21
paytida og`riq paydo bo`lishiga shikoyat qilishadi. Tish atrofi to`qimalarida esa deyarli
o`zgarishlar sezilmaydi. Tishni tukillatib ko`rganda (perkussiya) juda kuchsiz og`riq
alomatini sezish mumkin. Bunday hollarda og`rigan tish pulpa bo`shlig`i kengaytirilib
ochiladi. Toj va ildiz kovagidan tish yumshoq to`qimasi (pulpa) olib tashlanadi (ildizi
shakllanmagan tishlar bundan istisno). Ildiz kanali 3% li vodorod peroksidi, unitol
shimdirilgan paxta turundalar bilan yaxshilab yuvilib, ildiz kanaliga 4-5 kunga 5% li
yod nastoykasi va qalampirmunchok moyining 1:1 nisbatdagi aralashmasi shimdirilgan
turunda qo`yiladi. Tish kovagi suvli dentin yordamida vaqtinchalik berkitiladi. Bir
ildizli doimiy tishlar bo`yalmasligi uchun bu maqsadda kamforafenol yoki Platonov
suyuqligini ishlatish maqsadga muvofiq hisoblanadi. Tish ildizlari tukillatib ko`rish
paytida og`riq sezilmaydigan bo`lganidan keyingina plombalanadi.
Bolalarda xuddi katta yoshdagi kishilardagidek ildiz kanali plombalanayotganda
ortiqcha plombaning ildiz cho`qqisidan tashqariga chiqish hollari ham davolanayotgan
tishda og`riq paydo bo`lishiga, milk qizarib shishishiga sabab bo`lishi mumkin. Bunday
hollarda tish atrofi to`qimasiga fizioterapevtik (flyuktuorizatsiya, darsonvalizatsiya)
muolaja, ichish uchun esa analgin yoki boshqa bir og`riq koldiruvchi tabletkalar
tayinlanadi.
Ko`pgina hollarda bolalarning yiqilib tushishi, urilishi natijasida tishlarga kuchli
zarba yetkazish mumkin. Bu esa tish periodonti yallig`lanishiga sabab bo`ladi. Bunday
sharoitda dastlab shu tish pulpa to`qimasining tirik yoki o`lik ekanligini aniqlash lozim.
Buni amalga oshirish uchun EOD (elektroodontodiagnostika) usulidan foydalanib,
kasallangan tishga nisbatan simmetrik joylashgan sog`lom tish pulpasining ta’sir
etayotgan elektr tokiga nisbatan sezgirligi aniqlanadi. Bunda pulpaning elektr tokiga
nisbatan bolaning yoshiga qarab o`zgarishini nazarda tutmoq darkor sog`lom tishda
elektr tokiga nisbatan sezgirlik me’yori aniqlangandan so`ng, kasal tish sezgirligi sinab
ko`riladi. Kasal tishda sezgirlik doimiy tokka nisbatan 150 mikroamperdan past bo`lgan
taqdirda ham tish toj bo`shlig`ini ochish (trepanatsiya) uchun shoshilmaslik kerak.
Shikastlangan tish liqillab qolgan bo`lsa, uni tez qotadigan plastmassa shinalar
yordamida yonidagi sog`lom tishlarga mahkamlash zarur. Bemorga yallig`lanishga
qarshi dori-darmonlar tavsiya qilinadi. Shifokor 2-3 hafta mobaynida bemor ahvolidan
xabardor bo`lib, tishning sezgirligini EOD usuli bilan kuzatib boradi. Agarda tish
pulpasining elektr tokiga nisbatan sezgirligi sog`lom tish sezgirligi ko`rsatgichiga
yaqinlasha borsa, bu xol pulpaning tirikligidan darak beradi. Mabodo shikast yegan tish
sezgirligining pasayib borish holati qayd kilinsa, u xolda tish tojsi trepanatsiya qilib
ochilib, ildiz kanali ulgan pulpadan bartaraf etiladi. Antiseptik eritmalar bilan yuvilib,
quritilgan ildiz kanali plomba materiali bilan to`ldiriladi va tish kovagi doimiy plomba
bilan berkitiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: