I. ADABIYOTLAR SHARHI
I.1. Respublikamizda polivinilxlorid xom-ashyolari ishlab chiqarishning holati
O‘zbekiston respublikasi prezidenti Sh.Mirziyoyevning hozirgi olib borayotgan siyosatlarida mamlakatimiz iqtisodiyotini rivojlantirish uchun ilm-fanning o‘rni naqadar beqiyos ekanligi o‘qtirib o‘tiladi [1,2,3].
2020 yil mamlakatimizda Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili deb e’lon qilinib, bu boradagi ustuvor maqsadlar belgilandi. Yurtimizda avvaldan shakllangan ilmiy maktablar salohiyatini hisobga olib, hozirgi bosqichdagi milliy manfaatlarimiz va taraqqiyotimiz yo‘nalishlaridan kelib chiqqan holda, bu yil matematika, kimyo, biologiya, geologiya fan va sohalarini rivojlantirish tanlab olindi.
O‘zbekiston iqtisodiyotining barcha soxalarida bozor iqtisodi xalq xo‘jaligini rivojlantirish iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishda sezilarli darajada ijobiy natijalarga erishilmoqda. Arzon va raqobatbardosh mahsulotlarni ishlab chiqarish xozirgi kunning dolzarb mavzularidan biri hisoblanadi. O‘zbekistonda barqaror va samarali faoliyat ko‘rsatuvchi kimyoviy ishlab chiqarish tizimini tashkil etish respublika mustaqil iqticodiy siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qoldi, nega deganda respublika iqtisodiy o‘sish barqarorligi, moliyaviy mustahkamligi uning samarali faoliyatiga bevosita bog‘liqdir.
Shuningdek, Prezidentimiz yangi inovatsion loyihalar, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish yo‘llari to‘g‘risida to‘xtaldi. Bozor sharoitida ishlovchi har qanday ishlab chiqarish sanoati faoliyatida xizmatlarni sotish va maksimal darajada foydaga ega bo‘lish muhim maqsad hisoblanadi. Kimyo sanoati ishlab chiqarish xizmat sohalarini kengaytirish, bozorni egallash natijasida olinadigan foydani ko‘paytirish hisoblanadi. Mazkur maqsadga erishishning vositasi bo‘lib arzon maxalliy xom ashyodan foydalanib xaridorgir, raqobatbardosh maxsulot ishlab chiqarish muhim ahamiyatini kasb etadi.
Respublikamiz mustaqillikka erishgandan keyin kimyo sanoati rivojlanishiga aloxida etibor qaratilib, bu borada maxalliy mineral xomashyolarni fizik-kimyoviy xossalarini aniqlash, qayta ishlash usullarini ishlab chiqish, ularni qo‘llab polivinilxlorid asosidagi kompozitsion materiallar tarkibi va ular asosida har-xil sharoitlarda ishlatiluvchi raqobatbardosh kompozitsion polimer buyumlari olish texnologiyalarini yaratish borasida keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirildi. Bugungi kunda jahon miqyosida yangi turdagi polimer kompozitsion materiallarni yangi avlodini yaratish va ular asosida kompozitsion materiallar tarkibi va buyumlarini olish ustida bir qator ilmiy ishlar olib borilmoqda: nanozarrachali organik va noorganik to‘ldiruvchilarni yaratish; mineral to‘ldirgichlarni organik oligomerlar bilan modifikatsiya qilish texnologiyasini yaratish; organik tezlashtirgichlar sintezi; spetsifik xossaga ega bo‘lgan kompozitsion elastomer materiallar tarkibini tuzish; kompozitsion elastomer materiallar uchun dispergator va plastifikatorlar yaratish; elastomer kompozitsiyalar asosida nanomateriallar va ular asosida buyumlar olish tarkibi va texnologiyasini yaratish dolzarb yo‘nalishlarida ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda.
Termik barqarorligi oshirilgan polimer kompozitsiyalari tarkibi va olish texnologiyasini yaratishga oid jahonda olib borilgan tadqiqotlar natijasida qator, jumladan, quyidagi ilmiy natijalar olingan: kompozitsion polimer materiallar uchun modifikatsiya qilingan yuqori strukturaga ega mineral stabiliztorlar olish texnologiyasi yaratilgan (Tokyo Institute of technology, Yaponiya); sirt faol moddalar bilan modifikatsiya qilingan stabiliztorlar qo‘llash asosida polimer kompozitsiyalari tarkibi va olish texnologik jarayoni yaratilgan (Cflifornia Institute of technology, AQSH); kauchuklar kombinatsiyasi va stabiliztorlar qo‘llab maxsus xossaga ega bo‘lgan material taklif qilingan (Rezina ishlab chiqarish ilmiy tekshirish instituti, Rossiya); maxsus xossaga ega bo‘lgan organik materiallar olish uchun azot biriktirgan moddalar bilan modifikatsiya qilingan stabiliztorlar ishlab chiqarishda qo‘llanilgan (Polimerlar fizika va kimyosi instituti, Ukraina), Mineral to‘ldirgichlarni strukturasini issiqlik bilan ishlov berish usuli bilan o‘zgartirish texnologiyasi taklif etilgan (Toshkent kimyo-texnologiya instituti, O‘zbekiston). Dunyoda maxsus xossalar ega bo‘lgan kompozitsion organik materiallar olish va ularni fizik-kimyoviy, texnologik, texnik va ekspluatatsiya xossalarini o‘rganish bo‘yicha qator, jumladan, qo‘yidagi ustivor yo‘nalishlarda tadqiqotlar olib borilmoqda: mineral to‘ldirgichlarni issiqlik bilan ishlov berish jarayonida tuzilish o‘zgarib, nisbiy solishtirma yuzasini, moy shimishini va erkin radikallar miqdori oshishi qonuniyatlarini aniqlash; kauchuk makromolekulalari va modifikatsiya qilingan mineral to‘ldirgichlar yuzasi, struktura ko‘rsatgichlari, o‘rtasidagi bog‘liqlikni aniqlash; yuqori elektr qarshilikga va radiatsiyaga chidamli organik kompozitsion materiallar aralashtirish jarayoniga va vulkanlash strukturasi hosil bo‘lishiga, zarrachalar yuzasidagi organik appret qatlami ahamiyatini aniqlash; kompozitsion polimer materiallar asosida nanokompozitsiyalar yangi avlodini yaratish [4,5].
Modifikatsiya qilingan stabilizatorlar va ular asosida maxsus xossaga ega bo‘lgan polimer kompozitsiyalar va rezina-texnika buyumlar olish tarkibi va texnologiyasini yaratish bo‘yicha E.B.Bagley, R.Kruze, Chang Dey Xan, Dj.Kraus, A.A.Berlin, N.S.Yenikolopov, G.S.Kats, F.F.Koshelev, A.YE.Kornev, A.M.Bukanov, A.A.Donsov, B.A.Dogadkin, B.A.Shershnev, B.YE.Gul, Y.S.Lipatov, A.M.Smirnova, P.A.Rebinder, T.I.Sokolova, V.M. Goncharov, P.V.Rakova, L.B.Kovarskaya, A.G.Shvars, Y.S.Zuyev, YE.V.Utlenko, L.N.Ryazanova, D.N.Mak Kelvi, S.S.Negmatov, A.X.Yusupbekov, A.S.Ibadullayev va boshqalar ilmiy tadqiqot ishlari olib borishgan. Kompozitsion polimer materiallar va ular asosida maxsus xossaga ega bo‘lgan rezina-texnika buyumlari olishda stabiliztorlar samaradorligini oshirish uchun har-xil kimyoviy va termo-mexanik usullar yordamida modifikatsiyalash, bundan tashqari yangi kimyoviy modifikatorlarni va ular asosida yangi faol tuzulishga ega bo‘lgan termik barqaror moddalarni va ular asosida yangi kompozitsion materiallar olish texnologiyalarni tadbiq qilinmoqda. Shu bilan birga kompozitsion elastomer materiallar uchun modifikatsiya qilingan stabilizatorlar olish quyidagi bosqichlarni o‘z ichiga oladi: yaratilgan ingrediyentlar asosida modifikatsiya qilingan stabilizatorlar olish; mahalliy xom-ashyolar asosida stabiliztorlarni modifikatsiya qilish uchun modifikatorlar yaratish; maxalliy xomashyolar asosida modifikatorlar olish texnologiyasini yaratish; yaratilgan modifikatsiya qilingan stabilizatorlar asosida maxsus xossaga ega bo‘lgan polivinilxlorid kompozitsiya tarkibi, olish texnologiyasini va ulardan buyumlar olishni tadqiq qilish.
Do'stlaringiz bilan baham: |