1.1 COVID-19 da pnevmoniyaning rivojlanishi va davolanishi odatiy pnevmoniyadan nimasi bilan farq qiladi?
— Yangi koronavirusli pnevmoniya — bu o‘pkaning virusli yallig‘lanishining bir turi. Virusli pnevmoniyalar bizga allaqachon ma’lum, ammo biz bunday miqdorda u bilan ishlashga odatlanmaganmiz. Bu davolash ishlarini juda murakkablashtiradi. Koronavirusli pnevmoniya keltirib chiqaradigan o‘zgarishlar, masalan, grippda ham bo‘ladi, ammo COVID-19 da ular ko‘proq va boshqacharoq rivojlanadi.
Farqlar haqida gapirishdan oldin o‘pkamiz o‘zi nimadan iboratligini eslash lozim. U havo o‘tkazuvchi trubalar tizimidan iborat bo‘lib, nafas olish qopchalari — alveolalar bilan tugaydi. Bu alveolalar karkas — interstitsiya yordamida yagona tuzilmaga birlashgan. U birlashtiruvchi to‘qimadan tashkil topgan. Interstitsiyadan qon va limfa tomirlari o‘tadi.
Ko‘p hollarda infeksion yoki bakterial pnevmoniya bilan ishlashimizga to‘g‘ri keladi. Uning rivojlanishiga alveolalarning ichida yallig‘lanishni keltirib chiqaradigan bakteriyalar sababchi bo‘ladi. Nafas olish qopchalari ichidagi zararlangan qismlarning havosi yallig‘lanish suyuqligiga almashadi. Karkas — interstitsiya — bunda deyarli shikastlanmaydi, tomirlarning devorlari zich bo‘lib qoladi.
Bunday pnevmoniyaning alomatlaridan biri — haroratning ko‘tarilishi va balg‘amli yo‘tal. Yo‘talning paydo bo‘lishi yallig‘lanish suyuqligi alveolalar ichida ekani va u bronxlar orqali tashqariga chiqishi bilan izohlanadi. Yo‘talni yengillashtirish uchun mukolitiklar (balg‘am hajmini oshirmasdan, uni suyultiradigan va balg‘amning o‘pkadan chiqishini yengillashtiradigan dori vositalari — tahr.) tayinlanadi. Haroratning ko‘tarilishi aynan bakterial yallig‘lanish bilan bog‘liq. Shu tarzda organizmimiz kasallik qo‘zg‘atuvchilarini — bakteriyalarni yo‘q qiladi. «Dushman» yo‘q qilinishi bilan, ahvol yaxshilanadi, odam sog‘ayadi.
Infeksion pnevmoniya rivojlanishiga bakteriyalar sababchi bo‘lgani uchun, uni davolashda antibiotiklar birlamchi preparatlar hisoblanadi. Zarurat bo‘lganida, dorilarni uy sharoitlarida emas, balki statsionarda tomchilatib kiritish qo‘llanadi.
Virusli pnevmoniyada (yangi koronavirusli pnevmoniya uning bir turi hisoblanadi) qon tomirlarining devorlari shikastlanadi. Ularning zichligi pasayadi. Qonning suyuq qismi tomirlardan tashqariga chiqadi va ularning shishishini keltirib chiqaradi. Bakteriyalar keyinroq qo‘shiladi, ammo bu har doim ham sodir bo‘lmaydi.
Koronavirusli pnevmoniyada immunitetning virus ta’siriga noadekvat kuchli reaksiyasi yuqori harorat va yallig‘lanish sababchisi bo‘ladi. Yo‘tal quruq bo‘ladi, chunki suyuqlik bronxga chiqish joyi bo‘lmagan interstitsiyada joylashadi. Bu holda balg‘amni suyultiruvchi preparatlar kamdan-kam hollarda samarali hisoblanadi, u faqat bakterial infeksiya qo‘shilganida yoki yo‘ldosh surunkali bronxit kuchayganida samara berishi mumkin.
Virusli pnevmoniyada antibiotik ikkinchi darajali dori hisoblanadi. Zarur bo‘lganida, u davolashning birinchi bosqichida emas, balki keyinroq tayinlanadi.
Suyuqlikni vena ichiga kiritish o‘pka to‘qimalarida shishning kattalashishiga olib kelishi mumkin. Ko‘z oldingizga yorilgan shlangni keltiring, u orqali toboro katta bosim ostida suv yubora boshlashyapti. Uning atrofida ko‘lmaklar keskin osha boshlaydi. O‘pkada ham xuddi shunday jarayon yuz beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |