Ishdan maqsad: yuqori kuchlanishni o‘lchashda va sinashda qo‘llaniladigan o‘lchash va sinov asboblari, shu jumladan sinov transformatorining va o‘lchash uskunalarining hamda impuls kuchlanishlar generatorlarining ishlash prinsipi va o‘lchash usullari bilan tanishish. Sinov transformatoridan foydalanib elementlarning o‘lchash chegarasini tekshirish va xarakteristikalari bilan tanishish.
Yuqori kuchlanish uskunalarining izolyatsiyasi ekspluatatsiya jarayonida faqat ishchi kuchlanish ta’sirida bo‘lib qolmasdan, balki kuchlanish impulsining (kommutatsiyali va chaqmoqli) ta’sirida bo‘lib qolishi mumkin.
Sistema elementlari izolyatsiya konstruksiyalari va ularni izolyatsiyalovchi elementlarning ishlash qobiliyati va ishonchliligi to‘g‘risida fikr yuritish uchun ularni laboratoriya yoki sanoat (dala) sharoitida sinash kerak. Sanoat chastotasida o‘zgaruvchan kuchlanishda sinovlar o‘tkazilayotganda yuqori kuchlanishning amplitudaviy ta’sir etuvchi qiymatlarini o‘lchash bilan birga sinov kuchlanishining shaklini nazorat qilishga ham to‘g‘ri keladi. Bu tajribada kuchlanish turlarining manbai – transformatorlar va transformatorlar kaskadi, to‘g‘rilagich uskunalari, elektrostatik generatorlari, chaqmoq va kommutatsiya impuls kuchlanishi generatorlari hisoblanadi.
Yuqori kuchlanishdagi o‘lchash asboblari - sharli o‘lchash razryadlagichlari va elektrostatik voltmetr sinalayotgan ob’yektlarga bevosita ulanadi hamda kuchlanishni o‘lchash vaqtida yuqori kuchlanish ostida bo‘ladi. Ancha yuqori kuchlanishlarni, toklarni hamda tez kechayotgan jarayonlarni o‘lchash ma’lum qiyinchiliklarga olib keladi va uni amalga oshirish uchun maxsus apparaturalar va qurilmalarni (kuchlanishni bo‘lgichlarni, sharli razryadlagichlarni, amplitudaviy voltmetrlarni, ossillograflarni) qo‘llashni taqozo etadi. Past kuchlanishdagi o‘lchash asboblari esa yuqori kuchlanish zanjiriga kuchlanishni bo‘lgich yoki pasaytiruvchi transformator yordamida ulanadi.
Sharli o‘lchov razryadlagichlari yuqori kuchlanishni bevosita o‘lchash yoki yuqori kuchlanishni o‘lchashga mo‘ljallangan boshqa o‘lchov asboblarini va uskunalarini darajalashda qo‘llaniladi.
Darajalash sharli razryadlagich yordamida o‘lchanayotgan kuchlanish bilan sinalayotgan uskunalarning o‘lchash zanjiriga ulangan o‘lchash asboblarining ko‘rsatishi orasidagi bog‘lanishni o‘rnatish hisoblanadi.