Pol Villard
Hali juda yosh bola paytim edi. Dadam uyimizga telefon
o‘rnattirdi. Qo‘ni-qo‘shnilarimiz orasidagi eng birinchi telefonlardan biri
edi u. Uyimiz devoriga mahkamlab qo‘yilgan, yuzasi silliq sayqallangan
o‘sha apparat hali-hamon yodimda. Nafis ishlangan go‘shagi uning bir
chetiga ilib qo‘yilardi. Bo‘yim hali juda kichik bo‘lganligidan bu ajib
matohga qo‘lim yetmasdi, ammo har gal onam u bilan gaplashganda
o‘zgacha bir entikish va hayrat bilan quloq solib turardim. Keyinroq esa,
bu matoh ichida g‘aroyib mitti bir ayol yashashligini bilib oldim. Uning
ismi Ma’lumot Markazi edi. U ayol bilmagan hech narsa yo‘q edi
dunyoda. Aniq vaqtdan tortib, qo‘shnilarimizning telefon
raqamlarigacha bilardi.
Bir kuni onam qo‘shnimiznikiga chiqib ketib, uyda o‘zim yolg‘iz
qolgan paytim birinchi marotaba o‘sha ayol – “chiroq ichidagi jin” bilan
suhbatlashdim. Yerto‘lada, asbob-anjomlar saqlanadigan joyda
o‘ynayotgandim. Tasodifan, qo‘limni bolg‘a bilan urib oldim. Og‘riq
kuchli edi, ammo yig‘lashning ham mavridi emasdi. Chunki yig‘lasam
meni yupatadigan, ovutadigan hech kim yo‘q edi yonimda.
Lo‘qillab og‘riyotgan qo‘limni nafasim bilan kuf-kuflagancha
uyning u yog‘idan bu yog‘iga yugura boshladim. Zina yoniga
yetganimda esa ko‘zimga bir nima yarq etib tashlandi: telefon!
Xonadagi kursichani uning tagiga surdim va bir amallab go‘shakni
ko‘tarib, qulog‘imga tutdim.
— Ma’lumot markazi, iltimos, — dedim go‘shakka qarata.
Avvaliga bir oz shig‘irlagan tovush, keyin esa tiniq va yoqimli ovoz
keldi go‘shakdan:
— Ma’lumot markazi, eshitaman!
— Qo‘limni urib oldiiim.., — ana endi ho‘ngrab yig‘lay
boshladim, chunki yig‘imni eshitadigan odam topilgandi.
— Onajoning uydami?
— Mendan boshqa hech kim yo‘q uyda, — piqilladim men.
— Qonayaptimi? — so‘radi ovoz.
— Yo‘q, — javob qaytardim men. — Barmog‘imni bolg‘a bilan
urib oldim, qattiq og‘riyapti.
— Uyingda muz solingan idish bormi? Uni ocha olasanmi?
— Ha.
— O‘sha idishdan bir oz muz olgin-da, barmog‘ingga bos, —
maslahat berdi yoqimli ovoz.
Shu voqeadan so‘ng Ma’lumot Markazi ismli ayolga har qanday
muammoimni aytib qo‘ng‘iroq qilaveradigan bo‘ldim. Bir safar,
geografiya fanidan yordam so‘rab qo‘ng‘iroq qilganimda, Filadelfiya
qayerda joylashganini aytib bergan bo‘lsa, yana bir safar esa
348
matematikadan uy vazifasini qilishimga yordam berdi. Boshqa safar esa
bog‘da tutib olgan olasichqonimni meva va yong‘oqlar berib boqishim
kerakligini aytdi.
Bir kuni uyimizdagi kanareyka o‘lib qoldi. Bundan qattiq qayg‘uga
tushdim va noxush xabarni darhol Ma’lumot Markaziga yetkazdim. U
esa kattalar yosh bolalarni yupatish uchun aytadigan odatiy gaplarni
gapirdi. Bu meni ovuntirmadi va unga savol berdim:
— Nega shunchalik chiroyli sayraydigan, hamma oilalarga
xursandchilik olib keladigan qush o‘lishi, qafasning bir chetidagi bir
uyum patga aylanib qolishi kerak?
U mening qanchalik qayg‘uda ekanimni tushundi shekilli, ohista
javob berdi:
— Yodingda tut, Pol, qushlar sayraydigan boshqa dunyolar ham
bor. Qushing o‘sha dunyolarga ketgan.
Uning bu javobi menga bir oz taskin berdi. Qayg‘u hissi bir oz
chekingandek bo‘ldi. Bir-ikki kundan so‘ng yana unga qo‘ng‘iroq
qilishga majbur bo‘ldim:
— Ma’lumot Markazi, “fix” so‘zi qanday yoziladi?
Bu voqealarning barchasi Amerikaning shimoli-g‘arbidagi kichik
bir shaharchada bo‘lib o‘tgandi. 9 yoshga kirganimda esa Bostonga
ko‘chib o‘tdik. Bolalarcha xayolimda Ma’lumot Markazi oldingi
uyimizdagi o‘sha eski telefonda yashardi hamon. Shuning uchun yangi
uyimizdagi zamonaviyroq telefonda u bilan gaplashishni xayolimga ham
keltirmadim.
Ulg‘aydim. Ana endi o‘smir yigitga aylanib, hayotga qarashlarim
ham o‘zgara boshlagandi. Ammo beg‘ubor bolaligimdagi o‘sha
suhbatlar xotirasi hech ham meni tark etmasdi. Ba’zan o‘sha notanish
ayolning kichkina bir bolaning go‘daklarcha gaplarini sabr bilan
eshitganidan,vaqtini qizg‘onmay mehribonlik bilan suhbatlashganidan
minnatdor bo‘lardim.
Oradan yana bir necha yillar o‘tdi. Kollejda o‘qish uchun boshqa
shaharga parvoz qilayotganimda, samolyotim Sietl shahri aeroportiga
qo‘nib o‘tdi. Parvoz davom etishiga yarim soatcha vaqt bor edi. O‘sha
shaharda yashaydigan singlim bilan 15 minutcha telefonda gaplashdim.
Keyin esa, o‘ylab o‘tirmay o‘z ona shahrimdagi operator raqamini
terdim. Shunda men kutmagan mo‘jiza ro‘y berdi. Go‘shakdan o‘sha
tanish, yoqimli ovoz keldi:
— Ma’lumot markazi, eshitaman.
Bunday bo‘lishini kutmagandim. Nima deyishimni bilmay:
— “Fix” so‘zi qanday yozilishini aytib berolmaysizmi? — dedim.
Oraga uzoq jimlik cho‘kdi. Va nihoyat narigi tomondan mayin ohangda
javob eshitildi:
— Barmog‘ing ham allaqachonlar yaxshi bo‘lib ketgandir?
— Bu rostdan ham sizmisiz? – xursandligimdan kulib yubordim. –
O‘sha yillari men uchun naqadar qadrdon insonga aylanganingizni
bilganingizda edi.
— Sen ham o‘sha yillari qilgan qo‘ng‘iroqlaring men uchun
qanchalik ahamiyatli bo‘lganini bilganingda edi. Mening hech qachon
farzandim bo‘lmagan. Shuning uchun qo‘ng‘iroq qilishingni har safar
intizor bo‘lib kutardim.
Men ham u ayolga uni shuncha yillardan beri unutmaganimni, har
doim eslab yurganimni aytdim. Keyingi gal kelganimda yana qo‘ng‘iroq
qilishimni ta’kidladim.
— Bajonidil qilaver, — dedi u. — Ismim Selli. Aytsang chaqirib
berishadi.
Oradan 3 oy o‘tgach, yana Sietlga qaytdim va va’da berganimdek
operatorga qo‘ng‘iroq qildim. Bu safar notanish ovoz javob berdi:
— Ma’lumot markazi, eshitaman.
Darhol Sellini so‘radim.
— Do‘stimisiz? — so‘radi u.
— Ha, juda ham eski do‘stiman.
— Buni aytayotganimdan afsusdaman, — dedi operator. — Selli
kasallanib qolgani uchun oxirgi bir necha yil faqat yarim kundan ishladi.
Besh hafta oldin esa vafot etdi.
Nima qilishimni bilmay, endi go‘shakni qo‘ymoqchi bo‘lganimda
operator dedi:
— Shoshmang, ismingiz mabodo Pol emasmi?
— Ha!
— Unday bo‘lsa Selli sizga bir xat qoldirgandi. O‘qib beraymi?
Eshiting: “Qushlar sayraydigan boshqa dunyolar ham bor. Men o‘sha
dunyolarga ketdim”.
Ko‘zlarimda yosh bilan go‘shakni qo‘ydim.
Do'stlaringiz bilan baham: |