2- bob. “Hamlet” tragediyasi o`zbekcha tarjimalarining leksik-semantik
xususiyatlari
2.1. Shekspir asarlari o`zbek tilida
Har bir davrning o`z talablari, har bir ijodkorning o`z uslubi bor. Vaqt o`tishi bilan tarjima tili tabiiy eskiradi. Ayni paytda unga o`quvchilarning munosabati sabab yangi tarjimaga ehtiyoj tug`ilaveradi. Chunki muayyan bir davrda aniq tarjimaga talab kuchli bo`lsa, muayyan vaqt o`tishi bilan davr o`quvchilari erkin tarjimani talab qila boshlaydilar. Shu bois ham tarjimaga ijtimoiy hodisa va estetik kategoriya sifatida qaraladi. O`zbekistonga Shekspir asarlari XX asrning 30-yillarida kirib keldi. 30-yillarning birinchi yarmidan e`tiboran o`zbek kitobxonlari inglizzabon mualliflar asarlari bilan yaqindan tanisha boshladilar. Bu davrda tarjimonlar e`tiborini buyuk ingliz dramaturgi V.Shekspir ijodi ko`proq o`ziga tortdi. Dramaturgning nazmda bitilgan «Veronalik ikki yigit» komediyasini 1930-yilda Javod Obidov va «Hamlet» tragediyasini 1934-yilda shoir Cho`lpon (P.A.Kanshinning 1893-yildagi nasriy tarjimasidan) nasriy yo`l bilan o`zbek tiliga tarjima qilishdi.
«Hamlet» tragediyasi tarjimasi ko`pgina jiddiy xato va kamchiliklarga ega bo`lishiga qaramasdan, o`zbek kitobxonlarining eng sevimli asarlaridan biriga aylandi va Hamza teatri repertuaridan mustahkam o`rin egalladi.
1964-yildan e`tiboran Shekspir sonetlari M. Shayxzoda, Yusuf Shomansur, Shunqor, Zohidjon Obidovlar tomonlaridan o`zbekchaga o`girila boshladi. Keyinchalik Shekspir qalamiga mansub 154 sonetning hammasi shoir Yusuf Shomansur tomonidan o`girilib, 1978-yilda alohida kitob tarzida bosib chiqarildi.
1980-90 yillarda Shekspirning «Makbet» fojiasi (Sa`dulla Ahmad tarjimasi)ning asliyatdan o`girilgan parchalari bosildi.
Inglizzabon mualliflar ijodidan amalga oshirilgan tarjimalar soni yil sayin osha bordi. V. Shekspirning «Hamlet» tragediyasi o`zbekchaga 1938-yilda Vohid Zohidov tomonidan ikkinchi bor o`girildi. 1946-yilda V.Shekspirning «Romeo va
22
Julyetta» tragediyasini o`zbek tiliga ag`dargan M. Shayxzoda 1948-yilda «Hamlet» tarjimasiga uchinchi bo`lib qo`l urdi. Asliyatga monand qilib B. Pasternakning ruscha tarjimasidan she`riy tarzda amalga oshirilgan bu tarjima Cho`lpon va V. Zohidov tar-jimalaridan har jihatdan mukammal edi. 1960-yilda M. Shayxzoda Shekspirning o`zbek tiliga o`girilgan dramatik asarlari to`plami nashr etilishi munosabati bilan o`z tarjimasini qayta ko`rib chiqib, unga jiddiy tuzatishlar kiritdi. Pirovardida o`zek kitobxoni va tomoshabini «Hamlet»ning ancha mukammal, shaklan va mazmunan asliyatga monand tarjimasiga ega bo`ldi. «Yuliy Sezar» (1958), «Veronalik ikki yigit» (1973) Uyg`un tarjimasida (qayta o`girma), «Qiyiq qizning quyilishi» (1965) Turob To`la, «O`n ikkinchi kecha va turfa hangomalar» (1966) G`. G`ulom tarjimalarida o`zbek kitobxonlariga hadya etildi.
O`zbekchaga o`girilgan mazkur asarlarning ko`pchiligi mamlakatimiz teatrlarida muvaffaqiyatli sahnalashtirildi. 1950-60 yillarga kelib o`zbek tiliga o`girilgan asarlar tarjimalari sifat jihatidan ancha ustunligi bilan ajralib turadi: san`atkorlarning tajriba, mahorat va malakalari osha borib, tarjimalar qator xato va kamchiliklardan xalos bo`lib, sayqallasha boshlaydi. Tarjima tanqidchiligi bo`yicha jurnal va gazetalar sahifalarida chop etilgan qator ilmiy tahlil va umumlashmalar ta`sirida ko`pchilik tarjimonlar o`z ma`suliyatlariga endi ilmiy-tanqidiy yondashadigan bo`lib qoladilar.
Shundan keyingi yillarda o`zbek kitobxonlari V. Shekspirning «Richard III» hamda «Antoniy va Kleopatra» asarlarini Asqad Muxtor va Komil Yashin tarjimalarida o`qishga muyassar bo`ldilar.
V. Shekspir ijodi bilan o`zbek kitobxon ommasini yanada kengroq tanishtirish borasida respublikamizning taniqli shoiri Jamol Kamol katta jonbozlik ko`rsatdi. U 80-yillarning birinchi yarmida V. Shekspirning atoqli shoir va tarjimonlarimiz tomonidan o`girilgan barcha dramatik asarlarini yaxshigina tahrir qilib nashrga tayyorladi va o`zi ham muallifning «Qish ertagi», «Qirol Genrix IV», «Makbet», «Koriolan», «Venestiya savdo-gari» kabi beshta asarini tarjima qilib, mazkur
23
nashrga kiritdi. Shunday qilib, 1981-85 yillar mobaynida V. Shekspirning o`n beshta dramatik asaridan iborat besh jildlik tanlangan asarlari G`afur G`ulom nomidagi Adabiyot va san`at nashriyotida chop etildi. Darvoqe, V. Shekspir asarlarining o`zbek tilidagi birinchi to`plami, eslatib o`tilganidek, 1960-yilda bosib chiqarilgan bo`lib, unga muallifning beshta mashhur dramatik asari kiritilgan edi.
Shunday qilib, Shekspir dunyoning asarlari o`zbek tiliga eng ko`p tarjima qilingan daholaridan hisoblanadi. Uning ayrim asarlari tilimizga ikki-uch martadan o`girilgan.
O`tgan davr mobaynida jahon adabiyoti durdonalari bilan kitobxonlarni kengroq miqyosda tanishtirish mas`uliyati yurtimizning ko`pgina yozuvchilarini tarjima amaliyoti bilan jiddiyroq shug`ullanishga da`vat etdi. Amalga oshirilgan tarjimalar miqdori yil sayin ortib borishi bilan bir qatorda ularning sifati ham yaxshilana bordi. Bu davrda ilgari amalga oshirilgan tarjimalarning ma`lum qismi hayot talabidan kelib chiqib qayta nazardan o`tkazildi: qisqartirilgan o`rinlari to`ldirildi, xato va kamchiliklari tuzatildi. Ayrim asarlar qayta tarjima qilindi. Yurtimizda tarjima amaliyoti nafaqat miqdor, balki sifat o`zgarishi tomon ham odimlay boshladi
O`zbek sahna ustalari Shekspir qahramonlari obrazlarini mahorat bilan talqin qilayotgan ekanlar, buning sababi, birinchi navbatda, pesalardagi obrazlarning o`zbek aktyorlari ko`z oldida haqqoniy gavdalanishidadir.
Abror Hidoyatov Otello, Olim Xo`jaev Hamlet, Sora Eshonto`raeva Dezdemona va Ofeliya, Nabi Rahimov Yago, Shukur Burhonov Brut obrazlarini zo`r mahorat bilan yaratgan ekanlar, bu mazkur aktyorlarning pesalarning vositachi til orqali o`girilgan tarjimalari asosida ilhomlanganliklari oqibatidir. Bu erda teatr tanqidchisi Javod Obidovning «Abror - Otello» maqolasida aytilgan quyidagi so`zlarni keltirish o`rinlidir: «Ingliz parlament delegastiyasi buyuk ingliz dramaturgi Vilyam Shekspirning Abror Hidoyatov talqinidagi Otelloni ko`rgach, uning yuksak darajasini qayd qilish bilan baravar, Abror Hidoyatovni Shekspirning vatani London sahnasida ko`rishni orzu qilganini aytdi».
24
Shekspir o`z davrining asosiy ziddiyatlarini yuksak badiiy formada aks ettira oldi: u g`oyat tipik va ayni vaqtda individual obrazlar yaratishga musharraf bo`ldi. Bu davrda biz hali Shekspirni asliyatda o`qishdan ancha yiroq edik. Sobiq ittifoq davrida aksariyat G`arb adabiyoti namunalari rus tili vositasida tarjima qilinardi. Hamma muloqotlar Moskvaning yo`rig`i bilan amalga oshirilar edi. Shu bois Shekspir bizga dastlab nasriy tarjima yo`sinida amalga oshirildi. “Hamlet” tragediyasining o`ttizinchi yillardagi o`zbekcha nasriy tarjimasi Cho`lpon tomonidan bajarildi. Bu tarjima sahnada namoyish qilishga mo`ljallangan bo`lib, anchagina mahalliy muhitga moslashtirish kuchli bo`lgan. Professor G`aybulla Salomov o`zining “Adabiy an`ana va badiiy tarjima” nomli monografiyasida “Hamlet”ning o`zbeklar madaniy hayotiga kirib kelishini shartli ravishda uch davrga bo`ladi:
Tragediyani o`zbek tiliga tarjima qilish va sahnalashlashtirishga tayyorgarlik ko`rish davri.
Asarning tarjima qilinishi va sahnalashtirilishi.
Asarni o`zlashtirish davri.
Bunda so`ngi davrni tadqiq qilishda quyidagilarga ahamiyat qaratiladi:
sahnalashtirish san`ati;
aktyorlar mahorati;
tamoshabin muammosi;
tarjima tanqidchiligi.
G`.Salomov tarjima tahlili masalasida tarjimaga kompleks yondashadi. Bu jihatdan u o`sha davrdagi tarjimani faqat lingvistik hodisa deb qaraydigan ayrim tilshunos olimlar bilan munozaraga kirishgan edi va mazkur fanni mustaqil tadqiqot obyekti bo`lgan umumfilologik fan ekanligini isbotlashga harakat qilgan. 30-yillarda “Hamlet” tarjima qilinib, sahnalashtirilganidan so`ng respublika adabiy tanqidchiligi bu voqeaga jiddiy e`tibor qaratdi. Shu munosabat bilan matbuotda ko`zga ko`ringan teatrshunos, adabiyotshunos, tanqidchi, tarjimon va tamoshabinlarning bir qator maqolalari bosilib chiqdi. Bu holatni o`zga davrdagi o`zbek o`quvchilarining G`arb
25
adabiyoti, jahon adabiyotining buyuk asariga o`ziga xos munosabat siaftida ham tushunilishi mumkin. G`arbiy Yevropa adabiyoti namunalari bilan yuzma-yuz uchrashuvda ro`y bergan adabiy-psixologik holat, bir xalq adabiy hayoti va ruhiyatini aks ettiruvchi adabiy asar o`zga milliy zaminga ko`chganida ro`y beradigan o`zgarishlarni kuzatish mumkin bo`ladi. Agar ruslar Shekspir ijodi bilan tanishganlariga 200 yildan ko`proq bo`lgan bo`lsa, biz o`zbeklarga hali 100 yil ham bo`lgani yo`q. Shu bois ham bizda dastlab masala ularnikidan boshqacharoq qo`yilgan:
Shekspirni o`zbek tiliga tarjima qilib bo`ladimi yoki yo`qmi?
Buyuk Shekspir o`zbeklarga tushunarli bo`ladimi yoki yo`qmi?
Shekspirni o`zbek sahnasiga qo`ysa bo`ladimi yoki yo`qmi?
Ko`rinib turibdiki, o`zbeklar Shekspirga juda ehtiyotkorlik bilan munosabatda
bo`lganlar. Chunki tarjima bilan original asar o`rtasida:
O`zbekiston – G`arbiy Yevropa (Asarda aks ettirilgan Angliya, Daniya ...);
O`zbek tili, vositachi til rus tili;
Nasroniy din muhitida yaratilgan sahna asari va sobiq ittifoq tarkibidagi o`zbeklarning musulmon mentalitetiga asoslangan millat mentaliteti;
Shekspir davri va mustaqillik davri o`zbek adabiyoti.
1989-yilda G`aybulla Salomov ilmiy rahbarligida Karomatxon
Karomatova tomonidan “Leytmotivы tragedii U.SHekspira «Makbet» u uzbekskix perevodax” nomli dissertatsiya himoya qilindi10. Tadqiqotning dastlabki bobida Shekspir asarlari tili, uning o`zbek tiliga tarjima qilinishi tarixi borasida ham fikr yuritiladi. Dissertant Shekspir asarlari lug`at xazinasiga to`xtalar ekan, uning boyligi 15 mingdan ortishini ta`kidlaydi. Tadqiqotchi o`zbek tarjimonlari J.Kamol va S. Ahmadlar tomonidan “Makbet”ni tarjima qilish tamoyillarini tahlil qiladi.
Bir so`z bilan aytganda, Shekspir asarlarini o`zbek o`quvchilariga yetkazishda tarjimonlar mashaqqatli mehnat qildilar. Ularning zahmatli ishlaringa xolis baho berish tarjimashunoslik fanining dolzarb vazifalari sirasiga kiradi.
Кароматова К. “Лейтмотивы трагедии У.Шекспира «Макбет» у узбекских переводах”.АКД.
– Ташкент, 1985. 20.с.
26
Nihoyat, o`zbek kitobxonlariga Shekspir bevosita asliyatdan ham o`girilib, taqdim etildi. Buni taniqli o`zbek tarjimoni, O`zbekston xalq shoiri Jamol Kamol amalga oshirdi. U buyuk ingliz dramaturgining “Hamlet”, “Otello”, “Makbet”, “Antoniy va Kleopatra”, “Afinalik timon” asarlarini ingliz tilidan tarjima qilib nashr ettirdi11. Kitobga O`zbekston Fan Arbobi, professor G`.Salomov va professor B.Nazarovlar kirish so`zi yozishgan. Tarjima nashriga ingliz tilinining bilimdonlari bo`lgan taniqli tilshunos, tarjimashunos va adabiyotshunoslardan professor
A.Abduazizov, D.Nuritdinova, dotsent K.Karomatova, tarjimonlar Q.Mirmuhammedov, N.Komilovlar rasmiy taqrizlar yozishgan. So`zboshi muallfilari tarjimon Jamol Kamolning asarni asliyatdan o`girishga qanday qilib kirib kelganligi va bevosita tarjimaning mashaqqatli odimlari borasida jumladan shunday deydilar: “ Biroq, tarjimon oldida o`tib bo`lmas, ulkan bir g`ov bor edi. Axir u Shekspirning lisoni – ingliz tilini bilmaydi-ku! Nima bo`pti, Hozirgacha qilib kelinganidek, Shekspirni ruscha tarjimalaridan o`giraveradi. Avvaliga u ham shunday qildi, rus tilidan o`girdi. Lekin ish bir joyga etkanda shu narsa ma`lum bo`ldiki, Shekspirday buyuk zotni tarjima qilish uchun ingliz tilini bilish mutlaqo shart ekan. Tiyran va zahmatkash shoir Jamol Kamol Shekspir bilan asrlar osha adabiy muloqotda bo`lish uchun til o`rganishga kirishib ketdi. Ingliz tili bo`yicha muayyan bilim va malakaga ega bo`lgach, “Hamlet”, “Makbet”, “Antoniy va Kleopatra” asarlari tarjimalarini inglizcha asliga qiyoslab, ularni satrma-satr qiyoslab chiqdi. “Otello”, “Afinalik Timon” fojealarini bevosita inglizchasidan o`girdi”12.
So`zboshida ustozlarning kuzatishlaricha, tarjimaviy-lisoniy tahsilning o`ziga xos mashaqqatlari bilan birgalikda, o`ziga xos gashti ham borligi ta`kidlanadi. Jamol Kamolning inglizcha asliyatni o`qiy olishi va natijada tamomila yangi bir ruhiy olam uning ko`z oldida jilva ko`rsatganligi aytiladi. Ma`lumki, Shekspirning ustozi bo`lgan Kristofer Marlo ingliz tilida dramatik asarlar yaratishda
Вильям Шекспир. Отелло. Жаҳон адабиёти дурдоналари туркумидан. Инглиз тилидан Жамол Камол таржимаси. – Тошкент: Ғафур Ғулом номидаги адабиёт ва санъат нашриёти, 1991 йил. 780 б.
Саломов Ғ., Назаров Б. Шекспир даҳоси билан юзма-юз. Сўзбоши. / В.Шекспир. Отелло. – Тошкент: Ғафур Ғулом номидаги адабиёт ва санъат нашриёти, 1991.
27
erkin she`r sistemasini birinchilardan bo`lib tadbiq qila olgan. Shekspir esa ustozi an`analarini davom ettirdi. Erkin vaznda yozilgan asliyatni rus tarjimonlarining ko`pchiligi o`zgartiraverganlar, xatto qofiyasiz o`girganlar. Ammo Jamol Kamol buyuk ingliz dramaturgi ijodini qofiya bilan, qolaversa uning jarangini saqlab qoladigan vazn bilan o`girdi. Bu juda katta mashaqqat va mahorat talab qiladigan jarayon ekanligi tabiiy.
Jamol Kamolning til o`rganishdan orttirgan yana bir qtor yutuqlari shu bo`ldiki, Shekspirni tarjima qilishda u vositachilik ta`siridan qutuldi. Bevosita tarjima qilishga shahdam kirishildi. G`.Salomov ta`biri bilan aytganda “langar tashlandi”. Vilyam Shekspir asarlarini bevosita ingliz tilidan tarjima qilish borasida adabiyotimizda birinchi dadil qadam qo`yildi. Buning natijasi o`laroq daho san`atkorning bir necha o`lmas asarlari o`zbek o`quvchisiga yangicha chiroyda o`zini ko`rsatdi.
Jahon so`z san`ati durdona asarlarining o`zbek tilida jaranglashi – vatan adabiyotining yutug`i. Ayni jihatdan biz har qancha faxrlansak arziydi. Chunki dunyoga mashhur asarlarning asosiy qismi allaqachon xalqimizning ma`naviy mulkiga aylanadi. Bu borada O`zbekiston xalq shoiri, serqirra va sermahsul tarjimon Jamol kamolning xizmatlari beqiyos. U bir necha tarjimon umri bo`yi qila olishi mushkul bo`lgan keng ko`lam va katta miqyosdagi tarjimalarni bir o`zi amalga oshirdi – Shekspirning 30 ga yaqin alohida asar va 20 dan ortiq she`rlarini o`zbekchalashtirdi.
Albatta, Jamol Kamol serqirra iste`dod sohibi – u elimiz ardog`idagi hassos shoir, u – nuktadon adabiyotshunos olim, filologiya fanlari nomzodi, u – keng qamrovli va sermahsul tarjimon. U bu sohalarning barchasida ham e`tiborga sazovor yutuqlarga erishgan. Lekin salmog`i va ahamiyatiga ko`ra tarjima uning ijodiy faoliyatida etakchi o`rin tutadi.
Jamol Kamol badiiy ijodda faqat lirik turda ijod qilgan – she`ru dostonlar, g`azalu ruboiylar yozgan shoir bo`lsa, tarjimada uning yangidan – yangi qirralari
28
namoyon bo`lib, ham shoir, ham nosir, ham dramaturg sifatida she`riy, nasriy va dramatik asarlarni birday mahorat bilan tarjima qilib kelmoqda.
Jamol Kamolning aksariyat tarjimalari ana shunday yuksak saviya va go`zal darajada bo`lib, ular allaqachon o`zbek xalqining ma`naviy mulkiga aylanib ulgurgan, milliy adabiyotimizning oltin fondidan joy olgan. Hozirgi o`zbek adabiyotini Jamol Kamol tarjimalarisiz tasavvur etib bo`lmaydi.
Jamol Kamol tarjimalari janr jihatidan ham chegaralanmagan – u roman, qissa, hikoyat, drama, doston, g`azal, ruboiy, sonet, ertak, rivoyat kabi ko`plab
janrdagi asarlar tarjimasida qalamini sinab ko`rib, ularning barchasida muvaffaqiyatga erishgan.
Albatta, Jamol Kamol tarjimalari bir qator kamchiliklardan ham xoli emas. Aytaylik, arab – fors so`zlari, forsiy ibora – izofalarning ba`zida me`yoridan ortiq qo`llanishi, matnni birmuncha erkin talqin qilish, gohida asliyat ma`nosini to`liq aks ettirishdan ko`ra tarjimaning o`zbek tilida jaranglab chiqishi uchun intilish, ma`noga taqaluvchi ayrim xato–kamchiliklar, goh–goh misralarning tushib qolishi, tasavvuf istilohlari ifodasi bilan bog`liq qator qusurlar, ba`zan milliy bo`yoqning haddan tashqari quyuqlashib ketishi, Jamol Kamol tarjimalarining salmog`i, qaysi tillar va adabiyotlar, qaysi janrlar va uslublardan amalga oshirilganligi xususida umumiy ma`lumot berib, tarjimonlik mahoratining ayrim qirralarigagina to`xtalib o`tdik.
Maqsud Shayxzoda va Jamol Kamol sharofati bilan biz bugun dunyoga mashhur tragediyani o`zbek tilida ham mutolaa qilish imkoniyatiga egamiz. Maqsud Shayxzoda ushbu tragediyani vosita til − rus tilidan o`girgan bo`lsa, Jamol Kamol bevosita ingliz tilidan tarjima qilgan. Maqsud Shayxzoda rus tilidan tarjima qilgan bo`lsa-da, asliyatdagi ruhni his eta olgan va uni tarjimada qayta yarata olgan. Ikkala tarjimani tahlil qilar ekanmiz, har ikkala tarjimon ham o`z tarjimalarida Shekspir davri nafasini tuya olishgani, o`girish jarayonida bunga katta ahamiyat berishganiga guvoh bo`lamiz. Zero, bir tildan ikkinchi bir tilga tarjima qilish bu-asliyatni aynan
29
takrorlash emas, balki uning asosiy qiymati to`g`risida to`la tasavvur yaratishdan iboratdir. Yaxshi tarjimon shunga intiladi. Buni tarjima imkoniyati ko`tara oladi. Badiiy tarjimaning san`at sifatidagi mohiyati ham ana shunda.
Do'stlaringiz bilan baham: |