Nuqtali vergulning ishlatilishi. Nuqtali vergul quyidagi o‘rinda qo‘llanadi: 1) o‘z ichida vergul bo‘lgan va guruh-guruh qo‘llangan yoki yoyiq uyushiq bo‘lak orasida: Mehnat, ijod, odam sharafi; Dil yorug‘i, hayot quvonchi - Hammasining asli manbai Sen, Vatanim – tinchlik tayanchi. 2) o‘z ichida verguli bo‘lgan, mazmunan ma’lum darajada mustaqillikka ega sodda gaplar orasida hamda har xil turdagi gapni o‘z ichiga olgan qo‘shma gapda: Daraxtlar, butalar shitirladi; kuzning salqin nafasi yuziga urildi; 3) qavsli harf yoki raqam bilan tartiblangan gapning oxirgisidan boshqasida: Qo‘shma gap uchga bo‘linadi: a) bog‘langan qo‘shma gap; b) bog‘lovchisiz qo‘shma gap; d) ergash gapli qo‘shma gap.
Ikki nuqtaning ishlatilishi. Ikki nuqta quyidagi holda ishlatiladi: 1) uyushiq bo‘lakdan oldin kelgan umumlashtiruvchi so‘zdan so‘ng: Yig‘ilishda tajribali ishchilar: Salim aka, Abdukarim aka va Sobirjonlar so‘zga chiqishdi; Ba’zan umumlashtiruvchi so‘z yashirinishi mumkin, lekin ikki nuqta qo‘yilaveradi: Qilinishi kerak: traktorlar ta’mirdan chiqarilsin, ishchilarga yetarli sharoit yaratilsin. 2) quyidagi ma’noni ifodalagan bog‘lovchisiz qo‘shma gapda: a) bir gap ikkinchi bir gapdan anglashilgan ish-harakatning sababini ko‘rsatsa: U ichkariga shoshib kirib ketdi: telefon anchadan beri jiringlayotgan ekan; b) bir gap ikkinchi bir gapdan anglashilgan ish-harakatning natijasini ko‘rsatsa: Shamol juda zo‘raydi: daraxtlarning ancha-munchasi sinib tushdi; d) agar biror gap boshqa bir gapning mazmunini to‘ldirsa yoki izohlasa: Vazifangiz shu: bironta odam bu xonaga kirmasligi kerak. e) ko‘chirma gapdan oldin, muallif gapidan so‘ng: U baland ovozda so‘radi: - Kim bor?
Tirening ishlatilishi. Tire quyidagi o‘rinda qo‘llanadi: 1) ot, son, olmosh va harakat nomi bilan ifodalanib, kesim bilan bog‘lamasiz birikkan ega va kesim orasida: O‘zbekistonning poytaxti – Toshkent. Ikki o‘n besh – bir o‘ttiz. Bularni amalga oshiradigan – siz. O‘qish – hayotni uqish; 2) uyushiq bo‘lakdan so‘ng kelgan umumlashtiruvchi so‘zdan oldin: Akam, opam va singlim – barchasi meni kutib o‘tirishgan ekan; 3) ajratilgan bo‘lak bilan izohlanmish orasida: Men – Valiyev To‘ychi, 1973- yilda Dehqonobodda tug‘ilganman; 4) kirish gap bilan gap bo‘laklari orasida: Tunov kungi ovchi – uni o‘rmonda uchratib qoldim – menga qiziq bir voqeani so‘zlab berdi; 5) muallif gapi bilan ko‘chirma gap orasida: – Bugun kelasizmi? – so‘radi qizi; 6) dialog tipidagi ko‘chirma gapda: – Keldimi? – Keldi; 7) kutilmagan voqea-hodisani ifodalagan gapdan oldin: Kecha sizlarnikiga borgan edim – Asqarjon kelibdi! 8) zid ma’noli bog‘lovchisiz qo‘shma gap orasida: Jismimiz yo‘qolur – o‘chmas nomimiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |