Hiqildoq IV-VI bo'yin umurtqalari ro'parasida joylashgan. U old tomondan til osti suyagi muskullari va teri, yon tomondan qon tomirlari va nerv tolalari hamda qalqonsimon bez bilan chegaralangan. Hiqildoq havo o'tkazuvchi nafas yo'li vazifasini bajarishdan tashqari, u tovush hosil qiladigan ovoz apparati hamdir. Uning ichki qavati tuldi shilimshiq pardadan iborat, devori esa tog'ay va muskullardan tashkil topgan. Ichki qavatining o'rtasida tovush boylamlari va muskullari joylashgan bo'lib, ularning harakati, qisqarishi va bo'shashishi natijasida ovoz teshiklari ochilishi yoki yopilishi orqali tovush hosil bo'ladi. Hiqildoq uzuksimon, qalqonsimon, hiqildoq usti kabi uchta yirik tog'aydan va uch juft mayda tog'aydan tashkil topgan. Hiqildoqda uch guruh muskullar bo'lib, ularning bir guruhi tovush teshigini kengaytiradi, ikkinchi guruhi toraytiradi, uchinchi guruhi tovush boylamlarini taranglashtiradi. Hiqildoqdan havo uning pastki qismiga tutashgan nafas yo'liga, ya'ni kekirdakka o'tadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |