Quduqlarga begona predmetlarning tushishi bilan bog‘liq bo‘lgan halokatlar. Burg‘ilash qudug‘i og‘zida kecha-yu kunduz har xil malakaga ega odamlar har xil asboblar va mexanizmlar bilan ishlaydi. Ularning xatosi bilan quduqqa har xil asbob va mexanizmlar tushib ketishi mumkin. Quduqqa tushib ketuvchi yirik va mayda predmetlarga burg‘ilash quvurlar birikmasi, rotor ponai, rotor tiqini (klin), PKR kalitining ponasi, AKB kaliti, bosqon (kuvalda), qo‘l asboblari, bolt, gayka, palashka va boshqa predmetlar kiradi. Burg‘ilash quvurlar birikmasini ko‘tarishda yetakchi quvur bilan rotor ponasi va tiqin birga ko‘tariladi. Rotordan chiqqan pona rotor stvoli bo‘yicha suriladi va bo‘shagan tiqin esa quduqqa tushib ketishi mumkin. Masalan: burg‘ilash quvurlar birikmasini tushirishda burg‘ilash quvuri rotorning pnevmatik tiqiniga (PKR) o‘tiradi, natijada tiqin buziladi yoki uziladi va quduqqa tushib ketadi. Burg‘ilash va mustahkamlovchi quvurlarni tushirishda quvurlar avtomatik kalit jag‘ (chelyust)lari (AKB) bilan ponalanadi. Ayrim hollarda ochiq qoldirilgan quduqlarga burg‘i, bosqon (kuvalda), kalit zanjirlari, lomlar tushib ketishi mumkin. Burg‘ilash quvurlar birikmasining quduqqa tushib ketishi halokatning eng og‘ir turlariga kiradi. Bu halokatlar burg‘ilash quvurlar birikmasining quduq devorlaridagi o‘yiq joylarga urilishidan hosil bo‘ladi. Ayrim hollarda quduqqa tushgan predmetlar quduq tubiga yetib bormasdan quduq qiyshaygan joylarda, o‘yiq va kovaklarda qisilib qolib, quduqqa tushirilayotgan burg‘ilash quvurlar birikmasi va mustahkamlovchi quvurlar birikmasining ponalanib qolishiga olib kelishi mumkin. Shuning uchun ponalab qolgan joyni aniqlash uchun tutilishni aniqlovchi asbob tushiriladi. Agar quduqdagi predmet quduq tubidan yuqorida bo‘lsa, uni quduqqa tushirish uchun maxsus burg‘i ishlatiladi. Bunda ham predmet quduq tubiga tushmasa, torpedodan foydalaniladi. Shunday qilib begona predmetlarning quduqqa tushishining asosiy sabablari quyidagilardan iborat:
- quduq og‘zida ishlatilayotgan asboblar, moslamalar va mexanizmlardan foydalanish qoidalarining buzilishi;
- buzilgan asboblarning ikkilamchi qo‘llanilishi;
- quduq og‘zida quduqqa har xil predmetlarning tushishini ogohlantiruvchi moslamalarning yo‘qligi.
Quduqqa tushgan har xil o‘lcham va shakldagi predmetlarni yer yuziga chiqarish maxsus tutish asboblari bilan amalga oshiriladi. Mayda predmetlar pauk yordamida chiqariladi. Katta predmet (rotor ponasi, AKB kalit jag‘i, quvurlar)lar quduq tubi frezerlari yordamida buziladi. Quvurlar birikmasining ponalanib qolmasligini ta’minlash uchun quduqlarni muntazam ravishda mayda predmetlardan tozalab turish talab qilinadi. Quduq tubini tozalash magnit frezeri va metall tutqichlar bilan amalga oshiriladi. Ayrim hollarda quduqqa burg‘ilash quvurlar birikmasi ham tushib ketishi mumkin. U eng og‘ir halokat hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |