliflar beradi, shuningdek ularning ishini tekshiradi, tahlil qiladi va umumlashtiradi;

FHDYO va notariat idoralari xodimlari tomonidan fuqarolarga huquqiy xizmat ko’rsatish darajasini oshirish bo’yicha chora-tadbirlarni ko’radi;

FHDYO organlarini qat’iy hisobdagi gerbli guvohnomalar blankalari bilan ta’minlaydi;



2. Advokatura va yuridik yordam tizimini rivojlantirish bo’yicha:

O’zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasining hududiy boshqarmasi va advokatlik tuzilmalarining faoliyatida ko’maklashadi;

O’zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi hududiy boshqarmasi bilan birgalikda O’zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi hududiy boshqarmasi huzuridagi malaka komissiyasi tarkibini tasdiqlaydi;

advokatlarga litsenziyalar berishni va advokatlik tuzilmalarini (advokatlik byurolari, advokatlik firmalari va advokatlik hay’atlari) davlat ro’yxatidan o’tkazishni, shuningdek yuridik maslahatxonalarni hisobga qo’yishni amalga oshiradi;

davlat ro’yxatidan o’tgan (hisobga qo’yilgan) advokatlik tuzilmalarida ishlayotgan advokatlarning tegishli davlat reestrlarini yuritadi;

advokatlar malakasini oshirish bo’yicha tadbirlarni amalga oshirishga ko’maklashadi;

advokatlar tomonidan litsenziya talablari va shartlariga, shuningdek advokatlik tuzilmalari tomonidan ta’sis hujjatlariga, ustav faoliyatiga, qayta ro’yxatdan o’tkazish va tugatish tartibiga rioya qilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;

3. Davlat va xo’jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, boshqa davlat tashkilotlarining yuridik xizmatini rivojlantirish bo’yicha:

Davlat va xo’jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, boshqa davlat tashkilotlarida huquqiy ishlarni muvofiqlashtirishni amalga oshiradi, ularni yaxshilashga doir tavsiyalar ishlab chiqadi;

yuridik xizmatlar xodimlari va boshqa mansabdor shaxslar tomonidan yo’l qo’yilgan yuridik xizmatlar faoliyatini tartibga soladigan aniqlangan qonun hujjatlari talablari buzilishlarini bartaraf etishga yo’naltirilgan, shuningdek aybdor shaxslarni qonun hujjatlarida nazarda tutilgan javobgarlikka tortish bo’yicha o’z vakolati doirasida chora-tadbirlar ko’radi;

tuman va shahar hokimliklarining yuridik xizmati xodimlarini tayinlashda qatnashadi;

davlat va xo’jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, boshqa davlat tashkilotlari yuridik xizmatlariga huquqiy ishlarga taalluqli ko’rsatmalar beradi;

davlat boshqaruvi organlari hududiy bo’linmalarining, tuman va shahar hokimliklarining, boshqa davlat tashkilotlarining yuridik xizmatlari xodimlarini attestatsiyadan o’tkazadi va attestatsiyadan o’tganligi to’g’risida guvohnoma beradi;

yuridik xizmatlar xodimlarining malakasini oshirish yuzasidan Vazirlikka takliflar kiritadi;

yuridik xizmatlar xodimlarining hisobini yuritadi;

yuridik xizmatlarining ma’lumotlar bazasini tuzish va yuritish tartibi loyihasiga, ma’lumotlar bazasiga kiritish uchun ma’lumot taqdim etish shakllari va muddatlarini belgilash bo’yicha Vazirlikka takliflar kiritadi.

Tadbirkorlikni rivojlantirishning normativ-huquqiy bazasini takomillashtirish, kichik biznes, hususiy tadbirkorlik, xorijiy investorlar va xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarning huquqlari va qonuniy manfaatlari ishonchli himoya qilinishini ta’minlash sohasida:

tadbirkorlikni huquqiy ta’minlash va rivojlantirishning samaradorligini oshirishga, tadbirkorlik sub’yektlari, xorijiy investorlar va xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan kompleks tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlarni ishlab chiqish bo’yicha Vazirlikka takliflar kiritadi va ushbu chora-tadbirlarni amalga oshiradi;

tadbirkorlik sub’yektlari, xorijiy investorlar va xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar faoliyatini tartibga solish hamda ularni qo’llab-quvvatlash bo’yicha qonun hujjatlariga rioya qilinishi ustidan nazoratni ta’minlaydi;

tadbirkorlik sub’yektlari, xorijiy investorlar va xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarning huquqlarini himoya qilish, mikrofirmalar, kichik korxonalar, xorijiy investorlar va xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarni tashkil etish va samarali faoliyat ko’rsatishi uchun qulay huquqiy va tashkiliy shart-sharoitlar yaratish bo’yicha qonun hujjatlarini qo’llash amaliyotini o’rganadi, shuningdek uni takomillashtirish yuzasidan Vazirlikka takliflar kiritadi;

nazorat qiluvchi organlar tomonidan xo’jalik yurituvchi sub’yektlarning, shu jumladan yakka tartibdagi tadbirkorlarning faoliyatini tekshirishlar o’tkazilishining qonuniyligi ustidan nazoratni ta’minlaydi;

tekshirishlarni ro’yxatga olish kitobining shakli va to’ldirish tartibi loyihasiga takliflar beradi, tadbirkorlik sub’yektlari o’rtasida uning tarqatilishini ta’minlaydi va uni to’ldirish tartibiga rioya qilinayotganligi bo’yicha monitoringni amalga oshiradi;

tadbirkorlik sub’yektlari, xorijiy investorlar va xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarning buzilgan huquqlarini tiklash bo’yicha choralar ko’radi;

kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’yektlari, xorijiy investorlar va xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar faoliyatiga yoki bu sohadagi qonunbuzarliklar bilan bog’liq jinoiy, fuqarolik, xo’jalik va ma’muriy ishlar materiallarini belgilangan tartibda o’rganadi;

davlat tuzilmalari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, shuningdek ularning mansabdor shaxslari tomonidan tadbirkorlik sub’yektlari, xorijiy investorlar va xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar faoliyatiga noqonuniy aralashish holatlarini tegishli ma’lumotlar bazasini shakllantirgan holda aniqlaydi, o’rganadi va monitoringini amalga oshiradi;

tadbirkorlik sub’yektlari, xorijiy investorlar va xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarning ularning huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilishi holatlari bo’yicha murojaatlarini ko’rib chiqadi, ko’rilgan chora-tadbirlar to’g’risida ularni xabardor qiladi;



Shartnomaviy-huquqiy intizomni mustahkamlash sohasida:

Xo’jalik yurituvchi sub’yektlarga shartnomalarni, eng avvalo qishloq xo’jaligi ishlab chiqarishi sohasidagi xo’jalik shartnomalarini tuzishda va bajarishda huquqiy yordam ko’rsatadi;

shartnomaviy-huquqiy intizomni mustahkamlash yuzasidan belgilangan tartibda takliflar ishlab chiqadi va vazirlikka kiritadi;

xo’jalik yurituvchi sub’yektlar, eng avvalo, ularning mansabdor shaxslarini shartnoma intizomini buzganligi uchun javobgarlikka tortish bo’yicha belgilangan chora-tadbirlar qo’llanishi ustidan nazorat olib boradi;

xo’jalik yurituvchi sub’yektlar rahbarlarining shartnoma intizomiga rioya qilishi bo’yicha mas’uliyatini oshirish yuzasidan ish olib boradi;

qishloq xo’jaligida shartnomalar tuzish va bajarishda xo’jalik yurituvchi sub’yektlarning qonunchilikka rioya qilishi ustidan nazorat olib boradi.



Yuridik shaxslarni davlat ro’yxatidan o’tkazish, ularni tashkil etishda qonunchilikka rioya qilinishini ta’minlash sohasida:

Xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarni, lombardlarni, soliq maslahatchilari tashkilotlarini, yuridik shaxs birlashmalarini va viloyatda tashkil etiladigan bozorlar va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda boshqa tashkilotlarni davlat ro’yxatidan o’tkazadi;

yuridik shaxslarni davlat ro’yxatidan o’tkazishda qonuniylikka rioya qilinishini ta’minlaydi;

o’zi tomonidan ro’yxatdan o’tkazilgan yuridik shaxslarning davlat reestrini yuritadi;

moliya-xo’jalik faoliyatini amalga oshirmayotgan va o’z ustav fondlarini qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda shakllantirmagan korxonalarni tugatish bo’yicha belgilangan tartibda chora-tadbirlar ko’radi;

tuman (shahar) hokimliklari huzuridagi tadbirkorlik sub’yektlarini ro’yxatga olish bo’yicha inspektsiyalari faoliyatida ushbu sohada byurokratik to’siqlar va g’ovlarni oldini olish maqsadida qonuniylikka rioya qilinishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;

tuman (shahar) hokimliklari huzuridagi tadbirkorlik sub’yektlarini ro’yxatga olish bo’yicha inspektsiyalari faoliyatiga uslubiy yordam ko’rsatadi.

Zamonaviy talablarni hamda davlat va jamiyat qurilishi sohasidagi demokratlashtirish jarayonlarini hisobga olgan holda huquqshunos kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etish sohasida:

Zamonaviy talablar hamda davlat va jamiyat qurilishi sohasidagi demokratlashtirish jarayonlarini, standartlarni hisobga olgan holda huquqshunos kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo’yicha Vazirlikka takliflar beradi;

kadrlar ishini yuritadi, shuningdek huquqshunoslar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini takomillashtirish bo’yicha takliflar ishlab chiqadi va Vazirlikka kiritadi;

boshqarma va uning tizimiga kiruvchi idoralarning kadrlar zahirasini yaratadi, ularni tayyorlash va stajirovkadan o’tishini tashkil etadi, tanlashni amalga oshiradi va belgilangan tartibda joy-joyiga qo’yishda qatnashadi, ularni qayta tayyorlashni tashkil etadi;



Fuqarolar va tashkilotlarning murojaatlarini ko’rib chiqish sohasida:

Boshqarma va uning tizimiga kiruvchi idoralar xodimlarining noqonuniy harakatlari ustidan fuqarolarning shikoyat va arizalarini ko’rib chiqadi, ushbu masalalar bo’yicha shikoyat va arizalarning har tomonlama xolisona ko’rib chiqilishini ta’minlaydi;

qonunchilikning buzilishi holatlari yuzasidan tushgan shikoyatlar bo’yicha zarur hollarda joylarda mutasaddi tashkilotlar va mutaxassislar bilan birgalikda tekshirish o’tkazgan holda adolatli qarorlar qabul qilinishini ta’minlaydi;

Boshqarmaning tizimiga kiruvchi idoralarning shikoyat va arizalarni ko’rib chiqish bilan bog’liq faoliyatini o’rganadi, bu yo’nalishdagi ishlarni takomillashtirish bo’yicha takliflarni umumlashtiradi va kiritadi.



Huquqiy statistika sohasida:

Davlat organlari va boshqa organlardan olingan huquqiy statistika ma’lumotlarini umumlashtiradi va tahlil qiladi;

adliya organlari va muassasalarida statistika hisoboti va birlamchi hisobga olish hujjatlari shakllarini ishlab chiqish bo’yicha Vazirlikka takliflar beradi;

advokatura faoliyati to’g’risidagi statistika ma’lumotlarini o’rganadi;

fuqarolik holati dalolatnomalari va notarial harakatlarni ro’yxatga olish, shuningdek Boshqarma va uning tizimiga kiruvchi idoralar faoliyatining boshqa yo’nalishlari bo’yicha statistikasini yuritadi;

doimiy faoliyat ko’rsatuvchi hakamlik sudlari hisobini ro’yxatdan o’tkazish va muvaqqat hakamlik sudlarini hisobga olishni amalga oshiradi.



Boshqarma va uning tizimiga kiruvchi idoralarni moliyalashtirish va moddiy-texnik ta’minlashni amalga oshirish sohasida:

Boshqarma va uning tizimiga kiruvchi idoralar xodimlarining moddiy va ijtimoiy ta’minoti to’g’risidagi takliflarni ishlab chiqadi;

boshqarma va uning tizimiga kiruvchi idoralar binolarini, shu jumladan davlat notarial idoralari, FHDYO organlarini kapital qurish va ta’mirlash choralarini ko’rish bo’yicha Vazirlikka tegishli takliflar kiritadi;

Boshqarmada buxgalteriya hisobi va hisobotini tashkil etadi va yuritadi.


Boshqarmaning huquqlari


Boshqarma o’z zimmasiga yuklangan vazifalar va funktsiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:

Davlat boshqaruvi organlarining hududiy bo’linmalari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat tuzilmalari, shu jumladan, prokuratura organlari, boshqa tashkilotlardan, shuningdek ularning mansabdor shaxslaridan ularning vakolatiga kiruvchi masalalalar yuzasidan hujjatlarni, statistika va boshqa ma’lumotlarni, tahliliy materiallarni, xulosalar va boshqa axborotlarni so’rash, talab qilish va olish;

vazirlik ko’rib chiqishi uchun qonunchilikni va huquqni qo’llash amaliyotini takomillashtirish masalalari bo’yicha belgilangan tartibda takliflar kiritish;

mahalliy davlat hokimiyati organlarida normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish, e’lon qilish va manfaatdor shaxslar e’tiboriga yetkazish bo’yicha belgilangan tartibga rioya qilinishi yuzasidan tekshirishlar o’tkazish;

mahalliy davlat hokimiyati organlariga: ishlab chiqish muddatini ko’rsatgan holda normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish zarurligi to’g’risida; ular tomonidan qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarga rasmiy sharh berish zarurligi to’g’risida; qonun hujjatlariga muvofiq bo’lmagan normativ-huquqiy hujjatlarni bekor qilish yoxud ularni qonun hujjatlariga muvofiqlashtirish to’g’risida taqdimnomalar kiritish;

davlat boshqaruvi organlarining hududiy bo’linmalari, mahalliy davlat hokimiyat organlari, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat tuzilmalari, shu jumladan prokuratura organlari, boshqa tashkilotlar, shuningdek mansabdor shaxslar tomonidan qonun hujjatlari normalari to’g’ri va bir xilda qo’llanilishi bo’yicha ishlarning holatini o’rganish. O’rganish natijalari bo’yicha tegishli organlar rahbarlariga O’zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari normalarini lozim darajada qo’llash to’g’risida taqdimnomalar kiritish;

davlat boshqaruvi organlarining hududiy bo’linmalari, mahalliy davlat hokimiyat organlari, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat tuzilmalari, shu jumladan prokuratura organlarining huquqni qo’llash amaliyoti ustidan tizimli monitoring, tahlil va nazoratni amalga oshirish. Natijalari bo’yicha tegishli organlarga aniqlangan qonun buzilishlarni bartaraf etish va qonun hujjatlari normalarini lozim darajada qo’llash to’g’risida taqdimnomalar kiritish;

davlat boshqaruvi organlarining hududiy bo’linmalari, mahalliy davlat hokimiyat organlari, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat tuzilmalarining qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan nazorat qilish natijalarini ko’rib chiqish bilan bog’liq hay’at yig’ilishlarida belgilangan tartibda ishtirok etish;

davlat boshqaruvi organlarining hududiy bo’linmalari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan inson huquqlari sohasidagi O’zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari va xalqaro shartnomalariga rioya qilinishini tekshirish. Ko’rsatib o’tilgan organlarning rahbarlariga aniqlangan qonun hujjatlari buzilishini, ularning sabablarini hamda bunga olib keluvchi shart-sharoitlarni bartaraf etish, shuningdek insonning buzilgan huquqlari va erkinliklarini tiklash choralarini ko’rish to’g’risida ko’rib chiqilishi majburiy bo’lgan taqdimnomalar kiritish;

advokatlarga berilgan litsenziyalarning amal qilishini belgilangan tartibda to’xtatib turish va tugatish;

advokatlar malaka komissiyalariga advokatlarni intizomiy javobgarlikka tortish masalasini kiritish;

advokatlik tuzilmalariga aniqlangan qonun hujjatlari buzilishini bartaraf qilish to’g’risida ko’rsatmalar yuborish;

