Sport bilan shug‘ullanishning dastlabki bosqichi.
Sport bilan shug‘ullanishning dastlabki bosqichi asosan bolalarda kuzatiladi.
Ularda sportning turli yo‘nalish va turlariga birdek qiziqish mavjud bo‘lib,
muayyan bir sport turini qat’iy tanlashlari qiyin. Bunda sport turini tanlash odatda
quyidagi tasodifiy tashqi shart-sharoitlarga bog‘liq bo‘ladi: O‘zidan katta akasiga,
opasiga yoki biror bir do‘stiga taqlid qilish, tabiiy shart-sharoitlar, u yoki bu sport
bazasining uyiga yaqinligi, televizor orqali yirik sport musobaqalarining namoyish
etilishi va hokazolar. Shundan so‘ng, asta-sekin bolalar, sportning muayyan bir turi
bilan shug‘ullana boshlaydilar, biror fursat o‘tar-o‘tmas, yana bir boshqa sport turiga
mehr qo‘yib qoladilar, ya’ni ular “o‘zlarini izlaydilar, o‘zlarini topishga
intiladilar”, turli hatolar va yanglishishlar, o‘zini sinab ko‘rishlar asosida
o‘zlaridagi qobiliyatlarni, moyillikni aniqlashga urinadilar. Shunisi qiziqki, bolalar
bu jarayonda tez fursatda juda katta yutuqlarga erishishga intiladilar. Holbuki,
katta sport natijalariga erishish yo‘li o‘ta mashaqqatli va qiyin bo‘lishini, uzoq
vaqtni talab etishini ular hali to‘la anglab yetmaydilar.
Aslini olganda, u yoki bu sport sektsiyasiga qatnaydigan ko‘pchilik bolalar, o‘z
onglarida nima sababdan aynan mana shu sport turini tanlaganliklari motivini,
ya’ni sababini aniq aytib bera olmaydilar. Ammo, bundan ham yomoni, bu
motivlarni ularning sport trenerlari ham bilishmasligida. Aksariyat hollarda,
bolaning u yoki bu sport turi bilan shug‘ullanishiga uni sport trener bunga jalb
etganligi deb hisoblanadi. Ammo bolalarning nima uchun aynan mana shu sport
turi bilan shug‘ullanishni xohlayotganliklarining tub sabablari, hamda ularning
ayrimlari nima uchun tez orada bu sport seksiyasidan ketib qolishlarining asl
mohiyati sport trenerlariga noma’lumligicha qolaveradi.
Binobarin, biron-bir sport turini tanlash uchun nafaqat ijtimoiy omillar
sababchi bo‘ladi, balki ushbu jarayonga ta’sir etuvchi ichki omillar ham mavjuddir.
Ana shunday omillardan biri – bu odamning faqat o‘zigagina hos, tipologik asab
tizimi va temperamentiga muvofiq tarzda, u yoki bu faoliyat turini bajarishga
tabiiy moyilligidir. Sportning alohida bir turiga moyillik odatda, odamning u yoki
bu faoliyat turidan zavq va huzur olishi tarzida namoyon bo‘ladi. Agar biror
kishidan, nima uchun uning aynan mana shu sport turi bilan shug‘ullanishini
so‘rasangiz, aksariyat hollarda u “Bu menga yoqadi!”,- degan ibora bilan buning
sababini izohlab beradi. Ammo aynan shu sport turining o‘ziga nima uchun
yoqishini batafsil aytib beraolmaydi. Bir paytlar o‘z davrida nihoyatda mashhur
bo‘lgan taniqli voleybolchidan, nima uchun voleybolni yaxshi ko‘rishi to‘g‘risida
so‘raganlarida, u shunday javob bergan edi: “Bu savolga men birdaniga javob bera
olmayman. Chunki, bu juda murakkab savol. Nazarimda, ayni mana shu sport turida
men o‘zimni, o‘z imkoniyatlarimni, xarakterimni, ichki "o‘zligimni" muvaffaqiyatli
tarzda namoyon qilishga erishdim”. Demak, sport treneri ham, psixolog ham har bir
kishi uchun u yoki bu sport turini tanlashda kishining tabiiy o‘ziga hos jihatlari, ya’ni
xarakteri, temperamenti o‘ta muhim omil ekanligini, tanlovning ushbu jihatlarga
ham bog‘liqligini anglay bilishi lozim. Chunki ushbu yetarli darajada anglanmagan
intilish (moyillik) kishidagi asab tizimi hossalarida namoyon bo‘ladigan tipologik
hususiyatlari tuzilishi bilan uzviy bog‘liqdir.
