Mavzu:Noyob va yo’qolib borayotgan hayvonlarni asrashga qaratilgan dastur va loyihalar. Reja: 1.Tabiatni muhofaza qilish uchun amalga oshirilgan tadbirlar. 2.Qizil kitoblar haqida ma’lumot. 3.Maxsus muhofaza etiladigan tabiiy hududlar. Tabiatni muhofaza qilish – bu yerdagi hayotni saqlab qolish, tabiiy boyliklardan oqilona foydalanish va qayta tiklash uchun xalqaro, davlat va mintaqaviy tadbirlar majmuyi sanaladi. Ushbu faoliyat insoniyatning hozirgi kuni va kelajak avlod manfaatlarini ko‘zlab amalga oshiriladi. Tabiatni muhofaza qilishning asosiy vazifasi o‘simlik olami va hayvonot dunyosi turlarining xilma-xilligini va genofondini saqlab qolish hisoblanadi. Tabiatni muhofaza qilish jarayonida o‘simlik va hayvonlarga majmua tarzda ta’sir qiluvchi abiotik, biotik va antropogen ekologik omillar hisobga olinsa, muhofaza samarali bo‘lishi mumkin, chunki ular atrof-muhitning ajralmas tarkibiy qismi hisoblanadi va bir-biri bilan o‘zaro uzviy bog‘langan.Yerda tabiat va insoniyatning barqarorligini ta’minlash uchun tabiatdagi mavjud bioxilma-xillikni saqlab qolish zarur.Tabiat, shu jumladan, o‘simlik olami va hayvonot dunyosini muhofaza qilish bugungi kunning dolzarb muammolaridan biri. Mazkur muammoni hal qilish uchun kuchlarni birlashtirish va davlatlararo darajada, shuningdek, davlat va jamoat tashkilotlarining hamkorlikdagi harakati talab etiladi. 1948-yil tashkil etilgan Tabiatni muhofaza qilish Xalqaro Ittifoqi (TMQXI) va 1961-yil asos solingan Butunjahon yovvoyi tabiat jamg‘armasi (WWF) ushbu maqsadga xizmat qiladi. Parijda 1970-yil o‘tkazilgan biosfera boyliklaridan oqilona foydalanish va muhofaza qilishning ilmiy asoslari bo‘yicha mutaxassislarning maxsus xalqaro anjumanining o‘tkazilishi bioxilma-xillikni mustaqil ilmiy yo‘nalishga ajratish uchun muhim qadam bo‘ldi. 1979-yil BMT Bosh Assambleyasida «Atrof-muhit bo‘yicha BMT dasturi» (YuNeP) tashkil etilgan edi. 1992-yilda BMTning Yer sayyorasi muammosi bo‘yicha Rio-de-Janeroda o‘tkazilgan Xalqaro anjumanda «Biologik xilma-xillikni saqlash» dasturi ilgari surilgan va dunyoning 179 mamlakatining hukumat vakillari tomonidan imzolangan biologik xilma-xillik to‘g‘risida Konvensiya qabul qilingan. Ushbu hujjatlarda Yer yuzida mavjud bo‘lgan barcha turlarning xilma-xilligini muhofaza qilishning Butunjahon strategiyasi ishlab chiqilgan. 2001-yildan boshlab, har yili 22-may kuni Xalqaro bioxilma-xillik kuni (International Day for Biological Diversity) nishonlanadi. Ushbu bayram nafaqat tarixiy rivojlanish natijasida vujudga kelgan bioxilma-xillikni saqlashning ahamiyati, balki uning qisqarishi bilan bog‘liq ekologik muammolarni hal etishni talab etadi. BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 2010-yil – Xalqaro bioxilma-xillik yili deb e’lon qilingan. 2010-yilda Nagoyada «2011–2020-yillarda bioxilma-xillikni saqlash va undan barqaror foydalanish sohasidagi strategik reja» Konvensiyasining qabul qilinishi ahamiyatga molik. Ushbu o‘n yillik reja doirasida barcha mamlakatlar bioxilma-xillikni saqlash va undan oqilona foydalanish chora-tadbirlari qabul qilingan. Tabiatdagi tirik organizmlar va ular tarqalgan muhit, anorganik tarkibiy qismlarning butun majmuyini muhofaza qilish zarur, ya’ni tabiatni muhofaza qilish ishiga uyg‘unlikda yondashish lozim.