davlat va xo’jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, boshqa davlat tashkilotlarida huquqiy ishlar ahvolini, shuningdek ularning yuridik xizmatlari faoliyatini tekshirish, ulardan amalga oshirgan ishlari to’g’risida ma’lumotlar taqdim etishlarini talab qilish, ko’rsatilgan organlarning va tashkilotlarning rahbarlariga aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish to’g’risida belgilangan muddatlarda bajarilishi majburiy bo’lgan taqdimnomalar kiritish, qonun hujjatlarini buzganlik uchun mansabdor shaxslarni javobgarlikka tortish yoki ularning aybi bilan davlatga yoki tashkilotga yetkazilgan moddiy zararni qoplash to’g’risidagi masala bilan yuqori turuvchi organlarga yoki sudga murojaat qilish;

yuridik xizmat xodimining attestatsiyadan o’tganligi to’g’risidagi guvohnomaning amal qilishini qonun hujjatlariga muvofiq tugatish;

tadbirkorlik sub’yektlari, xorijiy investorlar va xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarni javobgarlikka tortishning asosliligini zarur hujjatlar, shu jumladan jinoiy, fuqarolik, xo’jalik va ma’muriy ishlar materiallari bilan tanishish yo’li bilan o’rganib chiqish;

tadbirkorlik sub’yektlarining “ishonch telefoni” orqali tushayotgan murojaatlarini ko’rib chiqish, barcha vazirliklar, davlat qo’mitalari, idoralar, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, boshqa tashkilotlar, shuningdek, mansabdor shaxslar tomonidan tadbirkorlik sub’yektlari, xorijiy investorlar va xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar huquqlariga rioya etish bo’yicha qonun hujjatlarining og’ishmay bajarilishini tekshirish. Ko’rsatib o’tilgan organlar va tashkilotlar rahbarlariga ko’rib chiqilishi majburiy bo’lgan: aniqlangan qonun hujjatlari buzishlarini, ularning sabablari va bunga olib keluvchi shart-sharoitlarni bartaraf etish to’g’risida; tadbirkorlik sub’yektlari, xorijiy investorlar va xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarning buzilgan huquqlarini tiklash bo’yicha choralar ko’rish to’g’risida taqdimnomalar kiritish;

O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida, qonunlarida va xalqaro shartnomalarida mustahkamlangan inson huquqlari va erkinliklari, tadbirkorlik sub’yektlari, xorijiy investorlar va xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini mansabdor shaxslar tomonidan buzilishi holatlari aniqlanganda, shuningdek adliya organlarining qonuniy talablari mansabdor shaxslar tomonidan bajarilmaganda, aybdor mansabdor shaxslarni javobgarlikka tortish to’g’risidagi takliflar kiritish;

davlat va xo’jalik boshqaruvi organlari, shu jumladan nazorat organlari va litsenziyalovchi organlar, mahalliy davlat hokimiyati organlarining inson, tadbirkorlik sub’yektlari, xorijiy investorlar va xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar huquqlarini buzuvchi qarorlarini, shuningdek ular mansabdor shaxslarining harakatlarini (harakatsizligini) to’xtatib qo’yish;

jinoiy, fuqarolik, xo’jalik va ma’muriy ishlar bo’yicha inson, tadbirkorlik sub’yektlari, xorijiy investorlar va xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzuvchi sud hujjatlarini qayta ko’rib chiqish to’g’risida davlat boji to’lamasdan sud instantsiyalariga takliflar kiritish;

inson, tadbirkorlik sub’yektlari, xorijiy investorlar, xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar huquqlariga, shuningdek, shartnoma intizomiga rioya qilish bo’yicha qonun hujjatlarining buzilishi mumkin emasligi to’g’risida mansabdor shaxslarni yozma ravishda ogohlantirish;

qonun hujjatlariga rioya qilinishi ustidan nazorat qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning o’z huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilganligi to’g’risida murojaatlarni tekshirishni amalga oshirish, shuningdek, Boshqarma faoliyati doirasiga taalluqli bo’lgan masalalar bo’yicha vazirliklar, davlat qo’mitalari va idoralari hududiy va tarkibiy bo’linmalarining, ilmiy va ta’lim muassasalari hamda boshqa tashkilotlarning vakillarini belgilangan tartibda jalb qilish;

xo’jalik shartnomalari bajarilishi jarayoni ustidan monitoringni amalga oshirish, shartnoma intizomi buzilishi holatlari aniqlangan taqdirda, xo’jalik yurituvchi sub’yektlarga aniqlangan buzilishlarni bartaraf etish, shuningdek shartnoma majburiyatlarini bajarilmaganligi (lozim darajada bajarilmaganligi) natijasida yetkazilgan zararni qoplash yuzasidan belgilangan muddatlarda bajarilishi majburiy bo’lgan taqdimnomalar kiritish; taqdimnomada bayon qilingan talablar belgilangan muddatda bajarilmagan taqdirda vakolatli organlar yoki sudlar oldiga shartnoma intizomini buzganlik uchun mansabdor shaxslarning javobgarligi to’g’risidagi masalani qo’yish;

nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan qonun hujjatlari va ta’sis hujjatlariga rioya qilinishi, shuningdek ularga ajratilgan mablag’lardan maqsadli foydalanishini tekshirish, ulardan tegishli hujjatlar va ma’lumotlar taqdim etishlarini talab qilish, ko’rsatib o’tilgan tashkilotlarning rahbarlariga aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish to’g’risida belgilangan muddatlarda bajarilishi majburiy bo’lgan taqdimnomalar kiritish, ta’sis hujjatlarini va qonun hujjatlarini buzganligi uchun mansabdor shaxslarni belgilangan javobgarlikka tortish uchun, shuningdek ularning aybi bilan davlatga yoki tashkilotga yetkazilgan moddiy zararni qoplash bo’yicha yuqori turuvchi organlarga yoki sudga murojaat qilish;

nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan o’tkaziladigan tadbirlarda (konferentsiyalar, seminarlar, treninglar, yig’ilishlar, aktsiyalar va shu kabilarda) ishtirok etish;

tegishli davlat organlari va muassasalaridan nodavlat notijorat tashkilotlarni tugatish bo’yicha tartib-taomilni amalga oshirish uchun zarur bo’lgan ma’lumotlarni so’rash;

barcha davlat organlari va boshqa tashkilotlardan huquqiy statistikani tashkil etish va yuritish uchun zarur bo’lgan ma’lumotlarni olish;

davlat, yuridik va jismoniy shaxslar manfaatlarini ko’zlab sudlarga davlat boji to’lamasdan arizalar va da’volar bilan murojaat qilish;

boshqarma faoliyatini ta’minlash uchun zarur bo’lgan tegishli bo’linmalar tashkil etish, ularni qayta tashkil etish va tugatish yuzasidan belgilangan tartibda Vazirlikka takliflar kiritish.



Boshqarma qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo’lishi mumkin.

Boshqarmaning xodimlari o’z vakolati doirasida nazorat funktsiyalarini amalga oshirishda:

Davlat siri va qonun bilan qo’riqlanadigan boshqa sirga rioya qilish sharti bilan tekshirishni o’tkazish uchun zarur bo’lgan hujjatlar va materiallar bilan tanishish, davlat organlarining elektron bazalaridan (banklaridan) foydalanish uchun xizmat guvohnomasini ko’rsatgan holda vazirliklar, davlat qo’mitalari va idoralari hududiy va tarkibiy bo’linmalarining, mahalliy davlat hokimiyati organlari, shuningdek boshqa tashkilotlarning hududlariga va binolariga kirish;



Konstitutsiya, qonunlar va boshqa qonun hujjatlariga zid bo’lgan hujjatlarni qayta ko’rib chiqish to’g’risida takliflar kiritish maqsadida davlat boshqaruvi organlarining hududiy bo’linmalari, mahalliy davlat hokimiyat organlari, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat tuzilmalarining qarorlari va boshqa hujjatlarini (tergovga qadar tekshiruv materiallari, jinoyat ishi va yakka tusdagi hujjatlar bundan mustasno) ularning qonun hujjatlariga muvofiqligi yuzasidan o’rganish uchun olish, shuningdek normativ-huquqiy hujjatlarni qo’llash amaliyoti to’g’risida ma’lumotni so’rashga va olishga haqlidir.

Boshqarma, zarur hollarda vazirliklar, davlat qo’mitalari va idoralari hududiy va tarkibiy bo’linmalari, mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan birgalikda qo’shma qarorlar va boshqa hujjatlarni chiqarishga haqlidir.

Do'stlaringiz bilan baham:


Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©hozir.org 2017
ma'muriyatiga murojaat qiling

    Bosh sahifa