Tanlangan sport turida ixtisoslashuv bosqichi.
Ushbu bosqichda sport faoliyatining motivlari quyidagilardan iborat bo‘ladi:
a) muayyan sport turiga nisbatan bo‘lgan qiziqishning uyg‘onishi va rivojlanishi;
b) ushbu sport turiga bo‘lgan qobiliyatning namoyon bo‘lishi va ularni
rivojlantirishga intilish;
v) sportda erishilgan yutuqlar tufayli his etilgan ko‘tarinki emotsional his
tuyg‘ular va ularni mustahkamlash yo‘lidagi intilish;
g) mahsus bilimlar doirasini kengaytirish, sport texnikasini
mukammallashtirish, tayyorgarlikning yanada yuqori darajalariga erishish.
O‘z sifat ko‘rsatkichlariga ko‘ra mutlaqo yangicha tarzda bo‘lgan ushbu
motivlarning yuzaga kelishining o‘ziga hos sabablari bor. Ular birinchi galda
sportdagi ixtisoslashuvga bog‘liqdir (sportchi — gimnastikachi, bokschi,
chang‘ichi, eshkak eshuvchi va hokazo aniq sport turi vakiliga aylanadi), qolaversa
u endi uchinchi, ikkinchi va birinchi razryadli sport malakasiga ega bo‘ladi. Shu
bilan birgalikda endi ular sportda ancha dadil harakat qiladigan bo‘lib, maqsadlari
ham ancha reallashadi. Ularni endi shunchaki sport faoliyati bilan shug‘ullanish
emas, balki uning natijalari qiziqtiradi. Bu esa ularning muayyan sport
muvaffaqiyatlariga, rekordlarga intilishlarida namoyon bo‘ladi.
Motivlar rivojining bu bosqichida ham, sport faoliyatiga umumiy qiziqish
saqlanib qoladi, ammo bu qiziqish endi, sportga shunchaki, umumiy qiziqishning
dastlabki ilk bosqichidagidan ko‘ra yangi sifat ko‘rsatkichlariga ega bo‘la boradi.
Endi sportchini o‘zi tanlagan sport turiga hos bo‘lgan texnik va taktik jihatlarning
hilma-hilligi, boyligi ko‘proq qiziqtiradi (unda o‘z texnikasini yuqori darajaga
ko‘tarishga intilish, musobaqalarga jiddiy tayyorgarlik ko‘rish, taktik
kombinatsiyalarni puxta ishlab chiqish va hokazolar kuzatiladi). Bu davrda sport
faoliyati sportchi uchun tabiiy ehtiyojga aylanadi va uni qondirish lozim bo‘ladi;
hatto sport mashg‘ulotlaridagi katta jismoniy mehnat, qiyinchiliklar ham o‘ziga
hos zaruriyatga aylanib qoladi (masalan gimnastika bilan shug‘ullanishning
motivatsiyasi, sportchi uchun odatiy bo‘lib qolgan ko‘nikma, o‘rganish va
jismoniy yuklamaning zaruriyligi) Sport mahoratiga erishish bosqichi. Sportchining
mahorati oshib borgani sayin, unda yangi intilishlar (motivlar) paydo bo‘la boradi.
Ular orasida quyidagilarni alohida tilga olib o‘tish mumkin: mashq qilish va
sportdagi takomillashuvning ilmiy asoslarini chuqur o‘rganishga intilish, ma’lum
sport texnikasi va taktikasini jiddiy va puxta o‘zlashtirish va ular ustida ishlash;
jismoniy jihatdan yuqori ishchanlik darajasiga erishish; jang olib borishning nozik
sirlarini egallash; mamlakatning terma jamoasiga a’zo bo‘lish; respublika va
xalqaro musobaqalarda yuqori sport natijalarini qo‘lga kiritish; xorijiy
mamlakatalarda Vatanining sha’nini himoya qilish; o‘z tajribasini jamoadoshlariga
o‘rgatish va hokazolar.
Do'stlaringiz bilan baham: |