I BOB. MASOFAVIY TA’LIM TUSHUNCHASI.
Masofaviy oʻqitish usullari. Masofaviy oʻqitish kontseptsiyasi.
Hozirgi zamon ta’lim jarayoniga ananaviy tushunchalar qatorida yangi yangi tushunchalar kirib kelmoqda. Quyida shu tushunchalardan asosiylari keltirilib, ularga ta’riflar berib oʻtilgan. Oʻqitish – bu ma’lum bir maqsadga yoʻnaltirilgan tizimli bilim va koʻnikmalar bilan qurollangan jarayondir. Ta’lim – bu oʻqitishning natijasi boʻlib, shaxsiyatni tarbiyalash va rivojlantirishdir. Masofaviy oʻqitish – eng yaxshi an’anaviy va innovatsion metodlar, oʻqitish vositalari va formalarini oʻz ichiga olgan sirtqi va kunduzgi ta’lim singari axborot va telekommunikatsiya texnologiyalariga asoslangan ta’lim formasidir. Masofaviy oʻqish – bu yangi axborot texnologiyalari, telekommunikatsiya texnologiyalari va texnik vositalariga asoslangan ta’lim tizimidir. U ta’lim oluvchiga ma’lum standartlar va ta’lim qonun-qoidalari asosida oʻquv shartsharoitlari va oʻqituvchi bilan muloqotni ta’minlab berib, oʻquvchidan koʻproq mustaqil ravishda shugʻullanishni talab qiluvchi tizimdir. Bunda oʻqish jarayoni ta’lim oluvchini qaysi vaqtda va qaysi joyda boʻlishiga bogʻliq emas [9, 45].
Masofaviy ta’lim – masofadan turib oʻquv axborotlarini almashuvchi vositalarga asoslangan, oʻqituvchi maxsus axborot muhit yordamida, aholining barcha qatlamlari va chet ellik ta’lim oluvchilarga ta’lim xizmatlarini koʻrsatuvchi ta’lim kompleksidir. Demak, masofaviy oʻqitish masofaviy ta’lim kompleksidagi jarayon ekan. Masofaviy oʻqitishning va masofaviy ta’limning oʻziga xos xususiyatlari, pedagogik tizimi, zarurligi va maqsadi mavjud. Masofaviy ta’lim an’anaviy ta’lim turidan quyidagi xarakterli xususiyatlari bilan farqlanadi. Moslashuvchanlik – Ta’lim oluvchiga oʻziga qulay vaqt, joy va tezlikda ta’lim olish imkoniyati mavjudligi. Modullilik – Bir biriga bogʻliq boʻlmagan mustaqil oʻquv kurslari toʻplamidan - modullardan individual yoki guruh talabiga mos oʻquv rejasini tuzish imkoniyati mavjudligi. Parallellik – Oʻquv faoliyatini ish faoliyati bilan birga parellel ravishda, ya’ni ishlab chiqarishdan ajralmagan holda olib borish imkoniyati mavjudligi. Keng qamrovlilik – Koʻp sonli oʻquvchilarning bir vaqtning oʻzida katta oʻquv (elektron kutubxona, ma’lumotlar va bilimlar bazasi va boshqalar) zahiralariga murojaat qila olishi. Bu koʻp sonli oʻquvchilarning kommunikatsiya vositalari yordamida oʻzaro va oʻqituvchi bilan muloqotda boʻlish imkoniyati. Iqtisodiy tejamkorlik – Oʻquv maydonlari, texnika vositalari, transport vositalari va oʻquv materiallaridan samarali foydalanish, oʻquv materiallarini bir joyga yigʻish, ularni tartiblangan koʻrinishga keltirish va bu ma’lumotlarga koʻp sonli murojaatni tashkil qilib bera olish mutaxassislarni tayyorlash uchun ketadigan xarajatlarni kamaytiradi. Ijtimoiy teng huquqlilik – Ta’lim oluvchining yashash joyi, sogʻligʻi va moddiy ta’minlanish darajasidan qat’iy nazar hamma qatori teng huquqli ta’lim olish imkoniyati. Internatsionallilik – Ta’lim sohasida erishilgan jahon standartlariga javob beradigan yutuqlarni import va eksport qilish imkoniyati [6, 98].
Oʻqituvchining yangi roli – Masofaviy oʻqitish oʻqituvchining oʻqitish jarayonidagi rolini yanada kengaytiradi va yangilaydi. Endi oʻqituvchi oʻzlashtirish jarayonini muvofiqlashtirishi, yangiliklar va innovatsiyalarga mos ravishda berayotgan fanini muntazam mukammallashtirishi, saviya va ijodiy faoliyatini yanada chuqurlashtirishi talab etiladi. Sifat – Masofaviy oʻqitish usuli ta’lim berish sifati boʻyicha kunduzgi ta’lim turidan qolishmaydi. Balki, mahalliy va chet ellik dars beruvchi kadrlarni jalb qilib, eng yaxshi oʻquv-metodik darsliklar va nazorat qiluvchi testlardan foydalangan holda oʻquv jarayonini tashkil etish sifatini oshirishi mumkin. Yuqoridagilarni hisobga olinganda masofaviy ta’lim kompleksi ancha qulayliklarga ega ekan. Lekin, nima uchun masofaviy ta’lim kerak boʻlib qoldi? – degan savol tugʻilishi tabiiy. Bu savolga javob tariqasida quyidagilarni sanab oʻtish mumkin: - Ta’lim olishda yangi imkoniyatlar (ta’lim olishning arzonligi, vaqt va joyga bogʻliqmasligi va boshqalar).
- Ta’lim maskanlariga talaba qabul qilish sonining cheklanganligi.
- Ta’lim olishni xohlovchilar sonining oshishi.
- Sifatli axborot texnologiyalarining paydo boʻlishi va rivojlanishi.
- Xalqaro integratsiyaning kuchayishi. Yuqorida sanab oʻtilgan sharoit va imkoniyatlar masofaviy oʻqitishga ehtiyoj borligini koʻrsatadi. Umuman olganda masofaviy ta’limning maqsadiga quyidagilar kiradi: 1) Mamlakat miqyosidagi barcha hududlar va chet eldagi barcha oʻquvchilar, talabalar, ta’lim olishni xohlovchilarga birdek ta’lim olish imkoniyatini yaratib berish. 2) Yetakchi universitetlar, akademiyalar, institutlar, tayyorlov markazlari, kadrlarni qayta tayyorlash muassasalari, malaka oshirish institutlari va boshqa ta’lim muassasalarining ilmiy va ta’lim berish potensiallaridan foydalanish evaziga ta’lim berishning sifat darajasini oshirish. 3) Asosiy ta’lim va asosiy ish faoliyati bilan parallel ravishda qoʻshimcha ta’lim olish imkoniyatini yaratib berish. 4) Ta’lim oluvchilarni ta’lim olishga boʻlgan ehtiyojini qondirish va ta’lim muhitini kengaytirish. 5) Uzluksiz ta’lim imkoniyatlarini yaratish. 6) Ta’lim sifatini saqlagan holda yangi prinsipal ta’lim darajasini ta’minlash. Yuqoridagilarni xulosa qilib shuni aytish mumkinki, masofaviy ta’lim kompleksini ta’lim muassasalariga joriy etilishi har tomonlama foyda keltiradi. Oliy ta’lim tizimida bu kompleksni joriy qilish uchun barcha shart-sharoitlar mavjud. Respublika miqyosidagi barcha Oliy ta’lim maskanlari (OTM) kompyuter, axborot va kommunikatsiya texnologiyalari bilan yaxshi ta’minlangan. Ularning barchasi Internet tarmogʻiga ulanganlar. Ushbu texnologiyalarni ta’lim tizimiga keng joriy etish OTMlari oldiga qoʻyilgan koʻp muammolarni oʻz paytida xal etishga yordam beradi. Masofaviy oʻqitish nima? Darhaqiqat, masofaviy oʻqitish nima, undan uzluksiz ta’lim tizimida qanday foydalanish mumkin. Uning qanday shakl va modellari mavjud? Insoniyat yigirmanchi asr nihoyasida bir turkum muammolarga duch keldikim, ular bevosita axborot telekommunikatsiya sohasidagi jiddiy oʻzgarishlar, xususan axborot texnologiyalarining jadal sur’atlar bilan rivojlanishiga bogʻliq. Ta’lim, ishlab chiqarish va kishilik jamiyatining turli jabhalariga yangi axborot kommunikatsiya vositalari kirib kela boshladi. Internet global kompyuter tarmogʻini rivojlanishi butun dunyo ta’lim tizimini takomillashtirishning yangi yoʻnalishlarini ochilishiga sabab boʻldi. Birinchidan, oʻquv muassasalarining texnik ta’minotini keskin oʻzgarishi, dunyoviy axborot resurslarga keng yoʻl ochilishi oʻqitishning yangi shakl va usullaridan foydalanish zaruratini keltirib chiqardi [8, 36].
Zamonaviy axborot va kommunikatsiya texnologiyalari vositalarini ta’lim jarayoniga kirib kelishi an’anaviy oʻqitish usullariga qoʻshimcha ravishda yangi oʻqitish shakli - masofaviy oʻqitish yaratilishiga omil boʻldi. Masofaviy ta’limda talaba va oʻqituvchi fazoviy bir-biridan ajralgan holda oʻzaro maxsus yaratilgan oʻquv kurslari, nazorat shakllari, elektron aloqa va Internetning boshqa texnologiyalari yordamida doimiy muloqotda boʻladilar. Internet texnologiyasini qoʻllashga asoslangan masofaviy oʻqitish jahon axborot ta’lim tarmogʻiga kirish imkonini beradi, integratsiya va oʻzaro aloqa tamoyiliga ega boʻlgan muhim bir turkum yangi funksiyalarni bajaradi. Masofaviy oʻqitish barcha ta’lim olish istagi boʻlganlarga oʻz malakasini uzluksiz oshirish imkonini yaratadi. Bunday oʻqitish jarayonida talaba interaktiv rejimda mustaqil oʻquv-uslubiy materiallarni oʻzlashtiradi, nazoratdan oʻtadi, oʻqituvchining bevosita rahbarligida nazorat ishlarini bajaradi va guruhdagi boshqa «vertikal oʻquv guruhi» talabalari bilan muloqotda boʻladi. Ma’lum sabablarga koʻra, ta’lim muassasalarining kunduzgi boʻlimlarida tahsil olish imkoniyati boʻlmagan, masalan, sogʻligi taqoza etmaydigan, mutaxassicligini oʻzgartirish niyati boʻlgan yoki yoshi katta, malakasini oshirish niyati boʻlgan kishilar uchun masofaviy oʻqitish qulay oʻqitish shakli hisoblanadi. Masofaviy oʻqitishda turli xil axborot va kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalaniladi, ya’ni har bir texnologiya maqsad va masala mohiyatiga bogʻliq. Masalan, an’anaviy bosma usuliga asoslangan oʻqitish vositalari (oʻquv qoʻllanma, darsliklar) talabalarni yangi material bilan tanishtirishga asoslansa, interaktiv audio va video konferensiyalar ma’lum vaqt orasida oʻzaro muloqotda boʻlishga, elektron pochta toʻgʻri va teskari aloqa oʻrnatishga, ya’ni xabarlarni joʻnatish va qabul qilishga moʻljallangan [12, 135].
Oldindan tasmaga muhrlangan videoma’ruzalar talabalarga ma’ruzalarni tinglash va koʻrish imkonini bersa, faksimal aloqa, xabarlar, topshiriqlarni tarmoq orqali tezkor almashinish talabalarga oʻzaro teskari aloqa orqali oʻqitish imkonini beradi. Yuqoridagilarga asoslanib, ta’lim jarayonida ayni vaqtda qayta-qayta tilga olinayotgan ayrim terminlar tavsifi va ta’riflarni keltirib oʻtamiz. Masofaviy ta’lim - masofaviy oʻqitishga asoslangan ta’lim.Masofaviy oʻqitish – oʻzaro ma’lum bir masofada Internet texnologiya yoki boshqa interaktiv usullar va barcha oʻquv jarayonlari komponentlari – maqsad, mazmun, metod, tashkiliy shakllar va oʻqitish usullariga asoslangan talaba va oʻqituvchi oʻrtasidagi munosabat. Masofaviy oʻqitish tizimi – masofaviy oʻqitish shartlari asosida tashkil etiladigan oʻqitish tizimi. Barcha ta’lim tizimlari singari masofaviy oʻqitish tizimi oʻzining tarkibiy maqsadi, mazmuni, usullari, vositalari va tashkiliy shakllariga ega. Masofaviy oʻqitishning pedagogik texnologiyalari – tanlangan oʻqitish konsepsiyasiga asoslangan masofaviy ta’limning oʻquv-tarbiyaviy jarayonini ta’minlovchi oʻqitish metodi va uslublar majmuasi [7, 98].
Do'stlaringiz bilan baham: |