2. Oqsil-yog` komplekslari. Lipoproteidlar va proteolipidlar oqsillarning yog`simon moddalar bilan hosil qilgan komplekslaridir. Yog` oqsil komplekslari erkin lipoproteidlar (sut, qon lipoproteidlari) va memrana tarkibida bo`ladigan struktura proteolipidlariga bo`linadi. Lipoproteidlar suvda eriydi. Ularning strukturasi o`ziga xos bo`lib, yog`simon komponent molekulaning ichida, sirti esa oqsil qavat bilan qoplangan. Proteolipidlarda esa aksincha, oqsil komponenti ichkarida bo`lib, sirti yog` modda bilan o`ralgan. Shuning uchun ular yog` erituvchilarda eriydi.
Lipidlarning oqsillar bilan hosil qilgan komplekslari zarrachalarining kattaligi, eruvchanligi va boshqa fizik-kimyoviy xossalari bilan farqlanadilar. Elektroforezda bu komplekslar asosan, plazma oqsillari, alfa- va beta-fraktsiyalari bilan birga siljiydi. Shuning uchun ham ular alfa- va beta- lipoproteidlar deb ataladi. Yog`lar hazm qilinib, ingichka ichakdan so`rilgandan so`ng qonda paydo bo`ladigan xilomikronlar (diametri 1 mikronga yaqin tomchilar yoki zarrachalar) ham lipoproteid kompleksidan iborat.
Lipoproteidlar kompleksida qutblanmagan triasilglitserin va xolesterin efirlari polipeptid zanjirlarining suvda eriydigan gidrofil qismlari va fosfolipidlarning qutblangan “bosh”laridan tashkil topgan parda bilan o`ralib, ular zarracha ichiga berkitilgan holatda bo`ladi. Shuning uchun lipidlarga boy bu tuzilma suvda erish qobiliyatiga ega va yog` moddalarini ingichka ichakdan yog` depolariga va boshqa to`qimalarga qon orqali tashish uchun qulaydir.
Qon plazmasi lipoproteidlari xilomikronlardan tashqari uch asosiy guruhga bo`linadi: zichligi juda past lipoproteidlar (ZJPLP) – pre-beta-lipoproteidlar, zichligi past lipoproteidlar (ZPLP) – beta-lipoproteidlar va zichligi yuqori lipoproteidlar (ZYLP) – alfa-lipoproteidlar.
Xilomikronlar, pre-beta-lipoproteidlar va beta-lipoproteidlarda oqsilning miqdori 30% dan kam, alfa-lipoproteidlarda esa 50% oqsil bo`ladi. Alfa-lipoproteidlarda o`ramli, beta-lipoproteidlarda esa qatlamli konfiguratsiyaga ega oqsillar bo`lishi taxmin etiladi. Lipoproteidlarning tasnifi lipoproteid kompleksining zichligiiga asoslangan. Zichlik birligi esa o`z navbatida oqsil va turli lipidlarning nisbatiga bog`liq. Lipidlarning miqdori qancha ko`p bo`lsa, lipoproteidlarning tig`izligi shuncha past va ular qon plazmasini katta tezlikda sentrifugalash davomida shuncha tezlik bilan yuqoriga suzib chiqadilar.
Keyingi vaqtlarda tibbiyotda qon plazmasi tarkibida lipoproteidlar fraktsiyalarining miqdorini aniqlashga katta ahamiyat berilmoqda. Chunki, juda ko`p dalillar asosida ateroskleroz nomli og`ir va keng tarqalgan yurak-tomir kasalligini paydo bo`lishi qonda ZPLP miqdorining kamayishiga bog`liq degan fikr tasdiqlanmoqda. Plazma lipidlari tarkibidagi o`zgarish xolesterin va uning efirlarini qon tomirlarining ichki yuzasida o`tirib qolishiga sabab bo`ladi.
Struktura lipoproteidlari biologik membranalar tarkibiga kiradi. Ularning fizik-kimyoviy xossalariga ko`ra proteolipidlar deb ataladi, chunki ular qutbsiz erituvchilar (xloroform-metanol 1:1 aralashmasi) da eriydi. Proteolipidlarning bunday xossaga ega bo`lishining sababi ular molekulasining ichki qismini oqsil, qobig`ini esa lipid komponenti tashkil etadi. Ular tarkibidagi oqsillar 65-85% dan iborat. Proteolipidlar yurak, buyrak, o`pka, skelet muskullarida, o`simlik hujayralarida, ko`proq nervlarning miyelinli qobiqlarida aniqlangan. Turli organlardagi proteolipidlar tarkibi turlicha. Ular nerv tolalarining fiziologik vazifalarini ta’minlashda va moddalarni o`tkazilishida ishtirok etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |