LSQni ajratishning ahamiyati. Tabiatda sof narsa uchramaydi. Har bir modda turli-tuman narsalarning qorishmasidir. Biroq sof moddani ajratib olish maqsadida uzoq vaqtlar davomida tadqiqotlar olib borilgan. Shu tariqa tozalangan atom ximiya fanidagi buyuk «topilma» bo‘ldi. Bu D.Mendeleyev davriy jadvalida o‘z aksini topdi. Til hodisalarini ham «tozalangan» holda o‘rganish muhim ahamiyat kasb etadi. Tozalangan atomlardan tabiatda uchramaydigan, lekin zarur bo‘lgan turli-tuman sun’iy moddalar hosil qilinganidek, «tozalangan» LSQ ham boshqa «tozalangan» fonetik, leksik, morfologik hodisalar kabi, bugungi kunda tilni «mashinalashtirish», ya’ni kompyuter orqali matn tarjima qilish, tuzatish, tekshirish kabi zamonaviy «yumush»larda muhim qimmat kasb etadi.
Savol va topshiriqlar
Qolip haqida gapiring.
Hosilaning xususiyatlari haqida gapiring.
Qolipning tarkibini tushuntiring.
Qolipda umumiylik va xususiylik dialektikasini bayon qiling.
Umumlashtirishda nimaga e’tibor qaratiladi?
Nosintaktik hodisalarga nimalar kiradi?
Qolipning shakliy tomoni haqida gapiring.
Qolipning mazmuniy tomoni haqida gapiring.
Tayanch tushunchalar
Valentlik, tobe valentlik, hokim valentlik, imkoniyat, sintaktik aloqa, leksik valentlik, sintaktik valentlik, morfologik shakl valentligi, gap, so‘z birikmasi, lison, nutq, umumiylik, xususiylik
Valentlik haqida tushuncha. Valentlik aslida ximiyaviy atama bo‘lib, tilshunoslikda lisoniy birliklarning yuzaga chiqmagan birikuvchanlik-biriktiruvchanlik imkoniyati sifatida qaraluvchi lisoniy hodisaga nisbatan qo‘llanadi. Valentlikning ximiyaviy tavsifi quyidagicha. Masalan, kislorod (O) atomi boshqa turdagi yana ikkita atomni biriktirish imkoniyatiga ega. Bu uning elektron qavatidagi ikkita atomning bo‘sh o‘rniga qarab belgilanadi. Suv molekulasi (N2O) da bu bo‘sh o‘rinlar to‘ldirilgan. Shuningdek, nafaqat kislorod, balki vodorod (N) ham valentlikka ega bo‘lib, uning bo‘sh o‘rni bitta. Demak, ko‘rinadiki, suv molekulasida kislorodning ham, vodorodning ham valentlik imkoniyati voqelikka aylangan bo‘lib, ular kislorodda biriktiruvchi, vodorodda esa birikuvchi tabiatga ega. Har ikkala atom (vodorod va kislorod) ham bir-biriga muvofiq bo‘lgandagina birikma hosil qilishi mumkin. Masalan, vodorod va oltin atomlari birikib, molekula hosil qila olmaydi.
Atomning valentligi ro‘yobga chiqmagan, namoyon bo‘lishi uchun sharoit talab etiladigan imkoniyatdir. Lisoniy birlik ham ana shunday birikish-biriktirish imkoniyatiga ega, u (ya’ni valentlik) ham lisoniy birliklarning o‘zi bilan muayyan til jamiyati a’zolari ongida yashaydi. Masalan, o‘qi leksemasi kishi ongida bir nechta bo‘sh o‘ringa ega holda mavjud bo‘ladi va nutqda voqelanib, bir vaqtda o‘ziga shuncha birikuvchini ham torta olishi mumkin. Uni chizmada quyidagicha aks ettirish mumkin (30-jadval):
Do'stlaringiz bilan baham: |