Mustahkamlovchi quvurlarni quduqqa tushirish ishlari
Mustahkamlovchi quvurlarni quduqqa tushirish eng muhim va ma’suliyatli jarayon hisoblanadi. Mustahkamlovchi quvurlarning sifati, to‘g‘riligi, rezba ulanishlarining holatiga alohida ahamiyat beriladi. Quvurlarni quduqqa tushirish rejasi tuziladi va har bir ish uchun mas’ul xodim tayinlanadi. Quvurlarni quduqqa tushirishdan oldin yana bir marta shablonlanadi. Ularning boshidagi rezbasi himoyalovchi xalqalari bo‘shatib qo‘yiladi. Quvurlarni tushirish jarayonida burg‘ilash quvurlari birikmasi egilib ketmasligi uchun burg‘ilash tezligi bir meyorda ushlab turiladi. Har 200 metrda moyli eritma quyilib turiladi va eritmaning zichligi, suv ajralishi va qovushqoqligi muntazam ravishda nazorat qilinadi. Bosimning o‘zgarishi, quvurlarda yuzaga keladigan qarshiliklar, tushiriladigan quvurlarning soni yuk indikatori yordamida nazorat qilinadi.
Snaryadlarni ko‘tarishda quduqlarning chuqurligi takroran o‘lchanadi. Og‘ir quvurlar birikmasini quduqqa tushirishda tal sistemasi tolalarining soni aniqlanadi. Quvurlar birikmaga ulanganda rezbalari moy va iflosliklardan tozalanadi. Burg‘ilash dastaki boshlanib, Mexanik yoki gidravlik kalit bilan bajariladi. Kryukoblok rotor teshigi bilan nihoyatda markazlashtirilishi lozim. Ba’zan quvurlarni tik holda turishini ta’minlash uchun 9-10 m balandlikda balkon quriladi va unda yuqorigi ishchi quvurlar tikligi ta’minlanadi. Quvurlar birikmasini quduqqa tushirishda uning ichiga suyuqlik kirib turishi uchun droseli SKOD turdagi teskari klapan ishlatilsa maqsadga muvofiq bo‘ladi. Agar likopchali teskari klapan o‘rnatilgan bo‘lsa, quvurlarning og‘zidan vaqti-vaqti bilan eritma quyilib turilishi kerak. Rejada ko‘rsatilgan ma’lum miqdordagi quvurlar tushirilib bo‘lgandan keyin quduq bir oz yuviladi. Bunga oraliq yuvilish deb ataladi. Quvurlarni quduqqa tushirish ehtiyotkorlik bilan bir tekis, silkitmasdan, erkin bajarilishi lozim. Rejada ko‘rsatilgan mustahkamlovchi quvurlarni quduqqa tushirilgandan so‘ng, uning og‘ziga maxsus sementlovchi kallak o‘rnatiladi. Unga nasosli va sementlovchi agregatlarning suyuqlik yuboradigan tarmoqlari bog‘lanadi.
Burg‘ilash jarayonida minoraning yuk ko‘taruvchi mexanizmlari, arqon va tal sistemalari, qo‘shimcha asboblari hamda minora poydevorlarining sozlik holatlari burg‘ilash ustasi tomonidan muntazam ravishda tekshirib turiladi. Undan tashqari ish jarayonida talab qilinadigan quvurlar, elevatorlar, kalitlar, xomutli shtroplar, patruboklar va arqonlar ham jamlab qo‘yiladi. Tog‘ jinslarining mustahkamligi, quduq diametri va burg‘ilash usuliga qarab quvurlar birikmasi quduqqa erkin yoki majburiy ravishda tushiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |