2.1. Chin yashil suvo’tlarning tartibi va ayrim vakillari.
1.Volvokslar tartibi — Volvocales
Bu tartibga mansub yashil suvo‘tlar monad, ya’ni xivchinli, bir hujayrali, koloniyali va senob organizmlar bo‘lib, vegetatsiya davrida harakatchan.Volvokslar tartibining tipik vakili bir hujayrali xlamidomonadadir. Xlamidomonadaning ko‘pgina turlari ko‘lmak suvlarda, ariqlarda, xususan organik moddalarga boy hovuzlarda, suv omborlarida, ba’zan akvariumlarining devorlarida o‘sadi. Bularning ko‘payish vaqtida ba’zan suv yashil rangga bo‘yaladi. Hujayrasi ellipsoid shaklda, hujayra po‘sti protoplastga zich yopishgan. Protoplast bitta yadro va kosachasimon xromatoforaga ega. Xromatoforida pirenoid bo‘ladi. Xromatofori ichida stigma deb ataluvchi qizil ko‘zcha joylashgan. Qisqaruvchan vakuola hujayraning old qismida o‘rnashgan.
Suv havzalari qurib qolgan vaqtda xlamidomonadalar xivchinlarini tashlab, harakatdan to‘xtaydi, po‘sti shilimshiqlanib, parda xosil qiladi, hujayra atrofini o‘raydi. Xlamidomonadalarning hujayralar protoplasti bo‘linishi va shilimshiqlangan yosh hujayralarning harakatlanmasligi natijasida yashil hujayralar uyumi hosil bo‘ladi. Bu holatga palmelloid deyiladi. Palmelloid holatdagi xlamidomonada hujayralarida harakatchan vakuola va qizil ko‘zcha saqlanadi. Suvga tushishi bilan yosh hujayralar rivojlanib, monad hujayraga aylanadi. Ammo, hamma xlamidomonada turlarida palmelloid holatdan monad shaklga o‘tish bir xil emas. Masalan, Ch. Klenii ning ko‘pchilik hayoti palmelloid holda o‘tadi.
Xlamidomonadalarga yaqin turkum Carteria dir. Ularning hujay-rasidagi xivchin to‘rtta. Xlorogonium Chlorogonium turkumi vakillari urchuqsimon shaklda bo‘lib, ikkita xivchinga ega. Gematokokk (Haemotoccus) turkumi turlari hujayrasining ichki qismi kuchli shilliqlanishi bilan xarakterlanadi. Po‘stidagi radial kanalchalar orqali tashqi muhit bilan bog‘lanadi.
Xromatoforalari kosachasimon yoki to‘rsimon, pirenoidlari ikkita yoki ko‘p bo‘lishi mumkin. Hujayrasida qizil ko‘zcha, harakatchan vakuola, yadro va ikkita xivchini bo‘ladi (1-rasm, A). Gematokokk osonlik bilan palmelloid holatga o‘tadi shuning uchun hujayra dastlab yumaloq shaklga kiradi, keyin usti qalin po‘st bilan o‘ralib, hujayra ichi, astoksantin bilan to‘ladi va sistaga aylanadi (1-rasm, B). Sista quruqqa chidamli bo‘lib, suvli muhitga tushishi bilan zoosporalar hosil qiladi (1-rasm, V). Ma’lum vaqt o‘tgandan keyin, qulay sharoitda sista devori yirtiladi va zoosporalar suvga chiqib harakatlanadi, o‘sib yangi individga aylanadi. Hujayra ichidagi astaksantin asta-sekin yo‘qolib, yashil rang beruvchi xromatofor paydo bo‘ladi. Qizil rang bir necha nasl davomida, hujayraning o‘rta qismida saqlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |