ABU ISO MUHAMMAD AT-TERMIZIY «AL-JOME’», «ASH-SHAMOIL AN–NABAVIYA» ASARLARINING ISLOM OLAMIDAGI AHA
At-Termiziy qalamiga mansub asarlarning aksariyati bizgacha yetib kelgan. “Al-jomi’” (“Ja’mlovchi”). “Ash-shamoil an-nabaviya” (“Payg‘ambarning alohida fazilatlari”), “Al-ilal fi-l-hadiys” (“Hadislardagi og‘ishishlar”), “Risola fi-l-xilof va-l-jadal” (“Hadislardagi ixtilof va bahslar haqida risola”), “At-tarix” (“Tarix”), “Kitob az-zuhd” (“Taqvo haqida kitob”), “Kitob ul-asmo va-l-quna” (“Ismlar va laqablar haqida kitob”) kabi asarlar shular jumlasiga kiradi.
At-Termiziyning asarlari ichida eng mashhuri, shubhasiz, “Al-jomi’” bo‘lib, avval eslatib o‘tganimizdek, payg‘ambar alayhissalomga doir oltita ishonchli hadislar to‘plamlaridan biridir. Ushbu asar ilmiy adabiyot va manbalarda “Al-jomi’ al-kabir” (“Katta to‘plam”), “Al-jomi’ as-sahiyh” (“Ishonchli to‘plam”), “Jomi’ at-Termiziy” (“Termiziy to‘plami”), “Sunan at-Termiziy” (“Termiziy sunnatlari”) nomi bilan ham atalib, payg‘ambar alayhissalom hayoti va faoliyatiga doir muhim manbalardan hisoblanadi.
At-Termiziyning mashhur ta’liflaridan yana biri “Ash-shamo-il an-nabaviya” (“Payg‘ambarning alohida fazilatlari”) bo‘lib, ba’zi manbalarda “Ash-shamoil fi shamoil an-nabiy sallolohu alayhi vasallam” nomi bilan ham keltirilgan. Nomidan ham ko‘rinib turibdiki, bu asar payg‘ambar alayhissalomning shaxsiy hayotlari, u kishining suvrat va siyratlari, ajoyib fazilatlari, odatlariga oid 408 hadisi sharifni o‘z ichiga qamragan manbadir. Bu o‘rinda shuni ta’kidlash kerakki, payg‘ambar alayhissalomning fazilatlari, odatlari haqidagi hadislarni to‘plash bilan juda ko‘p muhaddislar shug‘ullanganlar va bu xildagi hadislar turli-tuman kitoblardan o‘rin olgan. Lekin at-Termiziy asarining afzalligi shundaki, u hadislarni muntazam ravishda to‘plab, muayyan tartibga solgan va yaxlit bir kitob holiga keltirgan. Muhammad alayhissalomning hayotiga doir muhim manba sifatida “Ash-shamoil an-nabaviya” qadimdan islomshunos olimlar, tadqiqotchilarning diqqatini o‘ziga tortib keldi. Arab tilida yozilgan ushbu asarga bir qancha sharhlar ham yozilgan. Shu bilan bir qatorda ushbu asarning tili ravon, uslubi g‘oyatda oddiyligini ham qayd qilib o‘tish o‘rinlidir. Asarning fors va turk tillariga tarjima qilinishi ham unga bo‘lgan qizqishning kattaligidan dalolat beradi.
“Ash-shamoil an-nabaviya”ning birinchi qismida keltirilgan hadisi shariflar payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning suvrat (tashqi qiyofa)lariga, ikkinchi qismida keltirilgan hadisi shariflar esa ichki dunyolariyu axloqiy fazilatlarini bayon qilishga bag‘ishlangan.
“Ash-shamoil an-nabaviya”ning XVI asrga oid bir qo‘lyozmasi Toshkentda, O‘zbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasida saqlanmoqda. 1980 yilda Toshkentdagi Diniy boshqarma buyurtmasi bilan “Ash-shamoil an-nabaviya”ning ushbu qo‘lyozmasi ofset uslubida nashr etilgan bo‘lib, unga qisqacha so‘zboshi O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari Diniy boshqarmasi hay’atining sobiq raisi, marhum muftiy Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxon hazratlari tomonidan yozilgan.
“Ash-shamoil an-nabaviya” so‘nggi yillarda ham Toshkentda bir necha bor nashr etildi. Bundan tashqari allomaning 1200 yillik yubileyi (1990) munosabati bilan gazeta va jurnallarda u haqida ko‘plab maqolalar chop etildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |