33-34-§§. Olimlar va mutafakkirlar
Fan. Qadimgi Yunonistonda faylasuflarni bemalol suhbat qurish va istalgan savolga javob olish imkoni bo`lgan donishmandlar, hayot murabbiylari sifatida bilishgan. Yunon mutafakkirlari Olam tuzilishi va inson hayoti ma'nosini tushuntirishga harakat qilib ko`rishgan. Ular o`simliklar, hayvonlar, inson tanasi, Quyosh va yulduzlarni o`rganishgan. Mashhur yunon faylasufi Geraklit Yer yuzidagi hamma narsa olovdan kelib chiqqan deya uqtirar edi. "Bir daryoga ikkinchi marta sho`ng`iy olmaysan", "Hamma narsa oqadi, hech narsa bir joyda turmaydi" degan mashhur hikmatlar unga mansubdir. Frakiyalik Demokrit degan faylasuf Geraklit fikriga e'tiroz bildirgan, bizni qurshab turgan hamma narsa ko`zga ko`rinmaydigan mayda-mayda zarralar - atomlardan tashkil topgan degan ma'nodagi fikrni bayon etgan edi. Yunon faylasufi Diogen Insonda hech qanday ehtiyojlar bo`lmasligi shart degan fikrni o`z ta'limotiga asos qilib oldi. Hayotdagi barcha qulayliklardan voz kechgan Diogen bir bochkada kun kechirgan. Makedoniyalik Aleksandr undan: "Senga qanday yordam berishim mumkin?" deb so`raganida, Diogen: "Nariroq tursangchi, quyoshni to`sib qo`yding!" deya kinoya qilgan ekan. Miloddan avvalgi V asrda yashagan Gerodot «Tarix» deb nomlangan kitob yozgan. Misr, Mesopotamiya va Shimoliy Qora dengizbo`yi koloniyalari bo`ylab sayohatini nihoyasiga yetkazganda Gerodotni hali Yunonistonda birov tanimas edi. O'z vatandoshlarini "Yunon-fors urushlari to`g`risidagi tarix" asari bilan tanishtirganidan so`ng birdaniga mashhur kishiga aylandi. Tirikligidayoq Gerodotga "tarixning otasi" degan unvon berilgan edi. Qadimgi yunon olimi Aristotel to`plangan bilimlarni alohida tarmoqlarga ajratdi va ularni mustaqil fanlar sifatida ta'riflab berdi. Aristotelni Sharqda «Arastu» deya aytish keyinchalik odatga aylangan. Barcha zamonlarda olimlar ilmiy masala yechimini topgan yunon fizigi va matematigi Arximedning "Evrika!" (Topdim,topdim!") qiyqirig`ini takrorlab yurishadi. Ehtimol, bu bir afsonadir, ammo yunonlar to`la ishonch bilan Arximed ko`zgular tizimidan foydalanib yorug`likni bitta yo`nalishga jamlagani va yunonlar ustiga hujum qilib kelayotgan rimliklarning kemalarini yondirib yuborgani haqida hikoya qilib berishadi. Arximed richag qonunini ishlab chiqdi va mashhur bo`lib ketgan bir iborani aytdi: "Menga tayanch nuqtasini topib bering, Yerni o`z o`qidan chiqarib yuboraman!" Arximed boshi bilan ilm dengiziga sho`ng`igan olim timsoliga aylangan. Rimliklar uning jonajon shahri Sirakuzni bosib olganlarida qumda chizmalar chizgancha matematikaga oid bir masalani yechishga urinib o`tirgan ekan. Rimlik askar yetib kelganida: "Mening chizmalarimga qo`l tekkizmagin!" deyishga ulgurdi, xolos: Arximedga nayza sanchilgan edi. Afinalik donishmandlar. Afinalik mashhur faylasuf Sokrat (O`rta Osiyoda keyinchalik «Suqrot» tarzida aytilgan) o`zining dono hikmatlari tufayli shaharning eng aqlli kishisi deb e'lon qilingan edi. Bunga javoban Sokrat shunday debdi: "Mening donishmandligim shundaki, kamina faqat hech nimani bilmasligimni bilaman, xolos!" Sokrat hech mahal o`z asarlarini qog`ozga tushirmagan. Sokratning g`oyalari Atlantida degan xayoliy (ideal) davlat to`g`risida ta'limotni yaratgan Platon degan tag`in bir yunon faylasufining muloqotlari orqali bizgacha yetib kelgan. Platonni endilikda «Aflotun» sifatida ham bilamiz. Darvoqe, bizgacha Sokratning mashhur bir hikmati ham yetib kelgan: "Xudo bizning o`zimizdadir!" Sokrat fuqarolarning axloqiy-ma'naviy tarbiyasiga katta ahamiyat bergan. Delfiya ibodatxonasidagi bitik uning sevimli hikmati ekan: "o`z-o`zingni anglagin va bilgin!" Muxoliflari bilan dialoglarida Sokrat Yaxshilik va Yomonlik nima degan masalaga javob berishga harakat qilib ko`rgan. Yomon, aldoqchi va shafqatsiz bo`lishga qaraganda yaxshi, halol, rahmdil bo`lish ancha yaxshiroq, deb uqtirgan faylasuf. Sokrat ayniqsa ochko`zlik va molparastlik singari nuqsonlarni qattiq tanqid qilgan. Bozor bo`ylab sayr qilib yurganida shunday degan ekan: "Bularsiz ham kun kechirish mumkin bo`lgan shuncha narsalar borligi ham qandoq yaxshi!" Sokrat dunyoda Ezgulik qonunlari mavjudligini, faqat ularni bilish va ularga rioya qilgan holda yashash kerakligini isbotlagan. Afinadagi ba'zi tartibotlarni qo`rqmasdan tanqid qilgani sababli uni o`limga mahkum etishgan. Sokratning boshqa bir davlatga qochib ketish imkoniyati bo`lsada, rad etgan. Sokrat tarixda odamiylik, sabr-matonat va jasurlik timsoli bo`lib qolgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |