VATAN KABI AZIZ TIMSOL
Mamlakatimiz parlamenti 1992 yil 2 iyulda qabul qilgan “O‘zbekiston
Respublikasining Davlat gerbi to‘g‘risida”gi Qonunda Davlat gerbi mustaqilligimiz
ramzi ekani huquqiy asosda mustahkamlab qo‘yilishi bilan birga, uning qanday
ko‘rinishga egaligi yaqqol ifodalab berilgan.
Davlatimiz gerbida xalqimizning tarixi, buguni va kelajagi o‘z aksini topgan.
Unda tog‘lar, daryolar va so‘l tomoni bug‘doy boshoqlaridan, o‘ng tomoni esa
chanoqlari qiyg‘os ochilgan go‘za shoxlaridan iborat chambarakka o‘ralgan, gullagan
vodiy uzra quyosh zarrin nurlarini sochib turadi.
Gerbning yuqori qismida sakkizburchak, uning ichki qismida yarim oy va
yulduz, markazida Humo qushi tasvirlangan. Pastki qismida yurtimiz Davlat
bayrog‘ini ifoda etuvchi chambarak tasmasiga “O‘zbekiston” deb yozib qo‘yilgan.
Biz uchun suyuk va buyuk ana shu yorqin tasvirdagi har bir chiziq, har bir
rang, har bir belgida muayyan ramziy ma’nolar mujassam.
Gerbda o‘z ifodasini topgan jannatmonand diyorimiz husn-tarovatiga ishorat
etuvchi manzaralar-tog‘, daryo, bug‘doy boshog‘i, go‘za va chanoqlar xalqimizning
tinchlik, yaxshilik, baxt-saodat, farovonlik yo‘lidagi orzu-umidlari ifodasi, quyosh,
yarim oy, yulduz- jamiyatimiz jipsligi belgisi, shuningdek, omad, himmat,
olijanoblik, erksevarlik va fidoyilik ramzi bo‘lgan afsonaviy Humo qushi- bularning
barchasi millatimiz, xalqimiz hayoti, tarixi, ruhiyati va an’analari bilan chambarchas
bog‘liq timsollardir.
Gerbimizda markaziy o‘rin tutuvchi Humo qushi ramzini olib ko‘raylik.
Manbalarga qaraganda, xalqimiz Humoni azaldan davlat qushi sifatida tasavvur qilib
kelgan. Zaminimizda necha ming yillar ilgari paydo bo‘lgan afsonalarda Humo
go‘zal qush qiyofasidagi baxt, taqdir va badavlatlik timsoli hisoblangan.
Shu ma’noda, O‘zbekiston xalqlarining shon-sharafi, g‘ururi, tarixiy xotirasi va
intilishlarini o‘zida mujassamlashtirgan Gerbimiz jonajon Vatanimizning betakror
timsoli, o‘ziga xos va o‘ziga mos davlat ramzlaridan biri bo‘lib qolgani bejiz emas.
Davlat gerbi tasviri muhrlarda va davlat idoralari maxsus bosma qog‘ozlarida,
rasmiy nashrlarda, qog‘oz va tanga pullarda, qimmatli qog‘oz va obligatsiyalarda,
fuqarolik pasportlarida hamda qonunda belgilangan boshqa o‘rinlarda aks ettirilgan.
Mamlakatimizda davlat ramzlari, shu jumladan, Davlat gerbi ham qonun bilan
muhofaza qilinadi. “O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi to‘g‘risida”gi
Qonunda belgilanganidek, O‘zbekiston fuqarolari, shuningdek, O‘zbekistonda
istiqomat qiladigan boshqa millat vakillari O‘zbekiston Respublikasining Davlat
gerbini hurmat qilishlari shart.
Davlat ramzlariga bo‘lgan munosabatimiz, birinchi galda, shu ramzlar
to‘g‘risidagi qonunlarni puxta o‘rganish va ularga so‘zsiz amal qilishimizda yanada
yaqqolroq namoyon bo‘ladi.
Davlat gerbining takrorlanayotgan tasviri, uning katta-kichikligidan qat’i
nazar, qonunda tasdiqlangan tasvirga mos bo‘lishi kerak. Bu, o‘z navbatida, Gerbni
nafaqat o‘rnatish yoki tasvirini tushirish, balki targ‘ib etish jarayonida ham uni qabul
qilingan tasnif asosida to‘g‘ri talqin etishni taqozo qiladi.
37
O‘zini mana shu tabarruk zamin fuqarosi deb bilgan, o‘z mamlakati, xalqi bilan
cheksiz faxrlangan har bir inson gerbimizni, shu singari boshqa bebaho ijtimoiy-
siyosiy qadriyatlarimiz bo‘lgan davlat ramzlarini Vatanimiz kabi aziz va muqaddas
deb e’tirof etishi, e’zozlashi tayin.
Hamyurtlarimizning Vatan timsollarini bunday e’zozlashi, Prezidentimiz Islom
Karimov aytganidek, o‘zining qadr-qimmatini, o‘z mamlakatiga va shaxsan o‘ziga
bo‘lgan ishonchni mustahkamlash, demakdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |