KIRISH.
Mavzuning dolzarbligi. Eron hududida odamzod ilk paleolit davridan yashaydi. Eronliklar toʻgʻrisidagi dastlabki maʼlumotlar Ossuriya yozma yodgorliklarida keltirilgan. Miloddan avvalgi 834-yilda shoh Salmanasar IIIning sharqqa qilgan yurishini tavsiflovchi mixxat yozuvlarida qadimiy fors tilida soʻzlashuvchi xalqlar istiqomat qilgan Parsua mamlakati qayd etilgan. Miloddan avvalgi 3-ming yillik boshida Eronning janubi-gʻarbida dastlab shahardavlatlar, keyinroq Elam davlati paydo boʻldi. Miloddan avvalgi 2-ming yillik davomida Eron hududiga hind-eron tillarida soʻzlashuvchi hind-yevropa qabilalari kirib kela boshlagan. Shu davrdan boshlab Eronda madaniyat o’chog’i qaynay boshlagan va bu turli javhalarda o’z ifodasini topgan. Masalan, sa’nat,
adabiyot, me’morchilik, din, ta’lim va boshqa. Misol uchun, Eron sanʼati 8 ming yil davomida shakllanib kelgan. Eron hududidan topilgan gʻorlardagi odam, hayvon, oʻsimlik va ov qurollarining devoriy rasmlari tasviriy sanʼatning ilk namunalari sifatida eʼtirof etiladi. Miloddan avvalgi 12—7-asrlarga oid qabrlardan qimmatbaho metalldan ishlangan
badiiy bezak buyumlar, bronza haykalchalar topilgan. Axomaniylar davrida kumush va oltindan yasalgan idishlar,
zargarlik buyumlari, tamgʻa, tangalar kandakorlik bilan bezatilgan. Sosoniylar davri tasviriy sanʼatida haykaltaroshlik asosiy oʻrin egalladi (Mozandarondagi bronza byustlar), 9—13-asrlarda amaliy bezak sanʼati rivojlandi. Nishopur, Koshon, Sultonobod kabi shaharlar kulollik markazlari sifatida shuhrat qozondi. Har xil rangli shishalardan idish va buyumlar tayyorlandi. Eron milliy sanʼatining asosiy turlari (gilamchilik, sopol
idishlarga chizilgan naqshlar, xattotlik) arablar bosqiniga qadar shakllandi, biroq oʻzining yuksak choʻqqilariga islom dini davrida erishdi. Midiya qirolligi davri (miloddan avvalgi 1-ming yillikning 1-yarmi)da uning poytaxti Ekbatana atrofida (hozirgi Hamadon) istehkom devorlari barpo etilgan. Axomaniylar davrida saroy meʼmorligi keng rivoj topdi (Pasargada, Persepolis, Suzadagi saroy majmualari). Axomaniylar saroy meʼmorlik
uslubiga hashamatlilik, hayvon haykalchalari bilan bezatilgan baland ustunlar xos. Asosiy qurilish materiallari — xom gʻisht, tosh va yogʻoch. Toʻrtburchak shaklidagi zardushtiylik ibodatxonalari ham shu davrga mansub meʼmoriy yodgorlik hisoblanadi. Eron madaniyatida liboslar ham muhim ahamiyatga ega hisoblanadi va bu orqali Eronliklar boshqa davlatlardan ajralib turadi. Qadimdan to bugungi kunga qadar Eron liboslari o’zining ahamiyatini yo’qotgani yo’q va hozir ham ko’pchilik tomonidan sevib kiyiladi.