O’rganiladigan bo’shliqichlilarning sistematik o’rni
Tip Bo’shliqichlilar – Coelenterata
Sinf Ssifomeduzalar – Scyphozoa
Turkum Ildizog’iz meduzalar – Semaeostomeae
Tur Dengiz laganchasi – Aurelia aurita
Sinf Marjon poliplar – Anthozoa
Kenja sinf Olti nurlilar – Hexacorallia
Turkum Aktiniyalar – Actinaria
Tur Aktiniya – Actinia eguina
Umumiy tushunchalar
Dengiz laganchasi. Dengiz laganchasi shimoliy dengizlardan tortib tropik dengizlargacha keng tarqalgan. Ayrim zonalarda ular juda katta to’dalarni hosil qiladi. Uning soyabonsimon yoki qung’iroqsimon tanasini diametri 15-30 sm ga teng bo’ladi. Ba’zi dengizlarda ular ancha yirik (40 sm gacha) bo’lishi ham mumkin. Tananing aylanma chetida juda ko’p (yuzlarcha) sonda paypaslagichlar joylashgan. Paypaslagichlar oralig’ida 8 ta qirg’oq tanachalari-ropaliyalar bo’lib, ular muvozanat saqlash, ko’rish funksiyalarini bajaradi.
Meduzalarning tanasi ektoderma va endoderma qavatlardan iborat. Ushbu qavatlar orasida ancha qalin strukturasiz massa-mezogleya joylashgan. Ektodermani hosil qiluvchi epiteliy hujayralari yassi yoki to’rt burchak shaklda. Muskul tolachalari soyabon chetida halqalar ko’rinishida joylashgan bo’ladi.
Soyabon ostining markaziy qismida to’rtta og’iz oldi kurakchalari, ularning o’rtasida to’rtburchak shakldagi og’iz joylashgan. Og’iz oldi kurakchalari va soyabon atrofidagi paypaslagichlarda otuvchi hujayralar ko’p bo’ladi. Tomoq qisqa bo’lib, u oshqozonga qo’shiladi. Oshqozon gastrovaskulyar sistemasining markaziy organi hisoblanadi. Oshqozon bir-biridan parda bilan ajralgan 4 ta cho’ntakcha hosil qiladi. Cho’ntakchalarda juda ko’p otuvchi va bezli hujayralarga ega bo’lgan gastral ipchalar bo’ladi. Oshqozon cho’ntakchalaridan 8 ta shoxchalar hosil qiluvchi va 8 ta shoxlanmaydigan radial kanallar boshlanadi. Ular tana qirg’og’idagi aylanma kanalga qo’shiladi. Barcha kanallarning ichki yuzasi kiprikli hujayralar bilan qoplangan. Ushbu kiprikchalarning harakati tufayli suv va oziqa moddalari gastrovaskulyar sistemasi bo’ylab doimo oqib turadi. Oziq shoxlanmaydigan kanallar orqali oshqozondan halqasimon (aylanma) kanalga, shoxlanuvchi kanallar orqali esa, aksincha, teskari tomonga harakat qiladi. Shundan ko’rinib turibdiki, gastrovaskulyar sistemasining kanallari hayvonning katta hajmli tanasini oziqa bilan ta’minlaydi, suv bilan birga kirgan kislorod hisobidan nafas oladi va qoldiq mahsulotlar suv bilan birga tanadan chiqarib turiladi.
Ris 36. Ssifoid meduzalar – Aurelia aurita
1 – og’iz, 2 – ropaliya, 3 – og’iz bo’laklari, 4 – halqa nay, 5 – radial naylar,
6 – paypaslagichlar, 7 – jinsiy bezlar
Ssifomeduzalar, jumladan aureliya meduzasi ham ayrim jinsli. Ikki juft (4ta) jinsiy bezlar endodermada, ikkinchi tartibdagi radial kanallar ostida joylashgan. Jinsiy bezlarda jinsiy hujayralar yetilgandan so’ng radial kanallar devori yemiriladi va ular
Ris 37. Ssifoid meduzani tuzilish sxemasi (yon tomondan ko’rinishi)
1 – og’iz oldi kurakchalari, 2 – og’iz, 3 – paypaslagichlar, 4 – ropaliyalar, 5 – halqa nay, 6 – radial naylar, 7 – gonada, 8 – gastral iplar, 9 – oshqozon, 10 – eksumbrella, 11 – subumbrella, 12 – mezogleya.
Rasm 38. Ssifoid meduzalarning rivojlanishi.
1 – tuxum, 2 – planula lichinkasi, 3 – ssifistom polipi, 4 – kurtaklanayotgan ssifistom, 5 – ssifistomning ko’ndalang bo’linishi, 6 – yosh meduza efiri, 7 – yetuk meduza
gastrovaskulyar sistemasiga o’tadi. Undan oshqozonga, og’iz orqali suvga chiqariladi. Tuxum suvda urug’lanadi. Lekin dengiz laganchasi aureliyada tuxumlar og’izdan chiqib, og’iz oldi kurakchalarining xonalariga tushadi va usha joyda urug’lanadi. Urug’langan tuxum hujayrasi maydalanib, blastula va gastrula bosqichlarini o’tab, usti kiprikchalar bilan qoplangan planula lichinkasini hosil qiladi. Planula kiprikchalari yordamida ma’lum vaqt suvda suzib, keyin suv tagiga cho’kib, o’troq yashovchi ssifistomaga aylanadi. Uning tanasini ustki aylanma qirg’og’ida avval 4 ta, keyinroq 8 ta va oxiri 16 ta paypaslagich hosil bo’ladi.
Ssifistoma kurtaklanish yo’li bilan ko’payib, yangi ssifistomalarni hosil qilishi mumkin yoki tanasining ko’ndalangiga bo’linishidan halqasimon bo’g’inlar paydo qiladi va tana bir necha halqalardan iborat strobilaga aylanadi. Halqalar birin-ketin strobiladan ajralib, tuzilishi meduzalarga o’xshash efir deb ataluvchi bosqichni hosil qiladi. Efir biroz vaqt suvda suzib, keyin meduzaga aylanadi. Ushbu meduza o’sib, rivojlanib, jinsiy ko’payuvchi avlodga aylanadi. Shunday qilib aureliyada va boshqa barcha ssifomeduzalarda jinsiy ko’payuvchi meduzalar va jinssiz ko’payuvchi ssifistoma avlodlari gallanib turadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |