M uammoli va mantiqiy nazorat savollari
Pedagogik faoliyatda informatika o’qituvchisining roli qanaqa bo‘lishi lozim?
Pedagogik faoliyat va pedagogik mahorat tushunchalarini farqli va bog‘liqlik tomonlarini tushuntirib bering!
Informatika o‘qituvchisining pedagogik faoliyati boshqa fan o‘qituvchilarining pedagogik faoliyatidan qanday faq qiladi?
Pedagogik va axborot texnologiyalari integratsiyasi deganda nimani tushunasiz? Misollar keltiring!
Informatika o‘qituvchisining o’quv-tarbiya faoliyati bilasn tashkiliy boshqaruv faoliyatiga nimalar kiradi?
Informatika o‘qituvchisining o’quv-tarbiya faoliyati bilasn tashkiliy boshqaruv faoliyati bir-biridan qanday farq qiladi? Nima uchun?
Informatika o‘qituvchisining o’quv jarayonini boshqarishi deganda nimani tushunasiz?
Informatika o‘qituvchisining kar’yerasi nima va u qanday shakllantiriladi?
2-mavzu. TA’LIM JARAYONIDA INNOVATSIYALAR, TASNIFI, SAMARADORLIK MEZONLARI
Reja
2.1.Innovatsion pedagogik faoliyat, uzluksiz ta’lim tizimida informatika o‘qituvchisining innovatsion pedagogik faoliyati
2.2.Informatika o‘qituvchisining innovatsion faoliyatga tayyorligini shakllantirish vositalari: innovatsion o‘quv-biluv faoliyati, maxsus kurslar, malakaviy amaliyot
2.1.Innovatsion pedagogik faoliyat, uzluksiz ta’lim tizimida informatika o‘qituvchisining innovatsion pedagogik faoliyati. Innovatsiya (inglizcha innovation-in-kiritish, novation-yangilik, yangilik kiritish)-maqsadga qaratilgan o‘zgarishlar bo‘lib, alohida olingan bir tizimni sifat jihati bo‘yicha bir holatdan boshqa yangi holatga o‘tkazish, uni tubdan takomillashtirish, degan ma’noni anglatadi [37].
Hozirgi kunda “Innovatsiya” atamasining ta’rifini turlicha talqin etishmoqda. Innovatsiya-bu pedagogik haqiqatning mumkin bo‘lgan o‘zgarishlarning shunday mazmuniki, u ta’lim va tarbiyaning avvaldan ma’lum bo‘lmagan, avvaldan uchramagan holat, natija, rivojlanadigan nazariyasi va amaliyotiga olib keladi. Bu holat pedagogikada to‘lig‘incha, shuningdek, uning alohida tashkil etuvchilariga ham tegishli bo‘lishi mumkin (N.R.Yusufbekova).
R.N.Yusufbekova pedagogik yangilikka o‘qitish va tarbiya berishda avval ma’lum bo‘lmagan va avval qayd qilinmagan holat, natija, rivojlanib boruvchi nazariya va amaliyotga eltuvchi pedagogik voqelikning o‘zgarib turishi mumkin bo‘lgan mazmuni sifatida qaraydi.
V.I.Zagvyazinskiy «yangi» tushunchasiga ta’rif berib, pedagogikadagi «yangi» faqatgina bu g‘oya emas, balki hali foydalanilmagan yondashuvlar, metodlar, texnologiyalar ekanligini ta’kidlaydi M.M.Potashnikning innovatsiya jarayonlari talqinlari ham e’tiborga molikdir. U innovatsiya jarayonining quyidagi tuzilmasini beradi [93]:
faoliyat tuzilmasi-motiv-maqsad-vazifa-mazmun-shakl-metodlar-metodika komponentlari yig‘indisi;
subyektiv tuzilma-innovatsion faoliyat subyektlarining xalqaro, mintaqaviy, tuman, shahar va boshqa sathlari;
mazmun tuzilmasi – o‘quv-tarbiyaviy ishlar, boshqaruv(va b.)da yangilikning paydo bo‘lishi, ishlab chiqilishi va o‘zlashtirilishi;
bosqichlikka asoslangan hayotiy davriylik tuzilmasi-yangilikning paydo bo‘lishi-ildam-o‘sish-yetuklik-o‘zlashtirish-diffuziya (singib ketish, tarqalish) – zamonaviylashtirish;
boshqaruv tuzilmasi – boshqaruv harakatlarining 4ta turining o‘zaro aloqasi: rejalashtirish, tashkil etish, rahbarlik qilish, nazorat qilish:
tashkiliy tuzilma – diagnostikalash, oldindan ko‘ra bilish, sof tashkiliy, amaliy, umumlashtiruvchi, tatbiq etuvchi.
A.Abduqodirov va A.Pardayevlar o‘z qarashlarida innovatsiyaning to‘rtta asosiy elementlari mavjudligini ko‘rsatib berganlar. Ular: kreativlik (g‘oyalarni yangilari bilan almashtirib turish), strategiya (ushbu g‘oyaning jamoa faoliyatini muvofaqiyatli rivojlantirish nuqtai nazaridan yangi va foydali ekanligini aniqlash), amalga oshirish(yangi va foydali g‘oyadan uni aniq mahsulot va xizmat ko‘rinishiga o‘tishini ta’minlash) va natijaviyligi (yangi g‘oyani amalga oshirish tufayli olingan mahsulot va xizmatlarning qiymati keskin ko‘tarilishi yoki pasayishi mumkin) [5].
Pedagogikada absolyut(mutloq) yangilik yo‘q, nisbiy yangilik(mahalliy, xususiy, shartli: amalga qo‘llanilayotganlarga ba’zi o‘zgarishlarni kiritish) va psevdoyangilik(yuzaki, mayda-chuyda ixtirochilik) bo‘lishi mumkin.
Shunday qilib informatika o‘qituvchisi o‘z innovatsion faoliyatni amalga oshirish uchun [42]:
g‘oya va fikrlarning xilma-xilligi va o‘zgarib turuvchanligiga;
yangilikni tez qabul qila olish (perseptiv qobiliyat);
ijodkorlik qobiliyati(kreativlik)ga;
o‘z-o‘zini tahlil qilishi va obyektiv baholash (refleksiflik)ga;
bag‘ri kenglik, qarama-qarshilikni adolatli bartaraf eta olishga (tolerantlik);
o‘z emotsional holatini boshqarish (rahbar, o‘quvchi, ota-onalarga nisbatan), samimiylik, boshqalarga hamdardlikka (empatiya);
yangilikni amalga oshirib, o‘z xulosa va qarorlarini chiqara olish kabi qobiliyatlarga ega bo‘lishi lozim.
Tadqiqotlardan shuni aytishimiz mumkinki uzluksiz ta’lim tizimida informatika o‘qituvchilarining innovatsiyaga munosabat bo‘yicha pedagoglarni besh guruhga bo‘lish mumkin ekan:
1-guruh: novatorlar doimo yangilikni novatorlik ruhi bilan qarshi oladilar, jasorat bilan uni qo‘llaydilar va boshqalarga ham tarqatadilar;
2-guruh: liderlar(ilg‘orlar) yangilikni qabul qilish va qo‘llashda oldinda yuradiganlar va o‘zlari istab qo‘llaydiganlar;
3-guruh: o‘rtalikdagilar, birinchi bo‘lishni ham, oxirida qolishni ham istamaydiganlar, yangilikni ko‘pchilik qo‘llaganidan keyingina qo‘llovchilar.
4-guruh: oxiridan bitta oldingilar, yangilik haqida butun jamoatchilik fikrini bilib, yangi bilan eskini o‘rtasida turib, gumonsirab, ikkilanib yangilikni qo‘llaydiganlar.
5-guruh: oxirgilar, eskilikka o‘ta bog‘lanib qolgan, yangilikni hammadan keyin qo‘llashga qaror qiladigan pedagoglar.
Innovatsion pedagogik texnologiyalar aynan ta’lim-tarbiya jarayonida talabaga muayyan fan (mavzu) bo‘yicha bilim berish va shaxsini shakllantirishga qaratilgan o‘qitishning zamonaviy usullari, texnologiyalari va vositalari majmuidir [50, 54].
Yuqorida keltirilgan besh guruhga mansub pedagoglar innovatsion pedagogik texnologiyalarni ta’lim va tarbiya jarayoniga olib kirish uchun aynan o‘z munosabatlari bo‘yicha harakat qiladilar va munosabatga mos natija oladilar.
Bizning vazifamiz bo‘lajak informatika o‘qituvchilarini tayyorlashda ularni oxirgilar, oxirgidan bitta oldindagilar yoki o‘rtalikdagilar qilib emas, ta’lim-tarbiya jarayonida innovatsion pedagogik texnologiyalarni joriy etishda liderlar va novatorlar qilib tarbiyalashimiz kerak. Liderlik va novatorlikning muhim jihatlari, ta’lim-tarbiyaning rivojlanishdagi o‘rnini ko‘rsatib berishimiz kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |