K-ey qoshingning rashki aylab xam yangi oy qomatin,
Iydi ruxsoring qilib nobud bayram ziynatin.
Utorudni xijolatda qoldirgan shoir uyga kelib, shoh marosimiga tayyorgarlik ko‘rayotgan va uni kutib o‘tirgan yorini uchratadi. YOriga o‘zi va Utorud yozgan she’rlarning matla’sini o‘qib beradi. SHe’riy musobaqadan chetda qolishni istamagan go‘zal ham qog‘oz va qalam olib, quyidagi baytni yozadi:
K-ey, yuzung zohir qilib bayram sabohi safvatin,
Anda qoshing aylabon paydo yangi oy hay’atin.
SHoir har uchala baytni Husayn Boyqaro hukmiga havola qilganda, shoh ularni ma’qullaydi va o‘zi ham ushbu matla’larga javob yozadi:
K-ey, hiloling mayli aylab toq ko‘nglum toqatin,
Jon berib, yod aylagach iydi visoling jannatin.
Shu bilan nasib va gurizgoh tugab, qasidaning asosiy qismi – madh boshlanadi. Madhda Husayn Boyqaro “shohlarning shohi” deb ta’riflanib, Navoiy o‘zi orzu qilgan surati shohu siyrati darvesh hukmdorni Husayn Boyqaro siymosida ko‘rishni istaydi. Uning adolati, saxovati, tab’i nazmi, janglardagi shijoatini baland pardalarda tasvirlaydi; tashbih, istiora, talmih, mubolag‘a san’atlari vositasida shoh timsolining betakror namunasini yaratadi. Qasidaning so‘nggi to‘rt bayti qasd (xotima)ni o‘z ichiga olib, unda shoir Husayn Boyqaroga niyat bildiradi: unga saodatli va uzoqumr tilaydi, yangi oy va hayit bayrami uning ikki qulluq qiluvchisi bo‘lishiga umid bildiradi. Qasida janrga xos aa-ba-va... tarzidagi qofiyalanish tizimiga ega, lekin ba’zi o‘rinlar, xususan Utorud, shoir, ma’shuqa va Husayn Boyqaro tilidan matla’lari keltirilgan baytlar aa shaklida qofiyalangan, bu jihat bevosita Navoiyning qasida janriga kiritgan yangiligidir.
“Hiloliya” qasidasi Salmon Sovajiyning yangi oy ta’rifida yozilgan qasidalari uslubida va Zahir Foryobiyning shu nomdagi qasidasi ta’sirida yozilgan bo‘lib, unda ramal bahrining ramali musammani mahzuf (ruknlari va taqti’i: foilotun foilotun foilotun foilun, – V – – / – V – – / – V – – / – V –) vazni qo‘llanilgan.
“Xazoyin ul-maoniy”da katta hajmli she’rlardan soqiynoma ham uchraydi. Ma’lumki, soqiynoma soqiy (may quyuvchi)ga murojaat qilib yozilgan, masnaviy shaklida qofiyalanadigan katta hajmli she’r bo‘lib, bir necha bandni o‘z ichiga oladi. “Xazoyin ul-maoniy” kulliyotida bitta soqiynoma mavjud bo‘lib, “Favoyidu-l-kibar” devoni tarkibiga kiritilgan. Alisher Navoiy soqiynomasi turli hajmdagi 32 qism(band)dan iborat. Jami 458 baytni o‘z ichiga oladi. Birinchi band hajman ancha katta (41 bayt) bo‘lib, quyidagi bayt bilan boshlanadi:
Soqiyo, tut qadahi shohona,
Qatrasi la’l vale yakdona...
Ushbu band dunyoning foniyligi, falakning bevafoligi tasviriga bag‘ishlangan. Keyingi bandlar Husayn Boyqaro va shahzodalar ta’rifi haqida. 21-bandga kelib, Alisher Navoiy o‘zining marhum ikki habibi Mirzobek va Mir Darveshni iztirob bilan yodga oladi:
Biri ham yor manga, ham farzand,
Jong‘a oromu yurakka payvand.
Biri hamsuhbatu hamdardu rafiq,
Tuqqanimdin dog‘i yuz qatla shafiq.
22-23-bandlarda Navoiyning ijodkor do‘sti SHayxim Suhayliy va u yaratgan qasidalar, 25-bandda Abdurahmon Jomiy, 26-bandda Sayyid Hasan Ardasher, 27-bandda Pahlavon Muhammadlar haqida so‘z boradi. 28-band ishq ta’rifiga bag‘ishlangan15. 29-band esa vafo ta’rifi haqida bo‘lib, shoir olam ahlida vafo yo‘qligi to‘g‘risida shunday yozadi:
Olam ahlida chu yo‘q ahli vafo,
Aylaram men dag‘i jonimg‘a jafo.
30-31-bandlar Alisher Navoiyning do‘stlari: piri Muammoiy, Xoja Kamol, Mir Sadr, YOr Tanbal, olim Sabzoriy, Mir Atoyi, Fanoyi, Osafiy Hiraviy, Binoiy, Sultonali Mashhadiy, Kotibiylar ta’rifiga bag‘ishlangan bo‘lib, Alisher Navoiy qolgan do‘stlarini “Majolis un-nafois”da zikr etib o‘tganligini ta’kidlaydi: O‘zgasin qilmadim andin mazkur,
Ki “Majolis”da erurlar mastur.
Soqiynomaning so‘nggi 32-bandi hazrat Navoiyning soqiyga murojaat qilib, uni rindlar bazmiga kiritishini so‘rab qilgan istak, iltijosi bilan boshlanib, rindlar shohi Sulton Abulg‘oziy Husayn Boyqaro ta’rifi va unga umrboqiylik tilagini bildirish bilan yakunlanadi.
Soqiynoma shoir fikrlarining yorqin ifodasi uchun xizmat qilgan o‘ziga xos uslubga ega. Har bir band soqiyga murojaat b-n boshlanish asnosida ushbu boshlanmada bandning mundarijasiga aloqador bo‘lgan imo-ishoralar ham keltirib o‘tiladiki, natijada baroati istehlol san’atining betakror namunasi vujudga keladi. Soqiynoma ramal bahrining ramali musaddasi solimi maxbuni maqtu’ yoki mahzuf (ruknlari va taqti’i: foilotun failotun fa’lun yoki failun – V – – / V V – – / – – yoki VV –) vaznida yaratilgan16.
“Xazoyin ul-maoniy” kulliyotida qit’a janri ham etakchi o‘rinni egallaydi. Qit’a (ar. “parcha”, “bo‘lak”, “qism”) 2 baytdan bir necha baytgacha hajmda bo‘lgan, faqat juft misralari qofiyalanadigan (ba , va, ga …) baytli she’r shakli hisoblanadi. Turkiy adabiyotda qit’aning ilk namunalari Nosiruddin Rabg‘uziyning “Qisasi Rabg‘uziy” asarida uchraydi17.
Qit’a, asosan, falsafiy, ijtimoiy va axloq-odob bilan bog‘liq mavzularda yaratilgan. SHuningdek, qit’a nasriy asarlarda ma’lum bir masala haqidagi fikr-mulohazalarga yakun sifatida “qissadan hissa” tarzida keltirilgan.
Alisher Navoiy qit’alarini mavzusiga ko‘ra shartli ravishda ikki guruhga ajratish mumkin:
ijtimoiy hayot masalalari aks etgan falsafiy-axloqiy mazmundagi qit’alar:
Quloqda asra garonmoya so‘zniyu fikr et
Ki, dursiz o‘lsa, ne bo‘lg‘usidur sadaf holi.
So‘zungni dag‘i ko‘ngul ichra asrag‘ilkim, hayf
Kim, uyla durjni guhardin etkasen xoliy.
Bu durju ikki sadafni to‘la dur etkanga,
Zihe uluvvi guhar, balki gavhari oliy.
muayyan davr voqea-hodisalari hamda u yoki bu guruh vakillari faoliyati haqidagi qit’alar:
Falon kotib ar xatni mundoq yozar,
Bu mansabdin ani qo‘parmoq kerak.
YUzin nomasidek qora aylabon,
Qalamdek boshin dag‘i yormoq kerak.
Kulliyotdagi qit’alarda ularning g‘oyasini ifodalovchi sarlavhalar qo‘yilgan. Masalan, yuqoridagi qit’a matnni xato ko‘chiruvchi kotiblar haqida bo‘lib, uning sarlavhasi quyidagicha:
“G‘alat bitir kotib bobida qalam surmagu qorasining g‘alatin yuziga kelturmak”.
Mumtoz she’rshunoslik mezonlariga ko‘ra, qit’ada taxallus qo‘llanilishi shart bo‘lmagan. Lekin Navoiyning ayrim qit’alarida, xususan, hajmi 7 bayt va undan ortiq bo‘lgan qit’alarda shoir taxallusi keltirilgan. Masalan, “G‘aroyib us-sig‘ar”dan 7 raqami ostida o‘rin olgan va “Qanoat naqshining ifshosiyu naqshbandiya tariqining adosi” deb sarlavha qo‘yilgan qit’a 11 baytdan iborat bo‘lib, uning so‘nggi baytida quyidagicha taxallus keltirilgan:
Bu ohang ila bo‘lg‘asen naqshband,
Navoiy, agar etsa navbat sanga.
Navoiy qit’alarida taxallus birinchi baytda keltirilganligini ham kuzatish mumkin:
Ey Navoiy, olam ahlida tama’siz yo‘q kishi,
Har kishida bu sifat yo‘qtur, anga bo‘lg‘ay sharaf.
Sen agar tarki tama’ qilsang, ulug‘ ishdur bukim,
Olam ahli barcha bo‘lg‘ay bir taraf, sen bir taraf.
Do'stlaringiz bilan baham: |