54-§. Rim imperiyasining yemirilishi G`arbiy va Sharqiy Rim imperiyalari. Imperator Konstantin zamonida, milodiy 330-yiliRim imperryasining poytaxti deb Bosfor bo`g`ozidagi Vizantiy shahri e'lon qilindi. Imperatorning buyrug`i bilan shahardagi barcha eski binolar buzib tashlandi va yangi shahar qurildi, Rim, Afina va Korinfdan keltirilgan haykallar va kollonnalar o`rnatildi. Shahar imperator sharaf iga Konstantinopoldeb atala boshladi. Ulkan imperiyani Konstantinopoldan turib boshqarish mushkul edi. Imperator Feodesiy zamonida milodiy 395-yili Rim imperiyasi uning ikki o`g`li o`rtasida G`arbiy va Sharqiy qismlarga taqsimlandi. Sharqiy Rim imperiyasida imperatorning yagona hokimiyati saqlandi, G`arbiy Rim imperiyasi alohida davlatlarga parchalana boshladi. Imperiyaning qulashi. Milodiy III asrda Rim imperiyasining kuch-qudrati zaiflasha boshladi. Imperatorni endilikda armiya saylar, armiyaning o`zida ham turli guruhlar o`rtasida kurash borar edi. Imperator Trayan davridan boshlab rimliklar bosqinchilik urushlari olib bormadilar. Ayni mahalda imperiya chegaralarining shimoli g`arb tarafidan ko`chmanchi qabilalar paydo bo`ldilar. Rimliklar ularga "varvarlar"degan laqab berishgan va chegarada katta armiya saqlab turishga majbur edilar. Avval yunonlar tillari o`zlari uchun tushunarli bo`lmagan barcha qabilalar va xalqlarni "varvarlar" deb atashgan. Rimliklar esa, ularning fikricha, madaniy taraqqiyotning ancha quyi pog`onasida turuvchi xalqlarni shunday nomlashgan. Gotlar Rimda.Milodiy IV-V asrlarda butun Rim imperiyasini qullar va kolonlar qo`zg`olonlari qamrab oldi. Yerlarni va mo`l-ko`l o`ljalarni qo`lga kiritish maqsadini ko`zlagan "varvarlar"ning imperiyaga hujumlari ham kuchayib bordi. Bu davr 150 yildan ko`proq davom etdi. Milodiy 410-yilda Alarix boshchiligidagi gotlar Rimni qurshab oldilar. Rimliklar ular bilan muzokara boshladilar, ammo tunda qullar darvozalarni ochib berdilar, bosqinchilar shaharga yopirilib kirdilar. Gotlar haykallarni yo`q qilib, bebaho kitoblarni yondirgancha roppa-rosa uch kun Rimni taladilar. Talon-taroj qilingan Rim shahri huvillab qoldi. Germanlar savodsiz bo`lib, hech mahal teatrlar, kutubxonalar va hammomlarga borishmagan edi. Rim imperiyasi sarhadiga kirganlaridan keyin Rim imoratlari, arxitekturasi va haykallari go`zalligi va ulug`vorligini munosib baholay olishmasdi. Bularning barini shafqatsizlarcha yo`q qilib tashladilar. Germanlar qo`rg`onchalarini o`rab turgan devorlarni mustahkamlash uchun Rim ibodatxonalari va kutubxonalari binolaridan tosh taxtalarni ko`chirib olib ketadilar. Kitoblar, haykallar va boshqa san'at asarlari ham nobud bo`ldi. Gotlarning Rimni ishg`ol etishi imperiya aholisini larzaga soldi. Yuz yillar davomida rimliklar o`zlarining barcha raqiblari ustidan g`alaba qozonishgan, O`rtayer dengizi bo`ylaridagi barcha mamlakatlarni zabt etishgan, o`zlarini esa jahon hukmdori hisoblar edilar. Rimni esa "boqiy shahar" deya ta'riflashgan. Go`yo rimliklar qudratining so`ngi yo`qdek tuyillardi. Qarangki, butun jahondan keltirilgan durdonalar xazinasi dag`al va qo`pol qabilalar o`ljasiga aylandi. Rim qulashi haqida o`sha zamon tarixchisi nadomat bilan shunday yozgan edi: "Butun Yer yuzini bo`ysundirgan jahon shamchirog`i ham so`ndi". G`arbiy Rim imperiyasining qulashi.Rim aholisining ko`pchiligi Rim zavolga yuz tutishi bilan butun jahon nest-nobud bo`lib ketishiga ishonar edi. Ammo dunyo halok bo`lmadi. Alarix ham o`ldi, biroq Rimning undan dahshatliroq dushmani - Attila boshchiligida xunn qabilalari paydo bo`ldi. Attila Sharqiy Rim imperiyasiga hujum uyushtira boshladi. Milodiy 452-yilda xunnlar Italiyaga bostirib kirdilar. Milodiy 455-yilda Rimga germanlarning vandal qabilalari hujum qildi, ular ikki hafta davomida shaharni taladilar. Vandallar o`zlari bilan olib ketolmaydigan hamma narsani nobud qildilar. Milodiy 476-yilda imperator saroyi qo`riqchilari qo`mondoni so`nggi imperator Romulni saroydan haydab yubordi, hukmdor tojini Konstantinopolga jo`natdi. Sobiq G`arbiy Rim imperiyasi sarhadlarini german qabilalari egallab oldidar. Shu tariqa, milodiy 476-yil G`arbiy Rim imperiyasining qulashi va Qadimgi dunyo tarixi yakunlanishi sanasi sifatida tarixga kirdi. Endi O`rta asrlar tarixi eshik qoqqancha ostonada turar edi.