17.
MAVZU. Amaliy mashg‘ulot Sport jamoalarning psixodiagnostikasi.
Reja:
1. Sportchilarning jamoaviy faoliyatini o‘rganish uchun qo’llaniladigan turli usullar.
2. Sotsiometrik va gomeostatik usullar.
Sportchilarning jamoaviy faoliyatini o‘rganish uchun turli usullar keng
qo‘llaniladi. Ular orasida sotsiometrik va gomeostatik usullarni alohida ajratib
ko‘rsatish lozim.
Sotsiometrik usul – kichik guruhlar va jamoalarni sotsial (ijtimoiy) psixologik
jihatdan o‘rganishga mo‘ljallangandir. Ushbu usul juda tez fursatlarda va texnik
jihatdan juda oddiy tarzda guruhlarning ichki tarkibiga kirib borish va ulardagi
shaxslararo muloqotlarning asosiy hususiyatlariga baho berish imkoniyatini
yaratadi. Bundan tashqari, sotsiometriya shahsni muayyan guruhning bir qismi,
ya’ni elementi sifatida o‘rganishga ham hizmat qiladi.
Sotsiometriya usuli jamoa so‘rov shakllardan biridir. Uning o‘ziga hos jihati
shundaki, sport jamoasi boshqa azolarining xatti-haratlariga sub’ektiv baho berish,
yoki ularni qandaydir bir faoliyati uchun tanlab olish yordamida jamoa a’zolari har
birining alohida shaxsiy qiyofasi, shuningdek jamoaning umumiy qiyofasi keltirib
chiqariladi. Sport amaliyotida sotsiometriya usulining asosan ikkita varianti keng
tarqalgandir:
1) Baholash usuli. Bunda har bir sportchi o‘z jamoasining boshqa barcha
a’zolarini ro‘yxatdagi ayrim standart sifatlariga ko‘ra baholaydi yoki tavsiflaydi.
Masalan, xokkeychilar jamoasida quyidagi sifatlarga baho berilishi mumkin:
kuchli yakkama-yakka kurashda g‘olib chiqish qobiliyati; to‘pni uzatishdagi
aniqlik; kam miqdordagi o‘yinchilar bilan samarali o‘yin ko‘rsatish qobiliyati va
hokazolar.
2) Tanlash usuli. Bunda har bir sportchi o‘z jamoasi a’zolari ichidan u yoki bu
faoliyatni birga bajarish uchun, o‘zining sub’ektiv hohishiga asosan bir necha
kishilarni ajratib oladi. Masalan, alpinistlar guruhini tashkil etish jarayonida
quyidagi savollar berilishi mumkin: “Siz yo‘nalishda birinchi bo‘lib yurishga
kimni qo‘yar edingiz?”, “O‘zingizning ehtiyot choralaringiz uchun kimni
tanlaysiz?”, “Qutqaruvchi guruh tarkibida kimlarni ko‘rishni hohlar edingiz?”.
Yuqorida qayd etilgan har ikki variant ham guruhda hukmron bo‘lgan norasmiy
tarkibni hamda undagi psixologik muhitni tadqiq etish, ya’ni: jamoaning
uyushganlik darajasini aniqlash, undagi kichik guruhlarni ajratish, har bir jamoa
a’zosining obro‘ darajasini baholash, jamoa muhitiga g‘ayirlik, janjal va
dushmanlik ruhini olib kiruvchi sportchilarni aniqlash imkonini beradi. Kichik
guruh tarkibini sotsiometriya natijalari bo‘yicha tavsiflash uchun jadvallar
nazariyasining matematik usullari qo‘llaniladi. Bunda jamoadagi munosabatlarning
mazmuni jadval tarzida ifodalanadi, unda sportchilar ushbu jadvalning cho‘qqilari,
ular o‘rtasidagi munosabatlar esa yon qovurg‘alar ko‘rinishida ifodalanadi. Barcha
qovurg‘alari ko‘rsatkich chiziqlardan iborat bo‘lgan, ya’ni unga hos
munosabatlarni ko‘rsatib turuvchi jadval (masalan A sportchining B sportchiga
nisbatan munosabatini) “yo‘naltirilgan jadval” deb ataladi. Ko‘pgina hollarda
munosabatlarning nafaqat yo‘nalishi, balki mazmuni ham ko‘rsatiladi (masalan,
ijobiy yoki salbiy). Bunday hollarda jadvaldagi qovurg‘alarga “+” yoki “-”
belgilari qo‘yiladi. Bunday jadvallar “belgili jadvallar” deb ataladi. Shunday qilib,
jamoaning tarkibini yo‘naltirilgan belgili jadval yordamida ochiq-oydin ifodalash
mumkin bo‘ladi. Sotsiometriyaning natijalarini bunday usulda taqdim etilishi
sotsiogramma deyiladi.
Jadvallarni tahlil etish jamoa tarkibi samaradorligining miqdoriy bahosini olish
imkoniyatini beradi. Masalan, belgili jadval jamoaning uyushganlik darajasi,
barqarorligi, guruh ichida o‘zaro nizolarning kelib chiqish ehtimollari, psixologik
muhitning ayrim taziyqlarga yoki aksincha qulayliklarga ega bo‘lishi va hokazolar
haqidagi ma’lumotlarni beradi. Demak, jamoaning uyushganligi jadval tarkibidagi
bog‘lanishlar darajasiga ko‘ra baholanadi. Jadval bog‘langan deb atalishi uchun
undagi ko‘rsatkich chiziqlar uning yuqori qismidan boshqa har qanday yuqori
qismlar tomon bir xil izchillikda o‘tgan bo‘lishi kerak. Psixologik jihatdan bu
jamoaning har bir a’zosi uning barcha boshqa a’zolari bilan o‘zaro bog‘liq degan
ma’noni anglatadi.
Guruhning nizoliligi sotsiogrammaning balanslanishiga ko‘ra baholanadi.
Belgili jadvaldagi barcha sikllar ijobiy belgilangan bo‘lsa, unda balanslangan deb
ataladi. Balanslangan guruhdagi shaxslar o‘rtasida hech qanday nizo bo‘lmaydi.
Munosabatlarni balanslash sharoitlari a’zolari o‘rtasida hech qanday mojarolar,
nizolar kelib chiqmaydigan jamoalarni shakllantirish imkoniyatini beradi.
Jadvallar nazariyasi usulini qo‘llash shuningdek, sport faoliyatining
muvaffaqiyati bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan jamoaning tavsifiga ega bo‘lish
imkoniyatini ham beradi. Ushbu jamoaga hos fazilatlar sifatida birinchi galda
“jamoaning barqarorligi, yashovchanligi” va guruh yakdilligi kabilarni tilga olish
mumkin. Jamoaning yashovchanligi deyilganda u o‘zidagi ishchanlik qobiliyatini
saqlab qola oladigan holatlar soni tushuniladi. Miqdoriy jihatdan yashovchanlik
umumiy, “to‘la-to‘kis” aloqalar sonining zaruriy minimal aloqalarga munosabati
tarzida baholanadi. Guruh “yakdilligi” tushunchasi esa uning yetakchisi tomonidan
boshqarilish darajasini ifodalaydi. Boshqa barcha shunga teng sharoitlarda
jamoaning tarkibi u qanchalik yashovchanlikka va jamoaviy yakdillikga ega bo‘lsa
shunchalik samarali bo‘ladi.
Guruh faoliyatini o‘rganishning so‘rov usullaridan tashqari, uskunali o‘rganish
usullari ham mavjuddir. Ana shunday uskunali o‘rganishning eng ko‘p tarqalgan
usullaridan biri bu F.D.Gorbovning gomeostatik usulidir (1975 yil). Ushbu usul
“Gomeostat” deb ataluvchi mahsus moslamada birgalikdagi hamda o‘zaro
aloqadorlikdagi faoliyatni modellashtirishga asoslangan. Unda o‘zaro kesishuvchi
aloqalar tamoyili qo‘llanilgan bo‘lib, bunday aloqalar orqali xar bir sinovga jalb
etilgan shaxs o‘ziga berilgan vazifani hal eta turib, boshqa sinovga jalb etilganlar
faoliyatining natijalariga ham ta’sir ko‘rsatadi. U boshqaruvning faqat birgina
dastagini aylantirishi mumkin (a, v, s): tutqichlarning burilishi sinovga jalb
etilganlarning e’tibor markazida bo‘lgan indikatorning holatiga ta’sir ko‘rsatadi (x,
y, z). Boshqaruv dastaklari va indikatorlar o‘rtasida "K" va "Kv" kuchaytiruvchi
bo‘g‘inlar o‘rnatilgan. Ularning birinchisi asosiy boshqaruv ta’sirini ifodalasa,
ikkinchisi – boshqaruv harakatlari o‘zaro ta’sirlari darajasini ifodalaydi. Ushbu
ko‘rsatkichlar ham manfiy, ham musbat bo‘lishi mumkin.
Sinovga jalb etilgan guruhning oldiga qo‘yilgan vazifalar quyidagilardan
iboratdir: boshqaruv dastagini imkon boricha tezroq aylantira turib, indikatorlar
strelkasini nol ko‘rsatkichiga qo‘yish.
Faoliyat jarayonida barcha indikatorlarning strelkalari va boshqaruv
dastaklarining harakatlari qayd etiladi. Sportchilar o‘rtasidagi krosskorrelyatsiya
koeffitsientlarini hisoblash orqali guruhning uyushganligi darajasi va undagi
rollarning taqsimlanish darajasiga baho berish mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |