Mustaqil ta’lim
15. QQS dan ozod qilinadigan moliyaviy xizmatlar.
O'zbekiston Respublikasi
Adliya vazirligida
2013 yil 29 mayda 2460-son
bilan ro'yxatga olingan
O'zbekiston Respublikasi
Moliya vazirligi,
Markaziy bank Boshqaruvi
va Davlat soliq qo'mitasining
2013 yil 29 apreldagi
38, 8/1, 2013-15-sonli qaroriga
ILOVA
Qo'shilgan qiymat solig'idan ozod etiladigan moliyaviy xizmatlarga taalluqli operatsiyalar.
RO'YXATI
Mazkur Ro'yxat O'zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining (O'zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to'plami, 2007 y., 52 (I)-son) 209-moddasiga muvofiq qo'shilgan qiymat solig'idan ozod etiladigan moliyaviy xizmatlarga taalluqli operatsiyalarni belgilaydi.
1. Kreditlar, zayomlar bo'yicha foizlarni hisoblab chiqarish va undirish, kreditlar, zayomlar berish, kafilliklar (kafolatlar), shu jumladan, bank kafolatlari berish bo'yicha operatsiyalarga:
qarz majburiyatlari bo'yicha foizlar hisoblash va undirish, shuningdek har qanday zayomlar, kreditlar taqdim etish, shu jumladan, lizing shartnomasi bo'yicha kreditlash bilan bog'liq pulli xizmatlar ko'rsatish, ikki yoki undan ortiq banklar o'rtasidagi birgalikdagi bitim asosida bank sindikatiga kiruvchi banklar tomonidan sindikatlashtirilgan kreditlar (sindikatlashtirilgan kredit - bu bir necha banklar tomonidan yirik investitsion loyihalarni birgalikda kreditlash) berish. Ushbu xizmatlar o'z ichiga shartnomani rasmiylashtirish uchun hujjatlarni tayyorlash va ko'rib chiqishni (shu jumladan, arizani ko'rib chiqish, kreditga qobiliyatlilikni baholash, operatsiya bahosini (foizini) aniqlash, shartnomani tayyorlash va uni tuzish), hisobvaraq va kredit liniyasini ochish, qarzni boshqarish va unga xizmat ko'rsatish, zayomlar va kreditlardan maqsadli foydalanishni nazorat qilish, post-moliyalashtirish va kreditlar, kafillik berish, bank kafolati va lizingga xizmat ko'rsatish bilan bog'liq boshqa shunga o'xshash operatsiyalar;
kafolat (kafillik) berish bo'yicha xizmatlar uchun haq, jumladan bank kafolatini (kafilligini) berganlik uchun haq, bularga majburiyatlarni pul shaklida bajarishni nazarda tutib, o'z mijozlari va uchinchi shaxslar foydasiga berilgan bank kafolatlari (kafilligi), avallar va kafillik berish hamda bekor qilish, ko'rsatib o'tilgan kafolat (kafillik) shartlarini tasdiqlash va o'zgartirish, ushbu kafolat (kafillik) bo'yicha hujjatlarni rasmiylashtirish va tekshirish, shuningdek ushbu operatsiyalar bo'yicha post-moliyalashtirish va menejment taalluqlidir.
Shartnomalarda belgilangan stavkalar bo'yicha kreditor tomonidan olinadigan va (yoki) post-moliyalashtirish bilan bog'liq bevosita foizli daromadning o'zi, shuningdek vositachilik haqi, qarzdor tomonidan shartnomada kelishilgan sug'urta va boshqa qo'shimcha to'lovlarni qoplash, shuningdek mazkur xizmatlarni ko'rsatish munosabati bilan olingan boshqa turdagi daromadlar (shu jumladan, xalqaro moliya institutlari va chet el banklari tomonidan ajratilgan kredit liniyalaridan foydalanish hisobiga) ozod etiladi.
2. Depozitlar qabul qilish, yuridik va jismoniy shaxslarning bank hisobvaraqlarini, shu jumladan, vakil banklarda hisobvaraqlarini ochish va yuritish bo'yicha operatsiyalarga quyidagilar taalluqli:
jismoniy va yuridik shaxslar hisobvaraqlariga omonatlar qabul qilish, omonatdan omonatga summalar o'tkazish va ularni rasmiylashtirish, omonatlarni O'zbekiston Respublikasi hududidan tashqariga o'tkazish;
jismoniy va yuridik shaxslarga, tijorat banklariga bank hisobvaraqlarini ochish va xizmat ko'rsatib borish, shu jumladan, bank mijozlariga xos raqamni ro'yxatdan o'tkazish va taqdim etish, shuningdek mijozning arizasiga ko'ra hisobvaraqlarning rejimini o'zgartirish va (yoki) qayta rasmiylashtirish, mablag'larni saqlash, hisobvaraqlarni yopish, joriy hisobvaraqlar bo'yicha amalga oshirilgan operatsiyalar va hisobvaraqning holati to'g'risida hamda mijozlar hisobvarag'ini yuritish bilan bog'liq boshqa operatsiyalar to'g'risida ko'chirmalar, ma'lumotnomalar taqdim etish;
bank kartochkalari orqali naqd pulsiz hisob-kitoblarni ta'minlash, jismoniy va yuridik shaxslarning bank kartochkalariga, xalqaro valyuta bank kartochkalariga (VISA, MASTER CARD, PRIORITY PASS, American Express va boshqalar) xizmat ko'rsatish, shu jumladan, hisobvaraqni ochish va xizmat ko'rsatish, ulardan foydalangan holda barcha turdagi operatsiyalarni amalga oshirish (pul mablag'larini hisobga o'tkazish, ko'chirish va hisobdan yechish), chiqarish, qayta chiqarish, almashtirish, hisobvaraq va operatsiyalar bo'yicha tekshirish o'tkazish, PIN-kodni almashtirish, blokirovka qilish, blokirovkadan chiqarish, avtorizatsiya, tranzaktsiyalarni qayta ishlash, boshqa tashkilotlarda o'rnatilgan bank kartochkalari bo'yicha to'lovlarni qabul qilish bo'yicha terminallarga xizmat ko'rsatish hamda bank kartochkalariga xizmat ko'rsatish va hisob-kitoblar bilan bog'liq boshqa operatsiyalar;
banklararo depozitlarni taqdim etish, bankka va uning filiallariga (filiallar va boshqaruv banki o'rtasida) resurslar taqdim etish (ajratish) bo'yicha vakil banklar depozit omonatlari va filiallararo depozitlar bo'yicha operatsiyalar;
menejment (bitimlarni boshqarish va kuzatish), konsalting va axborot operatsiyalari (mijoz topshirig'iga ko'ra summalarni qidirish, mijozning boshqa bank operatsiyalari va hisobvaraqlar bo'yicha boshqa so'rovlariga asosan hisobvaraqlar bo'yicha amalga oshirilgan operatsiyalar, hisobvaraqning holati, chet el valyutasi bilan operatsiyalar bo'yicha hisobvaraqdan ko'chirmalar va ularning dublikatlarini, ma'lumotlar, tasdiqnomalar taqdim etish).
Mazkur xizmatlarni ko'rsatish munosabati bilan olinadigan foizlar, shuningdek vositachilik haqi, abonent to'lovi va boshqa shu kabi daromadlar ozod etiladi.
3. To'lovlar, o'tkazmalar, qarz majburiyatlari, cheklar va to'lov vositalari bilan bog'liq operatsiyalar, inkasso bo'yicha operatsiyalarga quyidagilar taalluqli:
amalda bo'lgan barcha turdagi hisob-kitoblar (jumladan chet el valyutasida hisob-kitoblar) bo'yicha pul mablag'larini (shu jumladan, bank kartochkalaridan foydalangan holda) o'tkazish (hisobvaraqdan hisobvaraqqa pul o'tkazish), shu jumladan, zayom va kreditlarni berishda va qaytarishda, pul mablag'larini beg'araz o'tkazishda amalga oshiriladigan to'lovlar, shuningdek istalgan boshqa har qanday mahalliy va chet el to'lovlarini, shu jumladan, ixtisoslashtirilgan to'lov tizimlari (masalan, "Raynet", "SMS-to`lov" va boshqalar) orqali amalga oshirish, shuningdek to'lovlarni qabul qilishni amalga oshiruvchi boshqa tashkilotlar (kommunal xizmati, protsessing markazlari va boshqalar) orqali amalga oshirish;
banklararo pul o'tkazmalarining maxsus xalqaro tizimlari (masalan, Western Union, Contact, Money Gram va boshqalar) bo'yicha o'tkazmalar, to'lovlar;
maxsus telekommunikatsion bank tizimlari: SWIFT, TELEX, REUTERS, VISA, MASTER CARD va boshqa shu kabilar orqali hisob-kitoblarni (to'lovlarni) o'tkazish;
inkassoga topshirilgan hujjatlarni vakil bankka jo'natish yoki qaytarish;
inkassoni ijro etish, eksport qilinadigan hujjatlashtirilgan inkasso bo'yicha hujjatlarni qabul qilish, tekshirish va jo'natish, inkasso topshirig'i shartlarini o'zgartirish yoki uni bekor qilish, hujjatlashtirilgan va boshqa akkreditivlar bo'yicha barcha operatsiyalar;
aktseptli va kafolatli-aktseptli operatsiyalar;
cheklar bilan operatsiyalar (sotib olish, sotish), shu jumladan yo'l cheklari, naqd va naqdsiz pul mablag'lariga, egasining nomi yozilgan va boshqa cheklarni inkassoga qabul qilish, avizalash, cheklarni ekspertiza qilish;
so'mli chek daftarchalariga xizmat ko'rsatish (berilgan chek daftarchasini hisobga qo'yish realizatsiya hisoblanmaydi);
banklararo to'lovlarni o'tkazish bo'yicha xizmatlar;
to'lovlar, o'tkazmalar, cheklar va boshqa to'lov vositalari hamda qarz majburiyatlari bilan boshqa operatsiyalar.
Mazkur xizmatlarni ko'rsatish munosabati bilan olinadigan vositachilik haqi, abonent to'lovi va boshqa turdagi daromadlar, shuningdek xalqaro hisob-kitoblarni amalga oshirishda mijozlarning topshirig'i bo'yicha hujjatlarni jo'natish va to'lovlarni o'tkazish bo'yicha xizmatlar uchun chet el banklari va kompaniyalari tomonidan so'zsiz tartibda bank hisobvarag'idan undiriladigan shartnoma shartlariga asosan mijozlar tomonidan qoplanadigan vositachilik haqi ozod etiladi.
4. Milliy valyuta va chet el valyutasi bilan bog'liq operatsiyalarga, numizmatika maqsadlarida foydalaniladiganlari bundan mustasno, quyidagilar taalluqli:
qonuniy to'lov vositasi hisoblangan naqd chet el valyutasi bilan konversion operatsiyalar (valyutani qabul qilish, berish, qayta hisoblash, almashtirish (chet el valyutasini milliy valyutaga va teskarisiga, bir chet el valyutasini boshqa chet el valyutasiga), sotish, sotib olish, maydalash, inkasso qilish) va eskirgan (shikast yetgan) valyutani almashtirish);
naqd chet el valyutasini olib chiqib ketishga ruxsat berish;
pul va yo'l cheklarini avizolash;
eksport-import shartnomalarini ro'yxatdan o'tkazish, hisobga qo'yish (hisobdan chiqarish) va xizmat ko'rsatish bo'yicha operatsiyalar (shartnomaning to'g'ri rasmiylashtirilganligini tekshirish va uni hisobga qo'yish, shu jumladan, Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimida ro'yxatdan o'tkazish);
eksport qiluvchi korxonalarning hisobvaraqlariga eksport tushumlarining o'z vaqtida va to'liq tushishini nazorat qilish;
eksport shartnomalari bo'yicha eksport qiluvchi korxonalar tomonidan valyuta tushumi o'z vaqtida majburiy sotilishi amalga oshirilishini nazorat qilish;
"SPOT", "SVOP" bitimlari va boshqa hosilaviy moliya vositalari bo'yicha operatsiyalar;
eksport-import shartnomalari bo'yicha amalga oshirilgan operatsiyalar to'g'risida ma'lumotnoma, valyuta kurslari to'g'risida, shuningdek milliy va chet el valyutasi bilan operatsiyalar to'g'risida boshqa ma'lumotnomalar va hujjatlar berish.
Mazkur xizmatlarni ko'rsatish munosabati bilan olinadigan vositachilik haqi va boshqa turdagi daromadlar ozod etiladi.
5. Yuridik va jismoniy shaxslarning, shu jumladan investitsion vositachilarning qimmatli
qog'ozlar depo-hisobvaraqlarini ochish hamda yuritishga doir xizmatlarga quyidagilar taalluqli:
qimmatli qog'ozlarni hisobga olish;
hujjatli qimmatli qog'ozlarni saqlash;
qimmatli qog'ozlar chiqarilganligini tasdiqlovchi hujjatlarni saqlash;
qimmatli qog'ozlarni egalarining reyestrlarini yuritish;
davlatning qimmatli qog'ozlarga bo'lgan huquqlarini, shuningdek qimmatli qog'ozlarni boshqarish bo'yicha davlat vakolat bergan shaxslarning qimmatli qog'ozlarga bo'lgan huquqlarini hisobga olish;
investitsion vositachilarni depo-hisobvarag'ini yuritish;
belgilangan tartibda qimmatli qog'ozlar bilan hisob-kitoblarni amalga oshirish;
O'zbekiston Respublikasi norezidentlari tomonidan O'zbekiston Respublikasi hududida muomalaga chiqarilgan qimmatli qog'ozlarni hisobga olish;
O'zbekiston Respublikasi rezidentlari tomonidan O'zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida muomalaga chiqarilgan qimmatli qog'ozlarni hisobga olish;
agar qonun hujjatlarida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo'lmasa, investitsion jamg'armalar tomonidan chiqarilgan va ularga tegishli qimmatli qog'ozlarga bo'lgan huquqlarni hisobga olish;
Omonatchilar yagona ma'lumotlar bazasini yuritish;
O'zbekiston Respublikasi rezidentlari tomonidan chiqarilgan emissiyaviy qimmatli qog'ozlarga xalqaro kodlarni berish;
emissiyaviy qimmatli qog'ozlar harakati to'g'risidagi axborotni to'plash va tizimlashtirish.
Mazkur xizmatlarni ko'rsatish munosabati bilan olinadigan vositachilik haqi va boshqa turdagi daromadlar ozod etiladi.
6. Qimmatli qog'ozlar (aktsiyalar, obligatsiyalar va boshqa qimmatli qog'ozlar) bilan bog'liq operatsiyalarga quyidagilar taalluqli:
qimmatli qog'ozlarni chiqarish, joylashtirish, saqlash, qimmatli qog'ozlarga bo'lgan huquqni hisobga olish, qimmatli qog'ozlarni o'tkazish hamda ularning reyestrini yuritish, qimmatli qog'ozlar savdosini tashkil etish bo'yicha operatsiyalar kiradi, ularni tayyorlash, qimmatli qog'ozlar blanklarini ishlab chiqarish bo'yicha xizmatlar bundan mustasno;
qimmatli qog'ozlar bilan bog'liq brokerlik, dilerlik, trast, anderrayting va boshqa operatsiyalar.
7. Yuridik shaxslarning, jismoniy shaxslarning qimmatli qog'ozlarni, yuridik shaxslarning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushlarni (paylarni) realizatsiya qilish bo'yicha operatsiyalarga qimmatli qog'ozlarni sotish bo'yicha operatsiyalar, shu jumladan, yuridik shaxsning o'zi tomonidan chiqarilgan, O'zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan qimmatli qog'ozlar (aktsiyalar, obligatsiyalar, veksellar va shunga o'xshashlar) mulkdorining almashinishiga olib keluvchi boshqa harakatlar, shu jumladan, repo-bitim, shuningdek yuridik shaxs tomonidan ya'ni hissa, ulush, paylar kabi o'z investitsion aktivlarini boshqa yuridik shaxsning ustav fondiga (kapitaliga) realizatsiya qilishi taalluqli.
8. Kliring operatsiyalariga quyidagilar taalluqli:
hisob-kitob-kliring palatasi mijozlaridan hisob hujjatlarini (elektron ko'rinishda) qabul qilish;
avtomatlashtirilgan ish joylaridan magnit tashuvchilardan hisob hujjatlarini kiritish (shuningdek qog'oz ko'rinishidagi hujjatlardan foydalanishga yo'l qo'yiladi);
to'lovchi - bank va oluvchi - bankning kelib tushayotgan hisob hujjatlarini hisob-kitob-kliring palatasi ma'lumotlar bazasida mavjudligini indentifikatsiya va nazorat qilish;
to'lovchi - bank hisobvarag'ida to'lanishi bildirilgan summa mavjudligini nazorat qilish;
ichki va tashqi o'tkazmalar uchun hisob-kitob-kliring palatasi mijozlariga hisobvaraqlar ochish va yuritish;
o'tkazma va keyinchalik tarqatish uchun birlamchi va natijaviy hisob hujjatlarini saralash (manzillash);
mijozlarning hisobvaraqlari bo'yicha jamlanma avizolarni shakllantirgan holda o'zaro to'lovlarni hisobga olish bo'yicha o'tkazmalar;
valyuta kursini qayta hisob-kitob qilish;
mijozlarning hisobvaraqlaridan ko'chirmalarni taqdim etish;
xizmat ko'rsatish reglamentiga asosan mijozlarning hisobvaraqlaridan ko'chirmalarni, boshqa hisobot hujjatlarini tarqatish.
9. Akkreditivlar ochish va ularga xizmat ko'rsatish bo'yicha operatsiyalarga akkreditivlar berish va akkreditivlar bo'yicha hujjatlar jildini ko'rib chiqish, ular bo'yicha boshqa banklarga tasdiqnomalar berish taalluqli.
10. Pul mablag'larini konvertatsiya qilish bo'yicha operatsiyalarga O'zbekiston respublika valyuta birjasida va ichki bank bozorida chet el valyutasini sotib olish (sotish) bo'yicha konversion operatsiyalar, shu jumladan, konvertatsiya uchun arizalarni ko'rib chiqish, konvertatsiya bilan bog'liq valyuta almashtirish operatsiyalari amalga oshirilganligi to'g'risida tasdiqlovchi hujjatlar va boshqa ma'lumotnomalar berish kiradi.
11. Chet el valyutasi bilan ayirboshlash operatsiyalarini tashkil etish operatsiyalariga quyidagilar taalluqli:
inkassoga yo'naltirish uchun naqd chet el valyutasi va yo'l cheklarini qabul qilish;
haqiqiyligi shubha keltirib chiqargan xorijiy davlatlarning pul belgilari va yo'l cheklarini ekspertizaga qabul qilish;
xorijiy davlatning to'lovga yaroqli yirik pul birligini xuddi shu davlatning mayda pul birligiga almashtirish;
xorijiy davlatning shikast yetgan pul birligini xuddi shu davlatning shikast yetmagan pul birligiga almashtirish;
bir xorijiy davlatning naqd valyutasini boshqa xorijiy davlatining naqd valyutasiga almashtirish;
yo'l cheklarini sotib olish;
O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki ruxsati bilan amalga oshiriladigan boshqa operatsiyalar.
12. Kassa operatsiyalariga quyidagilar taalluqli:
banknot, tangalar va boshqa qimmatliklarni qabul qilish, berish, qayta hisoblab chiqish, maydalab berish, almashtirish, saralash, saqlash, o'rash;
bank kartochkalari bo'yicha naqd pul mablag'larini berish.
13. Moliyaviy ijara (lizing) shartnomasi bo'yicha xizmatlar ko'rsatishga moliyaviy ijara (lizing) shartnomasining ijaraga beruvchining (lizingga beruvchining) foiz tariqasidagi daromadiga tegishli qismi bo'yicha xizmatlar taalluqli. Foizli daromad - ijara (lizing) to'lovi summasi bilan ijara (lizing) ob'ektining qiymatini qoplash summasi o'rtasidagi farq ko'rinishidagi ijara (lizing) to'lovining bir qismi.
14. Forfeyting va faktoring operatsiyalariga hujjatlar jildini ko'rib chiqish, menejment (bitimlarni boshqarish va kuzatib borish), konsalting va axborot operatsiyalari (hisobvaraqlar va boshqalar bo'yicha amalga oshirilgan operatsiyalar to'g'risida ko'chirmalarni va ularning dublikatlarini, ma'lumotnomalarni, tasdiqnomalarni taqdim etish) taalluqli.
Mazkur xizmatlarni ko'rsatish munosabati bilan olinadigan vositachilik haqi, diskont va boshqa daromadlar ozod etiladi.
15. Lombard operatsiyalariga lombard operatsiyalari bo'yicha shartnomani rasmiylashtirish uchun hujjatlarni tayyorlash va ko'rib chiqish (shu jumladan, arizani ko'rib chiqish, kreditga qobiliyatlilikni baholash, operatsiya bahosini (foizini) aniqlash, shartnomani tayyorlash va uni tuzish), hisobvaraq ochish, qarzni boshqarish va xizmat ko'rsatish taalluqli.
Shartnomada belgilangan stavkalar bo'yicha kreditor tomonidan olinadigan bevosita foizli daromadning o'zi, shuningdek shartnomada kelishilgan vositachilik haqi, qarz oluvchi tomonidan sug'urta va boshqa qo'shimcha to'lovlar ozod etiladi.
16. Jamg'arib boriladigan pensiya tizimi mablag'larining oboroti bo'yicha operatsiyalarga quyidagilar taalluqli:
fuqarolarni jamg'arib boriladigan pensiya tizimida hisobga olish;
ish davrlari (va jamg'arib boriladigan pensiya to'lovlarini oluvchi bank majburiyatlarini bajarishiga ta'sir qiluvchi o'zgarishlar to'g'risida) va hisobga olingandan keyingi ish davri uchun shaxsiy jamg'arib boriladigan pensiya hisobvarag'iga badallar to'lash miqdorlari to'g'risidagi ma'lumotlarni yig'ish;
jamg'arib boriladigan pensiya to'lovlari miqdorini belgilash va unga tuzatish kiritish jarayonini axborot bilan ta'minlash;
jamg'arib boriladigan pensiya tizimi mablag'larini investitsion va kredit resurslari sifatida, shuningdek moliya vositalariga joylashtirish.
17. Mijozlarning hisob raqamlariga banklar tomonidan elektron masofali xizmat ko'rsatish bo'yicha xizmatlar ("internet-banking", "mobil banking", "sms-banking", "bank-mijoz" tizimlari va boshqalar).
"O'zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to'plami",
2013 yil 3 iyunь, 22-son, 294-modda.
Do'stlaringiz bilan baham: |