Mulkdorlar sinfini shakllantirishda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning tutgan o’rni
27.10.2015 | Nomer: №9(93)-2015 | |
Xususiy biznesni rivojlantirish, jamiyatimizdagi barqarorlikning mustahkam asosi hisoblangan mulkdorlarning o’rta sinfini shakllantirish va uning mavqyeini mustahkamlashning samarali mexanizmlarini yaratish hozirgi davrning dolzarb vazifalaridan bo’lib qolmoqda. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik bugungi kunda mamlakatimizda eng yirik mehnat bozori, mulkdorlikning o’rta sinfini shakllantirishning asosiy omili, millionlab odamlar uchun daromad va farovonlik manbai bo’lib qolmoqda. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka ustevor darajada e’tibor qaratilishi jamiyatimizning ijtimoiy‑siyosiy tayanchi va poydevori bo’lgan o’rta sinfning shakllanishi va uning tobora mustahkamlanib borishiga xizmat qiladi. “Mamlakatimizda chinakam o’rta mulkdorlar sinfi shakllangan taqdirdagina islohotlar samara beradi, mulkchilik masalalari hal bo’ladi”[1].
Prezidentimiz Islom Karimov ta’kidlab o’tganidek, “Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik bugungi kunda jamiyatimizdagi ijtimoiy va siyosiy barqarorlikning kafolati va tayanchiga, yurtimizni taraqqiyot yo’lidan faol harakatlantiradigan kuchga aylanib bormoqda”[2]. So’nggi yillarda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada erkinlashtirish va rag’batlantirish, xususiy mulk va xususiy tadbirkorlik huquqini himoya qilish borasidagi qonunchilikni mustahkamlash, soliq yukini kamaytirish, bozor infratuzilmasini shakllantirishga e’tibor berilganligi tufayli kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasi barqaror rivojlandi. Biznesni ro’yxatga olish, ixtiyoriy ravishda yopish va tugatish, faoliyatning alohida turlari bilan shug’ullanish huquqini beradigan lisenziya va ruxsatnomalar berish jarayonlari shuningdek, ularni muhandislik‑kommunikasiya tarmoqlariga ulash, eksport tovarlarini bojxonada rasmiylashtirish tartib‑qoidalari sezilarli darajada soddalashtirildi va arzonlashtirildi.
Kichik biznes subyektlarida ular ro’yxatga olingan paytdan boshlab uch yil mobaynida soliqqa oid rejali tekshirishlar o’tkazilishini taqiqlovchi tartib joriy etildi. Hisobotlar soni keskin qisqartirildi, jarimalar miqdori sezilarli darajada kamaytirildi, ayrim jarima turlari esa butunlay bekor qilindi. Biznes sohasiga davlatning aralashuvi keskin kamaytirildi, biznes subyektlarini tekshirish natijalari bo’yicha moliyaviy va ma’muriy jazolarni, ya’ni xo’jalik subyekti faoliyatiga jiddiy ta’sir ko’rsatadigan katta miqdorda jarima solish, korxona faoliyatini to’xtatib qo’yish yoki tugatish, hisob raqamini foydalanishni taqiqlash kabi har qanday sanksiya faqat sud qarori bilan hal qilinadigan bo’ldi. Mamlakatimizda xususiy mulk va tadbirkorlikning huquqlari ustuvorligini ta’minlaydigan barqaror qonunchilik bazasi yaratildi. Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasida ta’kidlab o’tilganidek, iqtisodiyot sohasidagi jinoyat ishlari bo’yicha qamoq va ozodlikdan mahrum etish jazolari o’rniga jarima shaklidagi iqtisodiy sanksiyani qo’llash imkoniyati ancha kengaytirildi. Jinoiy jazo tizimidan insonparvarlik tamoyillariga mutlaqo zid bo’lgan mol‑mulkni musodara qilish tarzidagi jazo turi chiqarib tashlandi. Shuningdek, yetkazilgan moddiy zararning o’rni qoplangan taqdirda, ozodlikdan mahrum qilish, tariqasidagi jazo qo’llanmasligi belgilab qo’yildi. Yurtboshimiz ma’ruzasida “Xo’jalik ishlari bilan bog’liq jinoiy ishlar bo’yicha odamlarni qamash shart emas – bu davlatga juda qimmatga tushadi, qolaversa, bunday jazo turi mahkumlarni tarbiyalash va qayta tarbiyalash vazifasini hal qilmaydi” [3] deb alohida ta’kidlab o’tildi.
Ta’kidlash joizki, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni har tomonlama qo’llab‑quvvatlash borasidagi islohotlar va uning izchillik bilan tizimli asosda amalga oshirilishi bugungi kunda o’zining ijobiy samarasini bermoqda. Agar 2000 yilda mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotining 31 foizi kichik biznes subyektlari tomonidan ishlab chiqarilgan bo’lsa, qisqa bir davrda, ya’ni 2014 yil yakuni bilan bu ko’rsatkich 56 foizni tashkil qilganligi, hyech shubhasiz, ana shunday ishlarimizning mantiqiy samarasidir. Hozirgi kunda mamlakatimizdagi ish bilan band aholining 76,5 foizidan ortig’i aynan shu sohada mehnat qilayotgani ham kichik biznes va xususiy tadbirkorlik odamlarimiz uchun yangi ish o’rinlarini ochish, barqaror daromad manbalarini yaratishning eng muhim omiliga aylanib borayotganligidan dalolat beradi. 2014 yilda mamlakatimizda kompleks chora‑tadbirlar dasturini amalga oshirish hisobidan qariyb 1millionta yangi ish o’rni tashkil etildi. Bu borada kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish evaziga 480 ming kishi ish bilan ta’minlandi [4].
Eng muhimi, bu ish o’rinlarining 62 foiziga yaqini qishloqlarimizda tashkil etildi. Mamlakatimiz aholisining 50 foizga yaqini qishloq joylarida yashashini hisobga oladigan bo’lsak, bu raqamlar katta ijtimoiy ahamiyatga ega ekanligidan dalolat beradi. Bugungi kunda O’zbekistonda bu sohada ham ishga solinmagan juda katta salohiyat va imkoniyatlar mavjud ekanini, dunyodagi taraqqiy topgan davlatlarda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yalpi ichki mahsulot hajmida yetakchi va hal qiluvchi o’rinni egallayotganini inobatga oladigan bo’lsak, bu yo’nalishda amalga oshiriladigan ishlarimiz naqadar ko’pligi namoyon bo’ladi.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada ustuvor darajada rivojlantirishning asosiy yo’llaridan biri bu tadbirkorlik subyektlarini “yagona darcha” orqali ikki kun ichida davlat ro’yxatidan o’tkazish tizimini izchillik bilan amalga oshirish, biznesni yuritish bilan bog’liq bo’lgan jarayonlarni yanada liberallashtirish, soddalashtirish, arzonlashtirish va ularning ochiqligini ta’minlash, ularga ko’proq erkinliklar berish, ushbu sektorni kreditlash resurslaridan foydalanish, davlat buyurtmalarini olish, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarini sotish uchun yangi imtiyozlar berish, xalqaro amaliyotga muvofiq daromadlarning yillik deklarasiyasi shakliga bosqichma‑bosqich o’tish, moliya va statistika hisobotlari tizimini yanada soddalashtirish, ixchamlashtirish, birxillashtirish, jumladan, bunday hisobotlarni vakolatli davlat organlariga elektron shaklida taqdim etish mexanizmlarini joriy etishning huquqiy asoslarini ishlab chiqish va uni izchillik bilan tizimli asosda amalga oshirish hozirgi davrning qat’iy talabidir.
Bugungi kunda tadbirkorlik subyektlarining 98 foizi soliq va statistika hisobotlarini topshirishni, bojxona deklarasiyalarini rasmiylashtirishni eski usuldagi qog’oz to’ldirish yo’li bilan emas, balki bevosita‑elektron shaklda amalga oshirmoqda. 2014 yilda mulkni ro’yxatga olish, yer uchastkalari ajratish, ayrim faoliyat turlari bilan shug’ullanish uchun lisenziya olish, qurilishga ruxsat berish va elektr ta’minoti tarmoqlariga ulanish “yagona darcha” tamoyillari orqali bajarildi.
Iqtisodiyotni demokratlashtirish va erkinlashtirish sohasiga, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo’llab‑quvvatlashning mexanizmlarini yaratishga alohida e’tibor qaratildi. “Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi ruxsat berish tartib‑taomillari to’g’risida”, “Raqobat to’g’risida”, yangi tahrirdagi “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to’g’risida”gi va boshqa qonun xujjatlariga muvofiq tadbirkorlik faoliyatini yuritish uchun zarur ruxsat berish tartib‑taomillarining ro’yxati va turlari izchil qisqartirildi.
Keyingi yillarda ruxsat berishga oid tartib‑taomillarning 160 dan ortig’i yoki 44 foizi, lisenziyalash talab qilinadigan faoliyatning 19 turi yoki 25 foizi bekor qilindi. Tadbirkorlik subyektlari tomonidan davlat organlariga taqdim etiladigan statistika, soliq va moliyaviy hisobotlarning shakli va davriyligi 1,5‑2 marta kamaytirildi [5].
Tadbirkorlikning o’z ishini tashkil etish bilan bog’liq sarf‑xarajatlari sezilarli darajada kamayib bormoqda. Arxitektura‑rejalashtirish topshiriq to’plamlarini olish qiymati 4 barobar, loyiha‑smeta xujjatlarini ekspertizadan o’tkazish 2,5 barobar, kadastr xujjatlarini rasmiylashtirish qiymati esa 2 barobar, normativlar loyihasining ekologik ekspertizasini o’tkazish bo’yicha to’lov miqdori 75 barobarga, ekspertiza qiymati 25 barobarga pasaytirildi. Tadbirkorlik faoliyati shug’ullanuvchi yuridik va jismoniy shaxslarni davlat ro’yxatidan o’tkazish uchun boj haqini eng kam ish haqi miqdorining 5 barobaridan 2 barobari miqdorigacha tadbirkorlik subyektlari tomonidan banklarda hisob raqamlarini ochish uchun to’lovlarni eng kam ish haqi miqdorining 1 barobaridan 0,5 barobari miqdorigacha qishloq joylarida esa eng kam ish haqining 0,1 barobari miqdorigacha pasaytirish ko’zda tutilgan. Izchillik bilan tizimli asosda amalga oshirilgan chora tadbirlar natijasida yangi biznesni dastlabki harajatlari 6 barobar kamaydi.
Mamlakatimizda kuchli rag’batlantirish omillarining yaratilishi o’z navbatida faoliyat yuritayotgan kichik biznes subyektlari sonining ko’payishiga olib keldi. 2001 yilda 226 mingdan ko’proq tadbirkorlar faoliyat ko’rsatgan bo’lsa, 2014 yilda esa ularning soni 500 mingtadan oshdi. “Mikrokredit bank” tomonidan boshlang’ich sarmoyani shakllantirish uchun beriladigan kredit bo’yicha foiz stavkasi 5 foizdan 3 foizga, aylanma mablag’larni to’ldirish uchun beriladigan kreditlar bo’yicha foiz stavkasi 7 foizdan 5 foizga kamaytirildi.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ustun darajada rivojlantirishning muhim yo’nalishlaridan biri bu – kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasidagi soliq va boshqa to’lovlar borasida qulaylik va yengilliklar yaratish bilan bog’liqdir. 1992‑2014 yillarda Respublikada foyda solig’i 45 foizdan 8 foizga, yagona ijtimoiy to’lov 40 foizdan 25 foizga, mikro firma va kichik korxonalar uchun yagona soliq to’lovi 2005 yildagi 13,5 foizdan 5 foizgacha tushirildi yoki qariyb 3 barobar kamaytirildi. 2015 yil 1 yanvardan boshlab mikrofirmalar va kichik korxonalardan, shuningdek fermer xo’jaliklaridan olinadigan yagona ijtimoiy to’lov stavkasi 25 foizdan 15 foizga kamaytirildi. Yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun, belgilangan soliq stavkasi esa o’rtacha ikki barobar kamaytirildi.
Mustaqillikning dastlabki yillarida respublikada yig’iladigan umumiy soliqlar soni 24 tani tashkil etgan bo’lsa, 2014 yilga kelib u 12 tani tashkil etdi. Soliqlarning bunday kamaytirilishi natijasida 1998‑2014 yillarda iqtisodiyotda umumiy soliq yuki (yalpi ichki mahsulotga nisbatan foizda) 45,5 foizdan 20,0 foizga kamaydi. Demak, mustaqillik yillarida yalpi soliq yuki 2 barobardan ko’proq kamaydi. Bunday soliq yengilliklari 2014 yilda 130 milliard so’mdan ortiq mablag’ni tejash va uni korxonalar ixtiyorida qoldirib, ularning o’z aylanma mablag’larini ko’paytirish, ishlab chiqarishni modernizasiya qilish va texnologik yangilash, shuningdek, aholi daromadlarini 90 milliard so’mdan ko’proq oshirish imkonini beradi [6].
Mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni moddiy, moliyaviy va huquqiy jihatdan har tomonlama qo’llab‑quvvatlash chora-tadbirlari ishlab chiqildi va ular izchillik bilan tizimli asosda amalga oshirilmoqda. Soliq va boshqa majburiy to’lovlarni o’z vaqtida to’lab kelayotgan, shuningdek, ishlab chiqarish sur’atlarining barqaror o’sishi va rentabelligini ta’minlayotgan kichik tadbirkorlik subyektlarining moliya‑xo’jalik faoliyatini soliq sohasida tekshirish ta’qiqlandi, shuningdek ishlab chiqarish sur’atlarining barqaror o’sishi va rentabelligini ta’minlayotgan kichik tadbirkorlik subyektlari tekshirishlar rejasidan chiqarilgan. Kichik biznes subyektlaridan tijorat banklarida milliy valyutada hisob raqami ochganligi uchun to’lov undirish bekor qilindi. Tijorat banklari tomonidan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining kelishilgan hajmda kreditlar ajratish haqidagi arizalarini ko’rib chiqish muddatini uch bank kunidan oshmaydigan muddat bilan cheklab qo’yildi. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga bank muassasalariga eng kam ish haqining 20 barobari miqdorigacha bo’lgan naqd pul tushumini mustaqil topshirish huquqi berildi. Mikrofirmalar va kichik korxonalar o’zi ishlab chiqargan tovar (ish, xizmat)larni eksport qilishdan tushadigan valyuta tushumining 50 foizini majburiy sotishdan ozod etildi. Xo’jalik subyektlariga o’rnatilgan texnologik uskunalarga Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan ro’yxat bo’yicha respublika hududiga olib kelayotgan ehtiyot va butlovchi qismlar uchun 2016 yilning 1 yanvarigacha bojxona to’lovlarini to’lashdan ozod etildi.
Xulosa qilib aytadigan bo’lsak, Prezidentimiz rahnamoligida ishlab chiqilgan har tomonlama chuqur o’ylangan, aniq maqsad va ustivor yo’nalishlarni o’z ichiga olgan taraqqiyot dasturini izchillik bilan tizimli asosda, mantiqiy yakuniga yetkazilishi o’z navbatida, ilg’or ilm‑fan yutuqlariga asoslangan kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirishga, aholi bandligini oshirishda, ularning daromadlarini ko’paytirishda, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yalpi ichki mahsulotdagi, avvalambor, sanoatdagi ulushini keskin darajada o’sishiga, jamiyatimizning ijtimoiy‑siyosiy tayanchi va poydevori bo’lgan mulkdorlar sinfining shakllanishida muhim asos bo’lib xizmat qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |